Sinov yoʻsinida ishlamoqda

“Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki...”

Mustaqillik sharofati bilan xalqimizning boy madaniy merosi, betakror arxeologik va tarixiy yodgorliklari, milliy qadriyatlarimiz, ayniqsa, jahon ilm-fani taraqqiyotiga, insoniyat tafakkuri yuksalishiga munosib hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz faoliyatini o‘rganishga katta e’tibor qaratildi.


Qariyb 25 yildan buyon faoliyat olib borayotgan Bobur xalqaro jamoat fondi tomonidan ham bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Andijonda Bog‘i Bobur majmuasi hamda Bobur Mirzoning ramziy maqbarasi barpo etildi. Bobur va jahon madaniyati muzeyi tashkil qilindi. Bundan tashqari, Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish bo‘yicha yurtimizda, qator xorijiy davlatlarda ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi, yangi-yangi kitoblar nashr qilindi, o‘nga yaqin hujjatli filmlar yaratildi. Bobur xalqaro mukofoti, “Bobur va dunyo” jurnali ta’sis qilindi. 


Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi Bobur izidan 40 dan ziyod mamlakatlar bo‘ylab ilmiy safarlar uyushtirdi. Natijada ko‘plab yangi manbalar topilib, Bobur va jahon madaniyati muzeyidan joy oldi. Ayni paytda muzeyda 500 dan ziyod noyob qo‘lyozma asarlar, nodir kitoblar, qimmatli manbalar saqlanmoqda. Jumladan, “Boburnoma”ning Haydarobod nusxasi, Bobur Mirzo kashf etgan alifbo—“Xatti Boburiy”da ko‘chirilgan Qur’oni karim nusxasi, “Bobur kulliyoti”ning Eron nusxasidan ko‘chirma hamda “Boburnoma”ning turli tillarga tarjima qilingan 20 dan ortiq nusxalari saqlanmoqda.


Keyingi yillarda fond ko‘magida “Boburnoma” uch marta qayta nashr qilindi. Ushbu asarning kirill va lotin alifbolaridagi tabdili, shuningdek, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” asari fors tilidan tarjima qilinib, chop etildi. Boburshoh va Humoyun Mirzoning hayoti hamda faoliyati bayon qilingan Xondamirning “Habib us-siyar” asari, shuningdek, turli tillarda yaratilgan “Gulbadan”, “Andijon shahzodasi”, “Bobur — yo‘lbars”, “XVI asr bunyodkori” nomli kitoblar o‘zbek tiliga tarjima qilinib, kitobxonlarga taqdim etildi. “Zahiriddin Muhammad Babur. Бабуриды. Bibliografiya” nomli yirik kitob, “Zahiriddin Muhammad Bobur xazinalari” ruknida “muayyan va nasriy bayoni”, “Risolai Volidiyya” nazmiy tarjimasi va sharhi” asarlarining chop etilgani, ayniqsa, “Bobur ensiklopediyasi”ning yaratilgani o‘zbek boburshunoslarining katta yutuqlaridan bo‘ldi. Bu kitoblar yurtimiz tarixi, ulug‘ allomalarimiz, xususan, shoh va shoir hayoti, ijodi, ilmiy merosini o‘rganishda, tadqiq etishda muhim manbadir.


Fondimiz tashabbusi bilan Bobur va boburiylar, qolaversa, zaminimizda tug‘ilib, taqdir taqozosi bilan dunyoning turli joylarida umrguzaronlik qilgan buyuk ajdodlarimiz yaratgan bebaho asarlar namunalari Vatanimizga qaytarilib, ilmiy iste’molga kiritilganligi, avvalo, ko‘hna tariximizni yanada chuqur o‘rganishga xizmat qiladi, qolaversa, yosh avlod qalbida faxrlanish, iftixor tuyg‘ularini mustahkamlaydi.


Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi tomonidan hozirda Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya, Iroq, Eron davlatlarida bo‘lgan ulug‘ allomalarimiz mangu qo‘nim topgan maskanlar ziyorat qilindi. Xususan, Afg‘onistondagi yuqolib ketish arafasiga kelib qolgan mavlono Lutfiy maqbarasi qayta tiklandi. Hirot shahrining Musallo maydonidagi Alisher Navoiyning qabr-maqbarasi xalqimizning milliy me’morchiligi uslubida yangidan bunyod etildi, uning atrofida bog‘ yaratildi, Kamoliddin Behzodning qabr-maqbarasi ta’mirlanib, obodonlashtirildi. Fondimiz Zahiriddin Muhammad Bobur, boburiylar va boshqa ulug‘ allomalarimiz ilmiy merosini o‘rganish, targ‘ib qilish borasidagi ishlarni izchil davom ettiradi. Maqsadimiz Bobur bobomizning “Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yuq” degan so‘zlarini o‘zimizga shior bilib, faqat ezgu va xayrli ishlarning boshidan tutishdir.


Zokirjon Mashrabov, Bobur xalqaro jamoat fondi raisi, 

O‘zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

“Xalq so‘zi” gazetasi, 2022 yil 12-fevral, zz(8095)-son.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0