Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Andijon shahri tarixidan lavhalar

Arxeologlar O‘rta Osiyo shaharlarining vujudga kelishi va O‘rta asrlargacha rivojlanish tarixining ayrim davrlarini aniqladilar. Masalan, muayyan hududdagi kasbdosh odamlar va dehonchilik bilan shug‘ullanuvchilarning atrofi devor bilan o‘rab olingan qal’ali qishloqlari dastlab rivojlangan jez (bronza) davriga (eramizdan avvalgi III-II ming yilliklarga) to‘g‘ri keladi. Bu – O‘rta Osiyo shaharlari taraqqiyotining dastlabki bosqichidir. Janubiy Turkmanistondagi Nomozgoh depa, Oltin depa, Ulug‘ depalar shunday qal’ali qishloqlar qoldiqlari bo‘lib, qadimgi Sharq tipidagi shaharchalar hisoblanadi. II ming yillik oxiri va I ming yillik boshlarida antagonistik sinfiy jamiyat vujudga kela boshlashi bilan O‘rta Osiyoning shu hududida shakllangan, hajman kichik qal’ali shaharlar paydo bo‘ladi. Ular ma’lum darajada dehqonchilik rayonining markaziga aylanadi, atrofi mustahkam devorlar bilan o‘rab olinadi, mol almashishga asoslangan hunarmandchilik savdosi uchun ham markaz rolini bajaradi.


Farg‘ona vodiysida ham xuddi mana shu tipdagi shahar rolini o‘ynagan 40 tacha makon arxeologlar tomonidan aniqlandi. Bularning eng kichigining maydoni 0,5 gektar (Zarg‘aldoq tepa, Chinboy tepa, Sho‘r tepa va hokazo), o‘rtachasi – 4 gektar (Chust), eng kattasi – 15 gektardan ortiq (Dalvarzin tepa, Ashqal tepa) bo‘lgan. Arxeologik izlanishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, shahar tipidagi bu qal’alar bronza davrining so‘nggi asrlarida va navbatdagi temir davrining dastlabki asrlarida o‘lka iqtisodiy taraqqiyotida va madaniy rivojida muhim ahamiyat kasb etgan.


Shaharlar taraqqiyotining navbatdagi davri Farg‘onada eramizdan oldingi I ming yillik o‘rgalariga to‘g‘ri keladi. Bu davrning yagona yodgorligi Andijondagi Eylaton makonidir. Uning umumiy maydoni 200 gektar, faqat ichkari qal’a qismi – 20 gektar. Sopol buyumlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan kulolchilik charxining, shuningdek, ko‘plab temir ashyolarning topilishi bu yerda hunarmandchilik yaxshi taraqqiy etganligini ko‘rsatadi. Bu yerda ma’lum ma’noda urbanizatsiya ham boshlanadi, ya’ni taraqqiyotda shahar roli ortib boradi.


Shahar tipidagi qal’ali yirik qishloqlar Farg‘ona vodiysida meloddan avvalgi III-II asrlardan yangi eraning III-IV asrlari o‘rtasiga qadar nihoyatda ko‘payadi. Bu davrda dehqonchilik bilan shug‘ullaiuvchi aholi deyarli butun vodiy yerlarini o‘zlashtiradi. Shuning uchun juda ko‘p joylarda, mayda vohalarda, suv taqsimlash rayonlarida katta-katta qal’ali qishloqlar paydo bo‘ladi.


Arxeologlar aniqlagan mazkur makonlar qadimiy yozma manbalarda ham tilga olingan. Masalan, shunday manbalardan biri Farg‘onada «70 dan ortiq katta vakichik shahar» bo‘lganligi haqida ma’lumot beradi. Grek manbalarida esa ular «erimata» deb atalgan. Katta shaharlar ikki qator: tashqi va ichki devor bilan o‘ralgan. Natijada shahar ikki qismga bo‘linib turgan. 70 shaharning biri bo‘lgan Ershi (Marhamat)da o‘shanday ikki qatorli devor aniqlangan. O‘zganda ham shunday devor o‘rni bor. Professor A.N. Bernshtam tekshirishlariga qaraganda. O‘sh yaqinidagi Qashqar qishloqda saqlangan Choch tepa o‘sha qadimiy shaharlardan biri deb taxmin qilinadi. Lekin hali qal’ali mustaqil shahar va shaharchalar o‘rni to‘laligicha topib aniqlanganicha yo‘q. Shu bois O‘zbekiston arxeologlarining galdagi vazifalaridan biri eramizdan oldin mavjud bo‘lgan barcha katta-kichik shaharlarning o‘rnini izlab topish va tekshirishdan iboratdir.


O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti Andijon viloyati ekspeditsiyasinnig mazkur risola muallifi ishtirok qilgap 1975 yilgi tekshirishlarida shaharning shimoli-sharqiy tomonida – qadimgi Farg‘onaning «Miyon Rudon» viloyatida o‘shanday qal’ali shahar izlari «Xavuskan» nomli tepaliklar kompleksida uchragan edi. Kompleksdagi tepaliklarning ko‘p qismi buzilib ketgan, ammo qadimiy devorning ostki qoldiqlari saqlanib qolgan. Qariyalarning hikoya qilishlaricha, devor 9 paxsali, ikki qatorli bo‘lgan (devorning 20 metrcha nurab ketgan qismi Ulug‘ Vatan urushi yillarigacha saqlangan bo‘lib, faqat 1948-1950 yillardan so‘ng tepaliklar bilan birga buzib tashlanadi va ekinzor yerlarga qo‘shib yuboriladi). Qal’a ichi taxminan 30 gektarni egallaydi. Bunday «shahar» va shaharchalarning paydo bo‘lishi sinfiy jamiyat hamda davlatning rivojlanib borishi natijasi edi. Bundan tashqari, savdoning, ayniqsa, xalqaro savdoning rivojlanishi ham hunarmandchilik markazlariga aylanayotgan bunday makonlar taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.


Yuqorida keltirilgan faktlar, arxeologlarimizning tekshirishlari va bu haqda qator ilmiy anjumanlarda berilgan axborotlar shahrimiz Andijonning ham dastlab paydo bo‘lgan davrini aniqlashga imkon beradi.


Boshqa ko‘plab shaharlar qatori Andijonning ham dastlabki vujudga kelish tarixi yozma manbalarda saqlanmaganligi, arxeologik tekshirishlar hali yetarli darajada emasligi sababli shahar tarixiga doir turli afsona va rivoyatlar ko‘paydi. Bu hol ko‘pincha tarixchilarning chalkashliklarga yo‘l qo‘yishlariga olib keldi.


Andijonning paydo bo‘lishi masalasidagi dastlabki fikr akademik V.V. Bartold tomonidan aytilgan edi. U «Islom ensiklopediyasi» uchun yozgan «Farg‘ona» maqolasida «Andijon Xaydu va Tuva tomonidan (XIII asr – S.J.) qurilgan», deb yozadi (Qarang: V.V. Bartold. Sochineniya, tom III, M., 1965, 534-bet). Xuddi shu fikrni keyinchalik «Turkistonning sug‘orilish tarixi» nomli mashhur asarida ham takrorlaydi. Ammo «Andijon» nomli maqolasida: «Shahar Andukon IV (hijriy), X (melodiy) asrdayoq tilga olinadi, aftidan, VII-XIII asr oxirida Mo‘g‘ul hokimlari Tuva va Xaydu tomonidan qayta qurilgan», deb ko‘rsatadi.


Fikrimizcha, V.V. Bartoldning «Andijon» maqolasida qilgan xulosasi to‘g‘ri, aftidan, u XIV asrda yashab o‘tgan tarixchi Hamdulloh Qazviniy ma’lumotiga asoslangan. Chunonchi, u «Nuzhat ul-qulub» asarida Andijonni «Mo‘g‘ul xonlaridan Xaydu na Tuva obodlashtirdi» – «Qaydu... va Duva... Obodon gardonidand» («Nuzxat ul- qulub». Litografiya, Bombay, 1893, Sharqshunoslik instituti. Inv. № 3768, 334-bet), deb yozadi. Bu – mantiqan hukm qilinganda, Andijon ilgari ham ma’lum bo‘lganidan dalolat beradi. X asr arab geograflaridan Istaxri (Abu Is’hoq Ibrohim ibn Muhammad) Farg‘onaning Quyi Niso viloyatidagi shaharlar qatorida Andukonni hisoblab o‘tadi. Modomiki, arab sayyohi kelganda Andukon shahar sifatida ma’lum ekan, bu shahar – XIII asrda paydo bo‘lgani haqidagi fikrni mantiqan inkor etadi.


Boshqa bir chalkash fikr «Andijon» so‘zini «Andi» degan qabila yoki urug‘ nomidan olinganini isbotlashga urinishdir. Dastlab bu chalkashlik rus missioner o‘lkashunosi V. Nalivkinning o‘tgan asr oxirida Qo‘qon xonligi tarixidan yozgan asari chiqqandan so‘ng boshlandi. Muallif bu kitobda Farg‘ona vodiysidagi shaharlar tarixini aniqlash nihoyatda mushkulligidan, bu haqda yozma manbalarda xabar yo‘qligidan va birontasiga ham ishonib bo‘lmaydigan afsonalar tarqalib ketganidan afsuslanib yozadi. So‘ngra Andijonning paydo bo‘lishi haqidagi og‘zaki xabarni, ya’ni keyin o‘zbeklashib ketgan urug‘lardan «andi» nomidagisi o‘rnashib, shundan keyin Andijon nomi va shahri paydo bo‘lgani haqidagi naqlni keltiradi. Shunisi ham borki, bu naql Andijonliklar emas, namaganliklar orasida tarqalganligini aytadi (Qarang: V. Nalivkin. Kratkaya istoriya Kokandskogo xanstva. Kazan, 1886, 5-bet).


V. Nalivkin asari chiqqanidan buyon mana yuz yildan ortiq vaqt o‘tdi. Ammo tarixiy, etnografik tekshirishlarda haligacha bu og‘zaki xabar isbotlangani yo‘q. «Andi» haqida bironta yozma manbada fakt topilmadi. Ilmiy adabiyotlarda e’lon qilingan 92 ta o‘zbek urug‘i ichida «andi» yo‘q (hatto Mahmud Qoshg‘ariypiig mashhur «Devonu lug‘atit-turk» mo‘tabar asarida Farg‘onadagi chigil, arg‘u (arg‘in) urug‘lari sanab o‘tiladi, xolos). Ayniqsa, tarix fanlari nomzodi L. Juvonmardiyev «Yer va el» jurnalining 1964 yil 3-sonida bosilgan maqolasida «Andijon» so‘zining etimologiyasi haqida so‘z yuritib V. Nalivkinning o‘sha tayyor gapini aynan ko‘chirib qo‘ya qolgani kishini taajjubga soladi.


Bu tayyor fikr keyinchalik boshqa manbalarga ham ko‘chib o‘tdi. Tadqiqotchi H. Nurmuhamedov ham «Fan va turmush» jurnalining 1972 yil 3-sonida Andijon tarixidan gap ochib, A. Juvonmardiyevchasiga yo‘l tutadi...


Xullas, «Andi» qabilasi haqidagi haligacha isbot qilinmagan fikr shuncha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Bunday xom fikr-mulohazalarning u manbadan bu manbaga ko‘chib yurishiga sabab – Andijon tarixini o‘rganish bo‘yicha maxsus ilmiy tekshirish ishlari olib borilmaganligidadir. Xo‘sh, keyingi yillarda olib borilgan izlanishlar natijasi nimalarni ko‘rsatdi?


Arxeologlarimizning shu vaqtgacha olib borgan tekshirishlarini o‘rganish, Farg‘ona vodiysi sharqiy rayonlarini sinchiklab tekshirish Andijon eramizdan oldingi II-I asrlardagi 70 ta shahar va qal’ali qishloqning biri edi, degan xulosaga olib keladi. Arxeologik tekshirishlar shuni ko‘rsatadiki, bunday qal’a istehkomli shaharlar va shahar tipidagi qishloqlar Moylisoy, Qoraungur, Kosonsoy, Qurshob, Oqbo‘ra, Aravonsoy kabi bahorda suvi serob bo‘ladigan tog‘ soylarining etak qismlaridagi balandliklarda joylashgan va atrofdagi dehqonchilik qilinadigan yerlarga tutash bo‘lgan.


Manbalarga asoslaiib o‘tkazgan tekshirish-larimizda janubdan oqib keladigan Oqbo‘ra daryosi qadimgi davrda hozirgi Andijonning sharqidan aylanib o‘tib, Qoradaryoga qo‘shilgani isbotlandi. Buni forscha geografik qo‘lyozma manba «Hudud-al-olam» asari ham tasdiqlaydi. Unda O‘sh (Oqbo‘ra) daryosi O‘zgan daryosi (Qoradaryo)ga qo‘shilgani aytiladi. Ekspeditsiya chog‘ida Oqburaning eski o‘zanini qidirib, uni shaharning janubi-sharq tomonidan, adir ortidan topdik, u hanuzgagacha yaxshi saqlangan. Andijonning qadimiy o‘rni Oqbo‘ra daryosining quyi oqimida, ya’ni hozirgi eski shahar qismining sharqiy tomonida ekanligi aniqlandi. Andijon yerlari va aholisi juda qadim zamondan Oqbo‘ra daryosi suvi bilan ta’minlanganligi irrigatsiya tarixida ham isbot qilingan. Oqbo‘ra daryosining boshlanish qismida dehqonchilik rivojlanib, daryodan Andijonga suv kelmay qola boshlaganidan so‘nggina hozirgi Andijonsoy orqali Kampirravot-dan suv keltirilganki, bu haqda risolamizning keyingi qismlarida batafsilroq to‘xtalamiz.


Andijon eramizdan avvalgi II-I asrlar va yangi era boshlarida ham mavjud bo‘lganki, bunga bnz 1968 yili shaharning O‘rta asr ark devori qoldiqlarini (hozirgi Haqiqat ko‘chasi bo‘ylab hovlima-hovli yurib) tekshirganimizda, uning ostki qismida ilgarigi devor qoldiqlari mavjud ekanligini ko‘rgani-mizda iqror bo‘ldik. Bu – shaharning O‘rta asrda qurilgan ark devori qandaydir qadimiy boshqa devor qoldig‘i o‘rnida qurilganligidan dalolatdir.


Shunday qilib, barcha arxeologik tekshirish xulosalarini, mavjud yozma manbalardagi ma’lumotlarni qiyosiy taqqoslash va shahar atrofi rayonlari irrigatsiyasi tarixini o‘rganish Andijon meloddan ilgarigi II-I asrlarda paydo bo‘lganligini tasdiqlashga to‘la asos beradi. Tarixiy manbalardan ma’lum bo‘lishicha, bu davrda aholi sholi, arpa, beda ekkan, ko‘plab uzum yetishtirgan, uzumdan ajoyib musallas tayyorlagan, uni katta xumlarda necha yillab saqlashni bilgan. Ana shunday xumlar yer qazish, arxeologik tekshirishlar o‘tkazish chog‘ida tez-tez uchrab turdi.


Melodiy I-IV asrlarda umuman O‘rta Osiyo tarixida Kushon davri boshlanadi. Keyingi tekshirishlarning ko‘rsatishicha, Kushon imperiyasining chegarasi Farg‘onagacha yetmagan.


Bu davrda quldor-lik tuzumi ancha rivojlangan. Qoradaryo va uning yuqori oqimidagi hududlarda, O‘zgan va Gulcha atrofida hamda tog‘ soylarining yuqori oqimlarida (Jalolobod va Olabuqada) Kushon davriga xos katta patriarxal oilalar joylashgan baland ko‘rg‘onlarning tepalik shaklidagi vayronalari uchraydi. Bu hol sug‘orma dehqonchilik rivojlanib, tog‘ soylari va daryolarining boshlanish qismida ham kichik maydonlar o‘zlashtirilib, iqtisodiy taraqqiyot miqyosi kengayganligini ko‘rsatadi. Andijon kabi tekislikda joylashgan qal’ali yirik qishloqlar atrofida chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi qabilalar yashagan va o‘rtada mol ayirboshlash bo‘yicha savdo munosabatlari o‘rnatnlgan.


VI asr oxirida Yettisuvda, Tyan-Shan tog‘larida paydo bo‘lgan turk xoqonligi Farg‘onaga ham o‘z hukmini o‘tkazadi. Har bir kichik vohada iqtisodiy markaz shaklida alohida shaharlar vujudga ksla boshlaydi. Ana shunday shaharlar-dan biri Axsikat keyinchalik Farg‘ona vodiysining asosiy iqtiso-diy markazi bo‘lib qoladi. Manbalardan ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona vodiysidagi yirik dehqonchilik vohalarining markazi sifatida 6 ta yirik shahar asosiy rol o‘ynay boshlagan. Tekshirishlar, taqqoslashlarga qaraganda, ular g‘arbda – Keyd (Konibodom), sharqda – Andijon, O‘zgan, O‘sh, sharqi-janubda – Kubo (Quva) va shimolda – Axsikat bo‘lgan, Xo‘jand va Isfara alohida viloyatlarning sobiq markazlari edi. Umuman esa shaharlar va qal’a shaklidagi qishloqlar (Aravon, Novqat, Qurshob, Haqqulobod) kabi qadimiy mayda shaharlarni ham hisoblanganda, ularning soni hammasi bo‘lib yuztaga yetgan.


Andijon ana shu davrdan boshlab hunarmandchilik rivojlanayotgan haqiqiy shaharga aylana boradi hamda o‘z atrofidagi dehqonchilik rayonlariga nisbatan markaz sifatida mustahkam o‘rin tuta boshlaydi. VIII asrda shahar va uning atrofiga Norin, Ketmon tepa, Olabuqa tomonidan ko‘chmanchi turk qabilalari ko‘chib keladi. Natijada shahar va uning atrofidagi xalqlarning turklashish jarayoni jonlanadi. Ko‘p joylarda qishloqlar, makonlarning nomlari turkchasiga atala boshlaydi.


Endi «Andigon» nomiga kelsak, shuni aytish kerakki, ayrim olimlarimiz (masalan, akademik Ya.G‘. G‘ylomov) fikricha, u qabila, urug‘ nomidan olinmay, biron qadimiy joy nomi yoki ma’lum kasbdagi kishilar guruhining nomi bo‘lishi ham mumkin. Arab yozuvida «g» harfi yo‘qligi sababli bu nom avval «Andikon», keyinchalik esa «Andijon» shaklida yozma manbalarga kirgan.


Shuning uchun shaharning qadimiy turkcha nomi boshqacha emasmikan? – degan fikr ham mavjud. Ushbu fikrni bizga birinchi marta taniqli tilshunos olim, filologiya fanlari doktori marhum S. Ibrohimov aytib, tekshirib ko‘rishni maslahat bergan edi.


Buni isbot qilish uchun biz quyidagi faktlarga asoslanamiz: «Lug‘ati chig‘atoyi va turki usmoni» nomli lug‘atda (Istambul, 1881, 7-bet) «Adoq» so‘zining bir ma’nosiga shunday ta’rif berilgan: «Adoq» – Turkistonda voqe’ Andijon shahrining ismi qadimiysidir», «Adoq» so‘zining ushbu ta’rifiga lug‘at muallifi quyidagi she’riy misolni keltiradi:


«Yuz – ikki yuzcha kishi birla qozoq,

Ki biri Xorazm erdi, gahi Adoq».


Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘atit-turk» asarida esa «Azg‘ish» (yoki «Adg‘ish») deyilgan va joy nomi ekanligi ham aytilgan. «Adoq», «Adg‘ish» so‘zlari ustida ayrim tilshunos olimlar bilan fikr almashganimizda, shu narsa ma’lum bo‘ldiki, bularning barchasida bitta «ad» o‘zagi bo‘lib, u «adoq» – «azoq» ma’nosida 92 o‘zbek urug‘idan birining nomini bildiradi.


Fonetika qoidasiga qo‘ra, ayrim harflar talaffuzda almashinib ketish hodisasi bor (chunonchi, azoq-adoq-ayoq; azg‘in-arg‘in, quzuq- quduq va hokazo).


Shunga ko‘ra, marhum S. Ibrohimov fikricha, shaharning hozirgi Andijon nomi aslida «Adigon» bo‘lib,«Ad» o‘zagi orasiga keyinchalik «n» harfi qo‘shilgan va «A(n)dgon» yoki «A(n) digon» tarzida fonetik jihatdan o‘zgarib ketgan bo‘lishi mumkin. Ehtimol, shu bois X asr arab geograflari uni Andukon» shaklida qabul qilgandirlar. Masalaga bu tomondan yondashib, yanada aniqlik kiritishni turkolog-tilshunoslarimizga havola qilamiz. Ularning ta’kidlashlari-cha, bu xildagi o‘zgarishlar ko‘plab uchraydi. Darhaqiqat, tarixda nomi o‘zgarib ketgan shaharlar ham ko‘p. Masalan, Ustrishona shahri hozir Uratepa, Shosh, Choch – Toshkent, Kesh – Shahrisabz, Ro‘shidon – Rishton, Bob – Pop va hokazo bo‘lib o‘zgarib ketgani ma’lum. Shahar nomi borasida bahs yuritar ekanmiz, bu faktlarni ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. XV asr mahalliy manbalarida shahar nomi avvalgi «Andugon»dan asta-sekin «Andijon» shaklida yozila boshlaydi. Masalan, «Abdurazzoq Samarqandiyning «Matlai-sa’dayn va majmai-bahrayn» asari (T. «Fan», 1969) da dastlabiga «Andugon» deb keltirilgan bo‘lsa, so‘nggida, ya’ni Umarshayx haqidagi sahifalarida «Andigon», hatto «Andijon» deb tilga oladi. XVII asrda yaratilgan «Torixi Qoshg‘ar» qo‘lyozma asarida ham XVI asrdagi voqealar bayonida necha martalab «Andijon» deb ishlatilgan. Bu faktlar shahar nomining shu yo‘sinda sekin-asta o‘zgarib ketishi haqidagi xalq etimologiyasida saqlanib kelayotgan naqlga ham izoh bo‘lishi mumkin: shaharning obodonligi, ko‘rkamlashib ketgani va ko‘p jihatdan qayta qurilgani haqidagi tushuncha, uning qulay iqlim sharoiti, suvga serobligi haqidagi tasavvur bilan qo‘shilib, nomi “Andajon” bo‘lib o‘zgargani haqida (ya’ni «Anda jon bor», «jonning rohati u joyda» ma’nosida) og‘zaki dalillar bor. Shoirlar o‘z ijodida shaharga «Anda qoldi jon», «Ozodagon» degan lirik ta’riflar ham berishgan. Tarixda shahar nomlari mana shunday tasodiflar natijasida o‘zgarib ketgani haqida ham faktlar ko‘p. Masalan, ko‘hna Kesh shahri nihoyatda ko‘kalamzorlashib, obodonlashib ketganligi sababli keyinchalik «Shahrisabz» deb atalib qolgan. Shuningdek, Xirotning «Hiriy», Qo‘qonning «Xo‘qandi latif» deb atalishiga sabab bu yerlarda adabiyot va san’at rivojlanganligiga berilgan nisbatlardir. Shahar nomlarining inson faoliyati tufayli yuzaga kelgan tashqi omillar ta’sirida o‘zgarishi bizning darimizda ayniqsa ko‘proq ro‘y bermoqda. : Masalan, Mirzacho‘ldagi shahar – «Guliston», Eski qovunchi – «Yangiyo‘l», Izboskan – «Madaniyat» deb ataladi. Bunday misollar-ni ko‘plab keltirish mumkin.


Shunday qilib, yuqorida aytgani-mizdek, Aidijon VI-VII asrdan boshlab shaharga aylanib borgan. Uning o‘rni geografik jihatdan ham, strategik jihatdan ham qulay bo‘lgan. Shimol tomoni Qoradaryo, sharq tomoni Oqbo‘ra daryosi, janubi adirlik, g‘arbi esa to‘qayzor va botqoqlik bilan o‘ralgan. Strategik jihatdan sharqda Kampirravot daryosi orqali O‘zgan bila naloqa yo‘lida joylashganligi tufayli keyinchalik shahar mavqei har tomonlama ortib borgan. Arablar istilosidan so‘ng islom dini tarqalib, barcha shaharlarda katta masjid qurish rasm bo‘lgan. Shaharning qadri va ahamiyati masjid bor-yo‘qligiga qarab belgi-langan. Arab geografi va sayyohi Maqdisiy axborotiga qaraganda, Farg‘onada X asrda 40 dan ortiq masjidli shahar va katta qishloq-lar bo‘lgan.


 Bular orasida Andijon sharqdan Ergashtom – O‘zgan orqali o‘tgan savdo yo‘lining markazi – Axsikatga olib boradigan tarmog‘i ustida joylashganligi tufayli ilk O‘rta asrdayoq uning ham siyosiy, ham iqtisodiy ahamiyati orta borgan. Farg‘ona viloyatida hukmronlik qilgan Qarluq turklarining yabg‘ulari (hokimi) ham, so‘ngra g‘olib kelgan arablar ham sharqiy davlatlar bilan savdo aloqalarini rivojlantirish uchun Andijonni qo‘ldan bermaslikka urinishgan va unga juda katta e’tibor berishgan. Ayniqsa, Farg‘onaning arab hokimlaridan Ahmad binni Asad, uning ukasi Nuh va ularning avlodlari davrida (819-864 yillar) endigina islomlashtirilgan bu o‘lkani qo‘ldan bermaslik uchun ko‘p ishlar qilingan.


IX-X asrlarda umuman Farg‘ona viloyati va uning barcha shaharlari, atrof rayonlaridagi dehqonchilik qishloqlari iqtisodiy va madaniy jihatdan birmuncha rivojlangan. Uning O‘rta Osiyoda egallagan iqtisodiy mavqei ortib borgan. X asr arab geograflari Farg‘onadagi shaharlarni sanab o‘tadilar va uning uchta viloyatga taqsimlanganini yozadilar.


Farg‘ona mulki Vog‘iz (shimol), Nisso (tekislik qismi) va Miyon Rudoy (Norin bilan Qoradaryo o‘rtasi) viloyatlariga taqsimlangan. Endi IX-X asrlarda ushbu viloyatlarda mavjud bo‘lgan yirik shaharlarga to‘xtalib o‘tamiz.


Vog‘izda eng yirik shahar Axsikat, so‘ngra Bob (hozirgi Pop) shahri bo‘lgan. Nisso viloyati esa Farg‘ona vodiysining janubiy tomonidan o‘tgan qadimiy savdo yo‘li ustida. Xo‘janddan so‘ng Qend (Konibodom), Ro‘shidon (Rishton), Kubo (Quva), O‘sh shaharlari joylashgan. Quyi Nissoda Marg‘ilon, Ushtikon (yoki Ustikon – qayerdaligi noma’lum); Qoradaryo bo‘yida – Axsikat yo‘lida Andijon joylashgan edi. Miyon Rudon viloyatida joylashgan mayda shaharchalar va masjid qurilgan qal’ali qishloqlarni aniqlash ancha mushkuldir. Chunki ular o‘rnidagi hozir mavjud qishloqlarning nomidan biron nishon qolmagan. V.V. Bartold Haylam shahri hozirgi Ketmontepa o‘rnida bo‘lgan deb taxmin qiladi. Bundan tashqari, yana Shikid, Biskand, Selot, Haftdah kabi kichik shaharlar bo‘lganki, bularning vayronalarini izlab topish va tekshirish arxeologlarning kelgusidagi vazifasidir. Jomon Dovon, Ergashtom orqali Qoshg‘ardan o‘tgan eng qadimiy karvon savdo (ipak) yo‘li O‘zganga kelib ikkiga bo‘lingan: biri – O‘sh, so‘ngra Ershi va Quva orqali Rishton, So‘x, Kendni bosib o‘tib Xo‘jandga kelgan va Ustrushona, Shosh kabi qo‘shni viloyatlar tomon ketgan. Ikkinchi tarmog‘i Qoradaryo bo‘ylab Kampirravot orqali Andijonga tushgan va bu yerdan Marg‘ilon orqali shimolga – markaz Axsikatga, undan Bobga kelib dovon osha Iloq (Angren) shahriga o‘tgan. X-XI asrdagi Farg‘onaning iqtisodiy taraqqiyotida, xalqaro aloqalarning o‘sishida, ayniqsa shahar taraqqiyotida anchagina yuksaklikka erishgani, o‘z navbatida, madaniy hayotga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu o‘rinda qaysi shaharda yashaganini aniqlash qiyin bo‘lsa-da, IX asr oxiri, X asr boshlarida yashab ijod etgan astronomlar Abul-Abbos Ahmad binni Muhammad binni Qodir al-Farg‘oniyni hamda at-Turkiy va uning o‘g‘li Abul Hasanlarni ko‘rsatib o‘tish kifoyadir.


Farg‘ona XI-XII asrlarda, ya’ni Qoraxo-niylar hukmronligi davrida ham o‘zining iqtisodiy va siyosiy mavqeini saqlab turadi. O‘zgan shahri ularning poytaxtiga aylanadi. Andijon bevosita poytaxt – O‘zganga yaqin joylashgani, azaliy savdo yo‘li mavjudligi tufayli bu qo‘shni shaharda ham hayot gavjumlashadi, turk urug‘larining oilalari shaharga va uning atrofiga ko‘plab kelib o‘rnashadi. Andijonning sharq va janub tomonida yangi ariqlar ochilib, yerlar o‘zlashtiriladi va sug‘orilgan yerlarda yangi qishloqlar vujudga kela boshlaydi. A.N. Bernshtam urushdan «keyingi yillari O‘zgan va Axsikatni tekshirib, XI-XII asrlarda Farg‘ona shaharlari hududiy jihatidan ham kengayganini ta’kidlaydi. Shuningdek, Farg‘ona shaharlarining aholisi ham nisbatan ko‘paygani, Movarounnahrning boshqa viloyatlaridan ham xalqlar ko‘chib kelganini tasdiqlovchi faktlar bor. (Qarang: A.N. Bernshtam. Drevnyaya Fergana. T., Gosizdat UzSSR, 1950, 39- bet).


Ammo shuni ham ta’kidlash joizki, VIII-XII asrlarda (ya’ni 400 yil ichida) mavjud bo‘lgan va taraqqiy topgan Farg‘ona shaharlarini o‘rganish maqsadida haligacha kompleks ravishda arxeologik izlanishlar olib borilmagan. Ko‘pchilik shaharlarning joylashgan o‘rni aniq bo‘lsa-da, lekin asrlar davomida faqat ma’lum bir joyda joylashgani sababli ularning mo‘g‘ul istilosigacha bo‘lgan qoldiqlari yo‘q bo‘lib ketgan. Shuning uchun, arxeologlarimiz fikricha, Farg‘onaning ayrim shaharlaridan boshqa shaharlari taraqqiyoti haqida biron aniq fikr aytish qiyin. Andijon ham kelgusida arxeologik tekshirishlar olib borish zarur bo‘lgan shaharlar qatorida turadi.


Tarixdan ma’lumki, XIII asrning birinchi choragidan Movarounnahrga Chingizxon hujum boshladi. Xo‘jand Temur Malik boshchiligida dushman qo‘shinlari bilan qahramonona kurashib, so‘ngra taslim bo‘ldi. Koson va Axsikat shaharlari hokimi Ismoil mo‘g‘ullarga qarshilik ko‘rsatmay bo‘ysundi. Farg‘ona mo‘g‘ul davlatining Chig‘atoy ulusiga qo‘shildi. Mo‘g‘ullar ham O‘zganni Farg‘ona viloyatining markazi qilib tanladilar.


Mo‘g‘ul istilosi o‘lkaning iqtisodny va madaniy taraqqiyotiga katta zarar yetkazdi, uning tanasida og‘ir jarohat qoldirdi.


XIII asr oxiri, XIV asr boshlarida Andijon O‘zgandan so‘ng yirik strategik shahar va muhim savdo markazi sifatida yuksaldi. Ayniqsa, Duvaxon tadbirli ish tutib, Qoshg‘ar yo‘lini o‘z qo‘lida saqlash va Sharq bilan savdoni rivojlantirish uchun Andijonga katta ahamiyat beradi va uni obod qildiradi. Shaharning qal’a devorini tiklab, harbiy istehkomlar qurdiradi va shundan so‘ng Andijon poytaxt bo‘lib qoladi. Bir qancha masjid va madrasalar qurilib, shaharga «Qubbatulislom» deb nom beriladi. Shahardagi mashhur Duvaxon masjidi vayronasi yaqin vaqtlargacha saqlangan edi. Mo‘g‘ul hokimlari o‘z urug‘larini oilalari bilan ko‘chirib keltirib shaharga joylashtiradilar. Natijada shahar va uning atrofida alohida urug‘larning mahalla va dahalari tashkil topadi. Masalan, Qirlik, Chuvalachi (Jubalaji), Ko‘nji (Kunji), Bo‘g‘ra, Saroy, Nayman kabi mahalla va qishloqlar shular jumlasidandir.


Shaharning bundan keyingi yuksalishi temuriylar davri bilan bog‘liqdir. 1377 yili Farg‘ona mulkida mo‘g‘ullar hukmronligi tugatilib, Amir Temur Andijonni va O‘zganni atrofdagi o‘n ikki tumani bilan o‘g‘li Umarshayxga beradi, undan o‘g‘illari Amirzoda Iskandar va Mirak Ahmadga qoladi.


Abdurazzoq Samarqandiy o‘zining «Matlai-sa’dayn va majmai-bahrayn» asarida yozishicha, Umarshayx taxminan 1377-1378 yillari Andijon atrofiga yangidan devor oldirgan va shaharni obod qildirgan. Shaharning suv bilan ta’minlanishi yaxshilanib, atrofdayangi yerlarni o‘zlashtirish boshlanadi. Shaharning sharq tomonidan aylanib oqadigan Oqbo‘ra daryosidan yangi ariqlar kavlanadi. Chunonchi, Shayx Burhoniddin mulkini sug‘orish uchun Burhonshayx arig‘i kavlanadi (bu ariq hozirgi Narimanov nomli ko‘cha bo‘ylab o‘tgan edi). Shaharning shimoliy dahasida ham ikkita yangi ariq paydo bo‘ladi. Natijada yangi-yangi qishloqlar, ekin maydonlari, bog‘-rog‘lar ko‘payadi. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining mashhur «Boburnoma» asarida Oqbo‘ra daryosi haqida «bu rudning har ikki jonibi bog‘ot tushibtur» deb yozganida ana shu yangi bunyod qilingan ekinzorlar va mevazor bog‘larnn nazarda tutgan edi.


XIV-XV asrlarga kelib Andijon mavqei yanada ko‘tarilgan. Shuning uchun ham qo‘lyozma asarlarda ko‘pincha Andijon «obodlashdi», «ko‘rkamlashdi», «yangidan qurildi» deya ta’rif-lanadi.


Tarixiy manbalarning ko‘rsatishicha, Andijonda turli hunarmandchilik rivojlandi. Alohida hunarmandchilar mahalla-lari (temirchilik, ko‘nchilik, kulolchilik, chitgarlik, kigizchilik mahallalari) vujudga keldi; alohida bozorlarga (rasta, ya’ni oyoq kiyimi bozori, kappon – don bozori, yog‘ bozori, ot bozori, qo‘y bozori, pichoqchilik, temirchilik va hokazolarga) asos solindi. Shahar devorining atrofi chuqur handaq bilan o‘ralib, uning yoqasidan keng yo‘l (shohroh) o‘tadi.


 Temuriylar davrida ham o‘zaro to‘qnashuvlar, uryiqitlar natijasida shahar qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, uning hokimlari tez-tez o‘zgarib turdi. Chunonchi, 1399 yili Andijon hokimligi Umarshayxning kichik o‘g‘li amirzoda Iskandar, so‘ngra esa boshqa o‘g‘li Mirak Ahmadga qoladi.


Mirak Ahmad 1414-1415 yillari Mirzo Ulug‘bek farmonlariga bo‘ysunmaganligi natijasida, ular o‘rtasida ham harbiy to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tadi. Ulug‘bek qo‘shin tortib Andijonga kirganida Mirak Ahmad Axsiga qochgan edi. Ulug‘bek Axsini qamal qilib, uni qo‘lga oladi va harbiy asir-o‘ljalar bilan yana Andijonga keladi va yaqin kishisi Muhammad Tobonni Andijon hokimi etib tayinlab, o‘zi Samar-qandga qaytadi (Qarang: Abdurazzoq Samarqandiy. «Matlai-sa’dayn va majmai-bahrayn, 196 A-bet). Ulug‘bek Andijondan chiqishi bilan, Mirak Ahmad Muhammad Tobon qo‘shinlarini tor-mor keltirib, yana Andijonni egallaydi, ammo Ulug‘bek g‘azabidan qo‘rqqanidan shaharga kirolmay, Qoshg‘ar tomon ketadi. 1420 yili Ulug‘bek Andijonni himoya qilib turgan Abul-Laysga o‘z amirzodalaridan birini yuborib, unga bu tomonlarda tinchlikni ta’minlash vazifasini yuklaydi.


Shu tarzda Andijon qo‘ldan-qo‘lga o‘tib iqtisodiy jihatdan ahvoli g‘ariblashgan va xalq qoni nohaq to‘kilayotgan notinch shaharga aylanadi. Faqat Ulug‘bek qo‘shinlari Xo‘jandda, Oloy tomonda va hozirgi Namanganning shimol tomonida mo‘g‘ul qo‘shinlari va ular bilan til biriktirgan mayda amirzodalar qo‘shinlarini bir necha marta tor-mor keltirgandan so‘nggina Farg‘ona viloyatida va uning poytaxti Andijonda tinchlik o‘rnatishga muvaffaq bo‘linadi.


Ulug‘bekdan so‘ng Abusaid mirzo Samarqand hokimi ekanligida Farg‘ona viloyatini o‘g‘li Umarshayxga mulk qilib beradi. Shu tarzda o‘rtada vaqtincha tinchlik o‘rnatiladi. Abdurazzoq Samarqandiy yozishicha, bu davrda Andijon qaytadan obodlashadi. Qal’a devorlari qaytadan mustahkamlanadi va shaharning mudofaa qudrati ortadi. Uning suv bilan ta’minlanishi yaxshilanadi. Natijada shahar atrofida ekinzor yerlar ko‘payib, Andijonning hududi yanada kengayadi; Farg‘ona mulkining poytaxti sifatida mavqei yanada yuksaladi va rivojlanadi.


Bobur va Andijon: (Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510-yilligiga bag‘ishlanadi)

[B. Ahmedov umumiytahriri ostida]. – T.: O‘zbekiston, 1993. – 102 b. – B. 7-20. (O‘zbekcha);

Жалилов С. Страницы из истории города Андижана. –Бабур и Андижан.

Fikr qoldirish#