Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Buyuk ajdodlarimiz – milliy g‘ururimiz

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi ko‘hna tariximizni tiklash, buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ular qoldirgan ilmiy-madaniy meroslarni izlab topib ilmiy isteʼmolga kiritish borasida qator xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Keyingi bir yildagi fond jamoasi izlanishlari natijasida «Bobur va jahon madaniyati» muzeyi 350 dan ziyod noyob kitoblar va qo‘lyozma asarlar bilan boyidi. 30 dan ortiq ilmiy-badiiy kitoblar chop etildi.


Mehnatkashlar hamda ziyoratchilarning dam olishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida Bobur nomli milliy istirohat bog‘i yanada obodonlashtirildi. Ayniqsa «Zaytun, pista va boshqa subtropik o‘simliklar yetishtirish ilmiy markazi» tashkil qilinishi va bu o‘simliklarni ekib parvarishlashdagi muvaffaqiyatlar Bobur bog‘ining o‘ziga xosligini taʼminlaydi.

Jamoa har yili Z.M.Boburning tavallud ayyomini nishonlash jarayonida o‘tkaziladigan ilmiy amaliy anjumanda oldidagi vazifalarni rejalashtirib olishga o‘rgangan. O‘zbekiston xalq shoiri To‘lan Nizomning «So‘zga aylangan qilich» sheʼriy romani, yozuvchi Qamchibek Kenjaning «Boburiylardan biri» asari, shuningdek, «Bobur va boburiylar bibliografiyasi» kitoblarining nashr etilishi, Boburning «Musiqa sirlari», «Harb ishi» risolalari va Haydar Mirzoning «Mahmudnoma» asarlarini izlab topish, «Bobur etsiklopediyasi»ni ona tilimizdan tashqari ingliz, nemis, turk tillarida ham nashrdan chiqarish, buyuk alloma Ali Qushchining qabr-maqbarasi holatini o‘rganish va jamoat fondining chet ellardagi bo‘limlarini ochish maqsadida Bobur xalqaro ilmiy ekspediyasining Latviya, Finlyandiya, Shvetsiya, Germaniya va Turkiya davlatlariga navbatdagi safari uyushtirilishi ham o‘sha rejalarning ijrosi bo‘ldi.

Xayrli ishlardan yana biri - O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma arxeologik kompleks ekspeditsiyasi va Bobur nomli xalqaro jamoat fondi hamkorligida «Qadimiy va o‘rta asrlar Farg‘ona vodiysi tarixi va etnografiyasi» mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy seminar desak xato bo‘lmaydi.

Ilmiy seminarda Xitoy Xalq Respublikasi parlamenti yuqori palatasi aʼzosi, Ijtimoiy FA Arxeologiya instituti direktori, akademik Vang Vey boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan hamkorlikda Marhamat tumanidagi Mingtepa shahar harobasi asosida ochiq osmon ostidagi muzey tashkil etish taklifi, Andijon shahrining 2500 yillik yoshini aniqlash bo‘yicha olib borilgan arxeologik qazishmalar natijalariga bag‘ishlab, rus va o‘zbek tillaridagi «Drevniy i srednevekovыy Andijan» hamda «Andijon tarixi» monografiyasi muhim tarixiy asarlar sifatida chop etilganligi eʼtirof etildi. Chop etilishi rejalashtirilgan «Andijon ensiklopediyasi» va «Farg‘ona vodiysi tarixiy obidalari durdonasi (Andijon tarixiy yodgorliklari misolida)» kitob-albomi loyihasi maʼqullandi. Bu rejalarning amaliyoti ham allaqachon boshlanib, dastlabki muvaffaqiyatlar haqida matbuotlarda maqolalar berildi.

Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining Afg‘oniston davlatiga o‘tgan yili amalga oshirilgan ilmiy safari munosabati bilan buyuk ajdodlarimiz Alisher Navoiy, Sulton Xusayn Boyqaro, Kamoliddin Behzodlarning qabr-maqbaralari o‘rganilib, u joylarni obodonlashtirish yuzasidan takliflar tayyorlandi. Bobur nomli xalqaro jamoat fondining Afg‘oniston (Mozori-Sharif) bo‘limi ochilib, fond tomonidan chop etilgan Bobur va boburiylarga oid kitoblar afg‘onistonlik kitobxonlarga taqdim qilindi. Mamlakatimizda ilk bor tarixiy shaxs haqida qomus - jahondagi barcha sharqshunoslar uchun muhim qo‘llanma bo‘la oluvchi “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” yaratilishi ayniqsa quvonchli bo‘ldi.

Ensiklopediyaning birinchi sahifasida yurtboshimizning “Bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan har qancha faxrlansak arziydi. O‘zbek xalqining dovrug‘ini dunyoga taratgan buyuk ajdodlarimizdan biri o‘laroq, ul zot bizni o‘tmish tariximizni qadrlashga, kelajakka buyuk ishonch bilan qarashga o‘rgatadi...”, degan purmaʼno so‘zlari keltirilgan.

64 bosma toboqli bu ulkan ensiklopediyani yaratishda o‘zbek boburshunos olimlari qatorida Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston va yevropalik olimlar ham faol ishtirok etishdi.

Ensiklopediya buyuk tarixiy siymo, xayratomuz isteʼdod va taqdir sohibi bo‘lmish Bobur xayotini, uning siyosiy, xarbiy, adabiy va ilmiy merosini yoritishga, Boburning avlodlari, boburiylar sulolasi bilan bog‘liq asosiy moddiy yodgorliklar hamda boburshunoslik haqida to‘liq maʼlumot beradi. Hozirgacha nashr etilgan bu turdagi ensiklopediyalardan farqli o‘laroq, Bobur ishtirokchisi bo‘lgan tarixiy voqealarning keng qamrovli va o‘ta murakkabligi, Boburning nisbatan qisqa umr kechirganiga qaramay, jahon tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasi, tarixdagi eng mashhur sulolalardan biriga asos solganligi, o‘zidan boy va rang-barang ijodiy meros qoldirgani, “Boburnoma”da o‘ndan ziyod fan sohasiga oid maʼlumotlar mavjudligi hisobga olinsa, “Bobur ensiklopediyasi” amalda universal ensiklopediya xarakterini kasb etishi ayon bo‘ladi. Shu yil Z.M.Bobur tavalludi kunida tashkil etilgan ilmiy anjumanda bu ulkan ilmiy- badiiy tadqiqot asarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda ushbu yirik asarni tayyorlashdagi xizmatlari va «Bobur. Devon. Nazm mahorati», «Aruz» kitoblari uchun taniqli matematik olim va zukko adabiyotshunos Abdulla Aʼzamov Bobur xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lganligi eʼlon qilindi. Misrlik va afg‘onistonlik Boburshunoslar– Magda Maxluf, Abdulla Ruin, mamlakatimizdagi yirik olim va adabiyotshunoslar - Aziz Qayumov, Saidbek Hasanov, Ahror Ahmedov, Hasan Qudratillayev, Vahob Rahmonov kabi o‘ndan ortiq boburshunoslar Bobur xalqaro fondining taqdirlov yorlig‘i va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

O‘zbek xalqining buyuk bobosi Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti, ijodi, ilmiy merosi juda keng qamrovli, boy. Hali tugal jamlangani yo‘q. Demak, Bobur nomli xalqaro jamoat fondining izlanishlari davom etadi.


Rustamjon Mamasoliyev, Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari, “Xolis” gazetasi,

2015 yil 6 may, 19-(989) son.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0