“Shayboniynoma” dostoni. Muhammad Solih Shayboniyxonga atab, uning urush va yurushlarini tasvirlovchi “Shayboniynoma” dostonini yaratdi. Dostonning syujeti asosan 1499-1506 yillarda ro‘y bergan tarixiy voqealarni, ikki dinastiya – temuriylar va shayboniylar o‘rtasidagi kurash, uning natija va oqibatlarini o‘z ichiga oladi. Muhammad Solih ikki dinastiya o‘rtasidagi siyosiy kurashning shohidi va ishtirokchisi bo‘lgan. U dostonda o‘z ko‘zi blan ko‘rgan voqia va hodisalarni tasvirlaydi. Shunga ko‘ra u, taʼkidlab: Harne ko‘rdim cherigida bir-bir, Borchasin nazm ila qildim tahrir. Doston, kirish boblaridan keyin, Shayboniyxonning 1499-1500 yillarda qo‘shinlabi blan Turkistondan Samarqand atrofiga kelib, avval temuriylardan Samarqand hokimi Sulton Ali mirzo, keyinchalik Zahiriddin Muhammad Bobir mirzolarga qarshi urushlarining tasviri blan boshlanadi. So‘ngra, Shayboniyxon Samarqand atrofidagi urushdan chekinib, Buxoro viloyatining hokimi Boqitarxon va uning qo‘shinini Dabbusiy (hozirgi Ziyovuddin yaqinidagi) qo‘rg‘onida qamal qilib, Buxoroni borib oladi. Shayboniyxon o‘ziga itoat qilishdan bosh tortgan Qorako‘l, Qarshi, G‘uzor aholisining qo‘zg‘olonlarini qattiqqo‘llik blan bostiradi. Qaytib kelib Samarqandni olti oy qamal qiladi. Bobir Samarqandni tashlab chiqishga majbur bo‘ladi. Shayboniyxon Samarqandni oladi. Keyin u Andijon, Toshkent, Hisor, Badaxshon va boshqa viloyatlarning qattiq qarshiligini sindirib, o‘ziga qaratadi. Doston Shayboniyxonning Xorazm uchun 1505-1506 yilda olib borgan dahshatli urushlari va uning Xorazmni olib, g‘alaba bilan Buxoroga qaytib kelishi tasviri blan tugaydi. 76 katta-kichik bobdan iborat bo‘lgan bu asarda urushlar tasviri ko‘proq o‘rin olgan. Bunday dostonlar jangnoma (urushlar haqidagi kitob) yoki epopeya ham deb ataladi. O‘zbek adabiyotida Muhammad Solihgacha ham jangnoma bo‘lgan. Broq, bevosita tarixiy voqia va hodisalarni o‘ziga tema qilib olgan jangnoma yaratilmagan. Masalan, Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni jangnoma bo‘lsa ham, lekin u bevosita tarixiy voqealarni o‘ziga tema qilib olmagan. Navoiyning ideal hukmron uchun kurashi, Navoiy dostonidagi Iskandar obrazida o‘z ifodasini topgan. Buni Navoiyning o‘zi ham ta’kidlab ko‘rsatgan edi. “Shayboniynoma” “Saddi Iskandariy” kabi romantik doston (jangnoma) bo‘lmay, balki tarixiy-voqiiy doston (jangnoma)dir. Undagi voqialar hayotdan olingan, obrazlar konkret tarixiy shaxslardir. Muhammad Solih o‘zbek adabiyoti tarixida yangi janr – tarixiy doston janrini yaratdi. Dostonda tasvir etilgan yillar o‘zbek xalqining eng og‘ir, mashaqqatli davrlardan biridir. Bu yillarda temuriylarning mamlakat va halqqa vayronliklar keltirayotgan o‘zaro ichki urushlari ustiga shayboniylarning urushlari qo‘shiladi.
O‘zbek adabiyoti tarixi, 1950. – B. 215-216. (O‘zbekcha); Творчество Мухаммад Солиха. Эпос “Шайбонийнома”
Fikr qoldirish#