Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Buyuk merosimiz durdonalarini izlab...

Hind diyori. Bu sehrli va qadim yurtga Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining ilmiy ekspeditsiyasi safarlari ilgari ham, aniqrog‘i, o‘tgan 25 yil davomida bir necha bor uyushtirilgan. Ular haqida yurtimiz va dunyo matbuotida ko‘p yozilgan. Qator kitoblar, sayohatnomalar chop etilgan. O‘nga yaqin hujjatli filmlar, bir qancha ko‘rsatuvlar O‘zbekiston televideniyesi orqali namoyish qilingan.

Endi 2018 yilning 11-23 avgust kunlarida kechgan navbatdagi ijodiy safarimiz haqida.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 24 maydagi «Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini hayotga tatbiq etib, ulug‘ ajdodlarimiz Bobur va boburiylar hamda boshqa buyuk vatandoshlarimiz tomonidan yaratilgan, xususan, bugungi kunda Hindiston o‘lkasining muzey va kutubxonalarida saqlanayotgan asarlarni izlab topish, imkon qadar ulardan nusxa olib, yurtimizga keltirish maqsad-muddaomiz bo‘ldi.

Buyuk bobomiz qoldirgan bebaho meros nafaqat u hukmronlik qilgan yurtlar, balki jumlai jahon bo‘ylab bebaho javohirlar yanglig‘ sochilib ketgan. U uzoq Yaponiyadan tortib, Yevropaning London, Parij kabi shaharlarida deysizmi yoxud Amerika qitʼasidagi muzey va kutubxonalar, hatto shaxsiy arxivlardan o‘rin olgan. Ularni Vatanimizga qaytarmoq oson bo‘lmasa-da, ammo biz, avlodlar uchun g‘oyat sharafli vazifalardandir.

Ana shu yo‘lda davlatimiz rahbarining yuqorida tilga olingan qarori g‘oyat katta voqea bo‘ldi. Bugungi kunda Andijonda «Bobur va jahon madaniyati» muzeyi faoliyat yuritmoqda. U yerda o‘tgan yillar davomida fondimiz tomonidan 25 dan ziyod ilmiy ekspeditsiyalar jarayonida qo‘lga kiritilgan 500 dan ortiq asarlar, qimmatli qo‘lyozmalar va boshqa noyob eksponatlar saqlanyapti. O‘tgan yili Fond taʼsischiligida «Bobur va dunyo» jurnali tashkil etildi. Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining vakillari Dyehli shahrida o‘tkazilgan «Hindiston va Markaziy Osiyo madaniy aloqalarini rivojlantirish» hamda «Buyuk mo‘g‘ullarning (aslida buyuk boburiylar) jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni» mavzuidagi xalqaro konferensiyalarda o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Fond tomonidan 2013 yili «Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni» mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Unda dunyo va mamlakatimizning ko‘plab taniqli boburshunos olimlari tomonidan jahon boburshunosligining markazi Yevropadan O‘zbekistonga, poytaxtimiz Toshkentga ko‘chganligi haqli ravishda eʼtirof etildi. Hozirgacha jahon ilmiy-adabiy jarayonida Bobur va boburiylarga nisbatan xato qo‘llanilib kelinayotgan «Buyuk mo‘g‘ul» atamasini qo‘llamaslik hamda Bobur ijod qilgan tilga nisbatan yanglish ravishda ishlatilayotgan «chig‘atoy tili» atamasi o‘rniga, «turkiy til (eski o‘zbek tili)»ni ilmiy isteʼmolga kiritish masalasi maʼqullandi.

Bugungi kunda Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining Dehli shahridagi Hindiston bo‘limi ham faoliyat olib bormoqda.

Toshkent — Amritsar — Dehli yo‘nalishida parvoz qilgan «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasiga qarashli «Boing-767» samolyotida Amritsar shahri aeroportida qisqa muddat to‘xtab, Dehliga yetib bordik. Havo laynerida barchamizning eʼtiborimizni tortgan jihatlardan biri — yurtimizdan Hindistonga borayotgan yo‘lovchilarning aksariyati hind millatiga mansub odamlar ekanligi bo‘ldi. Bu mamlakatimizda xalqaro turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ijobiy saʼy-harakatlar samarasidir.


Muborak manzillar ziyorati

Maʼlumki, Hindiston Respublikasi Janubiy Osiyoda joylashgan ulkan mamlakat. Bugungi kunda aholisi soniga ko‘ra, dunyoda ikkinchi (1 milliard 366 milliondan ortiq), hududiy jihatdan yettinchi (3,287,263 km2) o‘rinda turadi.

Samolyotimiz mamlakat poytaxti — Dehli shahridagi Indira Gandi nomidagi xalqaro aeroportga qo‘ndi. Shu kunning o‘zidayoq O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev qabulida bo‘lib, safarimiz rejasini muhokama qilib oldik.

Safarimizni Dyehli shahridagi Bobur bobomizning to‘ng‘ich farzandi Humoyun Mirzo maqbarasini, Xusrav Dehlaviy, Mirzo G‘olib, Mirzo Abdulqodir Bedil qabrlarini ziyorat qilishdan boshladik. Bunday tabarruk qadamjolarga dunyoning turli nuqtalaridan kelgan ming-minglab sayyohlar va hindistonliklar qadam ranjida qilayotganiga guvoh bo‘ldik, qalbimizda faxr va g‘urur tuyg‘ulari jo‘sh urdi.

Biz ziyorat qilgan zotlardan yana biri Xusrav Dyehlaviy (1253–1325 y.y.). Ul zotning otasi Sayfiddin Mahmud asli kesh (Shahrisabz)lik bo‘lib, mo‘g‘ullar bosqini paytida turkiy sulolalar hukmronlik qilayotgan Hindistonga kelgan. Aytishlaricha, Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmish unga amirlik unvonini bergan. So‘ngra Sayfiddin Mahmud mo‘g‘ullarga qarshi jangda halok bo‘lgach, Xusrav Dyehlaviyni bobosi Imodulmulk o‘z tarbiyasiga oladi. Shoir, olim, bastakor sifatida tanilgan Xusrav Dyehlaviy ham saroy xizmatida bo‘lgan. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy bejiz «Nasoyim ul-muhabbat» tazkirasida uni avliyolar qatorida zikr etmagan.

Yana bir ulug‘ zot — Mirzo Abdulqodir Bedil hazratlari ham Sharqning ulkan va zabardast shoirlari qatoridan o‘rin olgan. U asli Hindistonning Azimobod shahrida 1644 yilda harbiy xizmatchi oilasida dunyoga keladi. Buni qarangki, uning ota-bobolari ham Shahrisabz o‘zbeklaridan edi. Maʼlumotlarga ko‘ra, Mirzo Bedil bir yarim yoshida otadan ajralib, onasi va amakilari qaramog‘ida qolgan. U Hindiston bo‘ylab ko‘p sayohat qilgan va 1685 yildan umrining oxirigacha Dyehlida yashagan.

Manbalarda keltirilishicha, Bedil hazratlaridan 130 ming misradan ortiq sheʼriy, o‘nga yaqin nasriy asarlar meros qolgan.

O‘zining beqiyos ijodi bilan urdu adabiy tiliga asos solgan va hind sheʼriyati mumtoz davrining so‘nggi vakillaridan biri, ham Pokiston, ham Hindistonning faxru g‘ururiga, har ikki millat timsoliga aylanib ketgan otashnafas shoir Mirzo Asadulloxon G‘olib ham asli turkistonlik bo‘lib, bobosi Mirzo Qo‘qonbek Samarqand aMirzodalaridan edi. Ammo taqdir taqozosiga ko‘ra, XVII asr o‘rtalarida Hindistonga borib qoladi. Mirzo G‘olib ana shu kishining o‘g‘li Abdullabek va Buxorodan Hindistonga kelib qolgan Xoja G‘ulom Husaynning qizi Izzatunnisoning farzandi. U Agra shahrida tug‘ilgan. Maʼlum bo‘ladiki, hind zaminida tug‘ilgan bo‘lishiga qaramay, Mirzo G‘olib ota tomonidan samarqandlik, ona tomonidan esa buxorolik. Shu bois uni nafaqat hind, balki o‘zbek xalqining ham shoiri deyishga haqlimiz.

O‘zbek tilida Mirzo G‘olibning «Shaydo» (1965 y.) va «G‘azallar» (1975 y.) to‘plamlari nashr etilgan. Uning sheʼrlarini urdu va fors tillaridan Yong‘in Mirzo, Mirtemir, Chustiy, Shoislom Shomuhamedov, Po‘lat Mo‘min kabi shoirlarimiz tarjima qilishgan.


«Bobur va uning avlodlari» — yangi asar

Ijodiy guruhimiz safar davomida Hindistonning mashhur boburshunos olimlari va adiblari bilan ham muloqotda bo‘ldi. Taniqli davlat arbobi hamda adib Salmon Xurshid va O‘zbekistonga yaqinda tashrif buyurgan adabiyotshunos olim, Rampur Rizo kutubxonasining sobiq direktori Said Muhammad Aziziddin Husayn shular jumlasidandir. Salmon Xurshid «Bobur va uning avlodlari» asarining ingliz hamda arab tillarida chop etilgan nashrlarini bizga sovg‘a qildi. Uning «Bobur va uning avlodlari» pyesasi Hindistonda boburiylarning tutgan o‘rni va ahamiyatini xolis yoritgani bilan eʼtiborga sazovor. Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi rayosati ushbu asarni kelgusida o‘zbek tiliga tarjima qilib, xalqimizga tuhfa etishni rejalashtirdi.

Professor Aziziddin Husayn o‘zi nashrga tayyorlagan Boburning «Devoni Bobur» va doktor Abdussalom Jeloniy nashrga tayyorlagan Shayx Homid binni Fazlulloh Jamoliyning «Devoni qasoidi Jamoliy» («Jamoliy qasidalari devoni») kitoblarini hadya etdi. «Devoni qasoidi Jamoliy» (Jome masjid, Dehli, 2013 y.) kitobi biz uchun o‘ta qimmatli topilma bo‘ldi. Chunki biz Shayx Jamoliy siymosida Boburning Hindistonga kelgan vaqtida unga qilich va qalami bilan xizmat qilgan eng sodiq safdoshini ko‘ramiz.

To‘g‘ri, u bungacha Sulton Iskandar hamda Bahlul Lo‘diy xizmatlarida bo‘lgan va ularga atab qasidalar yozgan mashhur shoir edi. U Bobur xizmatiga kirgach ham harbiy bek, yaqin suhbatdosh sifatida hamnafas yashagan. Boburning harbiy topshiriqlarini keksa bo‘lishiga qaramay, ko‘ngildagidek ado etgan. «Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi»da bu shaxs haqida shunday maʼlumotlar berilgan: «Shayx Jamoliy — Boburning beklaridan biri. Hindistonda qo‘shin yig‘ish yoki elchilik vazifalarini bajargan. Agradagi to‘yda shayx va sayyidlar qatorida o‘tirgan». (B. E. 568-bet)

Biz endi «Devoni qasoidi Jamoliy» kitobi orqali bu shaxsning yana bir ulug‘ fazilati — shoirligi haqida ham yangi maʼlumotlarga ega bo‘lamiz. U o‘z sheʼrlaridan «Devon» tuzgan, «Sayrul Orifin», «Mirʼotul maoniy» va «Mehru Moh» kabi dostonlar muallifidir.


«Guli rangin» dostoni — kutilmagan tuhfa

Hindiston Milliy arxivida mamlakatning ko‘p ming yillik tarixi va madaniyati, siyosati, adabiyoti hamda sanʼatiga oid noyob kitoblar va maʼlumotlar saqlanar ekan. Biz bu yerda o‘zimizni qiziqtirgan adabiyotlar, qo‘lyozmalar bilan tanishdik. Jumladan, «Bobur devoni», «Voqeoti Boburiy» («Boburnoma») va Bobur davrida yashagan Hakim Qandahoriyning Boburga bag‘ishlab yozgan «Guli rangin» («Qizil gul») dostonidan nusxalarini olishga erishdik. Ayniqsa, «Guli rangin» dostoni mutlaqo yangilik bo‘lib, hali bu asar o‘zbek o‘quvchisiga maʼlum emas edi.

Bu doston ikki jihatdan biz uchun qimmatlidir. Asar muallifi Qandahorda Bobur nazariga tushib, bir umr uning yaqin kishisi bo‘lgan shaxs. Bobur Agrada shakllantirgan adabiy muhit doirasida ijod qilgan zabardast shoir nomini shu tariqa aniqladik. Hindiston Milliy arxivida ushbu asarlarning nusxalarini tayyorlab berish uchun belgilangan miqdorda pul to‘lanishi kerakligini aytishdi. Fond tomonidan kelishilgan mablag‘ shu zahoti to‘landi. Ammo bu kitoblardan nusxa ko‘chirib berish uchun 4-5 kun muddat talab qilinar ekan. Kelishilgan kunda ushbu kitoblar nusxasini oldik.

Safarimizning to‘rtinchi kuni Dyehlidan 450 kilometr uzoqlikda joylashgan Rampur shahri tomon erta tongdan yo‘lga chiqdik. Ishni shahardagi mashhur Rizo kutubxonasidan boshladik. Kutubxona binosi XVII–XVIII asrlarda boburiyzodalar tomonidan qurilgan bo‘lib, hamisha shoir, olimlar yig‘ilib, go‘zal mushoira hamda bahs-munozaralar o‘tkazadigan qutlug‘ dargoh bo‘lgan. Rampur shahrida hozirgacha bundan yuksak bino yo‘q. Kutubxona binosi talabchan meʼmor nazari bilan qaralganda ham arxitektura mo‘jizalaridan biridir.

Bizni kutubxona rahbarining o‘rinbosari Naqi Abbos Kayfiy va kutubxona jamoasi iliq kutib oldi. Ular bizni kutubxona zallari bo‘ylab, muzey eksponatlari va kutubxona tarixi bilan tanishtirdi. Nashr etilgan kitoblari fihristi (katalogi), 9 ta nodir kitoblar diski, «Devoni Bobur», Javhar Oftobachining «Tazkirat ul-voqeot» («Voqealar zikri», Rampur 2015 y.) va Rashididdin Fazlulloh Hamadoniyning «Jome ut-tavorix» kitoblari (Rampur 2015 y.) hamda Bobur va uning avlodlariga oid xalqaro jurnal «Naqdu tahqiq» («Matn va tadqiqot»)ning 2015-2016 yillarda nashr etilgan 9 ta sonini taqdim etishdi.

Biz ko‘rsatilgan bunday iltifotga javoban kutubxonaga Samarqand va Buxoro shaharlari ramzi tushirilgan esdalik sovg‘alari hamda hind xalqining daho mutafakkirlari Rabindranat Tagor va Mahatma Gandining o‘zbek tilida chop etilgan kitoblarini hadya qildik. Naqi Abbos Kayfiyga vatanimizning xalqona udumlariga ko‘ra, o‘zbek do‘ppisini kiydirdik.

Kutubxonada biz ko‘rgan diskdagi kitoblarning hammasi noyobu nodir asarlar edi. Bulardan biz uchun alohida qimmatlilari — Zahiriddin Muhammad Boburning «Tuzuki Boburiy» yoki «Voqeoti Boburiy» nomida mashhur bo‘lgan, Abdulrahim ibn Bayramxon tarjimasidagi «Boburnoma», «Devoni Bobur», «Jome ut-tavorix» edi. Jurnallarning birini varaqlab, «Bobar yo Bobur?» maqolasiga ko‘zimiz tushib, beixtiyor 1980 yillardagi «O‘zbekiston adabiyoti va sanʼati» gazetasida bosilgan professor Abdurashid Abdug‘afurovning «Bobirmi, Boburmi?» maqolasini esladik.

Maqola muallifi Najib Ashraf Badaviy (tarjimon Ziynat Kayfiy) forsiy yozuvida Bobar va Bobur bir xil shaklda yozilishini qayd etib, talaffuzdagi har xillikka aniqlik kiritish uchun bu maqolani yozganini taʼkidlaydi. U bunga muvaffaq bo‘lish uchun bu so‘zning lug‘aviy maʼnosini bilishimiz va sheʼrda qofiya vazifasida kelgan holatlarga diqqat-eʼtibor qaratish lozim deb hisoblaydi. Bu xulosamiz Bobur asarlarining boshqa tillarga tarjimalari uchun ham muhimdir. Buning uchun maqola muallifi ingliz, fransuz, ispan, rus sharqshunoslari asarlariga ham murojaat etmog‘imiz kerak, deydi.


Noyob manbalar

Rampur Rizo kutubxonasida nashr etilgan «Bobur devoni» tarkibi Zahiriddin Muhammad Bobur tarjimasidagi «Volidiya», masnaviylar hamda «Aruz» risolasidan namunalardan iborat bo‘lib, kitob Said Muhammad Aziziddin Husaynning ushbu devon qo‘lyozmasi va mazmun-mundarijasi haqidagi 57 sahifalik so‘zboshisi bilan boshlanadi. Muhimi, bu devonda Boburning ikki baytlik (ruboiy) dastxati saqlangan va bu dastxat Boburniki ekanligi Shoh Jahon tomonidan maxsus qayd etilgan. Matn oxiridagi 925 hijriy yil sanasi devonning 1519 yilda tuzilganini ko‘rsatadi. Taniqli tarixchi olima, Bobur xalqaro mukofotining sovrindori, marhuma, professor Sabohat Azimjonova bu devonning foto-faksimil nusxasini «Indiyskiy divan Babura» nomi bilan «Fan» nashriyotida 1966 yili nashr ettirgan edi.

Ushbu kutubxonadagi «Boburnoma»ning eski o‘zbek tilidagi Haydarobod nusxasi, garchi Andijondagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida saqlanayotgan, bu noyob asarning asl nusxasi yurtimizdagi ilmiy jamoatchilikka maʼlum bo‘lsa-da, qo‘lyozmaning asl nusxasini ko‘rish kishiga bir olam hayajon bag‘ishlar ekan.

Rashididdin Fazlulloh Hamadoniyning «Jome at-tavorix» kitobi ham biz uchun katta yangilik bo‘ldi, deb aytsak, xato bo‘lmaydi. Darvoqe, hindistonlik Sayid Naqi Abbos ana shunday muhtasham adabiyotni teran o‘rganayotgani, o‘zi ham ularga chin ixlosu havas bilan sheʼrlar, g‘azallar bitayotgani haqida to‘lqinlanib so‘zladi. Bularning barchasi hind madaniyatiga, sanʼati va adabiyotiga ajdodlarimizning nechog‘li ulug‘ taʼsiri borligini ko‘rsatadi.

Yana Rampur Rizo kutubxonasi hadyalaridan biri Javhar Oftobachining «Tazkirat ul-voqeot» (Rampur, 2015 y.) asari edi. Bu kitob maʼlum maʼnoda Gulbadanbyegimning «Humoyunnoma» asarini esga soladi. Chunki har ikkala kitob Humoyun podshoh tarixiga bag‘ishlangan. Faqat «Tazkirat ul-voqeot» asaridagi voqealar Humoyun podshohligi davri haqida mukammalroq maʼlumot beruvchi manbadir. Bu asar Boburning shohlik tojini o‘g‘li Nasiriddin Muhammad Humoyunga topshirgani bilan boshlanib, Humoyun Mirzoning butun hayot yo‘li, sarson-sargardonliklari, Hamidabonuga uylangani, Muhammad Jaloliddin Akbarning Amarkutda dunyoga kelgani, o‘n besh yildan so‘ng avval Qandahoru Kobulni olib, keyin Hindiston taxtiga qayta o‘tirishi, tasodifiy vafoti va Jaloliddin Akbarning taxtga chiqishi voqealarini qamrab olgan.

Qorong‘i tushganda Lakhnav shahriga kirib borib, mehmonxonada tunadik. Ertasi kuni ertalab Nadvi nomli mashhur kutubxonaga bordik. Taassufki, shu kuni Hindistonning sobiq bosh vaziri vafoti munosabati bilan davlat muassasalari ishlamas ekan.

Navbatdagi manzil — Lakhnavdan qariyb 850 chaqirim masofadagi Patna shahri. Poytaxtdan viloyatlar markazlariga eltuvchi keng va tekis yo‘lning ikki tomonida sholizorlaru shakarqamish ekilgan maydonlar ko‘zga tashlanadi. Bizni avtomashinasida olib yurgan hind o‘g‘loni Ravindr juda bosiq, g‘oyat tajribali haydovchi ekanligi sezildi. Nega deganda, Hindistonning, ayniqsa, katta-kichik, o‘ta tig‘iz shaharlarida mohir haydovchi bo‘lmasa, avtoulovni boshqarish oson emas.

Patna shahridagi «Xudobaxsh» kutubxonasiga kirib, katalogdan o‘n ikki kitobni ro‘yxat qilib, ularni ko‘rsatishni so‘radik. Hademay, stol ustida Firdavsiyning ulkan hajm va go‘zal yozuvdagi «Shohnoma»si paydo bo‘ldi. Hajman bizning «Bobur ensiklopediyasi»cha keladigan bu qo‘lyozma-kitobdagi yozuvga sinchiklab qaramasangiz, bugungi zamonaviy nashriyotlarda chop etilgan kitobdan aslo farq qilmaydi. Undagi yuzga yaqin rangli rasm va miniatyuralar joylashtirilgan sahifalar oralig‘iga kelinchaklar yuziga tutilgan harir pardaday yupqa qog‘oz qo‘yilgan. Biz kitobdagi ayrim sahifalarni suratga tushirishga muvaffaq bo‘ldik.

«Shohnoma» ustida bejiz to‘xtalmadik. Manbashunoslik va matnshunoslikka tamal toshini qo‘ygan temuriyzoda shoir va xattot Boysung‘ur Mirzo ibn Shohrux Mirzo (1397–1433 y.y.) xattotlarni saroyga yig‘ib, 80 ta «Shohnoma» nusxasidan yagona haqiqiy «Shohnoma»ni, yaʼni hozirgi istiloh bilan aytsak, Abulqosim Firdavsiy «Shohnoma»sining ilmiy-tanqidiy matnini temuriylar poytaxti — Hirotda yaratgan.


Daho shoirimiz devoni

Hozirgi jahon va O‘zbekiston olimlarining ikki-uch, nari borsa, besh-olti nusxa asosida yaratilayotgan ilmiy matnlari qarshisida Boysung‘ur Mirzoning mehnati naqadar ulug‘vorligini yaqqol his etdik. So‘ngra «Kulliyoti Amir Nizomiddin Alisher Navoiy» kitobini ikki jildda keltirdilar. Varaqlab ko‘rsak, bu ikki kitob daho shoirimizning «Navodir un-nihoya» devoni bo‘lib chiqdi. Xati chiroyli nastaʼliq, kitob kechagina ko‘chirilgandek yaxshi saqlangan, qimmatbaho qo‘lyozma edi.

Bizga ko‘rsatilgan yana ikkita manba — «Tuzuki Boburiy» yoki «Voqeoti Boburiy»ning juda yaxshi saqlangan mukammal va go‘zal qo‘lyozmasi edi. Bu nodir kitobdan nusxa olinsa, Dehli va Tehron nashr nusxasiga so‘zma-so‘z solishtirish imkoni paydo bo‘lardi. Chunki «Boburnoma»ning bizdagi, turkiy tildagi 1960 yil va 2002 yilgi nashrlarida matn bilan bog‘liq hal etilmagan talay muammolar bor. Bu qo‘lyozmalar Abdulrahim ibn Bayramxon qalamiga mansub forsiy tarjima bo‘lsa-da, asar asliyatini tiklashda muhim xizmat qilishi mumkin edi. Chunki Eyji Manoday yapon boburshunosi «Boburnoma»ning ilmiy-tanqidiy matnini yaratishda to‘rtta turkiy va uchta forsiy nusxasidan foydalangani bejiz emas.

Kutubxonada Patna universitetining fors adabiyoti o‘qituvchisi professor Zakiy Husayn bilan ancha suhbatlashdik. U Patna kutubxonasida saqlanayotgan arab, fors va turkiy tillardagi noyob qo‘lyozma asarlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Albatta, kutubxonadagi yuqorida nomlari zikr etilgan kitoblardan nusxa olish — maʼlum rasmiyatchiliklarni talab qildi. Xususan, Hindiston Madaniyat vazirligining yozma farmoyishi zarur bo‘lib, yaqin vaqtlar ichida Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi hukumatimiz va elchixonalarimiz orqali ana shu asarlardan ham nusxa olib, yurtimizga olib kelishni bosh maqsad qilib qo‘ydi. Shu bois ushbu masalani tez kunlarda ijobiy hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab, Bobur xalqaro jamoat fondi nomidan O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi nomiga xat yozib qoldirildi. Shundan so‘ng yana ming chaqirimcha orqaga qaytib, Agra sari yo‘lga chiqdik. Kech kirganda shahar ostonasidagi bir mehmonxonada to‘xtab, tong ottirdik.

Agrada keng miqyosli ulkan bunyodkorliklarni dastlab Bobur Mirzo boshlagan: «Bir Agrada ushbu Agraning sangtaroshlaridin mening imoratlarimda har kunda olti yuz sekson kishi ish qilurlar edi. Agrada va Sekriyda va Bayanada va Do‘lpurda va Ko‘yilda ming to‘rt yuz to‘qson bir sangtarosh har kunda mening imoratlarimda ish qilurlar edi». (Bu hisobga meʼmorlikdagi boshqa kasblar kiritilmagan).


Tojmahal tarovati

Albatta, Agraga kelib, Tojmahalni ziyorat qilmaydigan odam topilmasa kerak. Dunyoning «sakkizinchi mo‘jizasi» deb tan olingan ushbu obida hovlisida aylanib, atrofdagi qadimiy meʼmoriy yodgorliklar bilan tanishib, Tojmahal ziyoratgohiga kirdik. Aql bovar etmaydigan bu ulkan yodgorlikning balandligi kishini hayratga soladi. Qayta-qayta Tojmahal atrofida faxrlanib rasmlarga tushdik. Maʼlumotlarga qaraganda, Tojmahalni ko‘rish uchun yiliga 8 millionga yaqin sayyohlar kelib-ketar ekan. Shuni ham alohida taʼkidlab o‘tish kerakki, Hindistondagi bog‘u rog‘lar va meʼmoriy obidalarning 90 foizi Bobur va boburiylar davridan qolgan yodgorliklardir.

Tarixdan maʼlumki, Bobur Mirzoning avlodi Shoh Jahon yigirma bir yoshida o‘n to‘qqiz yoshli Arjumandbonuga uylangan. Ular bir-biriga qattiq ko‘ngil qo‘ygan. Tabiatan ilmga chanqoq bo‘lgan Shoh Jahon adabiyot, sanʼat, musiqa va boshqa fanlar rivojiga sharoit yaratgan. Bir qancha muhtasham obidalar bunyod ettirgan. Arjumandbonu esa tadbirkorligi, nozik tabiati, iffati, tengsiz husnu latofati, yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni oqilona hal qilishi bilan saroy aʼyonlari o‘rtasida katta eʼtibor qozonadi. Shuning uchun ko‘p o‘tmay hamma uni yaxshi ko‘rib Mumtoz Mahalbegim (saroyning ko‘rki), deya atay boshlaydi.

Arjumandbonu navbatdagi farzandini dunyoga keltirayotgan chog‘da vafot etadi. Vafoti oldidan sevikli yoridan unga atab dunyoda tengi yo‘q maqbara bunyod ettirishni iltimos qiladi. Ana shu vasiyatga binoan Shoh Jahon asrlar davomida dunyo ahlini hayratga solib kelayotgan Tojmahalni barpo ettiradi.

Agra shahrida, Jamna daryosining chap qirg‘og‘ida to‘rtburchakli maydonda joylashgan Tojmahalning qurilishi, maʼlumotlarda qayd etilishicha, 1631 yilda boshlanib, 1648 yili tugallangan. Binoning balandligi 61 metr. Maydonning to‘rt burchagida har biri 50 metr balandlikda bo‘lgan to‘rtta minora tiklangan. Maqbara oq marmardan, atrofidagi binolar esa qizil toshdan qurilgan. Majmua xiyobonlar va katta bog‘ bilan qurshalgan. Binoning to‘liq qurilib bitishiga qariyb 22 yil kerak bo‘lgan. Atrofda esa yastangan dalalar. Tojmahal oftob nurida turlicha tovlanadi: tongda kumush rangda, quyosh botayotgan chog‘da esa tilla rangda jilolanadi. Unga termulib ko‘zingiz to‘ymaydi. Har safar o‘zgacha bir hayratni his etasiz. Oppoq marmarga o‘yib ishlangan naqshlar, chiroyli gullar, «Qurʼon» kalimalari shunchalik mohirlik bilan yozilganki, ko‘rib, nahotki, inson shu ishlarga qodir bo‘lsa, deb o‘ylab qolasan kishi. Biz bu manzilda yotgan ikki qalb sohibini ziyorat etdik. Ularning haqlariga tilovat qildik.

Tojmahal obidasidan ko‘ngil uzolmasdan noiloj, xayrlashib, Shoh Jahonning bobosi Bobur Mirzo yashagan Orombog‘ tomon yurdik. Jamna daryosi sohilidagi Bobur 1526 yilda o‘z tarhi bilan yaratgan ushbu Chorbog‘ va bir-biriga qarama-qarshi qurilgan Bobur xonadoni yashagan uylarni ziyorat qildik. Bog‘ g‘oyat dilkash, ozoda va shinam. Bu yerda Bobur Mirzo umrining so‘nggi to‘rt yilini o‘tkazgan. Uni «Bog‘i Zarafshon» (Zarsochar bog‘) deb atagan. Kechalari bog‘da yorug‘ mashʼalalar yoqilgani bois, manbalarda ushbu bog‘ «Bog‘i Nurafshon» deb ham yuritilgan.

Bog‘da hech qayerda uchramaydigan juda go‘zal usulda qizil sopolli koshinlardan sug‘orish tizimi yaratilgan bo‘lib, ariqlar 60-70 santimetr kenglikda, 30-40 santimetr chuqurlikda bog‘ bo‘ylab taralgan. Jamna daryosidan o‘sha paytda suv ana shu quvurlar orqali boqqa chiqarilgan. Unga kirganingiz zahoti, aniq o‘lchamli to‘rtburchak tarhli so‘lim, yam-yashil, keng, turfa gullaru daraxtlarga burkangan chamanzor bahri dilingizni ochib yuboradi, har xil qushlarning bamaylixotir uchib yurishi unga yanada tabiiylik va joziba bag‘ishlaydi.

Bobur podshoh shu binolarning birida 1530 yilda abadiy uyquga ketgan. (Maʼlumki, vafotidan so‘ng 9 yil o‘tib, xoki Kobulga ko‘chirilgan.) Bu tabarruk qadamjoda shoh va shoir xotirasiga duoi fotiha qildik. Bog‘da Bobur Mirzoning qizg‘ish toshlardan bunyod etilgan maqbarasi ham saqlangan.


Cheksiz iftixor hissi

Safarimizning o‘ninchi kuni yana Dehliga qaytib, Hindiston Milliy arxiviga bordik. Ammo hali biz buyurtma bergan kitoblarning nusxalarini tayyorlab ulgurishmagan ekan. Albatta, ertangi kunga tayyorlab berishlarini vaʼda qilishdi. Ertasi kelishilgan vaqtda kitoblarning elektron nusxalarini qo‘lga kiritdik.

Vatanimizga qaytish arafasida O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Farhod Arziyev taklifiga binoan Dyehlida yashovchi Jay Prakashning shaxsiy muzeyiga ham tashrif buyurdik. U yerda Boburiylar sulolasi bilan bog‘liq ko‘plab bebaho ashyolarning borligi ko‘zimizni quvnatdi.

Shu o‘rinda barchamizning diqqatimizni jalb etgan gilam haqida gapirmasak bo‘lmaydi. Bu gilamni qo‘ligul to‘quvchi o‘n to‘rt yil davomida ishlagan ekan. Gilam markazida — Tojmahal, atrofida boburiy shahzodalar va malikalarning suratlari aks etgan.

Albatta, safarimiz juda tig‘iz va mazmunli kechdi. Biz oldimizga qo‘ygan ijodiy, ilmiy vazifalarni imkon qadar bajarishga harakat qildik. Safarimiz davom etayotgan kunlarda, aniqrog‘i, 15 avgust kuni hind xalqi o‘zining Mustaqillik bayramini nishonladi. Har yili Hindiston mustaqillikka erishgan kundan boshlab, yaʼni 1947 yildan buyon, Laʼl qalʼa, yaʼni Dyehli shahridagi Qizil qalʼa saroyida mamlakatning amaldagi Bosh vaziri shu yerda Hindiston bayrog‘ini ko‘taradi va xalqqa murojaatnoma o‘qiydi. Maʼlumki, ushbu go‘zal va betakror saroy ham boburiylar hukmronligi davrida qurilgan. Temuriyzoda Shoh Jahon (1592–1666 y.y.) mamlakat poytaxtini Agradan Dyehliga ko‘chirishdan avval 1638–1648 yillarda ushbu saroyni qurdirgan. Shaharni esa Shohjahonobod deb atagan. Ushbu saroyni ham ziyorat qilib, cheksiz faxr-iftixor hissini tuydik.

Safarimiz qutlug‘ Qurbon hayiti kunlariga to‘g‘ri keldi. Hindiston xalqi ham ushbu bayramni keng nishonlaydigan el. Mazkur sana mamlakatda dam olish kuni sifatida belgilangan. Negaki, bu davlatda 300 millionga yaqin musulmonlar istiqomat qiladi.

Eng asosiysi, safar davomida xalqimizning madaniy-maʼrifiy merosiga taalluqli 120 dan ziyod qo‘lyozma va nodir manbalar nusxalarini, o‘ndan ziyod noyob kitoblarni yurtimizga olib kelish baxtiga muyassar bo‘ldik.

Albatta, ushbu asarlarning barchasini bitta maqolada nomma-nom sanash yoki tahlil qilish mushkul. Eng muhimi, bebaho merosimizga taalluqli ana shu asarlar ona Vatanimizga olib kelinib, Prezidentimiz tashabbusi bilan Andijondagi Bobur bog‘ida bunyod etilayotgan “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida mujassamlashtirildi. Bu manbalarning nomlari arab, fors, ingliz va qadimiy turkiy tilimizdan tarjima qilinib, sekin-asta ilmiy isteʼmolga kiritiladi.

Yana shuni alohida taʼkidlashimiz joizki, «Times of India» gazetasi muharriri bilan bo‘lgan uchrashuv va Dyehli, Rampur, Lakhnav, Patna, Agra kabi shaharlardagi turli madaniy-maʼrifiy muassasalarda kechgan suhbatlar jarayonida hind xalqi, keng jamoatchiligi mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar jarayonini katta qiziqish bilan kuzatib borayotganiga guvoh bo‘ldik.


Zokirjon Mashrabov, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

“Xalq so‘zi” gazetasi, 2018 yil 22 sentabr, 196-197-son,

“Andijonnoma” gazetasi, 2018 yil 29 sentabr, 78-son.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0