Ijod turi; musiqa asarlarini xonanda yoki sozanda tomonidan badiiy talqinda ijro etilishi. M.i. vokal, cholg‘u yoki aralash (vokal-cholg‘u), ijrochilar soniga ko‘ra yakkaxon (yakkanavoz), ansambl, orkestr, xor ijrochiligiga ajratiladi. Ijrochining uslubi, uning saviyasi, mahorati va b.ga qarab asar mazmuni ijrochilik vositalari (artikulyatsiya, dinamika, surʼat, agogika va b.) yordamida turlicha ifodalanishi mumkin. Asar yaratilgan davr va kompozitorning estetik qarashlari, boshqa ijrochilarning uslublarini o‘rganish hamda badiiy ifoda vositalari (musiqa bezaklari va b.)ni o‘z o‘rnida qo‘llash ijrochi uchun muhim ahamiyatga ega. Xalq M.i.da ijrochilar, asosan, o‘zining ichki hissiyotlari, amaliy tajriba va xotirasiga tayanadi. Og‘zaki anʼanadagi professional musiqada M.i. anʼanalari ustoz-shogird munosabatlari orqali saqlanib rivoj topadi, sozanda va xonandalar esa maxsus (aruz, musiqa ilmi, bastakorlik kabi) bilim va qoidalarga bo‘ysunadi. Musulmon Sharq mutafakkir va musiqashunoslari (Forobiy, Ibn Sino, Isfaxoniy, Urmaviy, Jomiy, Navoiy, Bobur, Kavkabiy, Darvishali Changiy va b.) M.i. masalalariga bag‘ishlab risolalar yozgan, M.i.ga oid afsona va rivoyatlar, aniq qoidalar bayon etishgan. Dirijyorlikning barcha turlari ham M.i.ga kiradi.
O‘zME, T, 2000-2006, T.6. 2003. -704 b. – B. 148. (O‘zbekcha); Музыкальное исполнение.
Fikr qoldirish#