O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi rahbari Zokirjon Mashrabov bilan suhbat.
-Yangi yil mamlakatimizda jahon madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur singari bobokalonlarimiz tug‘ilgan kunlarini keng miqyosida nishonlanishi bilan boshlanadi. Zokirjon aka, keling suhbatimizni ana shu ikki buyuk shaxs ijodini o‘rganish zamondoshlarimiz uchun qaysi jihatlari bilan muhimligidan boshlasak.
Maʼqul. Shukrki, har yangi yilimiz hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburdek siymolarning tavallud sanalarini eslash, nishonlash, maʼrifiy anjumanlar o‘tkazish bilan boshlanadi. Ularning nomi, hayoti, ijodi, asarlari biz uchun qadrli, qimmatli, ibratli, qolaversa saboq, hayot maktabi. Bu masalaning bir tomoni. Uning ikkinchi tomoni shundaki, biz dunyo bilan bo‘ylashadigan xalqmiz. Bunda bizga maʼnaviy quvvat beradigan ulug‘ ustozlarimiz Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizdir. Har ikki buyuk siymo o‘z asarlarida insoniylikni, Vatanga muhabbat, mardlik, jasurlik, yaxshilik va ezgulik g‘oyalarini tarannum qilgan. Masalan, ulug‘ Navoiyning:
Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘ling bir-biringizg‘aki, erur yorlig‘ ish, –
degan shohbaytini eslaylik. Demak, Navoiy baytda bizga uqtirgan, o‘rgatgan “yorlig‘ ish”ga, yaʼni o‘zaro do‘stlikka, yordamga, mehr-oqibatga amal qilishga chaqiradi. Yoki Bobur hazratlarining “yaxshilig‘” radifli, purhikmatli g‘azalini yodga olsak:
Bori elg‘a yaxshilik qilg‘ilki,mundin yaxshi yo‘q,
Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiliq.
Bu go‘zal misralar barchamizni – ezgulikka, bir-birimizga yaxshilik qilishga undaydi. Sizdan nima qoladi? Yaxshilik, ezgulik qoladi, deb go‘yo tushuntirgandek bo‘ladi. Hayotimizning hamma jabhasida ular bizga har doim kerak. Bu albatta buyuk kelajak sari dadil odimlayotgan O‘zbekistonning har bir fuqarosi, ayniqsa yoshlarimiz uchun juda ham kerakli maʼnaviy ozuqadir.
Shu bois, ularning ijodini keng targ‘ib qilish, asarlarini qayta-qayta chop etib, o‘quvchilarga yetkazish o‘ta zarur va savobli ish. Nafaqat tavallud sanalarida balki har doim ularning asarlarini o‘qib, o‘z hayotlariga tatbiq qilsalar bundan faqat va faqat foyda bo‘ladi.
-Mustaqillik tufayli jahongir bobomiz ijodiy merosini keng miqyosda o‘rganish maqsadida Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyaga asos solindi. O‘tgan yillar davomida siz rahbarlik qilayotgan mazkur ilmiy ekspeditsiya Bobur merosini tiklash va o‘rganish borasida juda katta ishlarni amalga oshirganligini bilamiz. Siz ushbu jarayonlarni bevosita tashkilotchisi sifatida, qolaversa shu xalqning bir olimi, ziyolisi sifatida jahon miqyosida o‘tgan daholar, sarkardalar, podshohlar qatorida Boburning (gumanistik, antoganistik) shaxs nuqtai nazardan taqqoslaganda o‘rnini qanday baholagan bo‘lardingiz?
Dunyo xalqlari buyuk ajdodimiz nomini ham, merosini ham yaxshi biladilar. G‘arbda Bobur hayotlik paytidanoq uning shaxsiga, hayotiga, ijodiga qiziqish katta bo‘lgan. Boburning jahon tarixidagi kechagi va bugungi o‘rni beqiyos ekanini dunyo ziyolilari va olimlari hali-xanuz tan oladilar. Birgina “Boburnoma”ning qayta-qayta tadqiq qilinayotgani, davlat boshqarishdagi faoliyati, diplomatiyasi necha o‘nlab ilmiy izlanishlarga mavzu bo‘layotgani fikrimizning isbotidir.
Savolingizning yana bir qismiga kelsak. Biz sobiq Sho‘rolar davrida Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsini o‘rganishga tashna bo‘lganimiz bilan, uning nomini baralla ayta olmasdik. Mustaqillik tufayligina u buyuk zotning butun faoliyatini o‘rganishga imkoniyat tug‘ildi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda Bobur shaxsiga qiziqish, uning asarlarini o‘qish va o‘rganish yildan yilga oshib bormoqda.
Mustaqillikning mevasi bo‘lgan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiyasining tashkil bo‘lganiga roppa rosa 25 yil bo‘ldi. Shu vaqt davomida Bobur mirzo izidan 30 marotabaga yaqin dunyo bo‘ylab safarlarda bo‘ldik. Har safar yangiliklar topishga, bizda yo‘q manbalarni qo‘lga kiritishga xarakat qildik. Fond tasarrufidagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyidagi 500 dan ziyod manbalar orasida nihoyatda noyob, qimmatli qo‘lyozmalarning nusxalarini Vatanimizga olib kelishga muvaffaq bo‘lyapmiz. Masalan, tarixiy manbalarda “Boburnoma” ni Bobur mirzo hayotlik paytidayoq uch nusxaga ko‘chirtirgani haqida maʼlumot bor. Ana shu qo‘lyozmaning “Salarjang” muzeyida saqlanayotgan Haydarobod nusxasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Bobur mirzo o‘zi kashf etgan alifbo – “Xatti Boburiy”da Qurʼoni karim suralarini qo‘chirtirgan. Undan ham nusxani qo‘lga kiritdik. “Bobur kulliyoti”ning Eron nusxasidan ko‘chirma ham muzeyimizdan joy olgan. “Boburnoma”ning turli yillarda va turli tillarda tarjima qilingan 20 dan ortiq nusxalari eng qimmatli eksponatlarimiz hisoblanadi. Umuman, qo‘lga kiritilgan bunday noyob ashyolarning asl nusxalari yoki Bobur va boburiylar davriga oid har bir manbaning dunyo muzeylari, kutubxonalarida ehtiyotlik va yuksak hurmat bilan saqlanayotganining o‘ziyoq Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiga nafaqat kecha, bugun balki kelgusida ham qiziqish katta bo‘lishidan dalolat beradi.
– Bizning jurnalimiz “O‘zbekistonda xorijiy tillar” deb nomlanadi. Shuning uchun Boburning qanday xorijiy tillarni bilganligi va o‘rganganligi o‘quvchilarimizni qiziqtiradi, albatta. Shuning uchun Boburning ona tiliga bo‘lgan munosabati va qanday xorijiy tillarni bilganligi haqida ham gapirib bersangiz.
Bobur mirzo eng avvalo o‘zining shoh asari “Boburnoma”ni turkiy qadimiy o‘zbek tilida yozgan. Ona tilimizning bor imkoniyatlaridan, jozibasiyu, rang-barangligidan to‘la foydalangan. Bizga yetib kelgan sheʼriy merosining asosiy qismi ham ona tili, yaʼni turkiyda yozilgan. “Aruz risolasi”da esa turkiy aruzning tabiati, taraqqiyoti va sheʼriy asarlardagi ko‘rinishlari, aruzning 272 vazni va 21 bahriga ilmiy sharhlar yozgan. Shuning o‘ziyoq Bobur mirzo o‘z ona tilini qanchalar mukammal bilganini ko‘rsatadi. U davrda aksariyat ilmli kishilar ona tili bilan birga, fors tilini ham yaxshi bilganlar. Shu nuqtai nazardan Boburmirzo ayrim sheʼriy asarlarini fors tilida ham yozgan. Masalan, Xo‘ja Ahror Valiyning “Volidiya” asarini forschadan turkiyga sheʼriy tarjima qilgan. Islom arkonlari haqidagi bu asarni sheʼriy tarjima qilish uchun esa nihoyatda katta iqtidor, diniy va dunyoviy bilim,salohiyat kerakligini taʼkidlashning xojati yo‘q, bizningcha. Manbalardan maʼlum bo‘lishicha, Boburmirzo o‘zbek, fors, arab va urdu tillarida bemalol so‘zlasha olgan va ijod qilgan.
Boshqa xorijiy tillarga munosabati masalasiga kelsak, Bobur Hindistonni egallab u yerda buyuk boburiylar saltanatiga asos soldi. Bu diyor esa turli millat, elat, din va tillarga boy mamlakat edi. U tadbirkor, bag‘rikeng podshoh sifatida bu mamlakatdagi har bir millatning, elatning urf-odatlarini, tilini hurmat qilish barobarida, taraqqiyoti uchun ham zamin yaratdi. Mana shuning o‘ziyoq Bobur mirzoning boshqa xorijiy tillarga ijobiy munosabatda bo‘lganligining isbotidir.
-Adabiyot turli xalqlarning bir-birini tanishi, anglashi bilan bog‘liq o‘zaro madaniy aloqalari rivojlanishiga xizmat qiladi. Shu maʼnoda farzandlarimiz Boburning ijodini o‘rganar ekan, uning asarlaridagi obrazlar, qahramonlardan o‘rnak oladi. Bobur asarlari bilan hozirgi yoshlar o‘rtasidagi o‘zaro mushtarak jihatlar bormi, bo‘lsa uni nimalarda ko‘rasiz? Boburning hayoti va faoliyati, ijodi, asarlarida ilgari surilgan qanday jihatlarni hozirgi yoshlarimiz olishi mumkin?
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning noyabr oyida Andijonga tashrif buyurib viloyatimizning keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashganida Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar faoliyatiga alohida to‘xtalib, shunday buyuk ajdodlarimiz borligidan faxrlanishimiz kerakligini, ular qoldirgan maʼnaviy merosni chuqur o‘rganishimiz, yoshlar orasida keng targ‘ib tashviq qilishimiz zarurligini uqtirgandi. Jasurlik, mardlik, Vatanga muhabbat fazilatlarini biz aynan Bobur bobomizdan o‘rganishimiz kerak deya taʼkidlagandi. Va bu ishlarni kuchaytirish maqsadida 2017 yilni Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur yili deb eʼlon qildi. Yurtboshimizning topshiriqlariga binoan, yil dasturi ishlab chiqilib, viloyatdagi barcha maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlarda Bobur ijodi, faoliyatini keng o‘rganish va o‘rgatish maqsadida alohida dars soatlari kiritish belgilab qo‘yildi. Bu saʼy-harakatlar yoshlarning maʼnaviy dunyosini yanada yuksaltirishda, Bobur va boburiylar ijodini chuqurroq bilib olishlarida ijobiy natija beradi.
Bobur mirzo juda ko‘p ibratli, olijanob fazilatlar sohibi edi. Eng avvalo yuksak madaniyat, keng dunyoqarashi bilan, qo‘rqmas, mard va jasurligi tufayli 332 yil davom etgan buyuk boburiylar saltanatiga asos soldi. Mehribon, kechirimli, saxiy, oqibatli inson, do‘st, qarindosh, ota, jigar
sifatida hamisha oilasiga, qo‘l ostidagilarga eʼtiborli bo‘lgan. Mana shu fazilatlari uning asarlariga ham singib ketgan. Mehribon, ammo talabchan ota sifatida o‘g‘illariga nasihat tarzida yozgan maktublari bor. Hatto “Mubayyin” asari to‘laligacha farzandlari va o‘g‘illari Humoyun va Komron Mirzolarga bag‘ishlab yozilgan. Nafaqat podshoh, balki oddiy inson, mo‘min banda sifatida el ichida, jamiyatda qanday o‘zini tutishi, komillikka intilishi kerakligini maslahat beradi. Shoh asari “Boburnoma”da ham, g‘azalu tuyuqlarida ham qahramon o‘zi. Shuning uchun orzu umidlari, armonlarini baralla ko‘rsatgan. Ayniqsa Vatanga bo‘lgan sog‘inchini, muhabbatini misralariga singdirgan. Yoshlarimiz Boburmirzo asarlarini tushunib, mohiyatiga yetib o‘qisalar ana shu jihatlarini anglab yetadilar va o‘zlari uchun ibrat qilib oladilar.
– Yuqorida fond tashkil topgandan beri o‘tgan 25 yil davomida amalga ishlar, chop etilgan kitoblar xususida aniq misollar bilan aytib o‘tdingiz. Ammo chop etilgan ushbu kitoblarning o‘rganilishi masalasiga munosabat qanday kechayotganligi bilan ham qiziqasizmi? Bu merosni yoshlarimizga yetib borishi uchun taʼlim muassasalari, sizningcha qanday ishlarni bajarishi kerak?
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyov Andijondagi uchrashuvda Bobur adabiy merosini o‘rganish zarurligini taʼkidlar ekan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik masalasiga alohida to‘xtaldi. Kitob mutolaa qilish orqali o‘zligimizni anglash asnosida maʼnaviy yuksalib boramiz, deya taʼkidladi. Haqqi rost. Biz dunyo kezib bir-biridan qimmatli manbalarni yurtimizga olib keldik. Bu manbalar o‘zbek boburshunoslari, olimlari tomonidan tadqiq qilinib, kitob holida chop ettirilmoqda. Masalan “Bobur devoni”ning Kobul nashriga takmila, Rumer Godenning “Gulbadan”, Vilyam Rashbrukning “O‘n oltinchi asr bunyodkori”, Frits Vyurtlening “Andijon shahzodasi”, Xondamirning “Buyuklik xislati”, (“Habib-us siyar”), Xarold Lembning “Bobur yo‘lbars”, Neʼmatulloh Mo‘jiziyning “Tavorixi Musiqiyun”, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixiy Rashidiy” va boshqa kitoblar turli tillardan tarjima qilinib, Fond tomonidan nashr ettirildi. Qolaversa o‘zbek boburshunoslarining izlanishlari natijasida yuzaga kelgan va fond homiyligida chop etilgan “Boburnoma” miniatyuralari, “Bobur va Yuliy Sezar”, “Bobur haqida o‘ylar”, “Asrlarni bo‘ylagan Bobur”, “Boburiynoma”, “Buyuklar izidan”, “Boburiylardan biri”,“Hind sorig‘a”, “Andijondan Dakkagacha”, “Andijondan Bag‘dodgacha”, “Xorijda boburshunoslik”, “Boburnoma uchun qisqacha izohli lug‘at”, “Markaziy Osiyo va Hindiston tarixida boburiylar davri” va qator kitoblarini nashr qildirdik. Va respublakamizdagi kutubxonalar, oliy o‘quv yurtlari, kollej, akademik litsey hamda umumtaʼlim maktablariga imkon qadar beg‘araz yetkazib ham bermoqdamiz. Bu asarlar orqali kitobxonlarda Bobur va boburiylar hayotini bor bo‘y basti bilan tassavur qilish, ijodidan bahramand bo‘lish imkoniyati albatta kengaydi.Davlatimiz tomonidan ham shu yaqin vaqt ichida “Boburnoma”ning tabdili 20 ming nusxada chop etilib, mamlakatimizdagi o‘quv yurtlariga yetkazib berildi. Bunday sayi xarakatlar yana davom etsa yaxshi bo‘lardi, chunki katta mehnat va izlanishlar natijasida yuzaga kelayotgan, chop etilayotgan kitoblarimizni yoshlarimiz qancha ko‘p o‘qisa foydadan xoli bo‘lmasdi. Ishonamanki,bugun yoshlarimiz orasida Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosidan, shuningdek boburshunoslarimiz tomonidan yaratilayotgan yangi asarlarni qiziqib o‘qiydigan, o‘rganadigan kitob ixlosmandlari juda ko‘p.
-Boburning tavallud kuni nishonlanishi bilan bog‘liq tadbirlarda 2015 yilda 64 bosma taboqdan iborat “Bobur ensiklopediyasi” yaratilganligi haqida xabarni eshitgandik. Mamlakatimizda ilk bor shaxsga nisbatan yaratilgan bu ensiklopediya ham fondning saʼy-harakati bilan dunyoga keldi. Ushbu ensiklopediyaning yaratilishi jarayonlari, uning ahamiyati haqida ham kengroq to‘xtalsangiz.
Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi katta ummon, qancha o‘rgansangiz shuncha oz. Shuning uchun uning asarlari qatorida qomusi ham o‘rganilsa, u faqat foyda bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldik. Bobur xalqaro fondi atrofiga mamlakatimizning yetuk boburshunos, sharqshunos, tarixshunos olimlarini to‘plab, ular bilan fikr almashib, ushbu o‘ta muhim asarni yaratishga kirishdik. Albatta, bu xayrli ishga xorijlik boburshunoslarni ham jalb etdik. 10 yildan ziyod bu ish bilan shug‘ullandik. Va ilmiy izlanishlarimizning yakuni sifatida 2015 yilda O‘zbekistonda ilk bora shaxsga nisbatan qomus “Bobur ensiklopediyasi” yaratildi. Taniqli yapon olimi, boburshunos Eyji Mano qomusga “Bobur ensiklopediyasi” monumental nashr bo‘lib, u nafaqat boburshunoslik, balki ayni paytda temuriylar tarixi va Markaziy Osiyo tadqiqotlari sohasiga ham qo‘shilgan ulkan hissadir. Ensiklopediya yuqori saviyada tayyorlangan,u jahondagi barcha sharqshunoslar uchun muhim qo‘llanma bo‘ladi” deya baho bergan.
Misrlik taniqli boburshunos olima Magda Maxluf xonim (“Boburnoma”ni arab tiliga tarjima qilgan) qomusni boshqa tillarga, xususan arab tiliga tarjima qilish zarurligini bildirib, buning natijasida “Bobur ensiklopediyasi” dunyodagi 22 ta arab tilida so‘zlashadigan mamlakatlarning kitobxonlari uchun muhim manba bo‘lishini taʼkidladi. Biz ensiklopediya chiqqanidan keyin ham izlanishlarni to‘xtatmadik. Chunki boburshunoslik, Bobur ijodini o‘rganish davom etayapti, yangi-yangi manbalar topilmoqda. Ular haqida ham ensiklopediyada maʼlumotlar berish, to‘ldirish zarurati kelib chiqmoqda. 2016 yil davomida ensiklopediya ustida ishlab, Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 534 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ilmiy konferensiyada “Bobur ensiklopediyasi”ning kamchiliklari tuzatilgan va to‘ldirilgan ikkinchi nashri ham chop etilayotganligini anjuman ishtirokchilariga maʼlum qildik. Joriy yilning oktabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ensiklopediya va “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidы. Bibliografiya” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi.
-Boburning opasi Xonzodabegim ukasi bilan o‘zaro holi bo‘lganlarida unga “Boburjon” deb murojaat qiladi. Birgina shu lutfning o‘zida hamma narsa: opaning ukasiga bo‘lgan mehri, eʼtibori, masʼulligi, uni turli ozorlardan ehtiyot qilishi va boshqa biz bilmagan yana nimalardir bor. Ana shu munosabatlarda malika va shohdan ko‘ra, opa-ukaning qondoshligi rishtalari har qanday martabayu maqomdan ustunligi “Boburnoma”da juda taʼsirli tasvirlangan. Bugun qarindoshlik rishtalari mo‘rtlashib, ingichkalashib ketayotgan bir paytda Boburning oilaviy qadriyatlarga munosabatidan qanday amallarni o‘rganish mumkin?
Mening hamyurtlarim – jurʼatli inson, odamiylikda tengi yo‘q malika Xonzodabegim va uning jigargo‘shasi buyuk Bobur Mirzo o‘rtasidagi o‘sha davrdagi munosabatlari haqida ko‘p o‘ylayman. O‘ylagan sarim butun borlig‘im yashnab ketadi, nurga to‘ladi. Biroq, ular haqida noto‘g‘ri talqin, salbiy munosabatlar bildirib maqolalar chop etayotgan ayrim olimlarimizdan ranjiyman ham. Dono xalqimizda “Gap kelganda, otangni ayama”, degan naql bor. Bu naqlni eslashimning muhim sababi va go‘zal oqibati bor. Masalan, adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul Xonzodabegimni “diplomatiya qurboni bo‘lgan” desa, yana bir tarixshunos olim Ashraf Ahmedov Bobur mirzoni “Samarqandni sharmandalarcha tashlab chiqib ketdi, 1511–1512 yillar oralig‘ida sharmandalarcha voqeani boshidan kechirdi, sharmandalarcha yengildi” deya takror-takror haqoratomuz talqin qiladi. Bu olimlarimizning dunyoqarashlari davr talablariga, mustaqil O‘zbekistonimizning yuksak maʼnaviyat yo‘lidagi islohotlarga javob berolmaydi. Yoki A.Ahmedov yer yuzi
aholisini vahshiyona qirg‘inbarot qilgan Chingizxonning avlodlari, temuriylar, boburiylarni inqirozga uchratgan Shayboniyxon, Ubaydulloxon, Abdullaxonlarni maqtab, ularni Movaraunnahrga – Samarqandga kelishini ayni muddao bo‘lgan deb yozadi. Bu nazarimda, ehtiyotsizlik bilan aytilgan qo‘pol xato va biryoqlama fikrlardir! Chunki birinchidan, Xonzodabegim shohlar sulolasining zukko, uzoqni ko‘ra biladigan avlodi edi. Shuning uchun buyuk diplomat, qolaversa qondoshini benihoya yaxshi ko‘ruvchi opa sifatida yo‘l tutgan. Shayboniyxonning taklifini qabul qilishi bilan u nafaqat Bobur mirzoni, boshqa oila aʼzolarini ham bevaqt xalok bo‘lishdan saqlagan. Xonzodabegim ana shu jasorati bilan Zahiriddin Muhammad Boburga tarix sahnasida o‘z o‘rnini yana qayta topib, uch asrdan ziyod davom etgan boburiylar sulolasiga asos solishiga yo‘l ochdi. Ikkinchidan, tarixga nazar tashlasak, eng kuchli sarkardalar ham janglarda dam g‘olib bo‘lgan, dam mag‘lub. Boburmirzo ham bundan mustasno emas. Lekin uning niyati ulug‘ bo‘lgan, yaʼni buyuk Amir Temurdan keyin parokandalikka uchragan temuriylar saltanatini tiklash va markazlashgan davlatni barpo qilish uchun jonini xatarga qo‘yib kurashgan. Afsuski, hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan yosh shahzoda o‘sha davrning muhiti sabab yengildi. Biroq Boburmirzo yuragidagi orzusini Hindistonda amalga oshirdi, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Afg‘onistonni birlashtirib, buyuk boburiylar saltanati (imperiyasi)ni barpo etdi. Va bu saltanat 332 yil rasman, maʼnan esa dunyo tamaddunida hamon davom etmoqda. “Boburnoma”, “Humoyunnoma” va Bobur mirzoning boshqa asarlari jahon kezmoqda, G‘arbu Sharq olimlari o‘rganmoqda. Va bularning barchasida Xonzodabegimning opalik, malikalik xizmatlari beqiyosdir.
Xonzodabegim va Bobur mirzo munosabatlaridan zamondosh-yoshlarimiz eng avvalo yaqinlariga yaxshilikni – mehru-muhabbatni, eʼtiborni, muruvvatni, oqibatni o‘rganishlari kerak. Buyuk ajdodlarimizning mana shu serqirra va olijanob fazilatlaridan ibrat olsalar hayotlari yanada mazmunli va baxtiyor bo‘lishiga erishadilar.
-Inson tabiati qiziq-da, bir ish bilan sidqidildan mashg‘ul bo‘lsa, u o‘sha ishini juda yaxshi ko‘rib qoladi. Tabiiyki, yuqoridagi javoblaringizdan siz ham bundan mustasno emas ekansiz. Aytingchi, shaxsan o‘zingizni Bobur shaxsi nimasi bilan qiziqtirgan? U haqda avvalgi tasavvuringiz bilan hozirgi taassurotingiz o‘rtasidagi farq kattami?
Ilk bora bu ulug‘ zotning siymosi tasavvurimda qanday jonlagan bo‘lsa, hozir ham shunday saqlanib qolgan. Boshqacha aytganda Boburning ijodini, faoliyatini qancha ko‘p o‘rganganim sayin, u buyuk zot haqida hech narsani bilmasligimni anglab yetayapman. Uning kuchli ichki dunyosi, jasorati, oilasiga, odamlarga mehribonligi, saxovati, adolatpeshaligi, qo‘yingki oliyjanob fazilatlarining serqirraligi bilan meni hamisha qiziqtirib kelgan. Uning shaxsiyatidagi siru sinoatdan hamisha hayratdaman. Zahiriddin Muhammad Boburdan boshqa dunyodagi hech bir podshoh o‘zi hayotlik paytidayoq taxtini o‘g‘liga topshirmagan! Yana bir qiziq dalil, Hindistonda Ibrohim Lo‘diyni yengganidan so‘ng qo‘lga kiritilgan boyliklarning deyarli katta qismini beva-bechoralarga tarqatib bergan. Mana shu saxovatpeshaligi sabab xorijlik ijodkorlar tomonidan “Toj kiygan darvesh” degan asari yaratilgan.
Bobur va boburiylar izidan shuncha yildan beri yo‘l yurib, u buyuk inson haqida bilganim sari mehrim yana ham oshayapti. Shuning uchun faqat o‘rganish, izlanishdan davom etaveramiz.
-Xalqaro Bobur fondning kelgusidagi rejalari haqida ham o‘rtoqlashsangiz.
Mustaqillik sharofati va hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi tufayli biz nafaqat Bobur va boburiylar izidan balki, yurtimizdan yetishib chiqib, taqdir taqozosi bilan xorijda umrguzaronlik qilgan boshqa buyuk ajdodlarimizning ham izidan bordik. Afrika qitʼasidan Hind – Xitoy yarim oroli, Yevropa – Amerika davlatlarigacha 375 ming km.dan ortiq masofa, asosan avtomashina va qisman samolyotda bosib o‘tildi. Deyarli hamma buyuklarimiz mangu makon topgan qabrlarini izlab topishga muvaffaq bo‘ldik. Abu Ali ibn Sino, al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, mavlono Lutfiy, Abu Rayxon Beruniy, Abu Nasr Farobiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Xusrav Dehlaviy, Kamoliddin Behzod, Boborahim Mashrab, Ali Qushchi va boshqa ko‘plab buyuklarimizning so‘nggi manzillarini qidirib topib, ziyorat qildik va ular yotgan joylarning holati o‘rganilib, chora-tadbirlar belgilab, takliflar tayyorladik. Bu borada qilingan ishlarimiz haqida “Maʼnaviy hayot” jurnali, “Hurriyat” gazetalarida atroflicha yoritildi.
Hali rejalarimiz ko‘p. Afg‘onistonlik hamkorlar bilan Ishkamishdagi Boborahim Mashrabning, G‘aznidagi buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning qabrlarini obodonlashtirish ishlarini xudo xohlasa joriy yilning oxirigacha amalga oshiramiz. Hindistonning Kashmir viloyatida Boburmirzoning xolavachchasi Muhammad Haydar Mirzoning, Turkiyaning Istambul shahrida ulug‘ olim Ali Qushchining, Damashqda Abu Nosir Farobiyning qabrlari ham qaytadan bunyod etilishi kerak.
O‘tgan yillar davomida amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qila turib, Bobur mirzo asarlari yetib borgan, ammo biz yetib borolmagan manzillar hali borligiga amin bo‘lmoqdamiz. Uning qoldirgan ijodiy merosi borasida ham ancha ishlar qilishimiz kerak. “Boburnoma” asarini 12 yoshidan boshlab umrining oxirigacha yozgan bo‘lsada, 18 yillik voqealar aks etmagan. “Harb ishi”, “Musiqa sirlari” asarlari, shuningdek Boburmirzoning qizi Gulbadanbegim tomonidan yozilgan “Humoyunnoma”asarining bir qismi yo‘q. Balki bu asarlar o‘sha biz yetib borolmagan manzillarda kimningdir uyida, qaysidir muzey yoki kutubxonada saqlanayotgandir?..Ularni topib, yurtimizga olib kelishimiz eng muhim vazifamiz. Bundan tashqari zaminimizda yetishib chiqqan buyuk ajdodlarimizning qo‘lyozma va noyob kitoblari yoki nusxalarini ham baholi qudrat olib kelib, muzeylarimizda mujassamlashtirish – biz ziyolilarining burchi, deb o‘ylayman. Buning uchun avvalo o‘zimizda saqlanayotgan qo‘lyozma va noyob kitoblarning bibliografiyasini yaratish va uni ko‘p ming nusxada chop etishimiz zarur. Shu bilan birga, buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan va hozirda chet el muzeylari, kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozma asarlar va noyob kitoblarning ham bibliografiyasini yaratishimiz kerak. Agar bu bibliografiyalar yaratilsa, kitobxonlar qaysi manba qayerda va qay xolatda saqlanib turganligi haqidagi qimmatli maʼlumotga ega bo‘ladilar. Qachondir bu noyob asarlarning hammasini O‘zbekistonga qaytarib olib kelinadi.
Bobokalonlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, faoliyatiga oid yangi-yangi qiziqarli maʼlumotlar ko‘paymoqda, bu esa tarixchilarimiz, adabiyotshunoslarimiz yangi tadqiqotlar olib borishlariga zamin yaratadi, shunday emasmi?
Albatta. Misol uchun Alisher Navoiyning katta bobosi Isomiddin Pahlavon Qirg‘izistonning Aravon tumanida tug‘ilganligi haqida manbalar ko‘paymoqda. Navoiy Samarqandda o‘qib yurgan chog‘larida bir necha bor Andijon orqali Aravonga borgan, degan maʼlumotlar mavjud. Bu haqda Bekjon Ahmedov, Qorajon Qodirov, Valijon Mirzayev, Habibullo Idrisov, I. Abdurahmonov va boshqa olim-adiblarning matbuotda “Buyuk Alisher Navoiyning katta otasi Isomiddin Polvon (Pahlavon, Aravoniy) Aravonlikmi?” “Aravondan Hirotga ko‘chib borganmi?” maʼlumotlari bilan bog‘liq qiziqarli maqolalari chop etilgan. Bu mualliflarining yozishicha, buyuk sohibqiron Amir Temurning o‘g‘li Shohrux Mirzo poytaxtni Hirotga ko‘chirgach, ikki ming suvoriy Samarqand orqali Hirotga chaqirilgan. Ular orasida Isomiddin Polvon ham bor edi. Hirotga borilgach, Shohrux Mirzo Isomiddin Polvonni lashkarboshi Amir Bug‘aning Shahribonu ismli qiziga
uylantiradi. Ular o‘g‘il ko‘rib, ismini G‘iyosiddin qo‘yishadi. G‘iyosiddin Kichkina (Polvon) ulg‘ayib voyaga yetgach, mashhur sarkarda Said changning qizi Halimabonuga uylanadi va ularning oilasida jahonga mashhur, buyuk Nizomiddin – Alisher Navoiy tug‘iladi.
Yoki Zahiriddin Bobur “Boburnoma”da Andijon began taʼrifini eslaylik: “Andijon eli turkdir (o‘zbekdir). Shahar aholisi va bozorga keluvchilardan turkiyni bilmaydigan kishi yo‘q. Elining tili adabiy tilga muvofiq. Shuning uchun ham mir Alisher Navoiyning asarlari garchi Hiriy (Hirotda) shuhrat qozongan bo‘lsada, bu til bilan yozilgan” (“Boburnoma”, 2008 yil, 29 bet). Ushbu taʼrifda yuqoridagi maʼlumotlarga bog‘liq o‘rinlari bor. Chunki odatda farzandning tili va shevasi u ulg‘aygan oila muhitida, ota- onasining talaffuziga qarab shakllanadi. Agar shu nuqtai nazardan yondashsak, hazrat Navoiy tili andijonliklarning shevasiga – bugungi adabiy tilga mos ekan. Ikkinchidan, Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umarshayx Mirzoning qabri bugungi kunda saqlanmagan. Agar Sirdaryo qirg‘og‘idagi tashlandiq Axsi xarobalarga dafn etilgan bo‘lsa, u holda asrlar davomida Sirdaryo yuvib ketishigacha kuchli maʼnaviyatga ega Namangan xalqi hech qachon yo‘l qo‘ymagan bo‘lar edi. Vaholanki, o‘sha davrda yashagan boshqa podshohlarning qabrlari saqlanib qolgan. Shu maʼnoda, so‘nggi yillarda Umar shayx Mirzo Nanay qishlog‘idan 10–12 km. olisdagi Qirg‘izistonning Axsi tumanidagi Safetbulan (Shahidlar makoni)ga dafn etilganligi haqida maʼlumotlar ko‘paymoqda. Ushbu maʼlumotlarga aniqlik kiritish maqsadida Bobur nomli xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi Aravon va Safetbulan, Afg‘onistonning Hirot shaharlariga 2017 yilda maxsus safar uyushtirishni rejalashtirmoqda. Uchinchidan, Bobur hayoti va ijodi haqida badiiy film hanuzgacha yaratilmagan. Biz Bobur mirzodek ajdodimiz bilan faxrlanamiz, demak uning buyukligiga, serqirra ijodiga mos xalqaro miqyosda eʼtirof etiladigan badiiy filmni xamkorlikda yaratib, uni o‘zbek, arab, rus va ingliz tillarida dunyoga namoyish qilishdek vazifalarning amalga oshishi dolzrabligicha qolmoqda. Bu muhim masalalarni hal etish kelgusida faoliyatimizda ro‘yobga chiqadi. Qolaversa, bu borada tarixchilar, adabiyotshunos olimlarimiz ham ilmiy izlanishlar olib borib, buyuk ajdodlarimiz merosini yanada kengroq yoyishga hissa qo‘shadilar, deb umid bildiramiz.
Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Nazira Toshpo‘latova suhbatlashdi. “O‘zbekistonda xorijiy tillar” ilmiy metodik elektron jurnal, 2017 yil, 1-son.
Fikr qoldirish#