Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Mumtoz Mahal begim – Arjumand bonu

Arjumand bonu taxminan 1594 yilda Mashhadda tug‘ilgan. U asli eronlik bo‘lib, bobosi va ota-onasi kambag‘allik yuzasidan Hindistonga ko‘chib kelib, Akbarshoh mulozimatiga xizmatga kiradi. 1611 yilda Arjumand bonuning ammasi Nurjahon (Mehriniso) Jahongirshohga turmushga chiqqach, Arjumand bonuning bobosi Eʼtimod-ud Davla bosh vazirlik mansabiga otasi Eʼtiqodxon (Osafxon) esa saroy boshqaruvchisi lavozimiga ko‘tariladi. 1613 yoshli 19 yoshli Arjumand bonu 21 yoshli shahzoda Xurramga (Shoh Jahon) turmushga chiqadi. O‘tkir aql-idrok va did-farosat sohibasi bo‘lgan Arjumand bonu tez kunda tadbirkorligi, nozik tabiati, iffati va tengsiz husn-latofati bilan saroy aʼyonlari o‘rtasida katta eʼtibor qozonadi. Xususan, Jahongirshoh Arjumand bonuni nihoyatda eʼzozlardi. Chunki Jahongirshoh bilan shahzoda Xurram oralarida vujudga kelgan ayrim kelishmovchiliklarni Arjumand bonu hal qilishga kirishar va bu ishning uddasidan chiqardi.Tabiiyki, bunday ezgu xizmatlari evaziga har ikki tomonning iltifotiga sazovor bo‘ladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ko‘p o‘tmay saroyda Arjumand bonu – Mumtoz Mahal begim (saroyning ko‘rki) deya atala boshlandi. Arjumand bonuga berilgan ushbu nom unga shon-shuhrat keltirib jahonga mashhur qildi va nomi tarix sahifalariga ko‘chdi.

1628 yil fevralida eri Shoh Jahon taxtga o‘tirgach, yosh malika Mumtoz Mahal begim saltanat ishlarida unga yordamlashib, rejalik maslahatlari bilan hukmdorni to‘g‘ri yo‘lga boshladi. Saroyda u maslahatchi va muhrdorlik lavozimida edi.

Mumtoz Mahal begim yaxshi kunlarda ham, og‘ir damlarda ham, harbiy safarlarda ham eriga vafodor yor, sodiq hamroh va jafokash hamdard bo‘ldi. U qisqa umri davomida 14 nafar farzand ko‘rdi. “Tazkirat ul-havotin” asarida yozilishicha, Mumtoz Mahal begimning dunyoda qoldirgan farzandlari sakkiz nafar – to‘rt qiz, to‘rt o‘g‘il bo‘lib, qolgan olti nafari yoshligida nobud bo‘lgan. Uning o‘g‘illari Doro Shukuh (1616-1659), Shoh Shujoʼ (1617-1661), Avrangzeb (1618-1707), Murod Baxsh (1621-1658), qizlari – Jahon Oro begim, Anjuman Oro begim, Dahr Oro begim va Kiti Oro begimdir.

Malika Mumtoz Mahal begim Shoh Jahon hukmronligining to‘rtinchi yili, yaʼni 1631 yil 17 iyun chorshanba kuni navbatdagi safar chog‘ida, Burhonpurda 14-nchi farzandini tug‘ish paytida 38 yoshida vafot etdi. Mumtoz Mahal begim hayot bilan vidolasharkan, eri Shoh Jahondan farzandlariga mehribon bo‘lishni, bundan buyon boshqa uylanmaslikni va nihoyat, unga atab, dunyoda tengi yo‘q ulug‘vor, hashamatli maqbara bunyod ettirishni iltimos qildi.

Mumtoz Mahal begim o‘lim oldidan o‘z bolalari bilan vidolasharkan, Shoh Jahonning ahvolidan xabardor bo‘lib, unga g‘amxo‘rlik qilib turishni o‘zining katta qizi – Jahon Oro begim zimmasiga yuklaydi.

Shoh Jahon sevikli rafiqasi Mumtoz Mahal begimning vasiyatlariga to‘la amal qiladi. Zotan, u keyingi 36 yillik umri davomida uylanmay o‘tadi. Munis vavafodor rafiqasining nomini abadiylashtirish maqsadida, unga atab yaltiroq oq marmardan hashamatli maqbara qurdiradi. Agra shahridagi ulkan maqbaraning qurilishiga yigirma ming mutaxassis usta va ishchilar jalb qilinib, 18 yilda qurib bitkazildi. Bu ulug‘vor obida – “sevgi va vafo” qasrining qurilishiga 40 million rupiya mablag‘ sarflangan.

Maqbara qurib bitkazilgach, marhuma Mumtoz Mahal begimning xokini ko‘chirib keltirib dafn etishdi. Ushbu ulug‘vor hashamatli maqbarani Mumtoz Mahal begim boshiga kiydirilgan toj ramzida “Toj Mahal” deb atadilar.


Fayziyev Turg‘un, Temuriy malikalar. Risola. T., A.Qodiriy nomidagixalq merosi nashriyoti, 1991, 40 b. – B. 28-30. (O‘zbekcha);

Fayziyev Turg‘un, Temuriy malikalar. Risola. T., A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1994, 26 b. – B. 19. www.ziyouz.com kutubxonasi. (O‘zbekcha); [Мумтоз Маҳал бегим] – Аржуманд бону. – В кн.: Королевы-тимуриды.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0