Men tarixning qorong‘u burchaklari va tor ko‘chalaridagi chang-g‘uborlarni supurib, uni o‘z holicha aks ettirishni xohlayman, toki bo‘lgan voqealar yashirin qolmasin. Abul Fazl BAYXAQIY
Tarixchi o‘z nigohini sinchkovlik bilan uzoq o‘tmish qa’riga yo‘naltirsa, turli xil voqea, hodisalarga, hayotlari hozirgi avlodlarni ham befarq qoldirmaydigan ajoyib shaxslarga duch keladi. Tarixchi nigohiga duch kelgan bu kechmish voqea, hodisalar, tabiat ato qilgan nodir qobilyatlar sohibi sifatida xotiralarda muhrlanib qolgan va “bu-yuk” deb baholagan shaxslar qiyofasiga jahon taraqqiyotining hozir egallab turgan yuksak “tepaligi”dan turib nigoh tashlansa – tahlil qilinsa, kutilmagan yangi umumlashma – xulosalar chiqadi va bu xulosalar davr haqiqatini ham chuqurroq anglashga, asrimizda kechgan va kechayotgan olamshumul voqealarni asl mohiyatlarini yanada teranroq anglab olishga yordam beradi. Ana shunday buyuklik maqomiga erishgan tarixiy shaxslardan biri G‘arbda o‘tgan Gay Yuliy Sezar bo‘lsa, yana biri Sharqda o‘tgan buyuk ajdodlarimizdan bo‘lmish Zahiriddin Muhammad Bobirdir.
Albatta, Yuliy Sezarning tarixdagi o‘rnini, Rim davlatining sha’n-shavkatini yuksakka ko‘targanini, buyuk xizmatlarini biz ham, boshqa birov ham kamaytira olmaydi. Buyuk sarkarda, adolatli podshoh, serqirra olim va daho shoir Zahiriddin Muhammad Bobirning turkiy davlatchilik tarixidagi buyuk xizmatlari bizda va xorijda doimo e’tiborda bo‘lsa-da, ammo uning shaxsiyati, jahon tarixida tutgan o‘rni hali Yuliy Sezarchalik yetarli tadqiq etilmagan va qadrini topmagan, deb o‘ylaymiz.
Milliy Istiqlolimizga hamdlar bo‘lsinki, atigi bir necha yil ichida ming yillik ko‘hna tariximiz tilga kira boshladi, ona yurtimiz tarixini, buyuk ajdodlarimiz siymolarini izchillik bilan tadqiq etishga imkon yaratiladi.
O‘tmish, o‘zoq tarixiy davrlarni eslash inson ruhiyatining asosiy xususiyatlaridandir. Shuning uchun ham Prezidentimiz Islom Karimov “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” degan asarida shunday deb yozadi: “Odamzod borki, avlod-ajdodi, Vatanining tarixini bilishni istaydi. O‘zlikni anglash tarixini bilishdan boshlanadi”. Ayniqsa taraqqiyot ma’lum tarixiy davrga yetganda, xususan, siz bilan biz yashayotgan asr tugallanib, kirib kelayotgan uchinchi ming yillik bo‘sag‘asida uzoq o‘tmishga nigoh solsangiz ajib manzaralarni ko‘rasiz.
Gay Yuliy Sezar... Miloddan oldingi yil hisobidagi eng so‘nggi asr farzandlaridan bo‘lmish bu davlat arbobi, harbiy sarkarda va qalam ahlining ismi tarix varaqlarida muhrlanib qolgan. Mana ikki ming yildirki, Sezar xotirasini deyarli barcha o‘tgan insonlar saqlaydi va nomi og‘izdan tushmaydi.
Bu ham mayliku-ya, yil hisobimizdagi o‘n ikki oyning biri iyul ham va Rusiyada 1918-yilgacha ishlatilib kelingan Yuliy kalendari ham uning nomi bilan bog‘liq. Yana “podshoh” o‘ris tilida “Sar’” deyilsa, u ham Sezar nomidan olingan. Olmoncha “Kayzer” (imperator), hatto Hindistondan bizga o‘tib qolgan “qaysar” (Rum qaysari) ham o‘sha Sezar ismidandir. Shom va Misr arablari uning sharafiga qurilgan shaharni o‘z lahjasida “Shayzor” deb ataydilar.
Xo‘sh, u qaysi fazilatlari, davlat arbobi sifatida qaysi qutlug‘ ishlari bilan sarkarda umuminsoniyat manfaatlariga mos keladigan qaysi harbiy yurishi-yu, qaysi odilona urushlari bilan, va nihoyat, qalam ahli sifatida jahon ma’naviyati xazinasiga qo‘shgan qaysi va qanday ulushlari bilan insoniyat tarixida muhrlanib qolgan?
Muallif bunday nomi o‘chmas tarixiy shaxslardan Yuliy Sezarga o‘zaro qiyoslash uchun Bobirni tanlab oladi. Jahonga mashhur bo‘lgan Sezar o‘n yillab orzu qilgan siyosiy maqsadlari endigina amalga oshganda o‘z qadrdon “do‘sti” va shogirdi Brut va uning tarafdorlari tomonidan nomoyishkorona o‘ldirildi. Bu kutilmagan voqeadan 43-yil o‘tgach, insoniyat tarixining yangi ming yillik sarhisobi boshlanadi.
Muallif o‘zoq yillar oliy o‘quv yurtida qadimgi dunyo tarixidan ma’ruzalar o‘qiganda Bobir va Sezarni xayolan bir-biriga taqqoslar edi. Mana endi nihoyat yozma ravishda taqqoslanmoqda. Yuqoridagi savollarga yangidan javob topish uchun o‘zoq o‘tmishga jiddiyroq nigoh tashlab, tarixning ikki ming yillik qatlamini davrimiz aql mash’ali bilan yoritilsa, shuningdek, mavjud tarixiy manbalar sinchkovlik bilan qayta o‘qilganida kutilmagan yangi haqiqatlar ochilmoqda.
Muallif oliy o‘quv yurtida qadimshunoslikdan dars berganida antik dunyodagi ko‘p mashhur shaxslar hayotini o‘rgandi. Bu suratlar galereyasi ichida Yuliy Sezar siymosi alohida ajralib turadi.
O‘sha buyuk insonlar qatoridagi ikkinchi shaxs – biz endilikda chuqurroq bilishga ehtiyoj sezayotgan o‘z yurtdoshimiz, ajoyib inson Zahiriddin Muhammad Bobirdir. To‘g‘risini aytganda Bobir haqidagi tasavvurlarimiz yaqin yillargacha ham kemtik edi, bu buyuk shaxs haqida fikrlarimiz bir tomonlama, hatto soxta ham edi. Sidqidillik bilan e’tirof etish lozimki, bobirshunoslikda G‘arb dunyosi olimlari o‘zini Bobir avlodlari deb sanagan olimlardan o‘tib ketgan. So‘nggi 150-yil ichida ovrupolik olim va adiblardan V. Erskin, M. Eduard, Leyn Puul, F. Grenard, X. Vamberi, F.A. Stil, B. Gaskoni, J. Pol Rou (va h.k.)lar Bobirimiz haqida jiddiy ilmiy tadqiqotlar olib bordilar yoki badiiy asarlar yozdilar. Yaqindan G‘arb bobirshunoslar qatoriga yapon olimi Komatsu ham qo‘shildi (Afsuski, V. Erskindan olingan parchadan tashqari ulardan birortasi o‘zbek tiliga tarjima qilingan emas). Tan olishimiz kerak – bizning bobirshunoslarimiz G‘arb olimlari qilgan ishni hali qilolganlari yo‘q. “Bobirnoma”ning jahon nashrlari tadqiqotchisi, iqtidorli olim Ne’matulloh Otajon xulosasi ham ana shunday.
Mana, elimiz mustaqillikka, yurtimiz istiqlolga erishgach, shukr qilaylik, tariximizni chuqur o‘rganishga keng imkoniyat yaratildi. Maullif ozmi-ko‘pmi bobirshunoslik bilan shug‘ullanib, keyingi faoliyati davomida bu haqda baholi qudrat ilmiy-tadqiqot ishlari olib bordi.
Mustaqillik bilan birga Bobir kindik qoni to‘qilgan Andijon shahrida ajoyib bir tashabbus boshlandi: Andijon farzandi Zokirjon Mashrabovning sa’yharakatlari bilan Bobir nomli xalqaro xariya jamg‘arma tashkil topdi. Bir yildan so‘ng o‘sha tinib-tinchimas inson boshchiligida Bobir nomli xalqaro ilmiy ekspeditsiya tashkil qilindi. Muallif Bobir nomli xalqaro ilmiy ekspeditsiyada ikki marta qatnashib, Afg‘oniston, Eron, Pokiston va Hindistonda bo‘ldi va Bobirga bo‘lgan samimiy munosabatlar, uning haqidagi shirin xotiralar, xorijdagi tadqiqot ishlari haqida yangi ma’lumotlar oldi. Keyingi yillari ham Bobir xalqaro ekspeditsiyasi o‘nlab Sharq mamlakatlarida bo‘ldi va yangi ma’lumotlar to‘plab keldi. Ekspeditsiya yana davom etajak.
Bizning bu ilmiy safarlarimiz, izlanishlarimiz va boshqa bobirshunoslarning ham unumli ishlari natijasida Bobirning nurli siymosi yildan yilga yanada ravshanlashib bormoqda. Buning oqibatida muallif – Bobir o‘sha buyuk Sezar bilan bo‘ylasha oladigan insondir, degan qat’iy xulosaga keldi.
Biz mazkur ilmiy tadqiqotimizda Sezar-u, Bobirdek ikki buyuk sarkardani aslo bir-biriga qarama-qashi qo‘ymoqchi emasmiz. Bu ikki ulug‘ zotning ijtimoiy va shaxsiy, ma’naviy va maishiy hayotidagi barcha muhim tafsilotlarni xolisona taqqoslab ko‘rish uchun biz topgan umumiy nuqtalar ham, tafovutlar ham oz emas, bularning barchasini ilmiy, tarixiy xolislik bilan ko‘rsatishga intilamiz. Bizning bu voqealarni qanday baholashimizdan qat’i nazar. Sezar – Sezarligicha va Bobir –Bobirligicha qoladi. Ammo, bu ishimizda biz ikki ulug‘ zotning hayoti va taqdiridagi nozik va ibratli nuqtalarni topib tasvirlash – umuman jahon tarixiga, xususan, bu ulug‘ zotlar taqdiridagi millionlab odamlarning qiziqishini yanada oshiradi va tarixiy haqiqat yanada ravshanlashadi deb umid qilamiz.
To‘g‘ri, Bobir bilan Sezar orasi bir-biridan uzoq – 1550-yilga teng. Buning ustiga ular faoliyat faoliyat ko‘rsatgan mintaqalar ham bir-biridan olisda: biri G‘arbda mashhur, biri esa Sharqda – Osiyoda.
Agar davri hisobga olinmasa Bobirni qadimda o‘tgan boshqa buyuk shaxslar-sarkardalar bilan qiyoslash mumkin emasmikin? degan savol tug‘ilishi mumkin. Umuman qadimgi dunyodan o‘tgan buyuk sarkardalar va davlat arboblaridan ikkitasi mashhurlar ichida ham mashhurdir: biri e.av. IV asrda o‘tgan makedoniyalik Iskandar bo‘lsa, yana biri undan salkam 300-yil keyin o‘tgan Yuliy Sezardir. Bobirni Iskandar (Aleksandr Makedonskiy)ga taqqoslay olmaymiz, boisi, u buyuk sarkarda va davlat arbobi bo‘lishi bilan birga faqat istilochilik ishlari bilan shuhrat topdi. Ijod ahlidan ham emas. Iskandar Sharq-u G‘arbni birlashtirish uchun cheksiz va bepoyon imperiya tashkil qildi. Ammo uning imperiyasi yagona iqtisodiy zaminga asoslanmagan va ijtimoiy taraqqiyotning turli bosqichlarida turgan xalqlar va qabilalarning majburiy birlashmasi edi. Shuning uchun ham Iskandar vafotidan so‘ng (e.av. 323) ko‘p o‘tmay imperiyasi parchalanib ketdi.
Shuning uchun ham biz Bobir tengdoshini antik dunyodan qidirdik va nihoyat Yuliy Sezarni tanladik. Qiyosan olib qaralganda ikkovi ham davlat arbobi, ikkovi ham harbiy sarkarda, ikkovi ham, garchi mohiyatan farq qilsa-da, o‘z davrida buyuk ishlarga qo‘l urgan va tarixda o‘chmas nom qoldirganlar. Ikkovi ham ijodiy ish bilan shug‘ullanib, qalam tebratgan. Demak, ular faoliyatining mazmunida, ham davlat arbobi sifatida, ham harbiy sarkarda, ham “ahli qalam” sifatida bir-birlariga o‘xshashligi bor.
Buning ustiga yoshlari ham bir-birlaridan unchalik ko‘p farq qilmaydi: Sezar 56 yoshda o‘ldi (to‘g‘rirog‘i o‘ldirildi), Bobir esa 48 yoshda o‘ldi (to‘g‘rirog‘i, pok niyat bilan o‘zini o‘limga tutib berdi).
Biz Bobir bilan Sezar shaxsi va faoliyatini bir-biriga taqqoslab o‘rganishga qo‘l urar ekanmiz, bunga ikki omil turtki bo‘ldi. Birinchi omil – XIX asr ingliz tadqiqotchisi, bobirshunos olim Eduard Xolden fikridir. U Bobirning barcha xislatlarini o‘rganib, uni harbiy qo‘mondon, davlat boshlig‘i va “adabiyotchi sifatida Sezar bilan bir qatorda turishga” arziydigan shaxs deb hisoblaydi. Yana u yozadi: “Bobirning xarakteri Sezarning xarakteriga nisbatan sevishga arziydigan xarakterdir” “Bobirnoma”, Toshkent, 1960, Kirish so‘z 51-bet. Boshqa bir ingliz olimi “agar davri hisobga olinmasa Bobir o‘rta asr Sharqining Yuliy Sezaridir” degan edi. Taniqli rus sharqshunos arxeologi S.P. Tolstov esa: “Zahiriddin Bobir – Sharqdagi Uyg‘onish davrining eng atoqli siyosiy va madaniy arboblaridan biridir” – deb yozadi.
Ikkinchi omil – buyuk yunon adabiyotchi va tarixchisi Plutarxning (melodiy 46-120y.) qiyosiy hayotnomalar yaratish usuli bo‘ldi va biz o‘z tajribamizda birinchi marta shu usuldan foydalandik.
To‘g‘ri, hozirgacha Bobirga nisbatan Sezar jahonga mashhurpoq shaxs. Uning qilgan ishlari ham ko‘proq va harbiy jihatdan salmoqli. Ammo, bizningcha, Sezarning ortiqcha mashhurligiga sabab yana shuki, Bobir dunyoga kelgan davrda ham Sezar 1500-yildan buyon nomi tarix tazkiralarida yozilib kelinardi va xotiralarda saqlanardi. Yana bir narsaga e’tiborni qaratmoq lozimki, Sezarning hokimiyat uchun kurash yo‘li juda uzoq, ammo hokimiyati juda qisqa bo‘ldi. Bobirga esa, hokimiyat meros qolgan edi. U buyuklar qatoriga ham keyin qo‘shildi. Shunday bo‘lsa ham, jahon tarixi uning buyukligini tan oldi va davrlar o‘tishi bilan nomi mashhurlashib bormoqda.
Muallif shunga aminki, agarda mashhur Makiavelli ko‘p asrlardan buyon siyosiy arboblarning «Maslahat kitobi» bo‘lib qolgan «Hukmdor» nomli mashhur asarini yozishdan oldin Bobirning kimligini bilganida edi, albatta uning podshohlik, sarkardalik faoliyatidan jahonni xabardor qilgan bo‘lur edi.
Muallif ushbu ishga urish oldidan qadimgi yunon adabiyotchi va tarixchisi, o‘z davrining har tomonlama eng ma’rifatli zotlaridan bo‘lmish Plutarxning yuqorida tilga olingan jahonga mashhur «Qiyosiy hayotnomalar» asarini diqqat bilan qayta mutolaa qilishiga tug‘ri keldi. Plutarx tarixning biografiyaviy janriga asos solgan buyuk yunon olimi va yozuvchisidir. Qadimda tarix yozish adabiyotdan ajralmagan holda edi. Shuning uchun tarix asarlarida badiiy ifodaga katta e’tibor berilgan. Plutarxning ushbu asari barcha davr tarixchilari uchun eng qimmatli manba hisoblanadi. Bu ajoyib olim ushbu asarida antik dunyoning mashhur kishilaridan Yunonistonda o‘tganlaridan 23 tasini va rimliklardan 23 tasini tanlab olib, ularning biografik kechmishlarini bir-birlariga taqqoslagan holda 23 juft «Qiyosiy tarjimayi hol» yaratganki, ularning har biri tugallangan, mukammal tarixiy va badiiy asar hisoblanadi. Plutarx tanlab olgan kishilar biografiyasida qahramon hayoti uning tug‘ilishidan boshlab to o‘limigacha qamrab olingan. Bu mashhur shaxslar hayotining har bir davri ular boshidan kechirgan ayrim muhim voqealar va shaxsiy fe’llari misolida yoritilgan.
Biroq Plutarx yozadiki, yaxshilik urug‘ini ro‘yobga chiqarish va uni asosiy fazilatlarga aylantirish ko‘pincha odamning o‘ziga bog‘liq. Plutarx qiyosiy o‘rgangan ayrim tarixiy shaxslarning ko‘ngilsiz ishlarga qo‘l urgani sababini ular faoliyatida yuksak axloqiy sifatlarning ustun kelolmasligida deb biladi.
Biz Sezar va Bobirni tanlab, ular faoliyatini qiyosiy o‘rganar ekanmiz, Plutarxning xulosalari naqadar to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘lamiz. Plutarxning qiyosiy hayotnomalari davriy tartibda emas. Tarixiy shaxslarni juftlashtirishda muallif ular yashagan davrga emas, balki siyosiy faoliyatlarining mushtaraklik tomonlariga e’tiborni qaratadi.
Shu jihatdan biz ham Sezar va Bobir faoliyatini qiyosiy o‘rganishda ular yashagan davrlar masofasiga emas, balki xatti-harakatlarining bir-biriga o‘xshashlik va bir-biridan farq qilgan tomonlariga e’tibor berdik.
Plutarx o‘z asarida makedoniyalik Iskandar (Aleksandr) bilan Yuliy Sezar hayotini qiyoslab yozadi. Biografiyada ularning tabiati, fe’li bilan xatti-harakatlari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik mavjudligini aks ettiradi va shunga e’tiborni qaratadi.
Plutarx ta’kidlaydiki: «Biz tarix emas, balki tarjimayi hol yozamiz. Insonning yaxshiligi va fazilati yoki yomonligi va xatosi har doim ham faqat shonli faoliyatlaridagina ko‘rinavermaydi, balki ko‘pincha arzimas bir holat, biron so‘zi yoki hazili uning fe’lini un minglab odamlar o‘limigasabab bo‘lgan janglarga va katta armiyaga qo‘mondonlik qilishiga qaraganda ham yaxshiroq ochib beradi»
Boshqa bir qadimgi yirik Rim tarixchisi Korneliy Tatsit (milodiy 55-120 yy.) agar o‘z asarlarida tarix qonuniyatlarini izlasa, Plutarx – inson ruhi va kayfiyatining qonuniyatlarini axtaradi. Plutarx fikricha, qadimgi yo‘lboshchilarning ibratli faoliyati, yaxshi fe’li hamda kamchiligi-yu, yomon odatlari ham barcha zamonlar uchun o‘rnak va saboq bo‘lib qoladi. Uning qiyosiy biografiyalari shu jihatdan qimmatli va ahamiyatlidir. Bu – asar muallifiga jahon miqyosida shuhrat keltirdi.
Plutarxdan boshqa qadimgi dunyo tarixchi olimlari ham Yuliy Sezar haqida ozmi-ko‘pmi yozganlar. Masalan, qadimgi Rim tarixchilaridan Sallyustiy Krisp (miloddan oldingi 86-35y.), Tit Liviy (miloddan oldingi 59-12 y.), Korneliy Tatsitlar ham biron tarixiy voqea yoki harbiy yurishlar tafsiloti munosabati bilan Sezar nomini tilga olib o‘tadilar. Lekin Plutarxdan boshqa mualliflar Sezar faoliyatini, garchi qisqa satrlarda yoritsalar ham uning shaxsini va bizni qiziqtirgan masala – ya’ni insoniy jihatdan uning qiyofasini tasvirlab bermaganlar. Bu jihatdan boshqa bir Rim tarixchisi – Gay Svetoniy Trankvill boshqalardan ancha farq qiladi (milodiy 70-140 yy.). U Sezardan boshlab deyarli 200-yil ichida o‘tgan 12 ta Rim imperatorlari hayotiga bag‘ishlangan qimmatli asar yozgan.
Garchi Trankvill Sezar davridan ancha keyin yashagan bo‘lsa ham arxiv hujjatlari va xotiralardan foydalanib, Yuliy Sezarning tashqi qiyofasi-yu, yurish-turishlaridan boshlab, Rim tarixidagi yirik voqealarda uning shptiroki va qismatini ham tasvirlaydi. Gay Svetoniy Sezar nomi bilan atalgan barcha imperatorlarning fe’li, yirik harbiy va siyosiy voqealardagi ishtirokini tasvirlar ekan, voqeaning mohiyatini tushuntirib berishga, umumlashtirishga e’tibor qilmaydi, balki har bir shaxsning o‘ziga xos bo‘lgan va boshqalarda uchramaydigan odatlari va harakatlariga diqatni jalb qiladi. Shu jihatdan uning asari hozirgacha ham o‘qimishli asarlardan hisoblanadi. Masalan, Sezarning sevgi sarguzashtlari haqidagi ikir-chikirlar Galliyadek bir mamlakatning bo‘ysundirilishiga qaraganda batafsilroq yozilgan. Zero, bu «sevgi ikir-chikirlari»da uning fe’li-yu, ruhiy holati ko‘proq namoyon bo‘ladi. Shuning uchunmikan, G‘arb tarixchilaridan biri Sezarning bu sohadagi erkatoyligini nazarda tutib u «Don Juan shuhratini qozongan edi» deb yozadi. (Maykl Xart, Sto velikix lyudey, M., «Veche», 1998, 352-bet. Ish davomida bularga e’tibor qaratilgan).
Ammo Svetoniy Trankvill uchun Yuliy Sezar buyuk inson va shu bilan birga fojeiy qahramon. Shuning uchun ham kitobda uning haqidagi bob «Ilohiy Sezar» deb atalib, bu nomda o‘shanday kinoyaomuz ikki ma’no yotadi.
To‘g‘risini aytganda, ayollarga nisbatan «sevgi ikir-chikirlari» Bobirda ham bo‘lgan (uning kanizaklar – g‘umo, g‘unchachilarga munosabatini eslaylik). Ammo Bobir va Sezarning bu masaladagi shaxsiy fe’llari bir-biridan tubdan farq qiladi. Bobirning esa, umuman ayollarga munosabati har qanday maqtovga sazovordir. Qolaversa, bu masalada manbalarda Bobir sha’niga biron tanqidiy fikr uchramaydi.
Sezar va uning nomi bilan bog‘liq voqealar haqida manbalar va nashr etilgan asarlar hisobsiz darajada lekin, Bobir va uning davriga bag‘ishlangan adabiyot ham keyingi yillari anchagina ko‘paydi. Yuqorida tilga olingan Bobir nomli xalqaro ekspeditsiya natijalariga bag‘ishlangan badiiy-publitsistik asarlar nashr etildi. Ular ichida salohiyatli adibimiz, 1992 yilgi ekspeditsiya ishtirokchisi Xayriddin Sultonning «Boburiynoma» kitobi alohida o‘rin egallaydi (Toshkent, 1996).
Jamg‘armaning, xususan, 1993 yilgi xalqaro ilmiy safari ancha mazmunli kechdi (Bunda muallif ham ishtirok etgan edi).
Jamg‘arma raisi barcha ekspeditsiyalar tashkilotchisi Zokirjon Mashrabov hamsafarimiz jurnalist olim Sobirjon Shokarimov bilan hammualliflikda yozga «Asrlarni bo‘ylagan Bobir» nomli safarnomasi ham (1992) dastlabki ikki ekspedisiya xulosalariga bag‘ishlanadi. Hamsafarimiz, yozuvchi Qamchibek Kenja «Hind sorig‘a» nomli «Safarnoma» yozib kitobxonlarga hadya etdi (2000 y). Bu asarlar badiiy bobirshunoslikka munosib hissa bo‘lib qo‘shildi. Muallifning Xalqaro safarlarga bag‘ishlab yozilgan matbuot maqolalaridan ham imkon boricha foydalandik.
Ish Bobir nomli Andijon Davlat Universiteti qoshidagi «O‘zbekistan tarixini o‘qitish uslubiy markazi»da bajarildi. Ishni tugallashda qulay sharoit yaratib berilgani va qimmatli maslahatlari uchun universitet rahbariyati va uning rektori professor, Beruniy mukofoti sovrindori S.Z. Zaynobiddinov nomini alohida ta’kidlashni muallif o‘z burchi deb biladi.
Ishning qo‘lyozmasi bilan tanishib yozma ravishda xolisona o‘z mulohazalarini bildirgan taqrizchilar: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademigi Bo‘riboy Ahmedov va tarix fanlari doktori, professor Ibrohimjon Alimovga, mas’ul muharrir, Xalqaro Yassaviy mukofoti sovrindori Mahkam Mahmud va tarix fanlari doktori Zokirjon Qutiboyevga, shuningdek qo‘lyozmani o‘qib qimmatli maslahatlari bilan yordam bergan filologiya fanlari doktorlari Hasan Qudratillayev va Ne’matulloh Otajonlarga muallif o‘z minnatdorchiligini izhor qiladi.
Kitob nashriga homiylik va xayrixohlik qilgan Bobir nomli Xalqaro xayriya jamg‘armasi va uning raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, professor Zokirjon Mashrabov nomini muallif alohida mamnuniyat bilan tilga oladi.
S. JALILOV.
Bobir va Yuliy Sezar, T, 2001. –B. 9-18. (O‘zbekcha); От автора. – Жалилов С. Бабур и Юлий Цезарь.
Fikr qoldirish#