«Mulla» so‘zi arabcha «mavlono» – «janobimiz», «hazratimiz» degani bo‘lib, uning maʼnosi «to‘la», «limmo-lim» degani bo‘ladi. Forsiyda, mashhur «G‘iyos ul-lug‘at» muallifining taʼbiri bilan aytsak, bu so‘z «bisyor pur» – yaʼni judayam to‘la, degan maʼnoni anglatadi. Yana u kishi «bisyor pur az ilm» (ilmi to‘lib toshgan, juda bilag‘on odam) deb ham taʼrif bergan. Undan so‘ng lug‘at muallifi «bisyor buzurg» – ko‘p ulug‘vor, judayam ulkan, katta olim degan taʼrifni bergan (G‘iyos al-lug‘at, 441 bet). Boshqa lug‘atlarda ham shu maʼnoni taʼkidlaydi. Bu so‘z buyuk olim va shaxslarga beriladigan bir unvon – daraja sifatida kelgan. Masalan, Jaloliddin Rumiy shu so‘z, yaʼni «Mavlono» deyish bilan ulug‘lanadi. Mo‘tabar odamlar, yaʼni olimlar baʼzan bir-birlarini shunday deb ham atashadi.
Undan tashqari «Mavlono» yirik qozi sudyalarga nisbatan ham ishlatilgan, u maʼlum bir mansabni, hurmatni ham anglatgan.
«Domulla» so‘ziga kelsak, bu so‘zdagi «do» «katta» maʼnosini anglatadi.
Masalan, bizda katta qozon maʼnosida «doshqozon» so‘zi ishlatiladi. Buni baʼzilar «Toshqozon», yaʼni toshdan yasalgan qozon, degani deb ham o‘ylashadi. Go‘yo, qadim zamonda, hali cho‘yan bilinmagan davrda katta qozonni toshdan yasashgan, unda ko‘pchilik uchun yemak pishirishgan, degan fikrga ham kelinilgan. Aslida esa bu «do – osh – qozon», yaʼni katta osh qozon» degan maʼnolardan tarkib topgan. Bundan chiqib «domulla» so‘ziga kelsak, u «katta – mulla» degani bo‘lib chiqadi, «do» esa bunda katta degan maʼnoni anglatadi. Yana bir misol, qadimgi turkiy tilida suv o‘zanini, yaʼni kichikroq ariqni «arya» deyishgan, katta suvni esa «da – arya», yaʼni «darya» – daryo, yaʼni katta ariq deyishgan.
BOLTA YEV, A.
Sharqshunoslik № 6, 1995. -176 b. B. 174. (O‘zbekcha); [Этимология слов] Мулла, Домулла.
Fikr qoldirish#