Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Mushtarak adabiy hodisalar: tadqiqot

Alisher Navoiy «Majolis un-nafois» tazkirasida va Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma» asarida yozib qoldirgan adabiyotshunoslikka oid qimmatli maʼlumotlarning ayrimlari bir-biriga juda yaqin yoki har ikki ijodkorga taalluqli bo‘lib, bunday umumiy maʼlumotlarni bir mushtarak (arabcha: umumiy, ko‘pchilikka taalluqli, o‘rtadagi kabi lug‘aviy maʼnolarni bildiradi) adabiy hodisa sifatida baholashimiz mumkin. Maʼlumki, mushtarak adabiy hodisalar jahon adabiyotidagi turli makon va zamondagi ijodkorlarga, bir hududda yashovchi adiblar, maʼlum bir davrda yashagan qalamkashlar yoki ayrim shoirlar ijodiga xos bo‘lishi mumkin. Endi tasnifda ko‘rsatilgan mushtarak adabiy hodisalarning ayrim ijodkorlar ijodiga xos ko‘rinishini temuriylar Uyg‘onish davri vakillari Abulva-foyi Xorazmiy, Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Bobur merosida kuzatsak.

Maqolada biz Alisher Navoiy va Bobur ijodida nihoyatda kam uchraydigan tavorud kabi noyob mushtarak adabiy hodisani hamda Abulvafoiy Xorazmiy va Bobur ijodida mahorat bilan nazm va nasrda qo‘llangan, Sharqda mashhur bo‘lgan bir maqol asosida yaratilgan irsoli masal singari mushtarak adabiy hodisani aniqlab, tanlab oldik. Xususan, Alisher Navoiy va Bobur o‘zlarining temuriy shahzoda Kichik mirzo (1451-1484) haqida yozgan tarixiy xarakterdagi maʼlumotlarida tavorudga tushgan juda go‘zal ruboiysini taʼkidlab ko‘rsatgan va birdek tavorud atamasini qo‘llagan hamda ular tavorud sabab temuriylar Uyg‘onish davri mutafakkiri Abdurahmon Jomiy ijodiga ochiq va yashirin talmeh (Nuran Maxdum, Mullo nisbasi)da, Kichik mirzo ijodiga esa ochiq talmeh vositasida yuksak baho bergan. O‘rganishimizga ko‘ra, O‘zbekiston qahramoni S.G‘aniyeva va atoqli navoiyshunoslar M.Hakimov, Yo.Isʼhoqovning tavorudga bergan taʼriflari bir-birini to‘ldiradi, chunonchi «Tavorud (arabcha: ketma-ket kelmoq, bir-biri bilan tasodifan bir yerga tushib qolmoq) – adabiyotda sheʼ rni bir-biridan xabarsiz holda ikki shoirning yaratish hodisasi, tasodifan bir-biriga aynan o‘xshab qolishi» deya taʼriflanadi.

Sulton Husayn Boyqaroning jiyani shahzoda Kichik mirzoning fors tilida yozgan bir ruboiysi tasodifan ulug‘ shoir Abdurahmon Jomiy ruboiysi bilan bir-biriga aynan o‘xshab – tavorud voqe bo‘ladi. Ushbu go‘zal ilhomiy jarayon bo‘lmish mushtarak adabiy hodisa Hirot adabiy muhitida shuhrat qozonadi, qalam ahli orasida Abdurahmon Jomiy va Kichik mirzolar ijodiga havasu rag‘bat, qiziqish ortadi. Bu haqda Hirot adabiy muhitining rahbari va homiysi Alisher Navoiy «Majolis un-nafois»ning Sohibqiron Amir Temur va yigirma nafardan ziyod temuriylar yodga olingan yettinchi majlisning Kichik mirzo zikrida va Bobur «Boburnoma»ning Sulton Husayn Boyqaro haqidagi «Valodat va nasabi» nomli faslida yodga olgan va fikrlari isboti uchun shahzodaning mashhur ruboiysini keltirgan. Biz o‘quvchilarning Kichik mirzo to‘g‘risida to‘liqroq maʼlumotga ega bo‘lishlarini istab, maqolada Alisher Navoiy va Boburning shahzoda haqida yozgan hasbi holini, taʼrifu tavsiflarini to‘liqroq holda berishga harakat qildik. Ammo har ikki daho ijodkorlar Kichik mirzoga o‘z asarlari xususiyatidan kelib chiqib maʼlumot va baho berganligini hisobga olishimiz kerak. Masalan, Alisher Navoiy tazkirasida Kichik mirzo fazilati va iqtidori bilan bog‘liq o‘ndan ortiq sifatlarini sanab ko‘rsatsa, Bobur esa memuarida uning «tabʼi nazmi»dan tashqari qisman avtobiografiyasini, jumladan, Sulton Husayn Boyqaroning Oqobegim ismli opasining o‘g‘li, otasi Sulton Ahmad mirzo, uning asli ismi Muhammad Sulton mirzo ekanligini, u otasi bilan podshoh tog‘asi qo‘lida maʼlum vaqt harbiy xizmatda bo‘lganligini ham aytgan. Alisher Navoiy yozadi: «Kichik mirzo – xub tabʼliq, tez idrokliq, sho‘x zehnlik, qaviy hofizaliq yigit erdi. Oz fursatda yaxshi tolibi ilm bo‘ldi va ko‘proq ulum va funundin o‘z mutolaasi bilan vuquf hosil qildi. Sheʼr va muammoni xo‘b anglar erdi, balki ko‘ngli tilasa ayta ham olur erdi. Bovujudi bu fazoyil darveshlarga moyil bo‘lub, Makka ziyorati sharafiga musharraf bo‘ldi. Ammo bag‘oyat mustag‘ni kishi erdi. Bo‘la olurkim, faqr istig‘nosi erkin bo‘lg‘ay. Bu ruboiy aningdurkim... Baʼzi derlarkim, bu ruboiy hazrat Maxdumiy Nuran bila tavorud voqe bo‘lubtur. Andoq dag‘i bo‘lsa, ulug‘ davlat turur». Yoki Bobur «Boburnoma»da ham Kichik mirzo ruboiysini aynan keltiradi va shunday yozadi: «...Bir o‘g‘li bor edi, Kichik imrzo otlig‘. Burunlar tag‘oyisiga mulozamat qilur edi, so‘ngra sipohiyliqni tark qilib, mutolaag‘a mashg‘ul bo‘ldi. Derlarkim, donishmand bo‘lub ekandur. Tabʼi nazmi ham bor ekandur. Bu ruboiy aningdur: Umre basaloh mesutudam xudro, * Dar shevai zuhd menamudam xudro, * Chun ishq omad, kadom zuhdu, chi saloh?! * Al-minnatu lillah, ozmudam xudro.

Mulloning ruboiysi bila tavorud bo‘lubtur. Oxirlar haj tavofi ham qildi».

Ruboiy tarjimasi: Umr bo‘yi o‘zimni yaxshilik bila maqtadim, o‘zimni zohid va taqvodor qilib ko‘rsatdim. Ishq kelgach, zohidlik qayda qoldiyu yaxshilik nima bo‘ldi? Ollohga shukrkim, o‘zimni sinadim.

Qizig‘i shundaki, Navoiy tavorudga sabab bo‘lgan Kichik mirzo ruboiysi to‘g‘risida yozar ekan, birinchidan, tavorudni Hirot adabiy muhitidagi boshqa ijodkorlar tan olinib aytganini «Baʼzi derlarkim» deya taʼkidlab ko‘rsatsa, ikkinchidan esa o‘zi ham zamondosh shoirlarning tavorud haqidagi mazkur bahosini munaqqid sifatida o‘rganib, qadrlab o‘z xulosa va roziligini «Andoq dag‘i bo‘lsa ulug‘ davlat turur» deya lutf bilan bayon qilgan. Tarixiy manbalarda, Alisher Navoiyning mehri, hurmati Kichik mirzoga va o‘z navbatida Kichik mirzoning ixlosi, eʼtibori Alisher Navoiyga ham o‘zgacha bo‘lganligi, hatto bu yaqinlikni ifodalovchi rasm chizilgani to‘g‘risida ham xabarlar aytilgan. Bu haqda navoiyshunos Q.Ergashov shunday izoh bergan: «O‘sha davr miniatyuralaridan birida Alisher Navoiyning Kichik mirzo bilan suhbatlashib turgani tasvirlangan». Alisher Navoiy Kichik mirzoning navqiron 33 yoshda bevaqt vafot etganidan qattiq kuyunib, chekkan iztiroblari haqida, uning otasiga bergan tasallilari borasida ham qator baytlarni yozib qoldirgan.

Abulvafoyi Xorazmiy va Bobur ijodiga xos bo‘lgan mushtarak adabiy hodisani belgilashda biz yana ixlos bilan Navoiy ijodxonasiga yuzlanamiz. Alisher Navoiy «Majolis un-nafois» tazkirasining «Avvalg‘i majlisi»da o‘zining hurmati va eʼtiqodini izhor qilgan hamda «Xoja avsofini har kishi bitar bo‘lsa, alohida bir kitob bitmak kerak, maʼlum emaskim bu kitobda ham siqg‘aymu yo yo‘q» deya sharaflagan va Xorazm xalqi «Yer farishtasi» deya eʼzozlagan Xoja Abulvafoyi Xorazmiy (XIV asrda, Shohrux mirzo zamonida yashab, ijod qilgan shayx va shoir, bizga 100 ga yaqin ruboiylari yetib kelgan) haqidagi fiqrasida uning fors tilida bitgan chuqur falsafiy mazmundagi bir ruboiysini namuna va dalil sifatida keltiradi:

Bad kardamu eʼtizor badtar zi gunoh, * Zero ki dar in hast se daʼvii taboh. * Daʼvii vujudu daʼvii quvvatu havl, * Lo havla va lo quvvata illo billoh.

Ruboiy tarjimasi: Gunoh qildim, uzrim gunohimdan yomon, bu uzrda uchta buzilgan daʼvoni: vujudni, quvvatni, qo‘rquvni daʼvo qilish bekordir. Chunki qo‘rquv hamoh qildim, uzrim gunohimdan .

Anglashimizcha, mazkur ruboiy ulug‘ shoirga juda maʼqul kelgan bo‘lsa kerakki, mazkur sheʼrni u «Nasoyim ul-muhabbat» tazkirasida keltirgan sakkizta ruboiylar qatorida ham tilga olgan. Agar ruboiyga diqqat qilsak, Abulvafoyi Xorazmiy ruboiyning birinchi «Bad kardamu eʼtizor batar zi gunoh» misrasida sharqda mashhur bo‘lgan, hozir ham so‘zlashuvda bor bo‘lgan «Uzri gunohidan yomonroq» maqolini mahorat bilan qo‘llaganiga va nazmda irsoli masalning betakror namunasini yaratganiga amin bo‘lamiz. Bobur ham «Boburnoma»ning 1500-1501 yil voqealari bayonida ushbu maqolni aynan qo‘llab, nasrda irsoli masal sanʼatini yaratgan. Tarixdan maʼlumki, Samarqandni olgan Shayboniyxon Xoja Ahror Valiyning nabiralari, yaʼni o‘g‘li Xoja Yahyoni ikki farzandi Xoja Muhammad Zakariyo va Xoja Boqiy bilan Xurosonga yuborib qatl ettiradi. Ushbu qatldan qattiq norozi bo‘lgan qarshi kuchlarga Shayboniyxon bu qotillikni men emas, balki Qambarbiy va Ko‘pakbiylar qildi, deb tushuntirish berib, o‘z uzrini bildirgandek bo‘ladi. Bobur «Boburnoma»da bu o‘lim jazosining tafsilotini bitar ekan, shu o‘rinda «Uzrash batar az gunoh», yaʼni «Uzri gunohidan yomonroq» maqolini o‘z fikri va «tahqiqi»ga dalil sifatida ishlatgan. Beklar bunday o‘lim jazosini xon yoki podshohning amru-farmonisiz yashirin qilmaydi, degan xulosasini shu maqol bilan asoslaydi hamda islom huquqida jinoyat va jazo masalasida, asosan, o‘lim jazosi faqat hukmdorlar muhri bilan tasdiqlanishiga (Abdullatif mirzo muhri urilmaganda Ulug‘bek mirzo, Sulton Husayn Boyqaro muhri urilmaganda Mo‘min mirzo o‘limiga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lardi – B.R.) ham ishora qilgan.

Xulosa shuki, biz yuqorida tahlil va talqin qilgan tavorud, irsoli masal kabi mushtarak adabiy hodisalar Alisher Navoiy, Abulvafoyi Xorazmiy hamda Boburning hayoti va ijodidagi o‘xshash jihatlarini ochib berish bilan birga, ularning o‘ziga xos badiiy mahoratini ko‘rsatuvchi mezon hamdir.


Burobiya RAJABOVA, filologiya fanlari nomzodi, huquqshunos. // Bobur va dunyo, № 1, 2018 y. – B. 10-13. (O‘zbekcha); Общие (взаимные) литературные явления.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0