Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Muhammad Solih (1455, Xorazm – 1534-1535, Buxoro)

XV asr oxiri XVI asr boshlarida Xorazmga qo‘shni mamlakatlarda taxt uchun talashish kayfiyati kuchaygan edi. Xususan, Amir Temur xonadoniga mansub hukmdorlar taxt egallash uchun qonli urushlar olib borishardi. Bu noxushlik Xorazmga ham o‘z taʼsirini o‘tkazmoy qolmadi. Amir Shohmalik (Muhammad Solihning bobosi – Sh. A.) Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek saroyida xizmat qilgan. Muhammad Solihning otasi Nur Saidbek ham Mirzo Ulug‘bek, Jo‘gi Mirzo hamda Abusaid Mirzo saroyida faoliyat ko‘rsatgan. So‘ng o‘sha davrda, u Abusaidga qaram Xorazmni boshqarar edi.

Shunday bir davrda, yaʼni 1455 yilda Muhammad Solih Xorazmda tug‘ilgan. O‘sha paytda Husayn Boyqaro Xorazmga hujum qiladi. Nur Saidbek esa gunohkor deb topilib, Hirotga olib kelinadi va Hirotdagi Ixtiyoriddin qalʼasida avaxtaga qamaldi. Keyin shoir Abdurahmon Jomiy iltimosiga ko‘ra qamoqdan chiqarildi. Bir ozdan so‘ng Muhammad Solihning otasi yana qamoqqa olindi va Marvda o‘ldirildi.

Bo‘lajak ulug‘ shoir juda yoshligidan otasidan yetim qoldi. Navoiyning “Majolis-ul-nafois” asarida Muhammad Solih xushxulq, muloyim yigit sifatida, shoirlik isteʼdodining yuksakligi, xattotlik mahorati tilga olinadi.

Ulug‘ shoir Muhammad Solih yoshligi misli ko‘rilmagan qiyinchilikda o‘tdi, ancha yillar Husayn Boyqaro xizmatida bo‘ldi. Biroq, u xizmatiga loyiq hurmat-eʼtibor ko‘rmadi, xo‘rlandi. U Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy bilan birga bo‘lish, birga ijod qilish orzusida edi. Biroq, u ezgu, shaffof niyatiga yetolmadi. Muhammad Solih Husayn Boyqaro xizmatidan ketishga majbur bo‘ldi. Xurosonu Samarqandda azobda kun kechirdi.

Buyuk va suyuk, lekin xo‘rlangan shoir Muhammad Solih taxminan 1499-1500 yillarda Shayboniyxon xizmatiga borishga majbur bo‘ldi. Shayboniyxon shoirning katta isteʼdod egasi ekanini tez payqadi va unga ko‘p g‘amxo‘rliklar qildi, unga “amir-ul-ulamo” va “malik-ush-shuaro” unvonlarini berdi. “Otashkada” asarida Muhammad Solihning 1534-1535 yillarda Buxoroda vafot etgani xususida xabar beriladi. Shoirning ijodi Shayboniyxon saroyida gulladi, yashnadi. U go‘zal sheʼrlarini o‘zbek, fors-tojik tillarida yaratdi. Zahiriddin Bobur, Xondamir kabi shoiru olimlar asarlarida zamonasining isteʼdodli shoiri Muhammad Solih sheʼrlari to‘g‘risida iliq fikrlar bildiriladi va uning ijodidan namunalar beriladi.

Ayniqsa, Muhammad Solihning “Shayboniynoma” tarixiy-badiiy dostoni o‘zbek adabiyoti tarixida katta voqea bo‘lgani barchaga maʼlum. Bu asarda shoirning tarix haqiqatiga mehr-muhabbat, insonparvarlik va vatanparvarlik g‘oyalari ilgari suriladi. Muhammad Solihning hayotini va ijodini o‘rgangan har bir o‘quvchida mehr-oqibat, odamgarchilik, eʼtiqod singari axloq-odob g‘oyalari shakllanishi tabiiy. Shoir o‘z asarlarida xalq og‘zaki ijodi namunalaridan keng va unumli foydalangan.


K. HOSHIMOV, Sh. AVAZOVA

O‘zbek pedagogikasi antologiyasi, T, 1995. B. 268-269. (O‘zbekcha); Мухаммад Солих.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0