Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Muallif haqida

Taniqli amerikalik sharqshunos va biografik asarlar muallifi Harold Albert Lamb buyuk shoh, shoir va olim Zahiriddin Muhammad Boburning sarguzashtlarga to‘la hayot yo‘lini “Bobur – Yo‘lbars” asarida yorqin satrlarda tasvirlab bergan.

O‘rta asrlarda turg‘unlik hukm surgan bir davrda yashab faoliyat ko‘rsatgan Bobur har tomonlama yetuk, bilim doirasi keng va nozik did-farosat egasi sifatida shakllanib voyaga yetdi. Harbiy mahorati tufayli g‘oliblikka erishgan bu buyuk inson sanʼat va adabiyot oshig‘i ham edi. U Movarounnahr, Xuroson va Hindistonda hokimiyat uchun keskin kurashlar olib borish bilan birga, o‘z siyosiy faoliyatini boshidan kechirgan voqealarini qadamba-qadam qalamga olib bordi va bu bilan o‘zining to‘kis biografiyasi (xotiranomasi)ni yaratdi.

Harold Lambning uzoq o‘tmishni mohirona tasvirlab beruvchi ijodiy mahorati tufayli biz ushbu asarda dushmanlarini taʼqib qilish davomida yoxud raqiblar taʼqibidan qochib yurgan notinch va sertashvish kechalarda o‘tov oldida yoqilgan gulxan atrofida sodiq hamrohlari bilan gurunglashib o‘tirgan Boburning taassurotlarga boy hikoyasini tinglaganda bo‘lamiz. Ana shu hikoyalar asosida kitobxonda ulug‘vor Sharqqa suqlik bilan ko‘z tikkan yevropaliklardan avval bu o‘lkada kimlar hukmdor bo‘lganligi haqida to‘la tasavvur hosil bo‘ladiBobur haqidagi hikoyalarini yaratish bilan Harold Lamb qadim tarix voqealari bayoniga bag‘ishlangan asarlariga qo‘shimcha sifatida mohirona usulda yaratilgan yana bir noyob biografik asarni bizga qoldirib ketdi.

U salkam yuz yil avval Amerikaning Kolumbiya universitetida bu asarni yozishga kirishganida o‘sha davrning taniqli olimlaridan biri bunday masʼuliyatli ishni faqat yuksak bilim darajasiga ega bo‘lgan Britaniya mutaxassislarigina uddalay olishi mumkinligini taʼkidlagan edi. Keyinchalik, oradan ancha vaqt o‘tib, harbiy sohada ishlab yurgan kezlarida novcha bo‘yli, sochlariga oq oralagan, tajribaga boy bu kelishgan odamni atrofidagilar ko‘pincha Britaniya zobiti sifatida qabul qilishar edi. Aslida esa Harold sof amerikalik bo‘lib, Nyu-Jersi shtatidagi Gudzon daryosi atrofida – bog‘-rog‘larga burkangan Alpayi qishlog‘ida 1892 yil 1 sentabrda dunyoga kelgan. Uning ijod sohasida rejalashtirgan dastlabki ishlaridan biri Gudzon daryosi haqida yaratilgan afsonalarni to‘plash orzusi edi. Bu ulkan va sirli daryoda suzib yurgan “Tungi Albayi qayiqlari” deb nomlangan kemalarni har ko‘rganda ana shu niyatlari qayta-qayta yodiga tushardi.

Harold Lamb Birinchi shahon urushi paytida harbiy xizmatni o‘tar ekan, 1917 yili Nyu Yorkda uylandi. To‘ydan keyin biroz vaqt o‘tgach, turmush o‘rtog‘i bilan Kaliforniyaga ko‘chib ketishdi. Ular bir o‘g‘il va bir qiz farzand ko‘rishdi. Uylari Kaliforniya universitetining Los-Anjelesdagi kutubxonasi yaqinida joylashgan edi. 1960 yilning yozida Harold Lamb Xalqaro sharqshunoslar anjumanida ishtirok etish uchun Moskvaga taklif qilindi. Anjuman tugagach, u Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib, “Bobur – Yo‘lbars” asarida tilga olingan joylarni ziyorat qildi. 1961 yilda Eron imperiyasining 2500 yillik yubileyini nishonlash tantanalarida ishtirok etib, Eron shohi huzurida mehmon bo‘ldi. Harold Lamb kasallikdan so‘ng 1961 yilning aprel oyida olamdan o‘tdi.


G‘. SATIMOV

Lamb, Harold. Bobur – Yo‘lbars: Buyuk boburiylarning birinchisi

H. Lamb; tarjimon G‘. Satimov. –Tsh., “O’zbekiston”, 2015. – 296 b. – B. 5-6. (O‘zbekcha); Об авторе.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0