Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Andijon arki

Avvalo shuni aytish kerakki, O‘zbekiston va umuman sharqning qadimiy shaharlarining ark qismi bo‘lib, u shahar, viloyat hukumati joylashgan o‘rda hisoblangan. Ko‘pincha manbalarda bu tushuncha “ko‘xandiz”, “koh”, “qasr” va “ark” shakllarida uchraydi. Odatda, ark tabiiy tepalik yoki maxsus ko‘tarilgan balandlik ustiga qurilgan va atrofi mustahkam devor bilan o‘ralgan bo‘ladi. Ko‘pincha arkning bir tomondan darvozasi bo‘lib, unga qiya qilib ishlangan yo‘lak orqali kirilgan. Ark ichida shahar, viloyat hokimi va uning amaldorlari, lashkarboshlarining saroylari va uylari, shuningdek, devon pul zarbxonasi va zindon joylashgan bo‘ladi. Arkda maxsus tayinlangan qutvol (komendant) bulib, u ark devori va imoratlarining ta’mirlanishi va quriqlanishini ta’minlab kelgan. Bunday arklar ayrim shaharlarda, chunonchi, Samarqand va Panjikentda arxeologlar tomonidan izlab topildi. Buxoro, Xiva, Qo‘qon, arklari yangidan qurilgan bo‘lgani uchun yerning shundoqqina yuzasida saklangan.


Shahrimiz Andijon O‘rta asrlarda Farg‘ona mulkining poytaxti bo‘lganligi sababli uning arki ham anchagina katta bo‘lgan, biroq ta’kidlaganimizdek, Shayboniy qo‘shinlarining 1504 yilgi hujumi natijasida butunlay vayron qilingan.


«Boburnoma»ning Andijon haqidagi sahifasida quyidagi jumla bor: «Arki janub tarafida voqe bo‘libtur» (6-bet). Biz Eski shahar mahallalarini bir necha bor aylanib, uning janub tomonida ark maydonini aniqladik va qadimiy ark devoridan ayrim qoldiqlarni xonadonlarda uchratdik (bizga bu ishda shahar mahallalarining bilag‘oni usta Jo‘raboy ota va musiqa o‘qituvchisi marhum G‘anijon Abdullayevlar yordam berishgandi). Bu joyda «Ark ichi» (yangi nomi «Bobur») mahallasi bo‘lib, u qadimiy Andijonning janub tomoniga, aniqrog‘i, janubi-g‘arb tomoniga joylashgan va uning janub devori shahar qadimiy qal’a devoriga to‘g‘ri keladi. Xalq xotirasida ham bu joy shaharning eng qadimgi qo‘rg‘on qismi hisoblanadi va hatto uni xalq og‘zida «Afrosiyob qurdirgan» yoki «Xitoy malikasi qurdirgan» degan afsona yuradi. Bu afsonalar, hech shubhasiz, qo‘rg‘onning qadimiyligini bildiruvchi omildir.


Vatan urushidan oldingi yillari sobiq markazdan kelgan etnograf-tarixchi A.K. Pisarchik «Ark ichi»ni aylanib, uchragan sopol parchalaridan namuna olib ketgan va ularni mashhur arxeolog Ye. Massonga ko‘rsatgan, u sopollarni XII-XIII asrga oidligini aniqlagan. Afsuski, ungacha ham, kyoyin ham bu yerda maxsus arxeologik tekshirishlar o‘tkazilmagandi. Nihoyat, Bobur yubileyi munosabati bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Arxeologiya instituti tashkil qilgan Andijon arxeologik otryadi «Ark ichi» mahallasida ayrim qazish ishlari o‘tkazdi (unda ushbu satrlar muallifi ilmiy maslahatchi sifatida ishtirok etgan). Haqiqat ko‘chasining 1-tor ko‘chasi va Traktor ko‘chasining 1-berk ko‘chasidagi ikkita hovlidagi vayron bo‘lgan devor osti kovlanganida, bir metr chuqurlikda yana qadimiy devor ostonalari va sopol parchalari uchragandi. O‘shanda bu topilmalar tekshirilib, IV asrga doirligi aniqlangandi. Bu – bizning oldingi xulosalarimizni yana tasdiqlaydi, ya’ni Andijon qal’asi va arki qadimiy inshoot, XIII asrda esa, Hamdulloh Qazviniy yozganidek qaytadan ta’mir qilingan.


Xo‘sh, Andijonning qadimiy ark devori qayerlardan o‘tgan? – degan savolga javob topish uchun biz bir necha yil maxsus izlanishlar olib bordik va quyidagilarni aniqladik: Ark devorlarining qoldig‘i shimol tomondan, deyarli butun uzunasiga xonadonlarda saqlangan. Shimoliy devorning sharqiy burchagi hozirgi Poytug‘ ko‘chasi 3-xonadon atrofidagi balandlikka to‘g‘ri keladi va devor shu nuqtadan g‘arbga yo‘naladi va shimoliy devorni tashkil qiladi. Ushbu shimoliy devorning Haqiqat ko‘chasi boshiga chiqquncha bo‘lgan 150 metrli qismi hovli-joylar orasida qolib ketgan. Ammo izlari yaxshi saqlanmagan. Haqiqat ko‘chasi boshidan esa, uning tor ko‘chasi bo‘ylab g‘arb tomonga yana davom etadi. Bu ko‘chadagi har bir xonadonnnng etak qismi ark devori bilan o‘ralgan, devor qoldig‘i shundoqqina ko‘zga tashlanib turadi. Ushbu tor ko‘cha Traktor ko‘chasiga qo‘shiladi. Devor g‘arb tomonga endi Traktor ko‘chasining 1-berk ko‘chasi ostidan ketadi. Zotan, bu tupik ko‘cha aynan devor ustidadir. Qo‘chaning o‘ng betidagi barcha hovlilarga zinapoyalar bilan tushiladi. Hovlilar hozir ham ko‘chadan 2-3 metrgacha pastdadir.


Arkning mazkur shimoliy devori g‘arbda Qizil Sharq kuchasining 23-xonadonidan janubga burilgan. Shy hovlining etak qismida ark devorining burilish burji hozirgacha saqlanadi (afsuski, ko‘mir saqlanadigan o‘ra sifatida foydalaniladi).


Shu yerdan boshlab g‘arb tomondagi ark devori shahar qal’a devoriga to‘g‘ri keladi (demak, ark uchun alohida devor oldirilmagan ko‘rinadi), chunki janubga tomon xonadonlarda faqat bitta devor izi bor xolos.


Bu devor yuqorida ham ta’kidlanganidek, Qizil Sharq ko‘chasiga yondosh holda janubga yo‘nalgan (ko‘cha bilan devor oralig‘i 25-30 metr). Shu ko‘chaning 17-xonadoni etagida ham devor izlarini uchratish mumkin. Xonadon sohibi 82 yoshli Nishonboy otaning aytishicha, uning yoshligida devor ancha baland bo‘lgan, imoratga tuprog‘i olinaverib, tekislanib ketgan.


Qizil Sharq ko‘chasi janubda Tashkilot ko‘chasiga tutashmasdan 30 metrcha yuqorida, ya’ni 5-hovli etagida devor sharq tomonga buriladi va arkni janubdan o‘rab turadi. Janubiy devorning saqlanib qolgan birinchi izini traktor ko‘chasining 60-xonadoni atrofida uchratdik (bu ko‘cha ark ichini oralab o‘tib, shu yerda devorni qirqib o‘tadi va u ham Tashkilot ko‘chasiga chiqadi). 54-uyda istiqomat qiluvchi 96 yoshli Ahmadjon otaning aytishicha, shu atrofda – devor tashqarisida «ulug‘ kishilar» qabristoni bo‘lgan. Keyinchalik qabriston ham, ark devori ham buzilib ketgan.


Shu tarzda, arkning janubiy devori sharqqa tomon Tashkilot ko‘chasiga yondosh holda boradi. Ushbu ko‘chaning 37, 43, 45- hovlilari etaklari ham balandlik, 37- xonadon sohibi Lutfulla No‘monov taklifi bilan 41-uy hovlisidan shoti bilan orqadagi tepalikka chiqdik. Tepalikning hozirgacha saqlangan qismi uzunasiga 35-40 metrga boradi, shundoqqnna qadimiy devor qoldig‘i ekani bilinib turadi. Ma’lum bo‘ldiki, bu yerdagi «Xo‘ja Qambar» nomli eski qabriston shaharda shayboniylar hukmronligi o‘rnatilganidan keyin (XVI asr boshlari) tamoman vayron bo‘lib ketgan janubiy devor ustida va atrofida paydo bo‘lgan, qabristonning janub tomonida qurilgan yangi masjid ham aynan devorning ostida bo‘lgani uchun «Cho‘ntak machit» deb atalgan. Atrofda keyinchalik qurilish ko‘payib, devor tuproqlari imoratlar uchun olingan. Devorning hozir mavjud bo‘lgan qismi qabriston ichida qolganligi uchungina saqlangan. Hozir bu devor qoldig‘i xonadonlar o‘rtasida yotibdi. Bu joylar tarixiy-arxeologik yodgorlik snfatida hisobga olinib, bundan keyin ham saklanishi kerak degan fikrdamiz.


Shu tarzda ark devori Tashkilot ko‘chasiga yondosh holda g‘arbdan sharqqa tomon davom etadi. Hozir Tashkilot ko‘chasining 37-xonadoniga to‘g‘ri keladagan sobiq «Chuqur machit» ham devor tashqarisidagi chuqurlikda qurilgan. Arkni o‘rab oqadigan eski Jo‘yibozor arig‘i masjid ichidan oqib o‘tgan (kichrayib ketgan ariqcha holda u hozir ham bor). Devor sharqda Poytug‘ ko‘chasigacha davom etib, shu ko‘chaning 21-xonadoni o‘rnidan shimolga buriladi. Poytug‘ ko‘chasining 2-xonadoni atrofida devor g‘arb tomonga buriladi va xonadonlar oralab biz yuqorida zikr qilgan Haqiqat ko‘chasining1-tor ko‘chasiga chiqadi.


Afsuski, Poytug‘ ko‘chasi bo‘ylab ba’zi mulohazalar bilan uyma-uy yura olmadik. Ammo shu narsa aniq bo‘ldiki, ushbu ko‘cha yo‘nalishi ark devorining sharqiy qismiga yondoshdir. Poytug‘ ko‘chasining sharq tomoni pastlik bo‘lib, xalq og‘zida bu tomon «Chetkilik» mahalla deb yuritiladi demak, arkning tashqi, chetki atrofi hisoblanadi.


Shunday qilib, uzoq tekshirishlar, etnografik materiallar, qiyosiy hujjatlar va shahar tarixiy topografiyasini sinchiklab o‘rganish natijasida shunday xulosaga kelish mumkinki, Andijonning qadimiy arki quyidagi o‘ram ichida joylashgan: shimolda Poytug‘ ko‘chasining 3-xonadonidan to Traktor ko‘chasining 1-berk ko‘chasi oxirigacha; g‘arbda Qizil Sharq ko‘chasining 23-xonadonidan 5-xonadonigacha, janubda Qizil Sharq ko‘chasining 23-xonadonidan, Poytug‘ ko‘chasining 21-xonadonigacha va nihoyat, sharqda Poytug‘ ko‘chasiga yondosh holda 21-uydan 3-uygacha. Agar mana shu o‘ram bir-biriga tutashtirilsa, sharqdan g‘arb tomon cho‘ziqroq to‘rt burchak hosil bo‘ladi. Biz ushbu o‘ram tomonlarini o‘lchaganimizda ma’lum bo‘ldiki, arkning uzunligi (sharqdan g‘arbga) 450-460 metrga, eni (shimoldan janubga) 215-220 metrga teng keldi. Shu ko‘chalarda bo‘lgan kishi ushbu o‘ram ichi hozir ham atrof yerlariga nisbatan balandlikda ekanini sezadi. Haqiqat ko‘chasining tor ko‘chasidan hovlilarga kirilsa, janub tomondagi hovlilar hozir xam 2-3 metr balandligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.


Tekshirish natijalariga qaraganda, ark devori ancha qadimiy zamin ustida qurilgan. Bu maxsus arxeologik tekshirishlarda, shubhasiz, tasdiqlanadi. Ammo tarixiy manbalardan shu narsa aniqki, XIII asr oxiridan mo‘g‘ul xonlaridan Xandu davrida Andijon Farg‘ona mulkiga poytaxt bo‘lgach, shahar arki va atrof devorlari qayta tiklangan.


Shy o‘rinda: «Ark darvozasi qayerda bo‘lgan?» – degan savol tug‘ilishi tabiiy. Tekshirishimiz shuni ko‘rsatadiki, ark darvozasi hozirgi Traktor ko‘chasi bilan Haqiqat ko‘chasining 1-tor ko‘chasi tutashgan joyda bo‘lgan va arkning qadimiy yo‘lagi Traktor ko‘chasi ostida qolib ketgan. Ark devori shimolida, Traktor ko‘chasidan g‘arbga tomon ketgan To‘qlik ko‘chasining boshlanish qismida hozir ham katta maydon bor. Ushbu maydon har tomoni 20-30 metrli juda qadimiy hovuz o‘rnidir, 80-yillarning boshida biz suhbatlashgan qariyalar xotirasiga qaraganda, XIX asr oxirida hovuz chuqurligi 4-5 metr kelgan va urushdan keyingi yillari 1,5 metr chuqurlik qolgan (hozir esa butunlay tekislanib ketgan). Hovuzning arkka munosabati shuki, ark yo‘li shu hovuz yoqalab o‘tib janubga tomon tepaga arkka chiqib ketgan. Fikrimizcha, hovuzga qayerdandir suv kelib turgan, lekin hozirgacha bunday ariq o‘rnini aniqlay olmadik, bu ham kelgusi tekshirishlar ro‘yxatida turibdi. 1982-yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining yordami bilan ark devornning janubiy qismida qabriston ostida qolib ketgan poydevorini kovlab ochdik. Poydevor yer sathidan 3 metr pastda bo‘lib, uning eni 4 metrga teng. Devorningustki qatlami ochilganda ko‘plab odamlarning tana suyaklari topildi. Bu – 1504-yil iyun oyida Shayboniy qo‘shinlari bilan andijonliklar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan shiddatli janglardan darak beradi.


Shunday qilib, 15-yildan buyon olib borilayotgan izlanishlarimiz natijasi o‘laroq, Farg‘ona mulkining poytaxti Andijonning eng qadimiy o‘rni – shaharning ark ichi va atrof devorlarini aniqlab chiqdik. Andijon Farg‘ona mulkiga poytaxt bo‘lganidan boshlab podsho xonadoni ushbu ark saroyida turgan. Faqat yoz oylaridagina podsho o‘z oilasi bilan XVII asrdagi zilzila natijasida vayron bo‘lib ketgan sobiq Axsikatga ko‘chib kelib, Sirdaryo bo‘yidagi yozgi qarorgohda vaqtini o‘tkazar, kuzda esa yana Andijonga – poytaxt arkiga qaytardi.


Aytilganlardan umumiy xulosa shuki, shaharning O‘rta asrdagi ark ichi qismi iloji bo‘lsa, bir mahalla yoki aqalli bir tomoni Andijonning Bobur davridan tarixiy yodgorlik tarzida saqlanib qolinishi kerak.


JALILOV S.

Bobur va Andijon: (Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510-yilligiga bag‘ishlanadi) / B.Ahmedov umumiy tahriri ostida. – Tsh.: O‘zbekiston, 1993. –102 b. B. 72-77. (O‘zbekcha);

Жалилов С. Арка Андижана. –Бабур и Андижан.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
5.0