Amir Shohmurod Buxoroda hukmron bo‘lgan mang‘itlar sulolasining ikkinchi hukmdoridir. U amir Doniyolbiyning katta o‘g‘li bo‘lib, 1749 yilda tug‘ilgan. U madrasada taʼlim olib, 25 yoshidan xudojo‘ylikka, so‘fiylikka berilib, so‘fiylik sulukini targ‘ib qiluvchi «Ayn al-hikmat» nomli asar yozadi. Shundan so‘ng u «Amir Maʼsum» («Begunoh amir») laqabiga musharraf bo‘ladi. U otasining vasiyatiga ko‘ra, 1734 yilda Buxoro taxtiga o‘tiradi va 17 yil hukmdorlik qilib, 1800 yil 28 noyabrda 52 yoshda vafot etadi.
Shohmurod madrasada taʼlim olarkan, Shayx Safar nomli zotga murid bo‘ladi. Ammo, Shayx unga «Sen zolim va zolimzodasan, nechuk mashoyixlar xizmatiga toqat qilaolursen» deydi. Shohmurod riyozat yo‘liga astoydil kirishganiga qasamyod qiladi hamda o‘sha kundan boshlab, xalq nazarida eng past kasb – hammollik qilib kun kechira boshlaydi. Garchi otasi amir Doniyolbiy o‘g‘lining bu xatti-harakatidan norozi bo‘lib, bir necha marta dashnom berib, «senga xazinadan keragicha maosh tayinlaydurmen, bu kasbu qoringdan voz kechgil», desa-da, Shohmurod o‘z yo‘lidan qaytmaydi. U bir necha muddat hammollik qilib kun kechirib, riyozat chekkach, ustozi Shayx Safar ishonchiga vosil bo‘ladi. Xalq esa uni devona deb gumon qilardi.
Darhaqiqat, «Fathnomayi sultoniy»da zikr qilinishicha, amir Doniyolbiy hukmronligining so‘nggi yillari Buxoro xalqi uchun og‘ir davr bo‘lgan. Bu davrda amir Doniyolbiy ancha qarib qolgan, mamlakatning taqdiri bir necha nufuzli mansabparast amaldorlar qo‘liga tushib qolgan. Ularning har biri o‘z xohishicha ish yuritib, mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy hayotiga salbiy taʼsir ko‘rsatgan. Ayniqsa, bosh vazir – qushbegi hamda qozi kalon Nizomuddinning o‘ta zolimligi xalq ommasining yoppasiga qashshoqlanishiga sabab bo‘lgan. Chunonchi, mamlakatda oliq-soliqlar ko‘payib, poraxo‘rlik avjiga chiqqan. Bozorlarda o‘g‘rilik, tosh-tarozuda kamomadlar ko‘paygan. Karvon yo‘llarida qaroqchilar faoliyati kuchayib, tijorat ishlariga salbiy taʼsir ko‘rsatgan. Ayrim vaqflarning faoliyati to‘xtab qolgan, buning natijasi o‘laroq, vaqflardan keladigan daromadlar kamayib, bir necha masjid va madrasalar yopilib qolgan. Umuman, mamlakatda fisqu fasod, buzg‘unchilik avjiga chiqqan.
Mamlakatning kundalik hayotida sodir bo‘layotgan zolimlik va bedodlikni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Shohmurod otasi amir Doniyolbiy huzuriga kirib: «Bu beboshliklar va zulmkorlikning bosh omili – zolim qushbegi bilan poraxo‘r qozi Nizomuddindur», deydi. Amir Doniyolbiy «sen haqsen, ammo bularni daf qilishga ojizdurmen», deb javob beradi.
1784 yilda otasi amir Doniyolbiy vafotidan so‘ng, Buxoro taxtiga o‘tirgach, zolim qushbegi va qozi kalon Nizomuddinni qatl qildiradi. Mamlakatda tartib va osoyishtalikni yo‘lga qo‘yib, oliq-soliqlarni bir meʼyorga keltirib, barbod qilingan vaqflarni qaytadan tiklaydi. Masjidlarga imomu muazzinlar tayinlaydi. Shuningdek, harbiy ishlar, qozilik ishlari shariat qonunlari asosida qayta tashkil qilinadi. Davlatni boshqarishda ruhoniylar taʼsiri kuchayadi. Hokimiyatni boshqarish tartiblarini qayta tuzib, feodal tarqoqlikka barham beradi.
Amir Maʼsum so‘fiy talʼat, darvesh sifat kishi edi. Uning ishonchli kishilari O‘tkir so‘fi nomli vaziri, Mirzo Fuzayl nomli qozisi, Muhammad Amin to‘pchiboshisi va Xoja Sodiq – qizlar og‘asi edi.
Amir Maʼsum kechalarni namoz, toat-ibodat bilan o‘tkazar, kunduzlarni kunora ro‘za tutardi. «Mustafodal axbor»da yozilishicha, amir Maʼsum har kuni qabulxonadan qaytgach, ichki o‘rdaga kirib pichoq qini tikar va mulozimiga berib, bozorda sotdirib, hosil bo‘lgan mablag‘ hisobiga kun kechirardi (181-182-betlar).
«Fathnomayi sultoniy» va «Tarixi mang‘itiya» asarlarida yozilishicha, amir Maʼsum bir yilda bitta alacha chopon, bitta bo‘z ko‘ylak va lozim kiygan. Boshiga olti gazli salla, oyog‘iga echki terisidan tikilgan saxtiyon maxsi hamda kavish kiygan. Uning kiygan po‘stinining narxi ikki tanga edi. Amirning barcha kiygan kiyimlarining umumiy qiymati yetti tangani tashkil qilardi. Uning yemishi arpa non, atala va yovg‘on moshova edi. Har o‘nbesh kunda bir marta juzʼi jon (g‘ayri dinlardan olinadigan soliq) solig‘idan yig‘ilgan mablag‘ hisobidan choryak go‘sht olib, o‘z ahli ayoliga nafaqa qilardi. Ro‘za tutgan kunlarida iftorda ortiqcha takallufga yo‘l qo‘ymas, qattiq non va sovuq suv bilan og‘iz ochib iftor qilardi. Hayoti davomida dunyo taomlaridan qorni to‘yguncha tanovul qilmagan. Podshohlik tojidan va farmonravo taxtdan xazar qilardi.
U buzrukvorlarni ziyorat qilishni yaxshi ko‘rardi. Binobarin, buzrukvorlarni aksar xayolan mushohada qilib, muroqabada ko‘rardi. U har yili mustahiq deb hisoblagan beva-bechoralarga yuz ming tanga sadaqa berardi.
«Fathnomayi sultoniy»da amir Maʼsumning hayot tarziga doir hazrat eshon shayx ul-islom tilidan bir naql ilova qilingan. «Ittifoqo, bir kun peshin namozidan keyin amir hazratlarining huzurlariga salomga bordim. Amir hazratlari mehribonlik ko‘rsatib, kelganingiz yaxshi bo‘ldi, ushbu suhbatimizda sizni ham bo‘lishingizni ko‘ngul xohlab turgan edi», dedilar. Ko‘p o‘tmay taom olib kirildi, u devzira guruchdan tayyorlangan palov osh edi. U kishi (amir) mehribonlik qilib dedilarki, «ko‘nglimiz devzira oshni xohlabdi, bugun nafsimizni bir ziyofat qilaylik». Shundan so‘ng «Qani azizlar, taomdan tanovul qilinglar», deb buyurdilar. Mazkur suhbatga musohiblardan: Eshon Abulnasr xo‘ja, domla Qurbon Badal, domlaTursun Boqi, domla Ashur rangin, qozi Inoyat va men bilan olti kishi ulamolardan edik. Yana olti kishi umarolardan – Mahmud parvonachi, Bo‘ron Mirzo, Eshon Avaz xo‘ja, Eshon Poshsho xo‘ja, Xol Mo‘min parvonachi va Buxoriy dodxoh.
Alqissa, biz hammamiz taomga qo‘l uzatdik. Ul shermard (amir) qo‘yinlaridan burdalangan arpa non tugilgan ro‘molni olib, ochdilar-da, nondan tanovul qildilar, ammo taomdan yemadilar. Taomdan so‘ng tashqariga chiqqach, musohiblar bir-birlariga qarab, «bul odamning qilmishlari ajibdir, bu kirdikordan maqsad o‘z nafsini jilovlashdir», dedilar.
Ahvoli amironi Buxoroyi-sharif nomli asarda naql qilinishicha, amir Maʼsum o‘zining katta o‘g‘li shahzoda Haydarni xatna to‘yiga ulamolardan 2-3 kishini taklif qilgan. Ularning oldiga solingan dasturxonga bir zarang (yog‘och) kosada sho‘rva hamda non keltirilgan. Taomdan forig‘ bo‘lishgach, amir Maʼsum xatnachi sartaroshni to‘xtatib, «bir oz to‘xtab turing, men sizning xizmat haqingizga loyiq bir narsa topishga harakat qilay, biror narsa topsam, beraman. Toki quruq ketmagaysiz.
Shundan so‘ng, amir ichki o‘rdaga kirib ketib, ancha hayallagach, bir musht yigirilgan paxta ipni qo‘lida ushlab chiqib keldi va ustaga berarkan, senga berishga shundan boshqa halolroq narsa topaolmadim. Buni xotinlar menga chopon qilib berish uchun yigirishayotgan ekanlar», dedi.
Yana shu asarda naql qilinishicha, amir Maʼsum uch-to‘rtta musohiblari bilan suhbatlashib o‘tirganda, gapdan-gap chiqib, qovun pishib bozorda sotilayotganini eshitgan. Yangilik..., sotib olish kerak, ammo naqd pul yo‘q, nima qilish kerak? Amir mahramni chaqirib, o‘z boshidagi kulohni unga tutqazarkan, «bu kulohni qovunfurushga berib, qovundan berganini olib kel, dedi. Mahram kulohni qovunfurushga berib, bitta qovun olib keldi. Amir qovunni o‘z qo‘li bilan tilimlab, suhbat ahliga tutardi. Oxirida o‘zi ham ozgina yedi yoki yemadi».
Tarixiy manbalarning xabar berishicha, amir Maʼsum o‘zining o‘n yetti yillik saltanati davrida ulamolar, umarolar va oddiy fuqarolarning to‘ylariga yoki ziyofatlariga bormagan. Shuningdek, hech kimdan hadya va peshkash ham olmagan. Darhaqiqat, u zohidlarga xos hayot kechirib, mamlakatda ro‘y bergan siyosat – iqtisodiy vaziyat taqozosiga ko‘ra, bir necha jang-jadallarda bo‘ldi. Mang‘itlar saltanatida bidʼat va nomashru ishlarni tag-tomiridan uzgan birinchi hukdor bo‘lgan.
Turg‘un FAYZIYEV
Sharqshunoslik № 8. شناسليك شرق . O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti. Toshkent: “Minhoj” saxovat nashriyoti; 1997. – 208 b. – B. 54-57. (O‘zbekcha); Правитель-сýфий.
Fikr qoldirish#