Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Muqaddima

Jamiki hamd-u sano biz vasf aylab, yordam-u yo‘riq so‘raydigan Allohgadir. Qalbimiz yovuzligi va nojo‘ya harakatlarimiz balosidan Allohning himoyasiga tayanamiz. Darhaqiqat, Alloh to‘g‘ri yo‘lga yetaklagan bandasini hech kim haq yo‘ldan adashtira olmas, qalbiga O‘zi qulf urib qo‘ygan bandasini esa hech kim hidoyatga boshlay olmaydi. Guvohlik beramanki, Alloh yagona, Undan o‘zga iloh yo‘q. Va guvohlik beramanki, Muhammad (alayhissalom) Allohning bandasi va elchisidir.

Boshladik…

1978-yili amerikalik yozuvchilardan biri, fizika va astronomiya fanlariga ixtisoslashgan Maykl Hard ismli professor o‘zining «Tarixiy jarayonlarga ta’sir o‘tkazgan yuz nafar buyuk shaxs» nomli kitobini chiqardi. Buyuk insonlarning yuz nafarini o‘zi bilgancha saralab chiqqan ushbu olim, ularning ismlarini tarixiy jarayonga ta’sir ko‘rsatgan darajasiga ko‘ra, o‘z nuqtayi nazaridan kelib chiqqan tartibida sanab o‘tdi.

Adolat yuzasidan ta’kidlab o‘tmoq lozimki, janob Hardning asarida ishonchli ma’lumotlar ko‘p bo‘lib, bu uning chuqur bilim va ma’lumotga egaligidan dalolat beradi. Boz ustiga, ushbu kitob tarix nuqtayi nazaridan xolis yozilgan bo‘lib, bunday jihat dunyoda tarix borasida bitilgan ko‘plab boshqa asarlarda kamdan kam holatlarda uchraydi. Bundan tashqari, yahudiy millatiga mansub ushbu amerikalik yozuvchi Payg‘ambarimiz Muhammad sollalloh-u alayhi vasallamning ismlarini kitobda sanab o‘tilgan ismlar ro‘yxatining boshida, banibashar tarixiga ta’sir o‘tkazgan eng buyuk inson sifatida keltirgan, garchi o‘sha ro‘yxatga sahoba Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan tashqari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ummatiga mansub boshqa birorta ism kiritilmagan bo‘lsa-da. Ammo musulmonlarning ushbu kitobga bo‘lgan munosabati hayron qolarli darajada kuzatildi. Ularning ko‘pchiligi muallif o‘z asarida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ham tilga olib o‘tgani bois, ushbu kitobga xayrixohlik-la qarashmoqda. Biroq musulmon kitobxonlar Islom ummatining buyuk qahramonlari yuzlab yillar davomida banibashar tarixiga ta’sir o‘tkazib kelganini muallif bepisand qoldirganiga umuman e’tibor qilishmadi. Olimlarning ushbu asarga ko‘rsatayotgan munosabatini kuzatib, obdan o‘rganib chiqqach, bunday xayrixohlikning sababi zamondosh musulmonlarimizning umumiy tarix va ayniqsa, Islom tarixiga oid bilimlari o‘ta qashshoq darajada qolayotganida deb topdim.

Shu sababdan ham mazkur kitobni yozish, uning sahifalarida Islom tarixining ahamiyatli bosqichlariga doir ma’lumotlarni, ummat hayotida yuz bergan nihoyatda muhim hodisalarni qisqacha bayon etib, kitobxon hukmiga havola etishni niyat qildim. Ushbu ma’lumotlarni men ruhsiz tarixiy dalillarni birma-bir sanab, kitobxonni zeriktirib qo‘ymaslik, aksincha, uning zavqini keltirish uchun imkon qadar qiziqarli mazmunda bitishga harakat qildim. «Islom ummati» atamasini qo‘llar ekanman, men uning ko‘pchilik idrok etadigan tor ma’nosi, ya’ni Allohning arab millatidan chiqqan rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergashgan jamoatnigina anglatadigan mazmunini nazarda tutmadim. Bunda men ushbu kalomning ancha keng ma’nosi, ya’ni bashariyat tarixida yashab o‘tgan barcha payg‘ambarlargaergashgan jamiki muvahhid musulmonlarni nazarda tutaman.

Mazkur asarda men kitobxonni zamon va makon bo‘ylab sayohat qildirgancha, kurrai zaminning turli burchaklariga ko‘chib yurib, bashariyat tarixining barcha bosqichlari bilan tanishib boriladigan qiziqarli tarixiy sarguzashtga taklif qilaman. Bunday sarguzashtda biz Islom ummatining insoniyat tarixini o‘zgartirib yuborgan yuz nafar eng buyuk shaxsi bilan yaqindan tanishib chiqamiz.

Qo‘lingizdagi kitobda hikoya qilish uchun ismlari zo‘r diqat-la ajratib olingan yuz kishi Islom tarixida yashab o‘tgan buyuklarning buyuklari demoqchi emasman. Asarda hikoya qilinganlar orasida ismi mazkur kitobga kirmay qolgan shaxslardan buyuk bo‘lmagan kishilarning ismlari ham uchrar balki. Ammo tarixni bayon etish maqsadida odam tanlar ekanman, ularning buyuklik darajasini mezon sifatida olmaganman. Men aynan mana shu odamlarni, Islomning buyukligi turli shakllarda namoyon bo‘lganini ularning misolida ko‘rsatib qo‘yish uchun atayin saralab oldim. Asar hikoyalarida ba’zan faqat bir nafar buyuk shaxs haqida gap borsa, ayrim hollarda bir bobning o‘zida yagona toifaga mansub bir necha buyuk musulmonlar haqida hikoya qilinadi. Buyuk shaxs ba’zan erkak, ba’zan esa ayol jinsiga mansub bo‘lib, rahnamo dohiy yoki oddiy jangchi, olim yoxud ixtirochi yoki yozuvchi-shoir sifatida gavdalanadi. Ehtimol, bu hamma taniydigan atoqli odam yoki allaqachon unut bo‘lib ketgan noma’lum shaxs bo‘lishi ham mumkin. Mazkur asarga kiritilgan shaxslarning ismlari ularning erishgan nufuzi yoki ulug‘lik darajasiga ko‘ra emas, zamon va makon bo‘yicha uzoqlashganiga ko‘ra sanab o‘tilgan. Men ularni mazkur kitob sahifalarida bayon etib boriladigan maqsadni ko‘zlab, har bir buyuk shaxs o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurti va yashab o‘tgan zamonidagi Islom tarixini so‘zlab berishi uchun aynan mana shu tartibda sanab o‘tganman. Shu tariqa, ismlari mazkur kitobda sanab o‘tilgan yuz nafar buyuk shaxs haqidagi hikoyalar orqali Islom tarixiga doir aniq tasavvurga ega bo‘lib olamiz.

Bunday tasavvur Islomiy tarixning kichraytirilgan nusxasi ekanligiga ishonchim komil bo‘lganiga, Islom ummatiga mansub buyuk shaxslarning birini sanab o‘tishning iloji yo‘qligini teran anglashimga qaramay, bir yildan ziyod vaqt davomida uzluksiz, zo‘r g‘ayrat-la mehnat qilgancha, musulmonlar orasidan yuz kishini muayyan maqsadda saralab oldim. Kitobga kiritish uchun tanlab olingan ushbu odamlar misolida Islomning ko‘p asrli tarixini tavsiflab o‘tishga harakat qilib, tegishli shaxs bilan bog‘liq tarixiy hodisalar bayoni asarda ko‘zlangan maqsadga mos kelayotganini kuzatib bordim. Bunday maqsad ba’zan tarixni asl holatda ifodalashdan, ba’zan muhokama qilinayotgan shaxsni himoya qilishdan, ba’zan esa hech bir asossiz Islomga taalluqli deya topilayotgan xavfli g‘oyalarga kelgusida ham raddiya berib borish uchun poydevor yaratishdan iborat bo‘ldi.

Mazkur kitobda biz payg‘ambarlarning siyrati shariflari, sahobalar haqidagi rivoyatlar, bir-birini almashtirib borgan xalifalarning tarixi, mustaqil davlatlar tarixi, salib yurishchilarining tarixi, tatarlar tarixi, Yevropa istilosining o‘tgan ikki asrlik tarixi, musulmonlar orasida yuzaga kelgan fitna tarixi, murtadlik tarixi va Islom ummati qozongan g‘alabalar tarixini imkon qadar chuqurroq ko‘rib chiqishga harakat qilamiz. Shuningdek, ushbu kitobda biz Islom madaniyatining tarixi, o‘ziga xos xususiyatlari va yutuqlarini ochib berishga harakat qilamiz.

Andalusiya tarixining jonli misolida muayyan millat qanday shakllanishi-yu qay holatda tanazzulga yuz tutishini o‘rganib chiqamiz. Boz ustiga, Andalusiya tarixini imkon boricha oydinlashtirib o‘tamiz. Mazkur asarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarlik risolati boshlanguncha Andalusiyada hukm surgan vaziyat, ushbu yurtning vestgotlardan iborat mahalliy aholisining Yagona Allohga doir nasroniy ta’limotga daxldorligi haqida hikoya qilamiz. Shundan so‘ng dinimiz tarixini o‘rganishni Islomning Andalusiyada qozongan g‘alabasi haqidagi hikoyalar bilan davom etib, Kordova xalifaligi va ayrim knyazliklartarixiga o‘tamiz. Andalusiya tarixidan Almoravidlar (al-Murabitun) va Almoxadlar (alMuvahhidun) imperiyasi tarixiga o‘tib, olingan ma’lumotlarni biroz tahlil qilamiz. Yana Andalusiyaga qaytib, uning qulashiga olib kelgan sabab va sharoitlarni, so‘ng Andalusiya musulmonlarining Islomiy hukumat qulaganidan keyingi ahvoli va yirik miqyosli xalq qo‘zg‘olonining tarixini o‘rganib chiqamiz. Andalusiya tarixiga doir hikoyalarimiz oxirida esa cherkovning odamlarni qiynoqqa solishga (inkvizitsiyaga) doir mudhish siyosatigacha borib yetib, mavjudligi qat’iy sir tutilgan cherkov zindonlari va ulardagi mahbuslarni qiynoqqa solish qurollari bilan tanishib o‘tamiz.

Kitob sahifalarida musulmonlarning qudratli harbiy-dengiz floti shaxsiy tarkibi bilan birga «Prevez yaqinidagi unutilmas muhoraba» – Islom tarixidagi eng yirik dengiz janglaridan birida ishtirok etamiz. Ushbu flot tarixini o‘rganib borar ekanmiz, uning jangovar kemalarida olis dengiz safarini davom etgancha, ikkala Amerika qirg‘oqlarigacha borib yetamiz. U yerda biz musulmonlarning hali Kolumb oyog‘i yetmay turib qilgan kashfiyotlari bilan tanishamiz. Mazkur asarda biz jumlayi jahonda duv-duv gap bo‘ladigan, ayrimlarni esa haqiqiy hayajonga soladigan tarixiy dalillarni keltiramiz, xususan, hindular tarixi va ularning Islom bilan aloqasini mana endi oshkor qilamiz.

Janubiy Amerikada amalga oshirilgan Ispaniya-Portugaliya bosqini bilan tanishib chiqamiz. Shimoliy Amerikada esa Afrikadan tashib keltirilgan qullarni ozod qilish harakati tarixi hamda Islom dinining bunday ozodlik harakatlariga qanchalik daxldor bo‘lganini bilib olamiz.

Yangi dunyodan (Amerikadan) Eski dunyoga (Yevropa, Osiyo, Afrikaga) qaytishdan oldin usmoniylar tarixini batafsil o‘rganib, yuz yillar davomida hukm surgan Usmoniylar xalifaligining tarixi, uning ravnaqi va qulashiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni anglab yetamiz. Turkiyada ro‘y bergan yangi Islomiy yuksalish bilan tanishamiz.

Hindistonning diniy va ijtimoiy rivojiga doir qisqacha ma’lumot olgach, Islom dinining ushbu yurtdagi tarixini tahlil qilamiz. Mazkur kitobdan biz forslar tarixini, xususan, fors madaniyatining shakllanishidan tortib, bugungi hominiycha davlat paydo bo‘lishini bilib olamiz. Shuningdek, biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olib kelgan Islom dinining oqsoqol millati sanaladigan arablarning yuzaga kelish tarixi, uning qabilalari-yu urug‘lari, Ulul azm Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarlik risolati boshlanishidan oldingi milliy madaniyati, hayot tarzining siyosiy va ijtimoiy tuzilishiga doir qisqacha ma’lumot bilan tanishib chiqqach, safoviylar ning arablarga bo‘lgan nafrati nimaga asoslanganini anglab yetishga urinib ko‘ramiz. Mazkur kitobdan biz arab tilining sir-asrorlari va so‘nggi yillarda ushbu tilga bo‘lgan mudhish malomatlar nimalarga tayanishidan xabar topamiz. O‘tgan ikki asr davomida Yevropa istilosidan xalos bo‘lishga qaratilgan arab harakatlari, xususan, Marokash, Jazoyir, Tunis va Liviyada olib borilgan ozodlik harakatlarining qahramonlari haqidagi hikoyalar bilan tanishib chiqamiz. Muvahhidlik tushunchasining keng ma’nosini tahlil qilamiz.

Mazkur asardan biz Ummon tarixi va buyuk Ummon imperiyasining shakllanish tarixini bilib olamiz. Islom ummatiga qarshi amalga oshirilgan salib yurishining tarixida to‘xtalib o‘tishdan oldin turk-saljuqlarning tarixi va salib yurishchilarining tajovuziga qarshi zarba berish bo‘yicha harbiy tadbirlar muqaddimasini tahlil qilib chiqamiz. Bunda biz g‘alaba qanday qo‘lga kiritilgani, «Salohiddin avlodi» qanday yuzaga kelganidan voqif bo‘lamiz. Iroq, Misr, Kuvayt va Janubiy Afrikadan chiqqan bo‘lib, kurrai zamin xalqlariga muvahhidlik ta’limotini yetkazgan qahramon xatiblarning tarixini o‘rganamiz.

Ushbu kitobda biz «tarixga tajovuz» konsepsiyasiga tushuntirishlar beradigan tarixiy nazariyaning asosiy mazmunini bayon etib o‘tamiz. Amalga oshirilgan ishlar natijasida butun Islomiy tarixdan chiroyli, batafsil ma’lumotlar keltirgancha, musulmonlar boshdan o‘tkazgan har bir tarixiy davr bog‘idan ajoyib guldasta yig‘ishga erisha bilamiz.

Asar sahifalarida biz quyidagi savollarga javob berishga urinib ko‘ramiz:

– «Tarixga tajovuz» nazariyasining asosiy mazmuni nimadan iborat? «Tarixga tajovuz qiladiganlar» kim o‘zi?

– Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatiga mansub eng birinchi buyuk inson kim bo‘ladi? Qaysi xizmatlari uchun u bunday mavqegaega bo‘lgan?

– Aka-uka Barbarossalarning tarixi qanday bo‘lgan? Qanday qilib ular minglab aybsiz jabrlanuvchilarni cherkovning mudhish qiynoqlaridan qutqarib qolishgan?

– Tarixi hammadan sir saqlangan Ariy kim bo‘lgan? Qanday qilib u o‘zidan keyingi tarixiy jarayonlarni o‘zgartirib yubora oldi? Nima uchun cherkov Ariyning tarixini hammadan, ayniqsa, o‘zining nasroniy qavmidan sir tutib keldi?

– Vizantiya imperiyasi tarixidagi eng buyuk imperator qanday qilib Islomni qabul qilgan? Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarlik risolati hali boshlanmagan davrda qanday qilib Yevropada muvahhidlik qiroligi vujudga keldi?

– Unutilmas Kadis muhorabasining tafsilotlari va ushbu jang sherlari kim bo‘lgan? Zallak bo‘sag‘asidagi shonli jang tarixi qanday bo‘lgan? Alarkos yaqinidagi uzil-kesil jangga qo‘mondonlik qilgan lashkarboshi kim bo‘lgan?

– Al-moraviylar (al-Murabitunlar) kim? Qanday qilib ular Afrika tarixida eng yirik imperiyaga asos solishga muvaffaq bo‘lishgan?

– Qaysi misrlik xatib Islomga da’vat qilgancha Yaponiya tomon yo‘l olgan? Islomni Afrikaning 20 ta davlatida ommalashtirgan barbar qahramon kim bo‘lgan?

– Abbosiylarning qaysi xatibi Yevropa shimoli tomon xavf-xatarga to‘la safarga chiqqan?

– Andalusiyada cherkov tomonidan sodir etilgan inkvizitsiya tarixi qanday bo‘lgan? Qanday qilib musulmonlar minglab aybsiz jabrlanganlarni cherkovning qiynoqqa solib o‘tkaziladigan sudlaridan qutqarib qolishgan?

– Safoviylar kim bo‘ldi? Ular qandy paydo bo‘lishgan, daf bo‘lishgan va yana paydo bo‘lishgan? Usmoniylar kim bo‘lgan? Ular qanday qilib vujudga kelishgan, g‘oyib bo‘lib, yana qaytishgan?

– Nikifor tomonidan yo‘llangan nomaning orqasiga xalifa Xorun ar-Rashid nima deb javob yozgan? Al-Mutamid ibn Abbad-chi, qirol Alfonso tomonidan yo‘llangan nomaning orqasiga qanday javob yozib qaytargan?

– Afrikalik qaysi hukmdor umrining bir necha o‘n yilini Amerikada qul sifatida o‘tkazgan? Makkaga tashrif buyurgandan so‘ng hayoti mutlaq o‘zgarib ketgan o‘sha Islom qahramoni kim edi?

– Ayol kishi Islom ummati tarixida tutgan o‘rni qanday? Ummatning buyuk ayollari o‘z xalqining yuksalishiga qanday hissa qo‘shgan?

– Nima uchun Islom ummatining asl tarixi sir saqlangan? Bundan kimlar manfaatdor? Nima uchun Islom tarixiga so‘nggi vaqtda g‘azabnok malomatlar yog‘dirilmoqda?

Yuqorida sanab o‘tilgan va ko‘plab boshqa, Islom ummatini hayajonga keltiradigan qiziqarli savollarga javob berish uchun mazkur asarda bitilgan hodiasalar bayoni bilan diqat-la tanishib chiqing! // Jihod At-TURBONIY. Islom ummatining 100 buyuk shaxsi

Tarix yo‘nalishini o‘zgartira olgan islom ummatining 100 nafar buyuk shaxslari

Loyiha muallifi va muharrir: Rahimjon ALI

Tarjimonlar: Shokir Dolimov, Xursand Ahmedov

Muqova dizayneri: Tursunxo‘ja Saydamatov, Boburjon Sotvoldiyev

Sahifalovchi: Habibulloh Shukrulloh

Musahhih: G‘iyosiddin Yusuf

Ushbu kitob O‘sh shahri, «SHAMS» nashriyot uyida nashrga tayyorlandi.

Istanbul: 2020. – 680 bet. – B. 4-10. (O‘zbekcha); Predisloviye. – 100 Velikix lyudey Islama. }اإلسالم أمة عظماء من مائة{; KITOB VA UNING TARJIMASI HAQIDA

Alloh taologa hamd, janobi Payg‘ambarimizga durudu salavotlar bo‘lsin!

Qo‘lingizdagi ushbu uzoq kutilgan kitob Allohning fazli bilan dunyo yuzini ko‘rib turibdi. U islom dunyosida mashhur va ko‘p o‘qilgan (bestseller) kitoblardan sanaladi. Uning muallifi Jihod At-Turboniy falastinlik tarix tadqiqotchisi, shoir va adibdir. Kitob bundan bir necha yillar avval arab tilidan rus tiliga tarjima qilinib, ommaga taqdim etilgan. Bugungi kunga qadar o‘z mavqeini saqlab kelmoqda. Kitob o‘tgan yili to‘liq holda qirg‘iz tilida, Bishkekda chop etildi va shu qatorda O‘zbekistonda ham ikkita kichikroq, tugallanmagan shakli nashr qilindi. Lekin to‘liq holda bo‘lmagani uchun kamina ojizda uning o‘zbek tilidagi to‘liq shaklini bitta kitob holida chop qilish fikri uyg‘ondi. O‘zbek tarjimoni, ustozimiz Shokir aka Dolimov bilan bog‘lanib, kitobning yarim tarjimasini oldik va qolgan yarmini o‘shlik talaba ukamiz Xursandbekka topshirdik. Alhamdulillah, ko‘p vaqt o‘tmay kitob tayyor holga keldi. Bu orada biz muallif bilan aloqaga chiqib, mualliflik huquqi va o‘zbek tilidagi nashri haqida kelishib oldik.

Bu kitobning arab, rus, qirg‘iz tilidagi boshqa nashrlaridan bir farqi bor. Kitobni nashrga beramiz deb turgan vaqtimizda muallifdan bu ulug‘ insonlarning ichidan Zumbi shaxsiyatini olib tashlab (shaxsiyatida ba’zi muammolar yuzaga kelgan ekan), o‘rniga boshqa bir ulug‘ zotni qo‘yishimiz, uning matnini tayyorlayotgani habari keldi. Shu bilan kitob yana biroz muddatga cho‘zilib qoldi. Alhamdulillohki, Alloh siz-u bizni bugun bu kitobni o‘z tilimizda o‘qishimizni nasib etdi.

Kitob yorug‘ dunyoni ko‘rishiga xizmati singgan ko‘plab jonkuyar, ilmsevar birodarlarimiz borki, ularning barchalariga Allohdan behisob ajrlar so‘rab qolaman. Kichik bir loyihamizga befarq bo‘lmaganlari uchun behad minnatdormiz.

Kitobdagi har bir buyuk shaxs, shubhasiz, Sizning hayot yo‘lingizga sarbon bo‘la olishi mumkin! Bu kitob, bir so‘z bilan aytganda, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifatdan uzoqlab borayotgan Islom ummatini uyg‘otuvchi bir kitobdir!


Rahimjon ALI shoir, noshir va tarjimon

Jihod At-TURBONIY. Islom ummatining 100 buyuk shaxsi

Tarix yo‘nalishini o‘zgartira olgan islom ummatining 100 nafar buyuk shaxslari

Loyiha muallifi va muharrir: Rahimjon ALI

Tarjimonlar: Shokir Dolimov, Xursand Ahmedov

Muqova dizayneri: Tursunxo‘ja Saydamatov, Boburjon Sotvoldiyev

Sahifalovchi: Habibulloh Shukrulloh

Musahhih: G‘iyosiddin Yusuf

Ushbu kitob O‘sh shahri, «SHAMS» nashriyot uyida nashrga tayyorlandi.

Istanbul: 2020. – 680 bet. – B. 3. (O‘zbekcha); О книге и ее переводе. – 100 Вели- ких людей Ислама. }اإلسالم أمة عظماء من مائة{.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0