Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Muqaddima

Har vaqtiki ko‘rgaysen mening so‘zumni,

So‘zumni o‘qub sog‘ingaysen o‘zumni. – Bobir, 1528 yil.


Bobur nomi aytilganda baʼzilar uni shoir deb biladilar. Bir chekkasi, bu tushuncha to‘g‘ri ham: Bobir g‘azallari juda jozibador, har kimga manzur. Alisher Navoiydan keyin o‘zbek adabiyotining eng yirik vakili Bobir ekanligini barcha tan olgan. Bobirning o‘zi ham Navoiydan so‘ng eng “ko‘p va xo‘b” yozganman deydi.

Ammo Bobir faqat shoirgina bo‘lmay, podshoh va sarkarda, tarixchi va mashshoq, ovchi va bog‘bon, sayyoh va binokor ham bo‘lgan. Bobir O‘rta asrning ulug‘ bir tarixiy namoyandasi ekanini hamma eʼtirof etadi. Afg‘oniston bilan Sovet Ittifoqi do‘stligiga bag‘ishlab Kremlda o‘tkazilgan mitingda atoqli sharqshunosimiz S.P.Tolstov: «...farg‘onalik Zahiriddin Bobir – Sharqdagi Uyg‘onish davrining eng atoqli siyosiy va madaniy arboblaridan biridir» degan edi.

Shu bilan birga, Bobir o‘z davrining farzandi, feodal ekspluatator sinflar namoyandasi bo‘lganligini ham hech kim inkor eta olmaydi. Bobir – ziddiyatli shaxs. U goh jang maydonini qo‘msaydi, goh yengadi, goh yengiladi, shikast topadi, bemurod yonadi, quvg‘inga va tahqirga uchraydi. U oltin va kumush sochiqlarni tergan, qahraton qishda anhor muzini sindirib, 16 marta suvga sho‘ng‘igan, quloqlarigacha qorga ko‘milib, tunlarini o‘tkazgan. O‘zi taxtparast amirzoda bo‘lsa-da, kezi kelganda podsholik daʼvosidan voz kechadi. Bazmparast, ochko‘z beklardan nafratlanadi. U hayotida ko‘p xatoliklar qilgan, qarindosh-urug‘laridan kuygan. Ammo odamiyligi ham ko‘p bo‘lgan. Shoh Bobir volidasini eʼzozlaydi, yor oldida bosh egadi, diniy xayrixohlik va hamkorlikni ustun ko‘radi – unga shia ham, sunna ham, musulmon ham, majusiy hindular ham teng odamzod. Axir, Qurʼonni boshqacha alfavitda ko‘chirtirib, Makkaga yuborishga har «banda» ham jurʼat eta olmasdi-da!

Bobir Sharqning gumanist shoirlari izidan borib, odamlar orasida mehru vafo urug‘ini sochishga, yaxshilikka butun vujudi bilan intiladi (O‘SE, t. 2).

Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur, * Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur. * Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonliq hargez: * Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidir.

Bobir – «ilm kerak, ilm kerak» deb, ilm va maʼrifatni targ‘ib qiladi. Tevaragiga olimlar, sanʼatkorlar, meʼmorlar, shoirlarni to‘playdi, munozaralar o‘tkazadi. «Aql va ilmlar dengizi»Ulug‘bekni ulug‘laydi. 1500 yilda u Samarqandda Alisher Navoiydan maktub olgan, o‘zi ham unga maktub va bayt yozib yuborgan.

Bobirning Hindiston podshosi sifatida Rus davlatining «Ulug‘ knyazi» Vasiliy Ivanovichga, Moskvaga, elchi Xo‘ja Husaynni yuborgani, nomada do‘stlik va qardoshlikda bo‘lish, kishilarning o‘zaro borish-kelishlari hamda hol-ahvollarini ko‘rishlari istagini bildirgani ham maʼlum. Afsuski, bu noma ancha kechikib, faqat 1534 yilning sentabridagina yetib kelgan edi.

Hindistonda to inglizlar bostirib kelguncha hukmronlik qilgan bobiriylar davrida (Humoyun – 25 yil, Akbar – 50 yil, Jahongir – 22 yil, Shohjahon – 30 yil va Avrangzeb – 48 yil podsholik qilgan) ajoyib tarixiy yodgorliklar yaratildi; eng muhimi – bobiriylar turli eʼtiqoddagi kishilarni, hindu bilan musulmonlarni mumkin qadar birlashtirib, har ikkalasini davlat ishlariga jalb qilib, XVI asrdan XVIII asrgacha Hindistonni bir qadar mustaqil davlat sifatida saqlab kelganlar.

Umuman, Hindiston davlat arboblari va olimlari Bobir haqida, uning avlodlari to‘g‘risida ijobiy fikrdalar; ularni Hindistonni talab ketmagan, balki knyazliklarni birlashtirib, yirik davlat barpo etgan arboblardan deb hisoblaydilar.

Bu haqda marhum Bosh ministr Javoharlal Neruning «Hindiston tarixi», «Hindistonning kashf etilishi» nomli asarlarida va boshqa kitoblarida qimmatli mulohazalar aytilgan.

J.Neru bunday degan: «Bobir dilbar shaxs, Uyg‘onish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor shaxs bo‘lgan. U sanʼatni, adabiyotni sevgan, hayot nafosatidan lazzatlana bilgan. Uning nabirasi Akbar yana ham dilbarroq va ko‘p yaxshi fazilatlarga ega bo‘lgan... Bobirning Hindistonga kelishi tufayli Hindistonda buyuk o‘zgarishlar sodir bo‘ldi, sanʼatda, hayotda, meʼmorchilikda va madaniyatning boshqa sohalarida yangicha serilhom taraqqiyot yuz berdi».

Garchi Bobirning hayoti va ijodi to‘g‘risida turli tillarda izohotlar, maqolalar, roman va hikoyalar, dissertatsiyalar yozilgan hamda turli ilmiy tekshirishlar olib borilgan bo‘lsa-da, Bobirning tabiiy fanlar sohasidagi ulkan merosiga bag‘ishlangan biron maxsus asar yo‘q. Bobir faoliyatining bu tomoniga hozirgacha yetarli eʼtibor berilmay keldi. Bobir asarlaridan tabiatshunoslik, o‘lkashunoslik maqsadlarida va geografiya fani uchun juda kam foydalanilmoqda.

Sovet Ittifoqida nashr etilgan va Hindiston hamda Afg‘oniston geografiyasi yozilgan yirik asarlarda ham Bobir nomi tilga olinmagan. Uning asarlarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, ularning geografiya va tabiiyotga doir maʼlumotlarga juda boy, Bobirning o‘zi esa ajoyib o‘lkashunos, tabiatshunos, olim, jasur sayyoh ekani maʼlum bo‘ladi.

Biz Bobirning umuman tabiiy fanlar sohasidagi va xususan O‘rta Asiyo, Afg‘oniston hamda Hindiston geografiyasiga doir merosini qo‘ldan kelgancha o‘rganishni maqsad qilib, Farg‘onadan boshlab Afg‘oniston orqali to Hindistonning janubiga qadar Bobir izidan ozmi-ko‘pmi sayohat qildik. Bobirga aloqador joylarning foto-rasmlarini oldik. Kartasini tuzdik, baʼzi qo‘imcha rasmlarni ham topdik. Ayni vaqtda hurmatli bobirshunoslarning asarlaridan xiyla bahramand bo‘ldik.

Kitobchamiz qo‘lyozmasini o‘z vaqtida ko‘rib chiqib, ustodlarcha maslahat bergan marhum akademik Yahyo G‘ulomov xotirasi sira unutilmas. O‘zining mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan tarix fanlari doktori Bo‘rivoy Ahmedovdan g‘oyat minnatdormiz.

Bu risolamiz «Bobirnoma»ga kichik bir sharh vazifasini o‘tar degan umiddamiz.


HASANOV, Hamidulla. Bobir sayyoh va tabiatshunos.

Retsenzent: Bo‘riboy Ahmedov. –T. “O‘zbekiston”, 1983. – 62 b., rasm. – 3-5. (O‘zbekcha); Предисловие. – Бабур путешественник и природовед.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0