Sinov yoʻsinida ishlamoqda

«Murod vasling erur ayla yod Boburni...» (Xotima o‘rnida)

ZahiriddinMuhammad Boburday ulug‘ inson nomini o‘zi tavallud topgan shaharda abadiylashtirish borasida uzoq yillar hech ish qilinmay keldi. Dastlab bu masala 1958-yili, ya’ni Bobur tavalludining 475 yilligi munosabati bilan ko‘tarilgan edi, o‘shanda jumhuriyatimiz Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti, ajoyib tashkilotchi, dovyurak olim Ibrohim Mo‘minov tashabbusi bilan ilk bor Andijonda akademiyaning ko‘chma ilmiy sessiyasi tashkil qilingan edi. Sessiya uch kun davom etgandi. Unda taniqli kishilardan Qori-Niyoziy, Vohid Zohidov, Xadicha Sulaymonova, Muhammadjon Yo‘ldoshev, G‘afur G‘ulom, Yax’yo G‘ulomov, Rashid Nabiyev, Hamid Sulaymonov, Popco Shamsiyev, Hodi Zarif, Sabohat Azimjonova, Hamidulla Hasanov, Aziz Qayumov, Abdulahad Azizov va boshqalar qatnashib, ilmiy ma’ruzalar qilishgan edi. O‘shanda Andijonda bir umrga esda qolarli tarixiy uchrashuvlar, boburxonliklar o‘tkazilgan edi.

Mehmonlar bilan xayrlashuv kuni Andijon viloyatining o‘sha paytdagi rahbari Rahmonqul Qurbonov qabul marosimi o‘tkazib, o‘z tabrik nutqida Boburning 25-yildan so‘ng, ya’ni 1983-yili bo‘ladigan 500-yillik yubileyigacha Andijonda amalga oshirilajak tadbirlar rejasini qisqacha bayon qilgan edi.

Ming afsuslar bo‘lsinki, bu tadbir lar qog‘ozda qolib ketdi. Rahbarlar almashdi, siyosiy vaziyat tez-tez o‘zgarib turdi. Bobur «yoddan ko‘tarilib» ketdi. Ammo paxta, pilla, go‘sht, meva-chevalar yetkazib berish rejalari bir daqiqa ham unutilmadi. «O‘tmishni ideallashtirishga qarshi» haqiqiy salb yurishi boshlanib, oqsoqol olimimiz Ibrohim Mo‘minov ham qattiq aziyat chekdi va oxiri yurak xastaligi dardiga giriftor bo‘ldi. Oqibatda Bobur nomini abadiylashtirish masalasi yana orqaga surildi.

Ammo birmuncha vaqt o‘tgach, viloyat partiya qo‘mitasiga birinchi kotib bo‘lib kelgan Bektosh Rahimov tashabbus ko‘rsatib, Andijon davlat pyedagogika institutiga (hozirgi universitet)ga Bobur nomini berish haqida institut ilmiy kengashi qaror chiqarishini tavsiya qildi. Rektorat tomonidan kamina va shoir O. Valixonovga Bobur haykaliga buyurtma berish topshirildi.

O‘sha 1973-yili O‘zkompartiya Markazqo‘mining g‘oyaviy ishlar kotibi Rafiq Nishonov Andijonga kelganda tasodifan bu xatti-harakatlardan voqif bo‘lib qoladi va mazkur ish tashabbuskorlarini (avvalo rektorni) «bosqinchi Boburni tushunmaslik»da, siyosiy kaltafahmlikda ayblab jahl bilan bu qarorlarni bekor qiladi. Shu-shu bo‘ldi-yu, Bobur nomini yana tilga ololmay qoldik.

Nihoyat, shundan 9-yil o‘tgach, ya’ni 1981-yili ikki yildan so‘ng Andijonda Boburning 500-yillik yubileyi tantana bilan nishonlanishi haqida xushxabar tarqaldi va orzular qaytadan nish urdi. Yubileyga tayyorgarlik ishlari qizigan dan qizib ketdi.

Bu yerda muhim tadbirlardan biri – Bobur muzeyini va haykalini yaratish edi. Xolisanlillo aytish kerakki, bu ishda Andijon shahrining o‘sha yillardagi ijroqo‘mi raisi Zokirjon Mashrabov boshqalarga ham o‘rnak bo‘larli darajada tashabbus ko‘rsatdi. «Ark ichi» mahallasi yonidagi XV asrda qurilib, so‘ng vayron bo‘lib ketgan Madrasa bo‘lg‘usi muzey uchun qayta tiklandi. Bobur haykaliga buyurtma berildi. Uni jez (bronza)dan quydirish uchun Mtishchi shahriga 3. Mashrabovning o‘zi ikki marta borib keldi. Unga sarflanadigan xom ashyo (salkam ikki tonna jez) uchun Ittifoq madaniyat vazirligi bilan bog‘landi. Nihoyat, yubiley kuniga – 1983-yil aprel oyiga muzey uchun bino ham, u yerga qo‘yiladigan haykal ham tayyor bo‘ldi.

Biroq Markazqo‘mdan Bobur yubileyi tantana qilinmasin, baribir Bobur bosqinchi, uni ko‘tar-ko‘tar qilib bo‘lmaydi, degan mazmunda ko‘rsatma bo‘lib, 20-aprel kuni Y. Oxunboboyev nomli viloyat teatri binosida bir yarim soatgina ilmiy anjuman o‘tkazildi.

Akademiyaning vitse-prezidenti Erkin Yusupov boshchiligida kelgan olimlar tushlikdan so‘ng yana Toshkentga qaytib ketdilar. Andijonda boshlangan barcha ishlar chala qoldi: uy-muzey ochilmadi, Bobur haykali esa omborxonaga olib kirib qo‘yildi. Hafsalalar pir bo‘lganidan tadqiqot ishlarini ham vaqtincha to‘xtatib qo‘ydik.

Ikki yil o‘tgach, jumhuriyat g‘oyaviy hayotida Ra’no Abdullayeva nomi bilan bog‘liq bo‘lgan nosog‘lom kayfiyat hukm surib, hatto «Bobur» degan nomni ichimizda aytadigan bo‘lib qoldik. Bobur nomini abadiylashtirish ishida tashabbus ko‘rsatgani uchun shahar ijroqo‘mi raisi Zokirjon Mashrabov ishdan olindi. Nachora, turg‘unlik yillari ma’naviy hayotimiz bitta rahbarning ko‘rsatmasi ostida kechar edi-da! Yana bir tomoni – bu lo‘ttibozliklar jumhuriyatimiz ayrim rahbarlarning markaz «hurmatini qozonish» uchun qilgan ishlari edi.

Shukrlar bo‘lsinki, yangilanish, o‘zligini anglash siyosati tufayli tarixiy o‘tmishimiz, madaniy va ma’naviy qadriyatlarimiz qaytadan o‘z haqiqiy bahosini topa boshladi. Xalqimizning sodiq o‘g‘loni, sobiq davlat arbobi Nuriddin Akramovich Muhiddinov respublika tarixiy va madaniy yodgorliklarini saqlash jamiyatining raisi sifatida «Guliston» oynomasining 1987-yil 10, 11, 12-sonlarida Bobur haqida odilona va haqqoniy fikrlar aytilgan maqolalari e’lon qilinishi bizga ham yangidan qanot bag‘ishladi. Kamina xat orqali darhol u kishi bilan aloqa bog‘ladim. 1988-yil yozida Nuriddin Akramovichning Andijonga kelishi tufayli chala qolgan muzey qurish ishlarimiz ancha jonlandi, qo‘shimcha mablag‘lar ajratildi va ombordagi haykal ochiqqa chiqarildi.

Ammo ayrim noshud, mustaqil fikrlay olmaydigan, qalbi muz viloyat rahbarlari 1989-yil boshlarida ham Bobur nomidan cho‘chishib, xalqning g‘azabiga duchor bo‘lishayotgandi. Jumladan, Bobur muzeyi bitsa-da, viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi (M. Orifjonov) uni ochgisi yo‘q, haykalni esa umuman qo‘ymoqchi emas edi. Viloyat ro‘znomasiga mehnatkashlardan «muzey ochilsin, haykal o‘rnatilsin, bironta kattaroq ko‘chaga Bobur nomi berilsin» degan talabnomalar ko‘plab kela boshladi (ayrimlari bosilib chiqdi ham) Sobiq Jdanov shox ko‘chasini Bobur nomi bilan atashni so‘rab bildirilgan mehnatkashlar istagini hisobga olishga qaror qilish uchun yangigina tuzilgan shahar toponimik komissiyasi majlis chaqirgan edi, u ham to‘xtatib qo‘yildi, holbuki, Bobur tug‘ilgan kun – 14-fevralda o‘tkaziladigan kechada bu qaror e’lon qilinishi kerak edi. Nihoyat, shu kuni ertalab toponimik komissiya majlisi chaqirildi-yu, unda viloyat partiya qo‘mitasining g‘oyaviy ishlar kotibi J. Xalilov qatnashib, ma’ruza va takliflarni eshitdi. Yetti kishi so‘zga chiqib, ularning barchasi Jdanov shoh ko‘chasiga Bobur nomini berishni taklif qildi.

Majlis oxirida J. Xalilov so‘z olib, aynan shunday dedi: «Boburni hech kim tanqid qilayotgani yo‘q, uni sevamiz, asarlari chiqib turibdi. Bitta ko‘cha nomini qo‘yish, unga haykal o‘rnatish bilan Boburga bo‘lgan muhabbatimiz ko‘payib qoladimi?» So‘zining oxirida u shoshilmaslikni, obdan o‘ylab ko‘rishni taklif qildi. Shu bilan bu masala ovozga qo‘yilmadi. Majlis ahlining noroziligiga g‘oyaviy ishlar kotibi pinagini ham buzmadi. Bu totalitar tuzumga xos g‘oyaviy tazyiqning oddiy bir ko‘rinishi edi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, bunday holning 1989yil boshlarida ham ro‘y byerib turishi, partiya rahbarining ro‘y berayotgan yangilig-u o‘zgarishlarni fahmlamay faqat buyruq bilan ishlashdek murtad odatining bir ko‘rinishi edi.

Shunga qaramay, Mirzo Bobur nomi bilan bog‘liq masalalar chuqurlashib, haqli talablar ortib borardi.

Nihoyat, 18 fevral kuni viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi shahar ziyolilari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. U yig‘ilishni ochar ekan, ziyolilarni Bobur nomi atrofida «sun’iy shovshuv» ko‘tarayotganlikda aybladi va g‘oyaviy ishlar kotibining bundan bir necha kun oldin Bobur xususida aytgan gapini aynan takrorladi. Buni qanday baholashni bilmay qoldik. Ammo so‘zga chiqqanlar Mirzo Boburday hamyurtimizning kindik qoni to‘kilgan shaharda nomini abadiylashtirish zarurligini qat’iy turib talab qilishdi, loaqal uning nomida ko‘cha va maydon bo‘lishi umumxalq talabi ekanligini uqtirishdi. Shundan so‘ng noiloj qolgan rahbar-kotiblar roziligi bilan 14-mart kuni Jdanov shoh ko‘chasiga Bobur nomini berish to‘g‘risida shahar ijroiya qo‘mitasining qarori chiqdi.

Bu orada baxtimizga viloyatda rahbariyat almashinib, ishlarimiz ancha yurishib ketdi. Xususan, 1990-yil aprel oyida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining bo‘lajak 510-yilligi yubileyini o‘tkazish komissiyasi tuzilib, viloyat ijroiya qo‘mitasining yangi raisi B. Boltaboyev komissiya raisi etib tayinlandi. Komissiya ish rejasiga binoan, buyuk vatandoshimiz nomini abadiylashtirish uchun qator tadbirlar ishlab chiqildi. 1990-yil oktyabr oyida «Boburnoma»ning 460-yilligi munosabati bilan yubiley tantanalariga Pokiston, Afg‘oniston, Olmoniyadan, Maskov va Leningraddan, shuningdek, ayrim O‘rta Osiyo jumhuriyatlaridan tashrifbuyurgan mehmonlar Andijonga kelishib, Bobur muzeyi sahnida ulug‘ vatandoshimizga o‘rnatilgan haykal tantanali ravishda ochildi.

Yubiley rejasiga binoan hozir Bobur bog‘i tashkil qilinmoqda. Viloyat xalq deputatlari sessiyasining qaroriga binoan, sobiq Oktyabr maydoni Bobur maydoni deb atalib, uni butunlay qaytadan qurishning bosh loyihasi ishlab chiqildi. Maydon markazida Boburning ot minib turgan haykali o‘rnatilishi mo‘ljallangan. Bobur davrida mavjud bo‘lgan shahar ariqlari hamda mashhur guzarlari qaytadan tiklanmoqda. Shuningdek, Xo‘jaobod nohiyasi janubidagi Childuxtaron tog‘i yonbag‘rida 1494-yili Bobur qadami teggan joy «Lotkand kent» vayronasi atrofida dam olish qarorgohi tashkil qilishga kirishildi. Bu yerdagi maxsus maydonda favvora qurilib, uning yonida Boburga haykal o‘rnatiladi.

Andijon viloyat hokimiyatining maxsus qarori bilan shahar janubidagi mashhur «Bog‘i shamol» sayrgohida Bobur nomida katta bog‘ tashkil qilinmoqda. Hozir bu yerda ish qizg‘in bormoqda. Bog‘ hamyurtimizning 510-yillik izdihomiga ochiladi va Boburga haykal o‘rnatiladi. Keyincha bu muhtasham bog‘da muzey, kutubxona, ilmiy majlislar zali, Bobur yo‘llari bo‘ylab ekskursiya-turistik baza qurish mo‘ljallangan.

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Andijon ilmiy ishlab chiqarish markazining boshlig‘i, geologiya-minerologiya fanlari nomzodi Zokirjon Mashrapov tashabbusi va hokimiyatning qo‘llab-quvvatlashi bilan Bobur nomli xalqaro mehr-shafqat jamg‘armasi va xalqaro ilmiy ekspeditsiya tashkil qilindi. 12 kishidan iborat ilmiy ekspeditsiya o‘tgan yil yozida maxsus avtomobilda Temur va temuriylar qadami teggan bir qator Sharq mamlakatlarida bo‘lib qaytdi va Qobuldagi Bobur qabrini ziyorat qilib, uning xokidan olib keldi. Bundan tashqari, ekspeditsiya o‘zi o‘tgan Sharq mamlakatlarining tarixi, hozirgi hayoti haqida maxsus kinolavhalar tayyorladi. Ushbu tasmalar Bobur muzeyiga qo‘yiladi va kelgan mehmonlarga ko‘rsatiladi. Qurilayotgan ushbu Bobur bog‘ida uning ram ziy qabrini tiklashga bag‘ishlab oktyabr oyida tantanali marosim uyushtirildi. Ushbu marosimda viloyat mehnatkashlariningbarcha qatlamidan vakillar hozir bo‘lishdi. Viloyat hokimi Qayum Xolmirzayev, ekspeditsiya va mehr-shafqat jamg‘armasi rahbari Zokirjon Mashrapov, viloyat bosh xatib imomi Abdulatif hoji Qosim hoji o‘g‘li qatnashdilar. Tantanali ravishda qabrga maxsus idish bilan Bobur xoki qo‘yildi. Tuzilgan reja va loyihaga ko‘ra Zahiriddin Muhammad Boburning sharqona usuldagi ramziy qabri bunyod qilinadi.

Respublika «Yodgorlik» jamiyatining raisi N.A. Muhiddinov noyabr oyida bo‘lib o‘tgan jamiyat qurultoyiga qilgan hisobot ma’ruzasida Andijonliklarning bu tashabbusini mamnuniyat bilan ma’qulladi.

Yaqinda xalqaro Bobur ekspeditsiyasi ikkinchi marta safarga chiqib, Afg‘onistonning Mozori Sharif, Balx, Shibirg‘on viloyatlarida bo‘ldi va Balx shahrida Boborahim Mashrab qabrini ziyorat qilib qaytdi. Kelajakda ekspeditsiya Hindiston va Xitoy, Parij va London kutubxona, hamda muzeylarida saqlanayotgan Bobur va boshqa ajdodlarimizdan qolgan ilmiy va adabiy meroslarni fotohujjatlar sifatida to‘plashni rajalashtirilgan. Bu sa’i-harakatlarning barchasi xalqimiz madaniy ma’naviyatini respublikamiz mustaqilligiga monand zamona talablari darajasida izchillik bilan ko‘tarishga xizmat qiladi. Ammo bularning barchasi, xalq tili bilan aytganda, xamir uchidan patirdir.

Taqdir taqozosi bilan Bobur Andijonni kutilmaganda erta tark etishga majbur bo‘ldi. Ammo u qayerga borsa, ona yurt hissi bilan birga bo‘ldi, doimo vatani, kindik qoni to‘kilgan Andijon xayol og‘ushida yashadi. Uning bir ruboiysidagi:

Hijron g‘amidin zaif jonim so‘ldi, * G‘urbat alami birla ichim qon to‘ldi, -

kabi satrlar vatan firoqida yongan xasta ko‘ngli holidan xabar byeradi. Bobur xoh Afg‘onistonda, xoh Hindistonda bo‘lsin, xayolan doimo Andijon, Farg‘ona xiyobonlarida kezib yurardi. Hozir Andijon viloyatida 4 jamoa xo‘jaligi, 8 maktab, o‘nlab ko‘cha, bekatlar yurtidan «g‘urbat alami birla» ketgan ulug‘ babokalonimiz Bobur nomidadir.

Zahiriddin Muhammad Boburning nomini abadiylashtirish bilan bog‘liq bu ishlar hamyurtimizning:

Murod vasling erur ayla yod Boburni,

Unutmag‘il yana bu nomurod Boburni, -

deya kelgusi avlodlarga yozib qoldirgan vasiyatiga bizning sadoqatimizdan bir nishonadir. Inshoolloh, Mirzo Bobur merosini o‘rganish va xotirasi oldida chinakam ta’zim bajo keltirish hali oldinda.


JALILOV S.

Bobur va Andijon, T, 1993. – B. 95-101. (O‘zbekcha); Жалилов С. (Вместо послесловия). – Бабур и Андижан.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0