O‘zbek xalqining ajoyib farzandi, buyuk inson, benihoya kamtarin, mashhur zarrin qalam xattot, zamonamizning Mirali kotibi va Sulton Ali Mashhadiysi, arab, fors va turkiy tillarning va qadimiy qo‘lyozma asarlarning katta bilimdoni, shoirtaʼb, zukko olim, sharq sheʼriyatini va muzikasini yaxshi biluvchi, o‘nlab xat turlarini o‘qiy oladigan va yoza oladigan, yuksak hilm bilan o‘z ilmini ziynatlay olgan sharqshunos olim Abduqodir Murodov domlaning tug‘ilganlariga bu yil 102 yil to‘ladi,
Domla Abduqodir Murodov 1893 yili Toshkentning Arpapoya mahallasida dunyoga keladilar. Ibtidoiy maktabda o‘qiganlar va amakilari toshkentlik mashhur xattot Shomurod kotibdan husnixatni o‘rganadilar. 1907 yildan 1917 yilgacha Toshkentdagi Abulqosim madrasasida taʼlim oladilar va Toshkentga kelib qolgan suriyalik olim Shomiy domladan arab tili va adabiyotini o‘rganadilar. Keyinchalik o‘qituvchilik tayyorlov, kurslarini bitirib muallim bo‘lib ishlaydilar. 1926 yildan boshlab O‘zbekiston davlat nashriyotida va kutubxonalarida ishlaydilar. 1940 yildan 1942 yil aprel oyigacha Navoiy komitetida ilmiy xodim bo‘lib ishlaydilar. Ulug‘ Vatan urushi yillarida armiya safida xizmat qiladilar. 1942 yil may oyida frontga ketib, 1944 yili armiya xizmatidan qaytib kelganlaridan so‘ng, yangi ochilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalarini o‘rganish institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlay boshlaydilar.
Men 2 iyun 1949 yili mazkur institutiga ishga kelganimda, bir qancha ustoz domlalar xizmat qilishardi. Ular orasida biz aytmoqchi bo‘lgan Abduqodir Murodov domla ham bor edilar.
Sizlarga maʼlum, hozirda Toshkentdagi Abu Rayhon Beruniy nomi bilan ataluvchi O‘zbekiston Fanlar akademiyasida Sharqshunoslik institutining qo‘lyozma asarlar xazinasi dunyodagi boy xazinalaridan biri hisoblanadi va o‘ziga xos faxrli o‘rinlarni egallaydi. Qariyb 1000 yildan ko‘proq davr ichida Markaziy Osiyo mamlakatlarida yozilgan va ko‘chirilgan sharq fanining turli sohalariga oid ilmiy-adabiy, falsafiy asarlar shu xazinaga to‘plangan. 1943 yili 3 noyabrda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil qilingan vaqtida, uning tarkibida maxsus Sharq qo‘lyozmalarini o‘rganish institutining tashkil qilinishi ana shu davrlarda turli xattotlar tomonidan kitobat qilingan yozma yodgorliklarni o‘rganish tartibga solish va ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishni taqozo qilardi. Abduqodir Murodov domla ana shunday boshlanayotgan katta ishga astoydil bel bog‘lab ishga kirishgan olimlardan biri edilar. Bu ishlarni amalga oshirish uchun juda katta bilim va sabot talab qilinar edi. Abduqodir Murodov domla uzoq yillar davomida mazkur institutda samarali mehnat qildilar. U kishi ishni ana shu qo‘lyozma asarlarni inventar daftariga yozishdan boshlaydilar. U kishining tabarruk va chiroyli xatlari bilan tuzilgan inventar daftarlari hozirda birinchi manbaʼ va hujjat bo‘lib xizmat qiladi.
Keyinchalik bu asarlarga turli kartochkali kataloglar-fexristlar tuzildi. Bu ishda ham domla Abduqodir Murodovning xizmatlari juda katta ekan. Hozirda institutda qo‘lyozma asarlarga to‘rt xil: asarlar nomai, muallifi, inventar raqami, mavzular bo‘yicha fexristlar tuzilgan. Domla Abduqodir Murodov bu fexristlarning hamma turlarini tuzishda qatnashganlar. Ayniqsa mualliflar nomi bo‘yicha tuzilgan, bu juda diqqat talab fexrist faqat Abduqodir Murodov domla tomonidan tuzilgan va juda sanʼatli xatlar bilan yozilgan. Bu fexrsitlarni tuzish ishi asar nomini va muallifini aniqlashda turli tillarda yozilgan lug‘atlarga, qomuslarga, tazkiralarga murojaat qilishni talab qilar edi. Abduqodir Murodov domla ana shunday katta ilm va mehnat talab qilinadigan ishni uddasidan chiqaoladigan ajoyib olim edilar.
Bu qo‘lyozma asarlarga tuzilgan inventar daftarlar va turli fehristlar Abduqodir Murodov domladan xalqimizga, umumman ilm ahliga abad-ul-abad qoladigan yodgorlikdir. Yuqorida men domlani zamonamizning Mir Ali kotibi va Sulton Ali Mashhadiysi va zarrin qalam xattoti deb edim. Domla institutda bir qancha qo‘lyozma asarlarni yozib to‘ldirganlar. Ulardan birini keltirib o‘tish kifoyadir. Maʼlumki Hirotda Sulton Husayn Boyqaro saroyda zarrin qalam xattotlar Sulton Ali Mashhadiy va Abdujamil kotiblar bo‘lganlar. Ular Sulton Husayn Boyqaro va hazrat Alisher Navoiy asarlarini kitobat qilganlar. Institut xazinasida Alisher Navoiyning “Xamsa” asarining eng qadimiy nusxasi mavjud. Bu nusxa 1484 yili Alisher Navoiy huzurida Hirotda Abdujamil kotib tomonidan nihoyatda nozik nastaʼliq xati bilan kitobat qilingan. Shu nusxaning baʼzan tushub qolgan varaqlarni domlamiz Abduqodir Murodov domla tomonidan yozib to‘ldirilgan. Agar biz bu domlaning xatlarin Abdujamil kotibning sanʼatli xatiga solishtirib qarasak, undan hech qolishmaydi, o‘sha darajada yozilganligini ko‘ramiz. Shuning uchun domla Abduqodir Murodovni zamonamizning zarrin qalam xattoti deyishga haqqimiz bor.
Abduqodir Murodov institutda ilmiy xodim bo‘lib ishlagan vaqtlarida, qo‘lyozma asarlarning katta bilimdoni sifatida umrlarining oxirigacha aholining turli sharq tillarida bitilgan qo‘lyozma va bosma asarlar sotib olish komissiyasini aʼzosi bo‘lib kelganlar. Chunki qo‘lyozma asarlarini sotib olish uchun, avvalo, uni atroflicha o‘rganib qaysi sohaga oid va kimning asari ekanligini va nodirligini aniqlash kerak bo‘lar edi. Bu ishni domla katta eʼtibor va qunt bilan bajarar edilar. Domla respublikamizning turli nohiya va shaharlariga yuboriladigan kitob sotib olish komissiyasi tarkibida ham qatnashganlar. Umuman aytganda institut qo‘lyozma asarlar xazinasini boyishida ham domlaning xizmatlari katta bo‘lgan. Murodov domla mohir xattot sifatida meʼmoriy obidalarga yozilgan sanʼatli bitiklarni tiklashda ham qilgan ajoyib xizmatlarini aytib o‘tish mumkin. Masalan, Go‘ri Amirning ichki va Ulug‘bek madrasasining tashqi peshtoqiga yozilgan bitiklarni tiklaganlar. Domla bilan institutda birga ishlagan katta ilmiy xodim Abdulla aka Nosirov bunday deb yozganlar: “Samarqand shahridagi osori atiqa binolarini shikast jihatlarini tuzatish idorasi tomonidan 1968 yilda Samarqandga borib, Go‘ri Amir Gumbazini ichki tomonini balanddagi tevaragiga arab harfida yozilgan oyat va hadislarni o‘qib, qirq metr chamasi arabiy xatlarini isloh qilib, nusxasini ko‘chirib 10 kun chamasi ishlaganlar. Men ham birga borgan edim”.
Ko‘p yillik izlanishlar tufayli, Abduqodir Murodov domla xat sanʼatining katta bilimdoni sifatida, “O‘rta Osiyo xattotlik sanʼati tarixidan” nomli ajoyib monografiyani yozdilar va nashr etdilar. Bu monografiya tufayli filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldilar. Bu ilmiy ishga himoya vaqtida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi prof. Ya.G‘ulomov juda katta baho bergan edilar.
Muhtaram domlamiz Abduqodir Murodov yoshlarga mehribon murabbiy edilar. Biz har kuni bir necha martalab u kishiga murojaat qilar edik. Domla o‘z ishlarini to‘xtatib katta mehribonlik bilan so‘ralgan narsalarimizni tushuntirib berar edilar. Necha yil birga ishlagan bo‘lsak, bizning so‘roqlarimiz biron marta u kishiga malol kelganini sezmaganmiz.
Biz Abduqodir Murodov domlaning ajoyib suhbatlaridan va tarbiyalaridan bahramand bo‘lganmiz. Bu bilan faxrlanamiz. Domla haqida juda ko‘p yozish mumkin.
Aziz va o‘ta kamtarin inson, katta bilimdon olim va mashhur xattot Abduqodir Murodov domlaning ajoyib siymosi kechagidek esimizda. Hamisha u kishining tabarruk nomini hurmat bilan tilga olamiz. Olloh u kishidan rozi bo‘lsin, u kishi yotgan yerlarni nurga to‘ldirsin.
MUNIROV, Q.
Sharqshunoslik № 6, 1995. -176 b. – B. 153-156. (O‘zbekcha); Искусный каллиграф.
Fikr qoldirish#