Shayxlar sultoni, sultonlar shayxi. Bismillahir-Rohmanir-Rohiym. (Behad mehribon va benihoyat rahmli Alloh ismi bilan).
Alloh taʼologa so‘ngsiz hamdu sanolar aytamiz. Allohning Rasuli – hazrati Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam janobimizga cheksiz salotu salomlar yo‘llaymiz.
Naqshbandiya tariqati piri komili, oshiq va orif zot – hazrati Xoja Ubaydulloh Ahror: “Agar biz shayxlik daʼvo qilsak edik, dunyodaboshqa shayxlarga murid qolmas edi. Lekin Alloh taʼolo menga boshqa vazifani yukladi. Mening zimmamga musulmonlarni zulmdan ozod qilish vazifasini yukladi”, deb lutf qilganlar. Bu eʼtirof Hazratning Samarqanddagi maqbaralari lavhida yozib qo‘yilgan edi.
Amir Alisher Navoiy hazrati Xoja Nosiruddin Ubaydulloh Ahrorni taʼriflab, aytadilar: Alarning mavlidi (tug‘ilgan joylari) Toshkanddur va otalari darvish (ahli tariqat, ahli hol, maʼrifatli oshiq) kishi ermish va ona tarafidin hamonoki, Shayxi Tahurki, ul viloyatda mutaayyin (taniqli) shayx ermish, anga yetarlar. Va o‘zlarida bu ish choshnisi (bahrasi) tufuliyat ayyomidin (bolalik chog‘laridan) bor ermish...”
Hazrat Navoiy aytishlaricha, Xoja hazratlari yigitlik davrlarida sayohatga qadam qo‘yadilar, ko‘p mashoyix va avliyo xizmatlariga yetib, suhbatlariga musharraf bo‘ladilar. Xuroson mashoyixlaridan hazrati Mir Sayyid Qosim Anvor quddisa sirruh xizmatlariga yetganlar va Shayx Bahouddin Umar rahmatullohi taʼolo mulozamatiga musharraf bo‘lganlar, yana Shayx Zaynuddin Xavofiy suhbatiga yetganlar va Mavlono Muhammad Asad, Mavlono Saʼduddin Koshgariy bilan suhbat tutganlar. Movarounnahr mashoyixidan Xoja Muhammad Porso mulozamatiga yetganlar va Xoja Abu Nasr suhbatiga yetganlar, Mavlono Nizomuddin Xomush bilan suhbat tutganlar.
Mavlono Yaʼqub Charxiy qaddasallohu sirrahudan irshodlar va tarbiyatlar topdilar. Keyinchalik Hazrat Xoja (Ubaydulloh)ga shunchalik muknat – quvvat, qudrat, maʼnaviy va moddiy davlat yetdiki, mashoyixdan hech biriga bunchalik neʼmat yetgani maʼlum emasdir.
Yana Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonining Uchinchi hayratida u zot haqlarida:
Ulki bu ofoq ichida toq erur, * Toq nekim, murshidi ofoq erur, yaʼni: “U kishi dunyo ichida toqdir – yagonadir, toq nima bo‘libdi, u zot dunyoning murshidi – maʼnaviy yo‘lboshchisidir”, deydilar va: “Bu past dunyo u zotning dargahida tuproq supuruvchi, balki peshonasi bilan xoshok supuruvchidir”, deydilar:
Charxi nigun dargahida xokro‘b, * Balki jabini bila xoshokro‘b.
Va u zot dil ahlining yo‘ldoshi, maʼno ahlining sirdoshi, ixlos va muhabbat ahlining maʼnaviy madadkori va najotkori sifatida namoyon bo‘ladilar. Sultonlar u zotning dargohiga bosh urganlar. U zotga yuzlanmagan hukmdor deyarli yo‘q edi. U zot shaxlar sultoni, sultonlar shayxidirlar.
Chunonchi, “Nasoyim ul-muhabbat”da Navoiy aytadilar: “Movarounnahr sultonlari o‘zlarini ularning muridzodalari va hukmining mahkumi tutar edilar. Yo‘q, faqat Movarounnahr sultonlari emas, balki Xuroson, Iroq va Ozarboyjon, hattoki, bir tomondan Rum va Misrgacha va bir tomondan Xito(y) va Hindgacha – barcha mamlakatlar va sultonlar o‘zlarini Xoja hukmining mahkumi va farmonining maʼmuri tutar edilar. Va u zotning maktublari bu sultonlarga shunchalik taʼsir etuvchi ediki, ularning hukmlari o‘z xodim–xizmatkorlariga ham bunchalik taʼsirchan bo‘lmas edi”.
Yana “Hayrat ul-abror”da aytadilar:
Yuz qo‘yubon qullug‘ig‘a shohlar, |Bazmida bexud o‘lub ogohlar,
Xizmatida har kishi ogoh o‘lub,
Garchi gado, maʼni bila shoh o‘lub...
Yaʼni: “Shohlar u zotning qullug‘iga yuzlarini qo‘yib, yer o‘padilar, maʼrifat va maʼno bazmida esa ogohlar bexud-behush bo‘ladilar. Xizmatida har kishi ogoh-xushyor bo‘lib, garchi o‘zi gado bo‘lsa ham, maʼno olamida shoh bo‘ladi”.
Yana aytadilar: “U zot jahon mulki ekinzorining dehqoni, yo‘q, balki jahon mulkining nigohboni, qo‘riqchisidirlar. Yo‘q, butun mamlakatlarga nigohbondirlar, barcha sultonlar ustida sultondirlar”.
Lutf-iltifot qilgan chog‘larida faqat shohga emas, balki, gadoga ham toj bag‘ishlab, uni maʼnaviy podshoh qilib yuboradilar:
Shahg‘a dema, lutf chog‘i, toj baxsh,
Balki gadolarg‘a dog‘i toj baxsh.
Yana bir muhim xislatlari shuki, u zot xalqqa Haq so‘zini aytganlarida oldilarida shohu gado barobar ko‘rinadi:
Haq so‘zini elga qilurda ado,
Teng ko‘runub olida shohu gado.
Risolai Volidiyya nazmiy tarjimasi va sharhi. Tasavvufning asl mazmuni.
Tadqiq, taqdim va sharh muallifi MIRZO KENJABEK. Masʼul muharrir: Sayfuddin Rafiddinov. Taqrizchi: Rahmatulloh Barakayev. Muharrir: Hamidulloh Beruniy.
“SHARQ” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2019. – B. 3-6. (O‘zbekcha); Предисловие. – Стихотворный перевод и толкование “Рисала-и Валидиййа”.
Fikr qoldirish#