Sinov yoʻsinida ishlamoqda

«Mubayyin» – maʼrifiy-badiiy asar

Islomiy taʼlimot inson maʼnaviyatining mevasidir. Markaziy Osiyo xalqlarining islom diniga eʼtiqod qo‘yishi yangi bir madaniyat va maʼnaviyatni yuzaga keltirdi. Shu sababli ham xalqlarimizning islom diniga o‘tishi ularning turmush tarzida o‘ziga xos tarixiy burilishlar davri hisoblanadi. Taniqli tasavvufshunos olim N. Komilov ayni o‘tish davrining o‘ziga xos xususiyatini shunday izohlaydi: «Ulug‘ tarixiy burilishlar davri mafkurasini belgilagan jahoniy dinlar insoniyat taraqqiyotining muayyan bosqichida yangi maʼnaviy-ruhiy zaruriyat, fikriy va hissiy izlanishlar ehtiyojiga javob tariqasida paydo bo‘lganligi sababli madaniy-maʼnaviy hayotning hamma sohasini qamrab olib, ijodiy ko‘tarilish, taxayyul va tasavvurotlar olami, aqliy va badiiy faoliyat tarziga taʼsir etib keldi. Ayni vaqtda insonning to‘xtovsiz ijodiy faoliyati dinlarning o‘ziga taʼsir o‘tkazib, ularning sinkretiklik (omextalik) xususiyatini kuchaytirib turdi, yaʼni taʼlimotlar, mazhablar, qarashlar silsilasini vujudga keltirdi. Islom olamida buni ilmi kalom (mutazaliyya, ashariya, «ixvonis safo» oqimlari), ilmi hikmat (falsafa), ilmi vahdat yoki ilmi tavhid (tasavvuf), shuningdek, ismoiliya, qarmatiya, imomiya misolida ko‘rish mumkin».

Demak, islom dinining Markaziy Osiyo xalqlari hayotiga kirib kelishi Sharq mamlakatlarida ijtimoiy va maʼnaviy hayot, fan, madaniyat va adabiyotning rivojlanishiga katta ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. Natijada, din arboblari hisoblangan tasavvufshunos olimlar, faylasuflar, shoirlar o‘z mafkuralarini yaratishga, diniy aqidalarni, islomiy odoblarni targ‘ib etish ruhida kitoblar yaratishga kirishdilar. Markaziy Osiyodagi diniy adabiyotning ilk davriga nazar tashlanadigan bo‘lsa, Abunasr Sarroj (vafoti 988 yil)ning «Kitobal-lumaʼ», Al Kalobodiyning (vafoti 990 yil) «Kitobat-taʼarruf», Abu Tolib Makkiyning (998) «Qutal-qulub», Sulaymiyning (vafoti 1021) «Risolatal-malomatiya», Qushayriyning (vafoti 1072) «Risola fit-tasavvuf», Al Hujviriyning (vafoti 1076) «Kashfal-ahjub», Abdulla Ansoriyning «Manozil as-soirin», Fariduddin Attorning (1119-1222) «Tazkiratul-avliyo» kabi diniy nazariyaga oid kitoblari hamda qo‘llanmalarida islom taʼlimotining xususiyatlari bayon etildi.

Islom taʼlimotida diniy qarashlar, yo‘nalishlar mavjud. Ular islomshunoslikda shariat, tariqat, maʼrifat, haqiqat kabi atamalar bilan yuritiladi. Shariat, maʼlumki, islom ahkomlarini bayon etuvchi ilmdir. Shariat deyilganda arabcha to‘g‘ri yo‘l, ilohiy yo‘l, qonunchilik maʼnolari tushunilgan. Umuman olganda, islomdagi diniy, huquqiy tizim shariatdir. Islomshunoslikda yuqoridagi diniy atamalarning har biri alohida yo‘nalish sifatida tadqiq etilgan, bu ilohiy yo‘llarning olimlari, tadqiqotchilari bo‘lishgan. Shariat qonun-qoidalari masalasi bilan shug‘ullanuvchi olimlar faqih; musulmon qonunshunosligi, yaʼni shariat qonun-qoidalarini ishlab chiqish ilm esa fiqh deb yuritilgan. Fiqh diniy huquqshunoslik sifatida ikki sohaga – shariat manbalarini ishlab chiqish (usul al-fiqh) va shariatni aniq sohalarga tadbiq etish (furu al-fiqh)dan iborat bo‘lgan. Qurʼon, sunna, ijmoʼ, qiyos shariat manbalari deb eʼtirof etilgan.

Islomda jamiyatni huquqiy boshqarish Qurʼon asosida olib boriladi. Islomilohiyotchilari shariat qonunlarini hijriy IV-V asrlarda ishlab chiqqanlar va yuqoridagi to‘rt manba unga asos qilib olingan. Shariat islom qonun-qoidalari sifatida bir necha masalalarni qamrab oladi. Avvalo, davlat, yaʼni xalifachilikning huquq talab-tamoyillari, majburiyatlari, shuningdek, sud yuritish hamda vasiylik ko‘rsatmalari beriladi. Diniy taʼlimot sifatida har bir musulmon uchun amal qilinishi lozim bo‘lgan besh farz: iymon, salot (namoz), zakot, savm (ro‘za) va haj haqida batafsil ko‘rsatmalar beriladi.

Markaziy Osiyoda shariat qonun-qoidalari bilan shug‘ullanuvchi yetuk fiqhshunos olimlar ham yetishib chiqqan. Bular Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom al-Motrudiy, Fazlulloh, Abu Lays Samarqandiy va boshqalardir. Abu Lays Samarqandiy (Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim as-Samarqandiy vafoti 1003) mashhur qonunshunos olim sifatida tanilgan. U Samarqand shayxul-islomi sifatida tan olingan. Abu Lays Samarqandiy shariat qonun-qoidalari qamda islomiy odoblarga bag‘ishlangan «Xizonat ulfiqh» («Fiqh hazinasi»), «Bo‘ston ul-orifin» («Oriflar bo‘stoni»), «Tafsir ul-Qurʼon» («Qurʼon tafsiri»), «Tanbeh ul-g‘ofilin» («O‘yquda yotganlarga tanbeh») va shunga o‘xshagan bir qancha kitoblar yaratgan. Burhoniddin Marg‘inoniy ham (vafoti 1197) fiqhshunoslikka katta hissa qo‘shdi. Ulug‘ olimning ijodiy merosi islomdagi sharʼiy qonunlarni o‘rganish, sharhlash va targ‘ib etish bilan uzviy bog‘langandir. Uning fiqhga doir bir necha risolalalari mavjud. Jumladan, «Bidoyat al-mubtadiy», («Ilmga kirishuvchilar uchun birinchi asos»), «Nashr al-mazhab» («Mazhabning yoyilishi»), «Kitob at-tajnis» («Tajnis haqida kitob»), «Al-Mazid» («Ziyoda qilish»), «Manosik al-haj» («Haj marosimlari»), «Kitob al-faroiz», («Farzlar haqida kitob») kabilar shular jumlasidandir. Burhoniddin Marg‘inoniyning shariat qoidalariga doir kitoblarining eng mashhuri «Bidoyat al-mubtadiy» risolasi hisoblangan. Bu asarga sakkiz jilddan iborat «Kifoyat al-muntahiy» («Ilmni nihoyasiga yetkazuvchining qanoatlanishi») nomli katta sharh yozilgan. Keyinchalik bu sharhlarni ixchamlashtirib, uning o‘rniga «Al-Hidoya» («Qo‘llanma») nomi bilan qisqacha sharh kitobini yozib tugallagan. Bu sharh shariat vakillari o‘rtasida mashhur bo‘lgan. Jumladan, kitob Markaziy Osiyo, Hindiston hamda Turkiyadagi islom diniga eʼtiqod qo‘ygan kishilar o‘rtasida keng tarqalgan. Burhoniddin Marg‘inoniyning fiqhga oid kitoblari hozirgacha Sharq mamlakatlaridagi madrasalarda asosiy qo‘llanma sifatida xizmat qiladi.

Shariat qonun-qoidalari bayon etilgan sharʼiy kitoblar turkiy tilda kam yaratilgan. Umuman olganda, o‘zbek adabiyoti tarixida diniy-islomiy g‘oyalarni targ‘ib etishga qaratilgan asarlarning yuksak namunalari mavjud. Masalan, Ahmad Yugnakiyning «Hibat ul-haqoyiq» asarida Qurʼon oyatlari va hadislardagi axloqiy qarashlar ifodasini topgan. Nosiruddin Rabg‘uziyning «Qisasi Rabg‘uziy» asarida olamning va odamning yaratilishi haqidagi diniy qarashlar, shuningdek, payg‘ambar, avliyolar va ziyolilarning dinni targ‘ib etishdagi saʼy-harakati, komilligi to‘g‘risida fikr yuritilgan. Ahmad Yassaviy hikmatlari hamda Sulaymon Boqirg‘oniyning sheʼrlari to‘lig‘icha islom g‘oyalarini targ‘ib etishga qaratilgan. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bu ikki shoirning asarlarida shariat qoidalariga doir qarashlar ham mavjud. Bu asosan shariatdagi besh ruknning birinchisi – iymonga daxldordir. Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asari esa diniy-islomiy g‘oyalarni targ‘ib etgan shayxlar, avliyolar, o‘z tariqatiga ega bo‘lgan shaxslarning hayotini o‘rganishda alohida qimmatga ega. «Lison ut-tayr» dostoni islom taʼlimotidagi tariqatlarning falsafiy mushohadasi asosida yuzaga kelgan. Bundan tashqari, o‘zbek adabiyoti tarixidagi dastlabki masnaviylardan Bobur masnaviylarigacha yaratilgan asarlarning muqaddima qismlarida keltirilgan hamd va naʼtlarda islom taʼlimotining ruhi singdirilgan. Jumladan, Alisher Navoiyning «Hayratul-abror» dostonida islomiy karashlarga bir necha boblar bag‘ishlangan. Navoiy yaratgan bu manzumalarda ham shariat qonunlarining iymon qismiga oid maʼrifiy fikrlar o‘z ifodasini topgan. Alisher Navoiyning «Siroj ul-muslimin» («Musulmonlar charog‘i») masnaviysi esa o‘zbek adabiyoti tarixida sharʼiy qonun-qoidalar sheʼriy yo‘lda ifodalangan birinchi (hozircha) risoladir. Shu sababli ham masnaviyning Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan yaratilgan «Mubayyin» masnaviysiga diniy-maʼrifiy jihatdan maʼlum darajada o‘xshashlik tomonlari mavjud. Bu ikki masnaviydagi yaqinliklar to‘g‘risida fikr yuritishdan oldin, diniy-tasavvufiy adabiyotning yirik vakillari Ahmad Yassaviy va Sulaymon Boqirg‘oniy sheʼriyatidagi sharʼiy qarashlarning ayrim ifodalari haqida mulohaza yuritish o‘rinlidir.


«Mubayyin»da har bir musulmon uchun amal qilishi lozim bo‘lgan besh farz bayon etiladi:

Kim-ki avval bo‘lsa bolig‘-u oqil,

Anga besh farzdur muni bilgil.

Biri iymondur-u ikkinchi salot,

Bu ikidin keyin uchunchi zakot,

Ramazon ro‘zasi-yu haj o‘tamak,

Farz ayn o‘ldi ushbu besh beshak.


Demak, islomdagi birinchi farz iymondir. Iymon deyilganda Olloh tomonidan payg‘ambar Muhammad alayhissalomga nimaiki hukm qilingan bo‘lsa, uni chin bilish, til bilan iqror bo‘lish tushunilgan. Buni tushunmagan yoki iqror bo‘lmagan kimsalar qiyomat kunida o‘kinadilar. Kofirlar guruhiga qo‘shilib, do‘zax olovida yonadilar. «Mubayyin»da Ollohni tan olish, Muhammad alayhissalom sifatlarini komillikning belgisi deb tushunish, iymon keltirmaganlar boqiy dunyoda qabr azobida qiynalishi, pulisirot ko‘prigidan o‘tolmay do‘zaxga tushishi kabi tasvirlar keltiriladi. Bu tasvirlarning o‘zbek diniy adabiyotida o‘ziga xos anʼanalari mavjud. Buni birgina anʼanaviy syujet hisoblangan Olloh Muhammad alayhissalomga meʼroj kechasini ato qilgani hamda Ollohning qudratiga iqror bo‘lish voqealarida ko‘rish mumkin. Jumladan, Ahmad Yassaviy «Hikoyati meʼroj»da shunday yozadi: ...

Anʼanaviy tasvirlarga ko‘ra, Muhammad alayhissalom farishta Jabroil bilan Buroqda Quddus tomon uchadi. Yo‘lda har xil voqealarga duch keladi. Ziyoratgoh joylarni ziyorat etadi. Quddusda Odam, Ibrohim, Muso, Iso kabi payg‘ambarlar bilan uchrashadi. Hatto birgalikda namoz o‘qishadi. Muhammad alayhissalom Ollohni va uning yaratgan g‘aroyib narsalarini ko‘rish uchun Buroq vositasida ko‘kka ko‘tariladi. Yetti qavat osmonga chiqib, Olloh bilan diydor ko‘rishadi. Jannat va do‘zaxni, payg‘ambarlarni va boshqa har xil ajoyibotlarni ko‘radi. Bu anʼanaviy mavzu Sulaymon Boqirg‘oniyning murabbaʼ shaklida bitilgan «Meʼrojnoma»sida ham o‘z ifodasini topgan. Lekin, meʼroj voqeasi ilohiyot fanida turli xil munozaralarga sabab bo‘lgan...

Alisher Navoiy ham «Hayrat ul-abror» dostonida Muhammad alayhissalomning maqtoviga beshta naʼt keltiradi. Beshinchi naʼtda meʼroj voqeasiga to‘xtaladi. Professor A. Hayitmetov «Hamsa»da islom nuri» tadqiqotida bu mavzuga to‘xtalar ekan, Navoiyning Muhammad alayhissalom meʼrojga ko‘tarilishi voqeasiga qanday munosabatda bo‘lganligini quyidagicha baholaydi: «Navoiy bu hodisaning ro‘y berganiga, Payg‘ambarni Xudoning oldiga Jabroil Buroq ismli otda yulduzlar oralab, tunda sayr qilib olib borganiga zarracha bo‘lsa ham shak keltirmaydi. Bu sayrni shoir zavq bilan tasvirlagan. Bu afsonaviy ot shunday tez yurar ekanki, yer bilan osmon orasi bir qadam ekan:

Yerdin o‘lib ko‘kkacha bir gom anga.

... Payg‘ambar Olloh Taolo bilan uchrasharkan, undan faqat va faqat bir narsanigina, u ham bo‘lsa ummatlarining gunohini kechirishni so‘ragan: Haq tilida ummatin istab tomom,

Haqdin o‘lub borcha murodiga kom”. Bobur ham «Mubayyin» asarida meʼroj voqeasiga 13 baytlik fasl bag‘ishlaydi. Shoir meʼroj voqeasiga ishonch bilan qaraydi hamda boshqalarni ham bu voqeaga iqror bo‘lishga, fosidlik qilib, shubha uyg‘otmaslikka chaqiradi:

Shak bu ishta kechurma ko‘nglungda,

Fikr-i fosid evurma ko‘nglungda,

Borcha Tengri qoshida osondur,

Qudrat oldida aql hayrondur.

Demak, yuqoridagi qiyoslardan shu narsa ayon bo‘ladiki, badiiy adabiyotda diniy eʼtiqoddagi obrazlar o‘ziga xos anʼanaviylik xususiyatlariga ega. Faqat har bir ijodkor bu mavzuga o‘z iqtidori, diniy eʼtiqodi va mahorati nuqtai nazaridan yondashadi. Boburning «Mubayyin» asarida Muhammad alayhissalom taʼrifi, uning sifatlari ulug‘lanishi, meʼroj voqeasiga munosabat ham ana shunday ijodiy tamoyil natijasidir.

Boburga qadar diniy aqidalar va islomiy eʼtiqodlarni o‘z asarlariga xos keng mushohadalilik bilan tasvirlagan shoirlardan biri Alisher Navoiydir. Navoiy boshqa ijodkorlardan farqli o‘laroq, shariat qonun-qoidalarini bayon etishga ham maxsus kitob bag‘ishlagan. Navoiyning «Siroj ul-muslimin» («Musulmonlar charog‘i») kitobi shunday ahamiyatga molik asarlardandir. Shoir kitobning kirish va xotima qismlarida masnaviyning yozilishi sabablari, nomlanishi haqida fikr yuritar ekan, Xoja Ahrori Valining Alisher Navoiyni eslab, «u juda ko‘p asarlar bitdi, agar u islomiy mavzularni ham nazm qilsa edi, munosib ish bo‘lardi, yaʼni «Kim, ul ko‘p nazm derga bo‘ldi rog‘ib,

Bu yanglig‘ nazm ham erdi munosib»

degan so‘zlari sabab bo‘lganligini yozadi. «Ikkinchi tomondan, deb qayd etadi akademik B. Valixo‘jayev, shariat ahkomlarini turkiy tilda sodda va tushunarli tarzda bayon qilish zarurati ham bu asarning yozilishiga sabab bo‘lgan». Darhaqiqat, «Siroj ul-muslimin»ni o‘qigan kishilar undan shariat qonun-qoidalari, ahkomi, besh farz to‘g‘risida aniq maʼlumot oladi. Navoiy kitobning nomi va unda ko‘tarilgan maqsadni shunday bayon qilgan:

Chu ravshan aylar islom ahli zotin,

«Siroj ul-muslimin» qo‘ymishmen otin.

Umidim ulki, har kim o‘qugay,

Muning nuri bila ko‘ngli yorugay.


«EʼTIQODIYYA» – «MUBAYYIN»NING KENGAYTIRILGAN REJANOMASI


Istiqlol adabiyotshunosligimiz nazaridan chetda qolgan ko‘plab asarlarni o‘rganish imkonini berdi. Shulardan biri Boburning «Mubayyin» masnaviysidir. Istiqlol yillarida bu kitobni o‘rganish hamda kitob matnini nashr etish ishlariga katta eʼtibor qaratildi. «Mubayyin» islom ruknlari hisoblangan besh farz – iymon, namoz, ro‘za, zakot va haj mavzusiga bag‘ishlangan besh masnaviydan iborat yaxlit bir asardir. Ular «Mubayyin»da kuyidagi tartibda joylashgan:

1. «Eʼtiqodiyya» – iymon haqidagi masnaviy.

2. «Kitobu-s salot» – namoz o‘qish va uning qoidalari haqidagi masnaviy.

3. «Kitobu-z zakot» – zakot berish qoidalari haqidagi kitob.

4. «Kitob us-savm» – ro‘za tutish qoidalari haqidagi kitob.

5. «Kitobu-l-haj» – hajga borish qoidalari haqidagi kitob.

Bobur besh kitobni yakunlagandan so‘ng uni «Mubayyin» deb ataganligini masnaviylarning xotima qismida shunday bayon etadi:

Bu kitobim-kim ehtinom ettim,

Jiddu jahd aylabon tomom ettim.

Chun bayon ettim anda shariyot,

Ne ajab gar dedim «Mubayyin» ot.

«Mubayyin» kitobiga nom qo‘yilishi arabcha «mubayyan» so‘zidan olingan bo‘lib, bayon etish, tushuntirish, oshkor etish kabi maʼnolarni beradi. Kitobning nomi birinchi masnaviy – «Eʼtiqodiyya»ning «Kitob nazmining sababi» manzumasida badiiy aksini topgan quyidagi g‘oyaviy maqsaddan olingan:

Bilgasen ey xo‘jasta-e farzand,

Jigarim birla jonimg‘a payvand.

Masʼulalar-ki, ul zarur erdi,

Bilmasang dilingga qusur erdi.

Demak, insonning o‘zi eʼtiqod qo‘ygan dinning ahkomlarini bilmasligi uning kamchiligi, xatosidir. Boburning «Mubayyin»ni yaratishdan maqsadi farzandlariga, umuman, yoshlarga islom dinining odobini, farzlarining qonun-qoidalarini sodda tilda, ixcham bayonda tushuntirishdan iboratdir. Ushbu bayonda Boburning farzandiga murojaati ifodalangan. Shu sababli ham boburshunoslikda «Mubayyin» asari yaratilishi haqida turlicha izohlar mavjud. Adabiyotshunos A. Ibrohimov bu xususda shunday jumlalarni keltiradi: «...U Komronga taʼlim berish maqsadida ikki ming misradan iborat bir turkiy sheʼriy kitob yozadi. O‘shal kitobning nomini Abufazl va Badayun «Mubayyin» («Tushuntirish») deb atagan. Shuning uchun bu kitob shu nom bilan maʼlum va mashhurdir» Ibrohimov turli manbalarda bu kitobning nomi «Dar fiqhi Mubayyin» «Fiqhi Boburiy», «Boburning diniy yo‘l-yo‘riqlari» yoki «Bobur xotiralari», «Mubayyin» tarzida uchrashini ham uqtiradi. Akademik B. Valixo‘jayev ham bu kitob «Fiqhi Boburiy» va «Fiqhi mubayyin» asari Boburning o‘g‘illaridan Komron Mirzoga bag‘ishlangan deb ko‘rsatish haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deydi. Professor R. Vohidov ham muallifning bunday qarashlariga qo‘shilmaydi. Chunki, «Mubayyin»ning birinchi masnaviysi «Eʼtiqodiyya»da bayon etilishicha, Bobur asarning yozilish sababi bayon etilgan dostonda ikki farzandining nomini tilga oladi:

Bebaqo dunyo ishi salh-durur,

Din ishin qilgay ul-ki, ahl-durur.

Dun-u donishda har kun afzun bo‘l,

Davlat-u baxt ila Humoyun bo‘l.

Komron bo‘l jahonda, davlat ko‘r,

Yuz tuman obro‘-yu izzat ko‘r.

«Mubayyin»ning yaratilishi davri 1520-1522 illarga to‘g‘ri keladi. Bu paytda Boburning o‘g‘illari Humoyun va Komron Mirzo o‘zining balog‘at yoshidan o‘tib, yigit yoshiga ko‘tarilayotgan edi. Insonning ana shunday davrda din qoidalarini o‘rganishi o‘ziga xos zaruriyat hisoblanadi. Shu sababli shoir «Mubayyin»ni ikki o‘g‘liga bag‘ishlagan, ular islomiy taʼlimot hamda shariat qoidalarini egallashlari uchun bir dasturul-amal yaratishni niyat qilgan deyishga asos bor. Albatta, bu kitobdagi masnaviylarda bayon etilgan fikrlarni faqat Humoyun yoki Komron Mirzolar o‘rganishi lozim, deb hisoblash ham bir yoqlamalik bo‘ladi. Chunki, shariat ahkomlari, qonun-qoidalari, islomdagi farzlar bayon etilgan kitoblar turkiy tilda (Alisher Navoiyning «Siroj ul-muslimin» kitobini hisoblaganda ham) kam bo‘lgan bir davrda «Mubayyin» katta amaliy ahamiyatga ega edi. Islom dini ahkomlarini o‘rganishga kirishgan yoshlar uni sevib o‘qirdilar, o‘zlariga qo‘llanma deb bilardilar. Shu jihatdan qaraganda, «Mubayyin» shariat qoidalari bilan qiziquvchi barcha kishilarga muslimu muslimalarga mo‘ljallangan asar hisoblanadi.

Boburning «Eʼtiqodiyya» masnaviysi ikki jihati bilan eʼtiborga loyiqdir. Birinchisi, masnaviy mustaqil asar sifatida ham o‘z g‘oyaviy-badiiy qimmatiga ega bo‘lsa, ikkinchisi, «Mubayyin» asari tarkibidagi qolgan to‘rt masnaviyga muqaddima yoki boshqa masnaviylarda ifodalangan mazmunning rejanomasi vazifasini bajarishidir.

«Eʼtiqodiyya»ning mustaqil asar sifatidagi qimmati nimadan iborat? Uning mustaqil asarligi shundaki, masnaviyda hamd, naʼt, kitobni yozishdan ko‘zlangan g‘oyaviy maqsad, uning bayoni hamda xotima keltirilmagan. Masnaviy 566 misradan va 34 bob, yaʼni dostondan tashkil topgan. Masnaviyning hamdi 9 baytdan iborat. Shoir anʼanaga ko‘ra olam, odam, ijtimoiy borliq, butun mavjudotning yaratuvchisi hisoblangan Ollohni ulug‘laydi:

Qodiru barkamol Tengri-dur,

Qodir, zuljalol Tengri-dur.

Har ne kim qilsa ul qilur beshak,

Har ne kim qilsa ul bilur beshak.

Shundan so‘ng olti baytlik naʼt keltiriladi. «Eʼtiqodiyya»ning mustaqil asar sifatidagi qimmati, u iymon haqidagi fiqhga doir ommaviy risola ekanligidadir. Masnaviyda beshta islomiy farz sanalib o‘tilgandan so‘ng, birinchi farzning bayoni keltiriladi va unga amal qilish qonun-qoidalari beriladi. Masnaviyda farz ruknining bayoni shunday badiiy ifodalab berilai:

Bobur, avvalg‘i farz qil taʼrif,

Kim bor insonga avval ul taklif.

Bu dur iymon men aytayin eshiting:

Har ne dermen ani ko‘ngulga biting.

Muʼmanun bihqakim bo‘lur tahqiq,

Qilg‘ay iqror til, ko‘ngul tasdiq.

Bu baytlarda iymonning qonun-qoidalari faqihlar uchun emas, balki avom uchun badiiy ravon sharhlab beriladi. Shariatda Ollohning payg‘ambarlarga hukm qilganlarini ko‘ngil bilan tasdiqlab, til bilan iqror bo‘lish iymondir. Iymonli kishini hamisha Tangri qo‘llashi Qurʼon oyatlarida ko‘rsatilgan. Masalan, «Baqara» surasining 161-162-oyatlarida birovga iymon davlati muyassar bo‘lsa, Tangri taollo uning har yaxshi ishiga mukofotlar berib borishi, yaʼni muborak diydoriga musharraf qilishi bayon etiladi. Xo‘sh, iymon nimalarga erishtiradi? Masnaviylarda ularning soni oltita deb ko‘rsatiladi va har birining taʼrifi keltiriladi. Birinchi, iymon xudoga keltiriladi, uning borligi va birligi tan olinadi. Ikkinchisi – farishtalar, uchinchisi – kitoblar, to‘rtinchisi – Ollohdan kelgan payg‘omlar – xabarlar, beshinchisi – oxir zamon bo‘lishi, oltinchisi – inson boshiga tushadigan barcha yaxshi va yomonliklar Olloh amridan ekanligi. Ana shu olti tamoyilni tan olgan kishilargina iymonli sanaladilar.

«Eʼtiqodiyya»da iymonning to‘rtinchi belgisiga kengroq o‘rin berilgan. Birinchi sharti xudoning birligini tan olishga bag‘ishlangan. U «Avvalgi muʼman bihning sharhi» deb nomlangan. R. Vohidov ushbu masnaviyni o‘rganishga bag‘ishlangan maqolasida iymonning birinchi sharti, manzumaning maqsadi to‘g‘risida shunday fikrlarni bayon etadi: «Avvalgi muʼman bihning sharhi» sarlavhasi o‘quvchiga shoirning keyingi rejasidan xabar beradi. Mazkur sahifalarda kalimai tayyiba tilga olinadi va uning tarkibidagi ilohiy kalomlarga (La ilaha illallahu Muhammadur rasullullah) birin-birin sheʼriy sharh beriladi. Manzumaning xudoning sifatlari talqiniga bag‘ishlangan parchalari ham katta qiziqish uyg‘otadi. O‘sha misralarda Parvardigori Karimning har bir sifati alohida urg‘u bilan, rangin, ravon badiiy ifodasini topadi»1010.

Masnaviyda Ollohning yetti sifatiga taʼriflar keltirilgan. Ular quyidagilar: 1. Hayot. 2. Ilm. 3. Irodat. 4. Qudrat. 5. Saʼm va basar, yaʼni eshitish va ko‘rish. 6. Kalom sifati, yaʼni mutakallim – duru kalom (so‘zlovchiligi) taqdiri bilan sodir bo‘ladi. Masnaviyning hamd qismida Tangrining taʼrifi uning sifatlari aytilgan manzumalarda yanada chuqurlashtiriladi. Masalan, Tangrining qudrat sifatiga ishoratda hamddagi maqtovlar bilan kuchli bog‘lanish bor:


Yana bir vasfi Haqqa qudrat-dur,

Anda qudratdur, anda qudratdur.

Bori ishda biling-ki dono-dur,

Har ne qilmoqqa ham tavono-dur.

Ko‘z yumub ochquncha qilur mavjud,

Ko‘z yumub ochquncha qilur nobud,

Har neki qilmaqta qudrati bastur,

Odat-u vosita kerakmastur.


«Eʼtiqodiyya»da iymonning uchinchi sharti payg‘ambarlarga chin dildan ishonish hisoblanadi. Olloh tomonidan nozil etilgan kitoblar va ularning xabarchilari haqidagi bayonlar Boburning jahon dinlari tarixidan ham xabardor ekanligini ko‘rsatadi. Shoir diniy kitoblarning to‘rttasi – Tavrot, Zabur, Injil, Furqon, buning mashhur nomi Qurʼon ekanligini taʼkidlaydi. Bu kitoblar payg‘ambarlardan Muso, Dovud, Iso va Muhammad alayhissalom nomlari bilan bog‘lanadi. Masnaviyda Muhammad alayhissalom dini, Islomdagi xizmati va fazilatlariga yuksak baho beriladi. Qiyomat kunining barhaqligini tan olish (iymonning beshinchi shartidir. Bu shartning bajarilishi islom tarbiyasida o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lgan. Chunki, bu shartni bajarmaganlar oxirat kunida so‘roqqa tutiladilar va foniy dunyodagi qilmishlari uchun javob beradilar. Foniy dunyoda gunohga botgan kishilar do‘zax olovida qiynoq azobiga solinadilar. Shu sababli iymonli kishi do‘zax olovidan qo‘rqadi va u islom axloqi shartlari asosida ish ko‘radi.

Xo‘sh, islomdagi iymon shartlarini to‘la bajargan kishilar nima foyda ko‘radilar? Bobur masnaviyning xotima qismidan oldin bu masalaga ham oydinlik kiritadi va to‘rt baytdan iborat manzuma bitadi. Manzuma «Ishorat iymonning natijavu foydasig‘a» deb nomlangan.


Kimki, iymon bularga keltursa,

Ushbu deganlar ustida tursa.

Qutular bandaliqtin, o‘lmaktin,

Talamoqtin, jihoti bo‘lmaktin.

Dunyaviy-dur bularni yod olingiz,

Uxraviyni deyin quloq solingiz.

Jovidoniy azob ila mehnat,

Ko‘rmas-u oqibat borur jannat.


Demak, iymon shartlarini bajargan kishi do‘zax azobini ko‘rmaydi, to‘g‘ri jannatga yo‘l oladi. «Eʼtiqodiyya»da iymonningolti shartining nazariy taʼrifi va amaliy ifodasining bayon etilishi bu masnaviy mustaqil sheʼriy risola ekanligini ko‘rsatadi. Masnaviyni alohida kitob sifatida tushunish va tahlil etishga asoslar bor. Eng muhimi, Bobur asarni «Mubayyin» tarkibidagi boshqa masnaviylar uchun muqaddima, keyingi kitoblarida bayon etiladigan fikrlarining rejasi sifatida taqdim etganligidir. «Eʼtiqodiyya»ning keyingi masnaviylar uchun muqaddima ekanligini ko‘rsatadigan asoslar nimada?

Masnaviyning «Eʼtiqodiyya» deb nomlanishi o‘ziga xos mantiqiy kuchga ega. Eʼtiqod tushunchasi shoirning «Eʼtikodiyya»da bayon etilgan diniy-axloqiy qarashlariga nisbatan qo‘llangan emas. Bu eʼtiqod butun islom taʼlimotiga, shariat qonun-qoidalariga bo‘lgan eʼtiqoddir. Masalaga shu nuqtai nazardan yondoshadigan bo‘lsak, «Mubayyin» besh masnaviydan iborat bo‘lib, mustaqil masnaviylarga xos hamd, naʼt hamda kitob yozilishining sababi xaqidagi manzumalar faqat «Eʼtiqodiyya»da keltirilgan. Demak, bu uch manzumada bayon etilgan fikrlar keyingi manzumalar uchun ham o‘z mantiqiy quvvatiga ega. Ana shu mantiqiy quvvat keyingi masnaviylarni ham bir-biriga bog‘laydi. «Eʼtiqodiyya» keyingi masnaviylar uchun kengaytirilgan reja ekanligi «Besh farzning taʼoddi» manzumasida yorqin ifodasini topgan. Shoir bu manzumada «Mubayyin» tarkibiga kiritilgan besh kitobda bayon etilgan diniy-axloqiy qarashlarning mazmun-mundarijasini beradi. Manzumada bayon etilganidek, birinchi kitob – iymon, ikkinchisi namoz, uchinchisi zakot, to‘rtinchisi ro‘za va beshinchisi haj haqidadir.

«Mubayyin» tarkibidagi masnaviylar Eʼtiqodiyya»ning davomi ekanligini har bir kitobning boshlanishida shu masnaviyda yoritiladigan mavzuni eslatish orqali ham sezish mumkin. Chunki bu asarlarda mustaqil masnaviy sifatida janr xususiyati ko‘rinmaydi. Yaʼni, hamd va naʼtlar, shuningdek shoirning kitob yaratishdan g‘oyaviy maqsadi bayon etilmaydi. Masnaviylar quyidagi baytlar bilan boshlangan.


«Kitob-us-salot»:

Bobur emdi degil ikkinchi farz,

Deyilur so‘zni anda qilgil arz.

«Kitob-uz-zakot»:

Bobur uchunchi farz bo‘ldi zakot,

Anda der so‘zni aytayin sanga bot.

«Kitobu-s-savm»:

Bobur uch farzda deding so‘zni,

O‘zgada tutmagil maʼof o‘zni.

Emdi to‘rtunchi farz azmin qil,

Ro‘zaning so‘ziga og‘iz ochgil.

«Kitob-ul-haj»:

Bobur aytildi to‘rt farz tomom,

Endi beshinchi sari ayla xirom.


Keltirilgan baytlar masnaviylarning matlalaridir. Bu matlalarning har biri o‘ziga xos vazifani bajargan. Ularning tarkibidagi so‘z va iboralar masnaviylarning birini ikkinchisi bilan bog‘lashga xizmat qilgan. Masalan, «emdi» so‘zining keltirilishi yoki «to‘rt farz tamom, endi beshinchi» birikmalari shunday xususiyatga ega. Demak, bunday bog‘lanishlar «Mubayyin» tarkibidagi masnaviylar uzviy birlikda, «Eʼtiqodiyya» esa shoirning g‘oyaviy niyatini belgilovchi dastlabki asar ekanligini ko‘rsatadi.


«Eʼtiqodiyya»ning xotima qismi hisoblangan manzumada ham shoir birinchi kitobini tugatganligini, agar Tangri madadkor bo‘lsa qolgan to‘rt farz haqida ham asar yozishini maʼlum qiladi:

Kolgan u to‘rt farz-i sharʼiyya,

Amaliyya deyildi farʼiyya.

Tengri tavfiqi bo‘lsa dey barini,

Kursatay anda amal yerini.


Bobur o‘zining ijodiy niyatiga erishdi. Islom shariati qonunlariga eʼtiqod ramzi, shuningdek, yosh musulmon yigitlarni islom dini yo‘liga kiritish maqsadida «Eʼtiqodiyya»dan so‘ng to‘rtta maʼrifiy ahamiyatga molik go‘zal badiiy masnaviylarini yozishga erishdi.


SHARIAT AHKOMLARINING BADIIY IFODASI...


Islomdagi ruknlar – namoz, zakot, ro‘za va hajga bag‘ishlangan to‘rt masnaviy ni g‘oyaviy-badiiy jihatdan tahlil etishdan oldin adabiy jamoatchilikda tug‘ilishi mumkin bo‘lgan haqli savolga javob berish maqsadga muvofiqdir. Xo‘sh, Boburning shariat qoidalari bayon etilgan kitoblarini adabiyotshunoslikda o‘rganishga hojat bormi? Axir bu mavzuni fiqhshunoslar yoki islom taʼlimotini targ‘ib etuvchi islomshunoslar o‘rganishi maqsadga muvofiq emasmi? Bizning nazarimizda, badiiy adabiyot tanlaydigan mavzuning doirasi keng. Adabiyotda mavzu siyosiy, falsafiy shu bilan birga diniy yunalishda ham bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, diniy ruhdagi asarlarning hammasi badiiy adabiyotning ifoda vositasi – so‘zdan foydalanadi. Yoki badiiy adabiyotga xos adabiy janrlar ham diniy asarlarni yuzaga keltirishda xizmat qiladi. Diniy voqea-hodisalarni targ‘ib etgan shoirlar o‘z asarlarida fikrni taʼsirchan ifodalash maqsadida badiiy tasvir vositalaridan ham keng foydalanadilar. Ikkinchidan, sheʼriyatning darsxonasi keng, ifoda tarzi ravon, rangin, badiiy tasvir vositalari yordamida bayon etilishi sababli esda qolishioson bo‘lganidan shariat ahkomlarining nazmda berish anʼana tusini oldi. Shu jihatdan qaraganda, Boburning «Mubayyin» asari tarkibiga kirgan masnaviylar shariat qonunlarini targ‘ib qilishidan qatʼiy nazar, badiiy adabiyotning ham mulki hisoblanadi. Shu sababli ham adabiyotshunoslik bunday yo‘nalishdagi kitoblarning g‘oyaviy-badiiy qimmatini belgilay oladi.

Masnaviylarda qalamga olingan voqea-hodisalar badiiy, bo‘yoqdor tasvirini topganki, mavzuning ana shu jihati ham «Mubayyin»ni adabiy asar sifatida o‘rganish va baholash huquqini beradi.

«Mubayyin»dagi ikkinchi masnaviy namoz o‘qish qoidalariga bag‘ishlangan. Masnaviy «Kitob-us-salot» deb nomlanadi. Maʼlumki, namoz tushunchasi islom dinida eʼtiqod qiluvchilar bajarishi farz bo‘lgan ruknlarlan biri hisoblanadi. Namoz har kuni muayyan vaqtlarda besh mahal o‘qiladi. Namoz o‘qishda tahorat jismoniy poklanishning muqadqas shaklidir. Masnaviyda tahorat qilishning talab-tamoyillari bayon etiladi va namoz o‘qishga eʼtiqod qo‘ygan kishiga uning yo‘llari o‘rgatiladi. Shoir bu masalada islomiy hamda umuminsoniy masalalarni yoritishga erishgan. Umuminsoniy masalalar asarning g‘oyaviy-badiiy qimmatini oshirishga, xalqchilligini taʼminlashga, eng muhimi, insonga xos axloqiy tarbiyani shakllantirishga xizmat qilgan. Namoz o‘qish uchun tahoratga o‘tirgan kishi suvdan foydalanadi. Suv esa islomda ham, insoniyat xayotida ham muqaddasdir. «Suvning masoyili» manzumasida ifodalangan fikrlar insonni poklikka, tabiat neʼmatlarini asrashga, toza va ozoda turmush kechirishga daʼvat etiladi.

Suv oqib kelayotgan ariqda tahorat qilish mumkinmi? Bobur bu masalada o‘zining axloqiy-maʼnaviy qarashlariga ega. Suvda tahorat qilaman deb najosatni yuvish ariqdagi suvning bulg‘anishiga, harom bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Suvning nisfi – yarmi haromga aylanishi uning quriganligi, ariqda suv yo‘qligi bilan tengdir. Shoir bu o‘rinda quyidagi satrlarni keltiradi:


Bo‘l oqar suv aqallidin ogoh,

Kim oqarda oqizsa bir par-i koh.

Bu suvni tohir-u mutahhar bil,

Har nima yuvar esang bu suvda yuvg‘il.

Lek oqar suvda bordurur egirim,

Nimani anda yuvmasin hech kim.

Gar najosat bila uluksaku-dur,

Bu oqar suvda anda hukm bu-dur.

Gar suvning nisfi yo ko‘piga tegar,

Suv arig‘sizdur andoq o‘lsa agar.


Demak, namoz o‘qish farz, Ollohga, islom diniga eʼtiqod ramzidir. Lekin bu farzni shart deb tushungan kishi boshqalarni ham o‘ylashi, tabiatni, borliqni ham eʼzozlashi lozimdir. Namoz farzidagi g‘oyaviy yo‘nalish aniq. Shoirning bu farz bayonida turli xil badiiy tasviriy vositalardan foydalanishi fikrning taʼsirchanligini taʼminlashda xizmat qilgan. Ayniqsa, shoir sifatlash sanʼatidan unumli foydalanadi. Namoz o‘qiganda qanday kiyimni kiymaslik kerak. Ayni xususda masnaviyda shunday bayt keltiriladi:

Bil-ki debo bila qizil nima,

Erga makruh-dur kiyay dema.


Debo – bezakli, jimjimador hamda qizil so‘zlari sifatlash bo‘lib, shunday tusdagi kiyimlarni kiyib namoz o‘qish makruh sanalgan. Masnaviyda namozni o‘qish vaqtlari tabiat tasvirlari bilan yonma-yon tutib tasvirlanadi.


1. Tong namozi qachon o‘qiladi. Uning tabiatdagi belgilar orqali ko‘rinishi shunday:

Barchadan burna tong namozin o‘ta,

Bor durur vaqt-i subh kozib o‘ta.

Bu uzun, inichka, yoruq-dur-kim,

Bil ufq sathiga muni qoyim.

Shoir tong namozi vaqtini ham sifatlashlar orqali ifodalagan. Demak, tong namozining vaqti ufqda uzun, ingichka yorug‘lik paydo bo‘lgandadir.


2. Peshin namozining vaqtini shoir yanada mohirlik bilan chizadi. Quyidagi baytlarda keltirilgan tasvirlarda mo‘jazgina badiiy manzara yaratiladi:

Yana vaqti namozi peshindur,

Anga bilgil bu navʼ talqindir.

Avvale kunning evruluridin,

Soyalarning fuzun bo‘luridin.

Ikki qad bo‘g‘ucha bu ko‘lankalar,

Bilki peshin o‘tar, kishilar o‘tar.

Peshin namozining vaqti kuyosh osmon nuqtasidan evrilish, og‘ish yo‘liga o‘ta boshlashida amalga oshiriladi. Bu paytda soyalar uzun bo‘ladi. Yaʼni, ashyoning o‘ziga nisbatan soyasida cho‘zilish seziladi. Agar ko‘lanka – soya qaraxt, inson yohud boshqa jonzotu jonsizlarning o‘z holidan ikki darajada ko‘payish shakliga kirsa, demak, peshin namozining vaqti o‘tgan bo‘ladi.


3. Masnaviyda asr, shom, xufton namozlari quyoshning qarakati va borliqdagi holat nuqtai nazaridan quyidagicha farqlanadi:

Dedilar asr vaqtini muncha,

O‘tmagil oftob botquncha.

Botqoch-o‘q, kun namoz-i shom bo‘lur,

Demagil vaqte bot tomom bo‘lur.

To shafaq bor bu vaqt bor-dur bil,

Bor shafaq kun botar tarafda qizil.

Chun shafaq g‘olib o‘lsa xuftan-dur,

Subh-i sodiqcha vaqte bo‘lg‘ondur.

Demak, baytlardagi tasvirlarga ko‘ra, asr namozi quyosh botguncha o‘qiladi. Quyosh botgach shom namoziga navbat keladi. Namoz o‘qilayotgan vaqtda kun botar tarafda ufqda qizillik, shafaq ko‘rinib turadi. Agar shafaq ko‘rinmay qolsa, demakki, hufton namoziga vaqt yetadi. Namoz vaqtlarini tabiat tasvirlari, xususan, quyoshning chiqishi, osmonga ko‘tarilishi hamda botishi, shuningdek, shafaqda yorug‘lik izlari bilan tasvirlash Bobur ijodining o‘ziga xos tabiat manzarasi tasvirini yaratganligini ham ko‘rsatadi.


Boburning g‘azallarida ham ibodat paytida quyosh bilan aloqadorlikda ko‘rsatilgan tasvirlar mavjud. Bu esa poetik lavhalar va manzaralar yordamida Bobur Mirzo sheʼrlarida ham hayotiy va badiiy haqiqatni yonma-yon tutib tasvirlash sanʼatining haddi aʼlosiga yetganligidan dalolatdir. Quyidagi baytlarda ana o‘shanday adabiy hodisalarni ko‘zatish mumkin:


Kuyoshim har sorig‘a azm qilsa, zarraye qolmon,

Ne uchunkim, agar ayrilsam ondin kun ko‘ra olmon.

Oningdek bo‘lmisham hayron quyosh yanglig‘ yuzungdakim,

Quyoshdek nayzalar tegsa ko‘zumga ko‘z ola solmon.

Ibodat vaqti bo‘lsa, har necha mehrob o‘trumda,

Koshin naqshin tasavvur qilmag‘uncha yerga bosh cholmon.


Bu g‘azallarda yor Olloh timsoli bulib, unda oqoridagi namoz vaqti ifodasi bo‘lgan baytlar bilan mantiqan bog‘likliklar bor. Agar masnaviy parchasida quyosh ibodat vaqtining belgisi sifatida obrazlilik kasb etgan bo‘lsa, g‘azalda bunday holat yanada chuqurlashtiriladi, shu bilan birga quyoshning harakatidan ibodat vaqtini belgilagan shaxsning ham eʼtiqoddan ko‘zlagan maqsadiga turfa ishoralar qilinadi. Demak, ibodat qilguvchi mehrobga bosh qo‘yar ekan, Ollohning sifatini – naqshini botinan-qalban tasavvur etadi.

«Zakot» arab tilida «tozalik» degan maʼnoni berib, uning asosiy maqsadi insonparvarlikka qaratilgan. Zakot islom mamlakatlarida maʼlum miqdordagi mol-mulkdan ixtiyoriy beriladigan xayr-ehsondir. Musulmonchilikning bu farzi, uning olinishi Qurʼonda aniq ko‘rsatilgan. Bobur o‘z masnaviysida zakotning miqdori va undirish tartib-qoidalarini bayon etadi. Masnaviyda zakotning to‘rt narsadan olinishi taʼkidlangan: 1. Odamlarning ixtiyoriy ravishda naqd pul berishi. 2. Chorva mollari hisobidan. 3. Tijorat molidan olingan foydadan; 4. Ekin yeridan.


Zakot Ollohga eʼtiqod, insonning gunohlaridan poklanish ramzidir. Uning insonparvarlik xususiyati shundaki, zakot tufayli undirilgan jamg‘armalar masjidlarga berilgan, uning hisobidan kambag‘al oilalarga xayr-ehson qilingan. Masnaviyda Bobur zakotning tartib qoidalarini bayon tasvir etar ekan, o‘z fikrini sodda va tushunarli so‘z hamda iboralar orqali ifodalaydi.

Xo‘sh, zakotdan kelgan tushumlar kimlarga beriladi? Masnaviyda bu to‘g‘rida shunday baytlar keltiriladi:

Masrafin Tengri deb-durur sekkiz,

Borini aytayin eshitkay-siz.

Biri faqir-u ikinchi miskin bil,

Yana uchinchi bordurur omil.

Yana bor-dur mualifa-i qulub,

Bor beshinchi mukotab eshit xo‘b.

Bil, bor oltinchi qarzliq muhtoj,

Yana g‘ozilar o‘ldi-yu hujjoj.

Sekkizinchi g‘ariblar-dur bil,

Borini sharhini aytay, eshitkil.

Demak, zakot islom olamidagi sakkiz toifali kishiga berili shi shariat qonunida ko‘rsatilgan. Bular: faqir, miskin, omil (xiroj va zakot yig‘uvchi kishi), muallif, mukotab, qarzdor-muhtoj, hujjoj va g‘ariblar. Zakot masalasi bizning zamonamizda ham o‘zining amaliy kurinishlariga ega. G‘arib-bechoralarga yordam ko‘rsatish din idoralari tomonidan yig‘ilgan xayriyalar hisobidan berilsa, mahallalarda tadbirkorlar qilgan ehson va davlat byujeti mablag‘idan tarqatiladi. Demak, islom taʼlimotining zakotni farz sifatida ko‘rsatishi insonparvarlik tamoyillari ravnaqi yo‘lida xizmat qiladi.

«Kitobu-s-savm» masnaviysi «Mubayyin» tarkibidagi asarlar orasida alohida o‘rin tutadi. Bu kitobda ro‘zaning islomiy shariatdagi qonun-qoidalarining badiiy sharhi beriladi. Maʼlumki, ro‘za islomning majburiy tarzdagi marosimlaridan biridir. Qurʼon oyatlari bayoniga ko‘ra, ramazon oyi davomida Olloh Muhammad alayhissalomga Qurʼonni vahiy-farmoyish, ilohiy ko‘rsatma qilib yuborgan. Shuning uchun ham islom diniga eʼtiqod qo‘ygan kishi ramazon oyida 30 kun ro‘za tutishi kerak. Ro‘za paytida shariat qoidalariga ko‘ra insonning nafsi bilan bog‘langan bir necha narsalar taqiqlanadi. Bobur masnaviyda ularning har biriga alohida to‘xtalgan. Masnaviy debocha, sakkiz kichik fasl va xotimadan tashkil topgan. Bobur ro‘za tutish qoidalari bayonida ham badiiy tasvir vositalaridan g‘oyat unumli va o‘rinli foydalanadi. Ro‘za paytida og‘izni ochish va yopish qatiy belgilangan vaqtda bo‘lishi shart. Agar ro‘zador bu amalga eʼtibor qilmay ro‘zasini ochib qo‘ysa, u misli taom o‘rnida tuproq, tosh, qog‘oz yoki xas yeganday bo‘ladi, deb yozadi shoir go‘zal o‘xshatishlar bilan:

Yo sahar kecha deb nima yesangiz,

Yo kun o‘lturdi deb ochilsa og‘iz.

Zohir o‘lsa bu vaqt kun bilan tong,

Savm agar botil o‘lsa anda, ne tong.

Yo yesang bir nimaki odat emas,

Misl-u tufrog‘-u tosh-u qog‘az-u xas.

Shariat qoidalarida ro‘za tutishining imkoni bo‘lmagan ojizlar, qariyalar uchun ham yo‘llar ko‘rsatilgan. Bobur risolaning «qazo bila kafforat bayoni», «Aʼzori mutanajjisa bayoni» fasllarida bu haqda fikr yuritadi. Shariatda ro‘zani salomatlikka to‘g‘ri kelmaganligi sababli tutmaganlar, bu farz insonparvarlik ruhi bilan hal etilgan va kafforat tarzida yaʼni miskin bechoralarning qornini to‘yg‘azishi yo‘llari ko‘rsatilgan:

Bu qari ro‘za-kim yegay ul hin,

To‘ygarur har kuniga bir miskin.

Ojiz, qari kishi sog‘ayib, kuchga to‘lgandan so‘ng Olloh oldidagi o‘z farzini bajarib berishi shartdir. Banday insonlar qazo ro‘zasini tutib beradi. Masnaviyda ro‘zaga amal qilish shartlari orasida insoniy axloq-odoblar, xususan, inson bu muqaddas kunlarda o‘z nafsini tiyishi to‘g‘risida saboq beriladi. Jumladan, masnaviyda uqtirilganidek, er va xotinlarning subhdan shomga qadar (ro‘zadorlik davrida) bir-birlarini quchishi, o‘pishi, shahvatli ishlar qilishi haromdir. Bu xil ishlar ro‘zadorning ro‘zasini harom qilibgina qolmay, shu bilan birga musulmonchilikdagi farzlarni unutganligi, islomiy axloqdan chetga chiqqanligini ham namoyon etadi.

«Mubayyin»ning oxirgi masnaviysi «Kitob ul-haj»dir. Haj arabcha ziyorat maʼnosini beradi. Haj Qurbon oyida islomda muqaddas shahar hisoblangan Makkaga borish, u yerdagi muqaddas joylarni ziyorat qilib, turli diniy urf-odat va marosimlarni bajarish hamda qurbonlik qilishdan iborat. Madinaga borib, Muhammad alayhissalomning qabrini ziyorat qilish ham haj amallari bilan qo‘shib bajarilgan. Shariat qoidalarida ko‘rsatilishicha, hajga borish barcha musulmonlar uchun shart emas. Faqat haj qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan kishilarga bu farzni o‘tash majburiydir. Haj qilishga o‘zi borishining imkoni bo‘lmagan kishi barcha xarajatlarni to‘lagan holda o‘rniga boshqa kishini yuborishi ham mumkin bo‘lgan. Hajga borib kelganlarning ismiga «hoji» so‘zi qo‘shib aytiladi va ular musulmonlar orasida alohida obro‘-eʼtiborga ega bo‘ladi. Haj musulmonlar birligi, birodarligi, odamlar o‘rtasidagi ahillik, hurmatni yuzaga keltiruvchi farzdir.

«Kitob ul-haj» debocha va xotimadan tashqari, 19 kichik fasllardan tashkil topgan. Masnaviyga Qurʼonning «Baqara» surasidagi 10 ta va «Haj» surasining 12 ta oyati karimasi tazmin sifatida kiritilgan. «Kitob ul-haj» fasllari hajmi jihatidan turlichadir. Masalan, «Haj adosi vujuhining bayoni» manzumasi 230 misradan ko‘proqdir. Shu bilan birga bu manzuma tarkibida Qurʼon yatlaridan olingan ko‘pgina nasriy parchalar keltiriladi. Bobur mazkur sahifalarda xuddi xalq dostonlariga xos liro-epik shaklga rioya qiladi. Masnaviyning bu shaklini kuzatgan R. Vohidovning quyidagi fikrlari eʼtiborga loyiqdir: «Kitob ul-haj»da nazmu nasr qorishiq keladi. Hajning turli jarayonlariga tegishli sharhlari sheʼrda ifodasini topadi. O‘sha amallarni bajarish paytida qilishi lozim bo‘lgan duolar asl oyatda, yaʼni arab tilida va sochmada beriladi. Asarning ifoda uslubidagi unday o‘rinlar uni xalq og‘zaki ijodi dostonlariga yaqinlashtiradi. Alisher Navoiyning «Siroj ul-muslimin» asarida bo‘lganidek, Zahiriddin Muhammad Bobur ham asosiy eʼtiborni fikriy tiniqlik va bayon soddaligiga qaratadi. Zero, mazkur asarlarning tabiati yuksak badiiyat, majozlar ichra majozni hazm qila olmaydi. Ular keng kitobxonlar ommasiga – muslimu muslimalar mutolaasiga mo‘ljallangandir».

Biz ishimizning birinchi bobida Bobur masnaviylarining badiiy xususiyatlari, jumladan, poetik sanʼatlardan foydalanish mahorati to‘g‘risida o‘z fikrlarimizni bayon qildik. «Mubayyin» tarkibiga kirgan masnaviylardagi poetik sanʼatlarning qo‘llanilishini kichik masnaviylar bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Chunki «Mubayyin» keng xalq ommasiga, yosh yigit va qizlarga, yaʼni shariat qonun-qoidalari bilan qiziquvchi ommaga mo‘ljallangani uchun shoir ko‘proq zikrlarni sodda tilda, majoziy tashbeh va iboralarsiz ifodalashga harakat qilgan. Bundan qatʼiy nazar, «Mubayyin»dagi masnaviylarni badiiyatdan yiroq deb tushunish noto‘g‘ri. Bobur bu asarda ham umuman sheʼriyatga xos bo‘lgan qofiya sanʼatidan foydalanishda o‘z mahoratini ko‘rsata olgan.

Mumtoz sheʼriyatimizda qofiya sanʼati tahliliga bag‘ishlangan risolalardan birida qofiya badiiyatning asosiy qirralaridan biri sifatida ko‘rsatiladi: «Mumtoz sheʼriyatimizda qofiya badiiyatning asosiy qirralaridan biri sanalib kelgan. Ijodkorning salohiyati sheʼrlarda qo‘llangan qofiyalarning g‘oyalar mohiyatini, timsollar qiyofasini ochishdagi ahamiyati, qofiya uchun tanlangan so‘zlarning maʼnaviy teranligi, ohangdorligi, jilva jozibasi bilan belgilangan. Qofiyaning xil-xil turlari va sanʼatlaridan, vazn va qofiya munosabatlaridan o‘rinli foydalanish shoir mahoratining muhim jihatlaridan biri hisoblangan. Shuning uchun ham har qaysi ijodkor qofiya ilmini diqqat eʼtibor bilan o‘rgangan, yetuk malikul-kalom shoirlarning bu sohadagi sanʼatkorliklaridan taʼlim olib, kamol topgan»./ Boburning «Mubayyin» asaridagi qofiyalar haqida so‘z yuritganda ham ana shunday xulosalardan kelib chiqqan holda ularni baholash o‘rinlidir. Bobur o‘z masnaviylarida qofiyaning barcha tur va shakllaridan fikrning maʼnosini ifodalash, so‘zning ohangdorligi va musiqiyligini taʼminlash maqsadlarida foydalangan. Mumtoz adabiyotshunoslikda qofiyaning bir necha turlari aniqlangan. Biz bu o‘rinda, qofiya turlariga


Bobur masnaviylaridan misollar keltirish bilan shoirning ayni sheʼriy unsurdan foydalanish mahoratiga nazar tashlaymiz.

1. Mujarrad qofiya. Qofiyaning bu turida raviy cho‘ziq unlidan iborat bo‘ladi. Cho‘ziq unlidan so‘ng boshqa biror harf ishtirok etmaydi:

O‘qu uchunchidin keyin bu duʼo

Bu duʼo sunnat o‘ldi qilgil ado.

Bu baytda «duʼo» va «ado» so‘zlari qofiya, «o» tovushi raviy hisoblanadi. «O» cho‘ziq unlidir.

Mujarrad qofiyaning ikkinchi shaklida qofiya vazifasida so‘z undosh bilan tugallanadi va shu undosh raviy qisoblanadi. Undosh bilan tugallangan raviy oldidan qisqa unli keladi:

Gar senga borlar bo‘lur bu shak, /So‘ngra bir rakat anda bor o‘tamak.

Bu baytda «k» raviy, «a» qisqa unlidir.


2. Murdaf (radifli) qofiya. Adabiyotshunoslikda raviy harfidan oldin cho‘ziq unli qo‘llanilsa, murdaf qofiya deyiladi.

Biri iymondur-u ikkinchi salot,

Bu ikkidin, keyin uchunchi zakot.

Bu baytda «t» harfi raviy hisoblanib, undan oldin «o» cho‘ziq unlisi qo‘llanilgan.


3. Muqayyad (qaydli) qofiya. Qofiya sanʼatida qo‘sh undosh qisqa unlilardan so‘ng kelsa, muqayyad qofiya deyilgan:

Ushbular bir-la siz yamon bo‘lmang,

Kufr-u isyonga hamzabon bo‘lmang.

Bayt qofiyasidagi «a» qisqa unli, «ng» esa qo‘sh undosh hisoblanadi.


4. Muassas (taʼsisli) qofiya. Qofiyaning bu turida «o» unlisi (yaʼni, cho‘ziq unli) bilan raviy o‘rtasida bir undosh, undan keyin bir unli keladi:

Jumla-i anbiyoga ul totim,

Borcha maqkum-u ul-durur hokim.

Baytning qofiyadagi «o» unlisidan keyin bir undosh «t» va bir unli «i» kelgan. Shu sababli qofiyaning bu turi muassas deyilgan.

Demak, yuqoridagi dallillar shuni ko‘rsatadiki, Boburning «Mubayyin» masnaviysining qofiyalanish tizimida qofiya turlariga xos barcha shakllarni ko‘ramiz.

«Mubayyin»da radifli qofiyalarning ham bir necha xillaridan foydalanilgan.

Bir so‘zli radif:

Masʼalalarki, ul zarur erdi,

Bilmasang dininga qusur erdi.

Ikki so‘zli radif:

Bandalikdur buyursa ne chora,

Lutf agar qilsa, sursa ne chora.

Uch so‘zli radif:

Fikr-u andashedin emas bu ilm,

Kasbila peshadin emas bu ilm.

Sheʼriyatda takrorlanuvchi so‘zlar qofiyadan oldin ham keladi. Qofiya ilmida ularga hojib atamasi qo‘llanilgan. «Mubayyin»da bunday xususiyatli qofiya tizimi ham uchraydi:

Biri rokiʼ-durur, biri sojid,

Biri qoyim-durur, biri qoʼid./ Bu baytdagi «sojid» va «qoʼid» qofiya. Qofiyadan oldin takrorlangan «biri» so‘zi hojib bo‘lib kelgan.

Bobur

«Mubayyin» asari tarkibiga kirgan kitoblarda g‘azallari yoki hayotiy mavzudagi masnaviylariga xos badiiy tasviriy vositalardan kam foydalangan bo‘lsa-da, ularning har biri badiiy adabiyot oldidagi muayyan vazifani bajarishga xizmat qiladi. Adabiyotning bosh maqsadi insonni tarbiyalashga qaratilgan. «Mubayyin»dagi masnaviylar muslim va muslimalar o‘qishi uchun sodda tilda yozilgan ekan, bu uslub ularning yoritilgan masalani tezroq idrok etishi, sharʼiy-maʼrifiy qoidalarni chuqurroq egallashiga xizmat qiladi.

«Kitob ul-haj»da 14 baytlik xotima fasli keltirilgan. Mazkur parchada «Mubayyin» tarkibidagi barcha masnaviylarning maʼrifiy ahamiyatini belgilovchi satrlar tajassumini topganligi bilan ahamiyatlidir. Ayni misralar quyidagicha ibtido topadi:

Bobur emdi agarchi chektim ranj,

Keldi ilgimga ushbu yanglig‘ ganj.

Ganj nuqsonga xarjdin tortar,

Xarj qilg‘on soyi bu ganj ortar.

Bori el zoyiʼ etmayin ranjin,

Yoshirur olam aqlidin ganjin.

Men bu ganjimni oshkor ettim

Bori din ahliga nisor ettim.

Ko‘rinadiki, «Mubayyin» asarining qimmati shoirning o‘zi tomonidan g‘oyat to‘g‘ri baholangan. Bu asar din ahli, islomga eʼtiqod qiluvchilar uchun bir ganjdir. Zikri o‘tgan ganj murojaat etgani sari, mutolaa qilgan, mohiyatiga yetgani sayin bu nodir asarning zamonaviy ahamiyati yanada tiniqroq quloqqa chalinadi...


D. RAJABOVA

Bobur masnaviylarida irfoniy maʼno, T, 2005. – B. 72-102. (O‘zbekcha);  “Мубаййин” – познавательно-художественное произведение. –Ражабова Д. Смысл познания в масневи Бабура.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0