Zahiriddin Muhammad Boburning aruz vazni nazariyasi haqidagi asari (taxm. 1521-23). Manbalarda «Mufassal», «Risolai aruz» deb ham yuritiladi. Unda aruz vaznidagi barcha yutuq va kamchiliklar ko‘rsatilgan. Bobur aruzning baʼzi noaniq masalalariga aniqlik kiritdi va uni yangi fikrlar b-n boyitdi, o‘zbek, arab, fors aruzlarini bir-biri b-n qiyoslab, aruz vaznining 248 turini aniqladi. Bobur aruzda zihoflar sonini 44 taga yetkazdi. U taqtiʼ bobida eski o‘zbek tili fonetik meʼyorlari asosida Navoiyning «Mezon ul-avzon»ida ishlab chiqilgan aruzning qonun-qoidalarini tizimga solib, baʼzi bahrlar orasida o‘xshashliklar topdi va yangi doira ixtiro qildi. Asarda qo‘shiqlarning tarxoniy, turkiy, o‘lang, shuningdek, tuyuq va uning rang-barang turlari haqida yangi fikrlar aytilgan. Bobur bu asari b-n o‘zbek sheʼriyatida qo‘llanadigan aruz bahrlarining ko‘p yangi vazn, zihof va farʼlarini aniqladi. «M.»da ruknlar to‘liq berilgan. Ularning sonini aniqlashda talaffuz hisobga olingan. «M.» vaznlarning ko‘pligi va ularga berilgan izohlarning aniqligi b-n boshqa asarlardan ajralib turadi. Risolaning kotib Hoji Muhammad Samarqandiy ko‘chirgan (1533-34) yagona qo‘lyozmasi Parij Milliy kutubxonasida saqlanmokda. Nashrlari: Muxtasar, T., 1971; Traktat ob aruze, M., 1972.
O‘zME, T, 2000-2006, t.6. 2003. -704 b. – B. 168. (O‘zbekcha); «Мухтасар» – Произведение Захириддин Мухаммад Бобура о теории аруза.
Fikr qoldirish#