Ulug‘lardan biri “Tarix barcha o‘tgan ajdodlarning hayot madrasasidir”, degan ekan. O‘tgan ajdodlarimizdan biri bo‘lmish Zahiriddin Muhammad Bobur ha-yoti va ijodiga qiziqish hayotimizda o‘tgan asrning 50-yillaridan keyin boshlanligi u haqdagi tadqiqot ishlaridan maʼlumdir. Vaholanki, u zot hayoti va ijodiga qiziqish Ovro‘pada ancha avvalgi yillardayoq boshlanganligi sir emas. Demoqchimizki, Bobur madrasasidan saboq olish G‘arbda Sharqdagiga qaraganda ilgari boshlangani yanada hayratomuz va hayajonlidir.
Bobur mirzo muntazam jangu jadallar ichida yurib esada “Boburnoma”ni bitdi, g‘azallar, ruboiylar yozdi. Ulug‘ avliyolarning kitoblarini tarjima qildi. Qator ilmiy, nasriy asarlar muallifiga aylandi. Tinimsiz u joydan bu joyga ko‘chib yurish, umrining deyarli barchasini ot ustida o‘tkazganligiga qaramay shu ishlarni ham qilishga fursat topdi. Ammo o‘zi haqida biror bir tarixchiga yoki zamondoshi bo‘lgan shoirlarga asar yozishlari haqida ko‘rsatma bermadi. Tarixchilar esa o‘z qalb amrlari bilan u haqda alohida asar yozmagan bo‘lsalar ham, o‘z tarix kitoblarida katta-katta boblarni unga bag‘ishladilar. Xondamir, Muhammad Haydar, Gulbadan va boshqalarning yozganlari shular jumlasidandir.
Biz shunday deb o‘ylagan edik. Yaxshi tomoni shu bo‘ldiki, ushbu kitobni ko‘rish jarayonida Bobur xalqaro fondi raisi, boburshunos olim Zokirjon hoji aka Mashrabov Bobur yashagan davrda uning zamondoshi bo‘lgan Naqshbandiya tariqatining yirik nazariyotchi olimi Mahdumi Aʼzam Dehbediy (Mavlono Xojagiy Kosoniy) hazratlari Zahiriddin Muhammad Bobur haqida “Risolai Boburiya” asari yozganligini maʼlumot uchun aytib, bizni quvontirdilar.
Bobur yashagan davrda o‘zaro urushlar – temuriy shahzodalar va hokimiyat uchun intiluvchi beklar o‘rtasida kuchaygan esada, vale katta hududda hali ilmiy salohiyat mavjud edi. Hirotda Navoiy taratgan nur, Samarqandda porlagan Ulug‘bek yulduzining shuʼlalari bois badiiy va ilmiy tafakkur jilolari hali hamon ko‘zlarni qamashtirar darajada yorqin edi. Bobur Andijondan Samarqandga, Samarqanddan Kobulga, Qobuldan Hindistonga qarab ot choptirib yurishiga qaramay ana shu ko‘zlarni qamashtirar jilolarni kuzatar, ulardan bahramand bo‘lgan holda o‘zi ham asrlarga totigudek asarlar yaratar edi.
Uning shu mehnatlari zoye ketmadi. Garchi tirikligida asarlari targ‘iboti, tashviqoti bilan o‘zi shug‘ullana olmagan bo‘lsa ham hech qancha vaqt o‘tmay, uning yozganlari olam keza boshladi. Ayniqsa, dunyoning G‘arbiy qismida Bobur ijodiga qiziqish tez tus oldi. Yevropaning olim va ijod ahli Bobur va boburiylar haqida asarlar yoza boshladilar. Dunyo Boburni “Dilbar shaxs” sifatida taniy boshladi.
Bobur shaxsi haqida o‘yga tolganimizda Rim imperatorigina emas, yevropaliklar ko‘klarga ko‘tarib maqtaganlari, Atlantika okeanini kesib o‘tib, birinchi bo‘lib Karib dengizida suzgan Xristofor Kolumb esimizga tushadi. U karavellalarida dunyo suvi sathida Hindistondek mamlakatdagi oltinlarni qo‘lga kiritish ishtiyoqida quruq xayollar surib yurgan bir paytlarda Bobur allaqachon Dehli bilan Agrani qo‘lga olgan, undagi behisob boyliklarni qo‘lga kiritib, hammasini yon-atrofidagi hamrohlariga, o‘sha joyda yashayotgan beva-bechoralarga, oddiy xalqqa, Qobul, Samarqand, Andijon va hatto Makkai Mukarramagacha tarqatganini eslaymiz. Bobur Kolumdek jahonga qul bozorini shakllantirib emas, aksincha Hind yerida bog‘-rog‘lar, binolar, hovuzlar, ariqlar barpo etganidan quvonib ketasiz.
Bobur hayoti va ijodiga qiziqqan kishi ajib bir holatlarga duchor bo‘ladi. Xususan o‘zimda shunday bo‘ldi. O‘nlab yillar Boburni taʼqib etgan va undan o‘ttiz ikki yosh katta bo‘lgan Shayboniyxon Buxoro madrasalarida o‘qigan ilmli kishi edi. Bobur uning yaxshi qiroati borligini, namozxon kishi ekanligini, hatto sheʼrlar yozishini hurmat bilan tilga oladi. Bobur quvilgan joylarda Shayboniyxonning nufuzi oshdi. Ayniqsa, o‘sha zamonning eng zabardast shoirlari Muhammad Solih, Binoiy, Mullo Shodiylar Shayboniyxon haqida dostonlar yozdilar. Albatta, bu dostonlar mutaxassislar fikriga ko‘ra yuksak badiiy asarlar bo‘lgan. Tarixchi Ro‘zbexon esa “Safarnomai Buxoro” asarini yozadi. Shayboniyxon bu asarni kamtarlik doirasidan chiqib bo‘lsada asar nomini o‘z qo‘li bilan o‘zgartirib “Mehmonnomai Buxoro” deb yozib ham qo‘yadi. Gap shundaki, bu asarlar Shayboniyxonga xushomad tarzida yozilgan edi, ular unchalik shuhrat qozona olmadilar. Shu atrofdan nariga o‘tmadi. Bobur yozgan asarlar hali qarindosh-urug‘i o‘qib ulgurmay turib, vafotidan keyinoq bir oz muddat o‘tgach, olamga “sayohat” qila boshladi. Boburning bu teran mehnatlari esa asta-asta ro‘yobga chiqdi. Kitoblari yurt kezdi. Demak, halol, pokiza, haqqoniy mehnat bari-bir bir kunmas bir kun o‘z samarasini berishi bor gap ekan.
Asarda “Podshohning Turdibek yoqtirgan “chashmasi” degan bir hikoyani berganmiz. Shunga qiyosan shu o‘rpodshohning Farid Usmon qalamiga mansub asari, deb o‘qisa balki to‘g‘ri bo‘lar...
Endi ikki og‘iz gap Bobur kabi ulug‘larimiz bizlarga meros qilib qoldirib ketgan “madrasa”lardan saboq olish va yoshlarimizni undan bahramand etishlikni taʼminlash masalalariga oid. Ulug‘lar qoldirgan maʼnaviy mulkni o‘rganishda “mafkuraviy chegarasi”dan chiqish, yaʼni ularni musulmon xalq bo‘lganligimiz, dinimiz, eʼtiqodimiz islom ekanligini tushungan holda ular qoldirgan maʼnaviy boyliklarni musulmonlik nuqtai nazaridan o‘lchash fursati keldi chog‘i. Endi hadiksiramasdan, yon-verimizga shubha bilan qaramasdan bemalol ota-bobolarimiz, yaʼni ular islom kishisi bo‘lgani, yozganlarida dinga, xalqqa xizmat qilganliklarini tushunib turib, yoshlarga shu tarzda yetkazsak ayni muddao bo‘lsa kerak. Bobur haqidagi bu kitobda albatta masalaning mana shu jihati ham eʼtiborga olindi. “Boburnoma”ni birinchi manba qilib olib yozilgan bu asar haqida biror fikr aytish esa endi aziz o‘quvchi, Sizga havola.
Farid Usmon, Bobur podshoh. (Tarixiy esse). “Andijon nashriyot-matbaa” MCHJ. 2020, 320 b. – B. 3-6. (O‘zbekcha); Вместо предисловия.
Fikr qoldirish#