Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Muallifdan

Lug‘atdagi shakli bir xil so‘zlar rim raqami bilan raqamlashtirildi. Masalan: Emgak I – mehnat, mashaqqat, qiyinchilik, Emgak II – emaklash. Bosh so‘zlarning qaysi til unsuri ekanligi haqida o‘quvchilarda yaxshi tushuncha hosil bo‘lishligi nazarda tutilib, shu tilning bosh harfi qisqartma tarzida beriladi: Masalan: a. (arabcha), f. (forscha), a.-f. (arabcha-forscha), f.-a. (forscha-arabcha), m. (mo‘g‘ulcha), g. (grekcha), h. (hindcha) kabilar. Sof o‘zbekcha so‘zlar va o‘zbek tili qo‘shimchalari yordamida hosil qilingan yasama shakllariga belgi qo‘yilmadi.

So‘zning birdan ortiq maʼnolari esa arab raqami bilan ko‘rsatilib, misollar ilova qilinadi. So‘zning ko‘chma maʼnolari esa maj. (majoz) belgisi bilan berildi. Shuningdek, so‘z birikmalari va ularning maʼnolari ham o‘sha bosh so‘zning tarkibida izohlandi. Agar biror so‘z birikma birdan ortiq maʼnolarga ega bo‘lsa, shu maʼnolar harflar bilan beriladi. Masalan: hosili umr – a) ekin.

Hukm bila kirdi ulus ichkari, Hosili umrin qo‘yubon tashqari. (Yu.Z.)

b) maj. Farzand, bola.

Hosili umri edi ul boyni,

Oti Gulshanbonu o‘shal oyni. (Zm.)

Arabiy ko‘plikda kelgan bosh so‘zlarning birlik shakli q. (qarang) birligi so‘zi orqali belgilanadi, ularning izohi birlik shakldagi so‘zda berildi. Masalan: Aʼdo q. birligi aduv, Manozil q. birligi manzil, Salotin q. birligi sulton kabilar.

Arabiy ko‘plikdagi so‘z boshqa ko‘chma maʼnolarga ega bo‘lgan taqdirda, uning birligi q. (qarang) belgisi bilan ko‘rsatilib, so‘ngra ko‘chma maʼnosi izohlanadi. Va, aksincha, arabiy birlik so‘z lug‘atda uchramasa, shu birlik so‘z birligi belgisi bilan ko‘rsatilib, uning ko‘pligiga izoh berildi. Masalan: Abvob (birligi bob) – eshiklar, Avroq (birligi varaq) – varaqlar, sahifalar, Ahbob (birligi habib) – do‘stlar, o‘rtoqlar, og‘aynilar kabi.

Agar bosh so‘z matnda ko‘chma maʼnoda kelgan bo‘lsa, uning shu maʼnosi birinchi navbatda izohlanib, o‘quvchilarni chalg‘itmaslik maqsadida uning asl maʼnosi qavs ichida aynan so‘zi orqali berildi. Masalan: Navmid – maj. shovvoz; azamat (aynan noumid, umidsiz), Halqabago‘sh – maj. qul; xizmatkor (aynan qulog‘i halqalangan, qulog‘i halqali), Hijob – maj. uyalish, uyat, hayo, sharm (aynan chimmat, parda, niqob) kabilar.

Biror so‘z fonetik variantga ega bo‘lsa, yordamchi variantga q. (qarang) belgisi berilib, shu so‘zning maʼnosi yetakchi variantda izohlanadi. Masalan: Gadoy – q. gado, Gurzi – q. gurza, Diynor – q. dinor kabilar.

Agar misol tariqasida keltirilgan baytda muallif nomi qayd etilgan bo‘lsa, shu baytdan so‘ng muallifning nomi ko‘rsatilmadi. Masalan: Nodira bodi sabodin senga irsol etgali,

Qildi insho bu g‘azalni, tabʼi noshodim, eshit.

Ushbu lug‘atni tuzishda o‘zbek va boshqa xalqlar lug‘atchilik tajribalaridan foydalanildi. Jumladan, “O‘zbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug‘at” (Toshkent, 1952), “Drevnetyurkskiy slovar” (Leningrad, 1969), Farhangi zaboni tojiki” (Moskva, 1969), “Persidsko-russkiy slovar” (Moskva, 1970), “Arabsko-russkiy slovar” (Moskva, 1970), Navoiy asarlari lug‘ati” (Toshkent, 1972), “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, (Toshkent, 1982), “Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” (Toshkent, 1983, 1984, 1985), V. Rahmonov “O‘zbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug‘at” (Toshkent, 1983) kabi ishlar so‘zlarni izohlashda dasturilamal bo‘ldi.

Yevropa tillaridan kirib kelgan so‘zlarning izohini berishda “Slovar inostrannqx slov” (Moskva, 1985), “Latinsko-russkiy slovar” (Moskva, 1986) larga ham murojaat qilindi.

Muallif ushbu lug‘at saviyasini yaxshilashga yaqindan yordam bergan olim, filologiya fanlari doktori Bahrom Bafoyevga samimiy minnatdorchilik bildiradi.

Ushbu o‘quv lug‘ati da kamchilik va nuqsonlarning bo‘lishi tabiiy. Shu tufayli ushbu lug‘at saviyasining yaxshilanishi uchun bildirilgan barcha istak va takliflarni muallif lutfan qabul qiladi va minnatdorchilik bildiradi.


LAPASOV, Javqon.

Mumtoz adabiy asarlar o‘quv lug‘ati, T, 1994. – B. 3-5. (O‘zbekcha); От автора. В кн: Лапасов, Жавкон. Учебный словарь классической литературы.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0