Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Andijonlik olim va shoir.

Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur joni Boburning

G‘aribingga tarahhum aylagilkim, Andijoniydir.

Zahiriddin Muhammad Bobur.


Agar bir lahza Boburning nasriy asarlari, g‘azallari, ruboiylariyu masnaviylariga – umuman bor merosiga xos badiiy xususiyatlarni unutib, ularni O‘rta Osiyo, Afg‘oniston va Hindiston tarixi, jug‘rofiyasi va madaniyati uchun qimmatli bir manba deb qaraydigan bo‘lsak, shubhasiz, bu asarlar muallifi ko‘z o‘ngimizda doimo Vatan tuyg‘usida, ona yurt firoqida o‘rtanib yurgan inson sifatida gavdalanadi.


Keyingi yillarda nafaqat jumhuriyatimizda, balki jahonning muhim ilmiy markazlarida Boburning murakkab hayot yo‘li va ijodiy merosi ustida olib borilgan ilmiy ishlar natijasida shu narsa aniqlandiki, Bobur O‘rta asr sharqida eng atoqli madaniy va siyosiy arboblardan biri, shuningdek, zabardast shoir, ajoyib tarixchi, tabiatshunos olim, sayyoh-geograf, talantli harbiy sarkarda, mashshoq va tilshunos, mirishkor bog‘bon va hatto muhandis-irrigator bo‘lgan. Uning hayoti va faoliyatining har bir qirrasi chuqur ilmiy tadqiqot uchun muhim mavzu bo‘la oladi. Birgina bu emas, Bobur tarix va taqdir taqozosi bilan ikki buyuk mamlakat va ular xalqlari o‘rtasida qardoshlik aloqalari o‘rnatish va mustahkamlashga ham katta hissa qo‘shgan shaxsdir. Kalkutta universitetining professorlari Sinkxa va Banerjilar o‘z asarlarida Bobur Hindiston bilan O‘rta Osiyoni bir-biriga bog‘lovchi shaxs ekanligini ta’kidlaydilar. Ularning hikoya qilishlaricha, Hindistonning Jaypur viloyatida necha asrlardan buyon «Jalolxon» xalq og‘zaki dostoni saqlanadi. Unda yozilishicha, o‘zbek yigiti yoshligida Hindistonga kelib qolib, shu yerda o‘sib-ulg‘aygan va Bubna degan hind qizini sevib qolgan. Ularning qaynoq muhabbat qissasini to‘ylarda qo‘shiq qilib kuylashadi. O‘zbek yigiti va hind qizi haqidagi bu doston ikki halq o‘rtasidagi do‘stlikning yorqin timsoli. Bu dostonning tarixi esa Bobur zamoniga borib taqaladi.


«Boburnoma» sahifalaridan shu narsa ayonki, muallif qanday qilib bo‘lsa-da, ona yurtni qo‘ldan bermaslik uchun kurash olib boradi va aqlli chora qidiradi. Shu tariqa u mazkur shoh asarida jo‘shqin, o‘t yurak yosh sarkarda sifatida namoyon bo‘ladi.


Nazarimda, Bobur mirzo mana bu ruboiylarida:


Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,

Har ishniki ayladim xatolig‘ bo‘ldi.

O‘z yerni qo‘yib Hind sori yuzlandim,

Yorab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi. / yoki


 Ko‘pdin berikim, yori diyorim yo‘qtur,

Bir lahza-yu, bir nafas qarorim yo‘qtur,

Keldim bu sari o‘z ixtiyorim birla,

Lekin borurimda ixtiyorim yo‘qtur.


- deya Vatan firoqida, yurtini sog‘inib ko‘zlaridan marjon-marjon yosh to‘kkanday. Gulbadan begimning yozishicha, Bobur so‘nggi oylarini Agradagi o‘zi qurdirgan «Zarafshon» bog‘ida o‘tkazib, tanho qolishni xohlagan, davlat mashmashalaridan nihoyatda charchaganini izhor qilib, huzuriga xizmatkori Tohir oftobachidan boshqa hech kim kirmasligini so‘ragan. Aftidan, yurtiga yozgan maktublariga javob kelavermagach, mana bu ruboiyni o‘sha so‘nggi kunlaridan xotirot sifatida yozib qoldirgan:


Yuz na’mai ishtiyoq tahrir ettim,

Yuz nav’ bila vaslingga tadbir ettim,

Ma’zur tut, ey quyoshki, tole’ yo‘qidin,

Vaslingga yetar mahalda taqsir ettim.


«Boburnoma» muallifga jahoniy shon-shuhrat keltirgan asar. Unda Farg‘ona viloyatiga, xususan, uning poytaxti Andijon shahriga naqadar yuksak mehr-muhabbat to‘yg‘ulari ufurib turadi.


Ma’lumki, 1377-yili sohibqiron Temur Andijon va O‘zganni atrofidagi 12 tumani bilan o‘g‘li Umarshayxga beradi. Abdurazzoq Samarqandiy «Matlai-sa’dayn va majmai-bahrayn» asarida yozishicha, Umarshayx Andijon atrofiga yangidan devor oldirgan va shaharni obod qildirgan, uning suv bilan ta’minlanishini yaxshilagan, natijada atrofida dehqonchilik ishlari jonlangan.


Bu davrda shaharda qator hunarmandchilik va savdo rastalari paydo bo‘lgan, karvonsaroylar ochilgan. Andijon Qoshg‘ar bilan hamda atrofdagi ko‘chmanchi xalqlar bilan iqtisodiy va savdo aloqalarida muhim rol o‘ynaydigan markaz bo‘lib qolgan. Shahar aholisining iqtisodiy hayoti temirchilik, ko‘nchilik, zargarlik, misgarlik, kulolchilik, chilangarlik, sovungarlik, chitgarlik kabi turli xil hunarlar bilan uzviy bog‘liq bo‘lib qolgan. Shu bois shaharda kigizchilik, ko‘nchilik, chitgarlik, jebachi kabi kasb-hunar nomi bilan ataladigan mahallalar hamon saqlanib qolgan.


Qo‘lingizdagi ushbu risola Bobur davlatining poytaxti bo‘lmish Andijon shahrining O‘rta asrdagi qiyofasini o‘rganishga bag‘ishlangan dastlabki urinishlardandir.


Biz o‘z izlanishlarimizda shahar tarixi bilan bog‘liq qator muammolarni o‘rganishga harakat qildik. Shuningdek, Bobur davridagi shaharning qal’a devorlarini qidirar ekanmiz, hozircha shimoliy va g‘arbiy devor izlarini topishga muvaffaq bo‘ldik.


Andijon tarixining Bobur davridagi muhim masalalaridan biri – uning arkini o‘rganish edi. O‘zbekistonning qadimiy shaharlarida ark bo‘lgani tarixdan ma’lum. Manbalarda u «kuxandiz», «kox», «qasr» nomlari bilan ham ataladi. Unda hokim, amaldorlar saroyi, devon, zindon va boshqa hukumat idoralari joylashganligi ma’lum.


Biroq Andijon arki 1504-yil yozida Shayboniy ko‘shinlari tomonidan tamoman vayron qilingan. Afsuski, bu yillar voqeasi «Boburnoma»ga kirmay qolgan. Biz maxsus tekshirishlar natijasida shahar arki izlarini hovlima-hovli qidirib topdik va imkon qadar o‘rganishga harakat qildik. Shuningdek, shahar shimolidagi Boburning katta onasi – Eson Davlatbegimning chorbog‘i, Janubda Hofizbek chorbog‘i, «Nomozgoh» kabi «Boburnoma»da tilga olingan muhim mavzelar o‘rnini ham izlashga kirishib, ayrimlarini topishga va o‘rganishga muvaffaq bo‘ldik. Bundan tashqari, ushbu risolani yaratish chog‘ida Bobur qadamjolari bo‘ylab Farg‘ona vodiysi hududida maxsus ekspeditsiya tashkil qilinib, bir qancha tarixiy joylar bilan tanishdik, o‘sha davrdagi karvon yo‘llari o‘rnini aniqlab, ularning qoldiqlarini topdik.


Darhaqiqat, Andijon Farg‘ona vodiysidagi eng qadimiy shaharlardandir. Bobur so‘zlari bilan aytganda, «Movarounnahrda Samarqand va Kesh (hozirgi Shahrisabz – S.J.) qo‘rg‘onidin so‘ngra mundin ulug‘roq qo‘rg‘on yo‘qtur» («Boburnoma», T., «Yulduzcha» nashriyoti, 1989, 6-bet). Taxminan melodiy sananing ibtidosidan boshlanadigan ushbu shahar tarixini bus-butun va batafsil o‘rganish mutaxassislarning kelgusidagi muhim vazifalaridandir. Biz esa Andijonning Bobur davridagi qiyofasini o‘rganish bilan chegaralandik.


Ushbu risolani yaratishda qimmatli maslahatlari bilan ko‘mak bergan hamkasb olimlarga, shuningdek, ekspeditsiya chog‘ida hamkorlik qilgan barcha kishilarga muallif o‘z minnatdorchiligini bildiradi.


JALILOV S.

Bobur va Andijon: (Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510-yilligiga bag‘ishlanadi) / B. Ahmedov umumiy tahriri ostida. – Tsh.: O‘zbekiston, 1993. –102 b. B. 3-6. (O‘zbekcha);

Жалилов С. Бабур и Андижан: (Посвящается 510-летию со дня рождения Захириддина Мухаммада Бабура).

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0