Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Andijonning to‘qqiz arig‘i

Farg‘ona vodiysi sharqiy mintaqasi yerlarini dehqonchilik uchun o‘zlashtirish va sug‘orish dastlabiga atrofdan vodiiga oqib keladigan kichik tog‘ soylaridan tug‘on tashlab, suv chiqarish yo‘li bilan ekin yerlari ko‘paytirib borilgan. Vodiy sharqiga janubdagi tog‘lardan oqib tushadigan Qurshob, Oqbo‘ra, Aravon, Isfayram, sharqdan Qora o‘ngur kabi uncha katta bo‘lmagan daryo va soylar asosiy suv manbalari hisoblangan. Zotan, Sirdaryodek katta daryolarni jilovlab olish va dehqonchilikda ko‘p kuch sarflab, undan foydalanish talablariga o‘lkaning ishlab chiqarish kuchlari taraqqiyoti darajasi va ijtimoiy hayot sharoitlari javob berolmasedi. Ayniqsa, o‘lkaning XIV-XVIasrlar davomidagi sug‘orish tarixiga ayni shu nuqtai nazardan qarash o‘rinlidir.


Yuqorida ta’kidlanganidek, Andijon XIV asrdan boshlab mo‘g‘ul hokimlari tomonidan Farg‘ona mulkiga poytaxt qilib olingach, shaharda iqtisodiy va madaniy siljish boshlandi. Andijonning o‘sha davrdagi jug‘rofiy holatiga e’tibor qilinadigan bo‘lsa, quyidagi tabiiy qulay sharoitni tasavvur etish mumkin: uning shimoliy etagi Qoradaryo qirg‘oqlarigacha cho‘zilgan serunum dehqonchilik qishloqlariga tutashadi (daryoning o‘rta asrdagi qirg‘og‘i II Andijon temir yo‘li stansiyasining shimol tomonlarigacha kelgan). Sharq tomondan O‘shni oralab oqayotgan Oqbo‘ra daryosi janub tomondan esa adirliklar shaharni o‘rab turgan.


Andijon O‘rta asrlarda Oqbo‘ra daryosidan suv olgan. Bu haqda «Boburnoma»da quyidagi satrlarni o‘qiymiz. «Andijon rudi O‘shning mahallotining ichi bila o‘tib, Andijonga borur» (6-bet). Demak, suv ta’minotining hozirgi holati Oqbo‘ra daryosi Andijonga yetib kelmay qolganidan so‘ng, Qoradaryodan suv oluvchi Andijonsoy sug‘oruv sistemasiga o‘tilgach, paydo bo‘lgan.


Utkazgan maxsus tekshirishlar vaqtida Oqbo‘ra daryosining Andijon sharqi-janubida qurib qolgan o‘zanini topganmiz. Ushbu daryo o‘zani Jalolquduq rayoniga qarashli «Paxtakor» jamoa xo‘jaligi yerlarida saqlangan bo‘lib, xalq og‘zida hamon «Qolgansoy» deb yuritiladi. Ushbu Qolgansoy «Paxtakor» jamoaxo‘jaligi idorasi oldida Andijon-Qorasuv katta yo‘lini kesib o‘tadi, to‘g‘rirog‘i, yo‘l soy ustidan o‘tadi. Idoradan soy yoqalab pastga ikki kilometrcha yurilsa, Tashkilot mahallasida Qolgansoy etagi Andijon-Jalolobod temir yo‘li ostidan o‘tib, hozirgi Andijonsoy o‘zaniga qo‘shilib ketadi. Uning chap sohilidagi jarlik qirg‘oqlarida aks etgan suv izlari, daryo cho‘kindilari Oqbo‘raning Bobur zamonidagi holatidan yodgorlikdek hozir ham yaqqol saqlangan.


Demak, «Boburnoma»da «Andijon rudi» deb tilga olingan Oqbo‘ra daryosnning suvi qadimda Andijon va uning atroflarini qam ta’minlab, shaharning sharq tomonini aylanib oqqan va etagi Qoradaryoga kelib qo‘shilgan. O‘lkada XVI asrdan boshlab shayboniylar hukmronligi o‘rnatilgach, ko‘chmanchilarning o‘troqlashish jarayoni boshlanib, ular dehqonchilikka qulay bo‘lgan Oqbo‘ra vodiysiga, uning yuqori qismi qirg‘oqlariga va Andijon atroflariga ham kelib o‘rnashganlar. Natijada daryo atroflarida, Andijon bilan O‘sh o‘rtasiia qator yangi o‘zbek qishloqlari paydo bo‘lgan va sug‘orma dehqonchilik ancha rivojlangan. Shu tarzda asta-sekin Oqbo‘ra daryosi suvi boshlang‘ich qismidayoq yangi yerlar o‘zlashtirishga olinib, bora- bora Andijon tomonga suv juda oz keladigan bo‘lib qolgan.


Qo‘qonning dastlabki xonlaridan Norbo‘tabiy (XVIII asr oxiri) O‘shni bo‘ysundirganidan so‘ng, o‘z navbatida o‘shliklarning ham talabini qondirish uchun suv kam yillari Oqbo‘radan butunlay foydalanish xaqida ularga maxsus yorliq bergan. Bu holat o‘z navbatida Andijonni yangi suv manbai bilan ta’minlash zaruratini keltirib chiqaradi va bevosita Kampirravot orqali Qoradaryodan kanal chiqarib, suv keltirish muammosi paydo bo‘ladi. Ana shunday tarixiy sharoitda Farg‘ona vodiysidagi katta kanallardan yangi Andijon-soy sug‘orish tizimi vujudga keladi.


XIII asrning ikkinchi yarmidan Oqbo‘ra daryosi suvi Andijonda kamaygan sari Andijonsoy orqali Qoradaryodan suv keltirish boshlangan, 15-20 yil ichida Andijonsoy suvi sekin- asta ko‘payib borgan va ehtiyoj shu orqali qondirilgan. Oqbo‘ra daryosining tashlamasi 1814-1821 yillari chiqarilgan ikkinchi katta kanal – Shahrixonsoyga qo‘shilib ketgan.


Shunday qilib, «Boburnoma»da zikr qilingan «Andijon rudi» (Oqbo‘ra daryosi)ning oqishi XVIII asrning ikkinchi yarmidan asta-sekin to‘xtaydi. XV-XVI asrlarda Andijon atrofida sug‘orma dehqonchilik jonlanganini ko‘ramiz. Buning natijasida poytaxt shaharning iqtisodiy qudrati ham mustahkamlangan. Shaharga suv ilgari o‘sha «Andijon rudi»dan chiqarilgan ariqlar orqali borgan. «Boburnoma»da: Andijonga «To‘qqiz tarnov suv kirar», deyiladi. Biroq muallif bu to‘qqiz tarnov (ariq)ning nomlarini sanab o‘tmagan. Faqat siyosiy voqealar munosabati bilan Xokon arig‘i tilga olinadi, xolos.


Biz o‘z tekshirishlarimiz vaqtida shaharga kirgan ariqlar nomi va o‘rnini izlash va aniqlash bilan ham shug‘ullandik. Ekspeditsiya chog‘ida aniqlandiki, to‘qqiz ariqning Xokondan tashqari sakkiztasi quyidagilardir: Burhonshayx, Xo‘tan, Jo‘yibozor, Bo‘g‘ra, Dalvarzin, Oqrabot, To‘qmoq va Bobotavakkal ariqlari.


Ulardan eng kattasi Xokon arig‘i bo‘lib, Bobur shundan ta’rif beradi: «Xokon arig‘i ulug‘ shohjo‘ydir va chuqur oqar, har yeridan kechib bo‘lmas».


Ushbu ariq shaharnnng janubiy o‘ramidan oqib o‘tgan bo‘lib, avvaliga, boya aytilganidek, to‘g‘onboshisi «Andijon rudi», ya’ni Oqbo‘raga qurilgan edi. Keyingi davrlarda ushbu daryo suvi Andinjonga yetib kelmay qolgach, ariqning boshi pastroqqa – Andijonsoyga ko‘chirilgan.


Shaharning qolgan sakkizta arig‘i haqida quyidagi muhim ma’lumotlarni to‘pladik. Burxonshayx arig‘i (xalq tilida – «Bo‘ransho ariq») Bobur zamonida xo‘jalik uchun muhim ariqlardan bo‘lgan. Qo‘qon xonligi davrida uning ikki-uch joyida ikki toshli tegirmonlar qurilgan. Mustamlaka davrida ham (XIX asr oxiri, XX asr boshlarn) bitta katta tegirmon uning suvi bilan yurib turgan. Hozir esa, bu ariq o‘z faoliyatini yo‘qotgan. Uning tug‘onboshisi Andijon soyi ishga tushganida ham o‘zgarmagan. Burxonshayx arig‘ining eski izlari shu yerdagi ko‘prik ostidan o‘tib, hozirgi dorilfunun yotoqxonasi yonidan ketgan va «Shig‘ovsin ota» qabristonini aylanib, «Kirpichnaya» ko‘chasini kesib o‘tadi-da, xonadonlar oralab, yana tekis yo‘lga chiqadi. So‘ng temir yo‘l ostidan o‘tib, Narimonov ko‘chasi bo‘ylab oqadi va hozirgi Oktyabr ko‘chasini kesib o‘tib, yana temir yo‘l ostidan o‘ngga – Sanoat mahallasi oralab g‘arbga tomon davom etgan.


Ushbu ariqning boshidan Narimonov ko‘chasigacha bo‘lgan qismi butunlay yo‘q bo‘lib ketgan (ba’zi joylarda, masalan, hozirgi Bobosa’diddin mahallasi xonadonlarida uning tashlandiq izlarinigina uchratdik). Hozir shu ko‘cha bo‘ylab Navoiy shoh ko‘chasigacha qismimida tashlama suv oqib turadi. Uning etagi esa hozir Xo‘tan ariqqa tutashtirib qo‘yilgan.


«To‘qqiz tarnov»ning yana biri Xo‘tan ariqdir, u hozip ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Ammo O‘rta asrlarda u nisbatan kichikroq bo‘lib, nomi ham boshqacha edi. Manbalardan ma’lum bo‘lishicha, 1828-1829 yillari Qo‘qon xoni Madalixon Sharqiy Turkiston uyg‘urlarining Xitoy hukmronlariga qarshi qo‘zg‘oloniga yordam berish uchun armiya yuborgan. Uning qo‘shinlari bilan birga Xitoy tomondan Farg‘ona vodiysiga 70 ming uyg‘ur xonadoni ko‘chib o‘tgan. Ularning bir qismi Shahrixon va Andijon atroflariga joylashtirilib, yangi paydo bo‘lgan uyg‘ur qishloqlarini oqin suv bilan ta’minlash maqsadida ushbu ariq kattalashtirilgan va uzaytirilgan. Uning bosh to‘g‘oni ham yuqoriga – Burhonshayx arig‘i tomonga jildirilgan. Etak qismi esa g‘arb tomonga uzaytirilib, hozirgi aeroport tomongacha (eski «Bo‘zak o‘ldi» mavzeigacha) yetkazilgan. Hashar yuli bilan ariq qazishda asosan uyg‘ur muhojirlari qatnashgani sababli, keyinchalik uning nomi Xo‘tan ariq bo‘lib mashhurlashgan. Ariq hajmi hozir ham deyarli saqlangan. Biroq 60-yillari shahar g‘arbida «Obi hayot» nomli nasosli kanal ishga tushirilishi munosabati bilan Xo‘tan ariqning ahamiyati pasaydi, boshqa ariqlar ham qarovsiz qoldi.


Navbatdagi ariq Jo‘yibozor bo‘lib, o‘tgan asrdan Uzum bozor arig‘i deb ham yuritilgan. Ushbu ariq Urta asrlarda Andijonning ark devorini janub tomondan o‘rab oqib, etagi shahar g‘arbida Dalvarzin arig‘i bilan tutashgan. Hozirgi Tashkilot ko‘chasining o‘ng yuzidagi xonadonlarda uning qadimiy izlari saqlangan. O‘lkada shayboniylar hukmronligi o‘rnatilganidan so‘ng shahar jiddiy shikastlanib, uning arki bilan birga ushbu ariq ham yo‘q qilinadi. Uning asosiy suvi hozir oqib turgan iziga, ya’ni Tashkilot ko‘chasining 23-xonadoni oldidan janubga burilib, shaharning Sharifbek guzap mavzesi tomonga yo‘naltiriladi va shu atrofda yangidan paydo bo‘lgan mahallalarni suv bilan ta’miilaydigan bo‘ladi.


Bo‘g‘ra arig‘i esa shaharning sharqida Juyibozor arig‘idan bosh olib, hozirgi Shmidt ko‘chasi bo‘ylab oqqan va xonadonlar ichi bilan o‘tib, Jome madrasasi orqasidan katta ko‘chaga chiqqan. Dozirgi Oltinko‘l ko‘chasining o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab oqib, Umarbek guzarida u ham Dalvarzin arig‘iga qo‘shilgan. Bo‘g‘ra arig‘i Qo‘qon xonligi davridaham ancha katta ariq bo‘lgan. Masalan, 1860 yillari Qo‘qon xoni afg‘on va ingliz ustalarini taklif qilib, bu ariq suvida ishlaydigan qandaydir harbiy ustaxona qurdirgani haqida ma’lumotlar bor.


XX asrning 30- yillari ham hozirgi viloyat arxivi binosi oldida (o‘sha harbiy ustaxona o‘rnida) ikki toshli tegirmon ishlab turgan. Endilikda ushbu ariq yo‘q bo‘lib ketgan. Uning izlari qisman Shmidt ko‘chasida va viloyat arxivi orqasidagi hovlilarda saqlangan.


Shahardagi katta ariqlardan biri Dalvarzin arig‘i edi. Mazkur ariq shahar qal’a devorini shimol tomondan (hozirgi Kuybishev ko‘chasi bo‘ylab) o‘rab oqqan va g‘arbda hozirgi Qorabura mahallasida shahar devori bilan birga janubga burilib, etak qismi yana g‘arbga tomon ketgan. Ushbu chuqur ariq 30-yillari ham yosh bolalar hayoti uchun xavfli tarzda to‘la va tez oqar edi. Biroq Vatan urushidan keyingi yillari ariq kichrayib ketgan. Yuqorida tilga olingan «Obi hayot» nasosli kanal ishga tushgach, uning ham ahamiyati qolmadi va hozir deyarli tashlandiq holda.


Shuningdek, Oqrabot va Tuqmoq ariqlari ham muhim sug‘orish tarmoqlari sanalib, ikkala ariq ham bir-biriga yaqin va yondosh holda shahar oralab oqib, g‘arbga tomon yo‘nalgan. Hozir, garchi kichrayib ketgan bo‘lsa-da, ikkala ariq ham suv berib turadi.


Shaharning 9-arig‘i Bobotavakkal arig‘idir. U ham qachonlardir katta ariq sanalgan. Ammo bu ariq ekin maydonlarini sug‘orib bo‘lmaydigan darajada kichrayib ketgan. U hozirgi mashinasozlik zavodining istirohat bog‘i ichidan o‘tib, katta ko‘chadagi yer osti quvuri orqali Yaxshi mahalla xonadonlari tomon buriladi. Shu mahalla bo‘ylab g‘arbga tomon yo‘nalib, hozirgi Bobur shoh ko‘chasiga chiqadi va yo‘q bo‘lib ketadi.


Andijonning «Boburnoma»da zikr qilingan «to‘qqiz tarnov» suvining boshlanish qismlari shahar sharqida bir-biriga yaqin joylashgan bo‘lib, u yerdagi «To‘qqiz ariq» nomli tarixiy mahalla nomi bizning davrimizgacha saqlanib qolgan. Bobur zamonasida va undan keyingi davrlarda ham oqib turgan bu ariqlar orqali asosan yirik feodal yer-mulk egalarining, amaldor va harbiy boshliqlarning yerlari sug‘orib kelingan. «Boburnoma» muallifi Andijonning yirik beklari va yer egalaridan Ali Dust, Ibrohim Saru, Vays Log‘ariy, Ahmad Tanbal kabilarni tilga olib o‘tadi. Shahar shimolidagi Qo‘shtegirmonda katta onasining chorbog‘i, shuningdek, Janubda Hafizbek nomli amaldorning chorbog‘i tilga olinadi. Albatta, bu ekin maydonlariyu chorbog‘larni ham shu ariqlar suv bilan ta’minlagan.


 Bobur zamonasida Andijoining suv ta’minoti haqida so‘z yuritar ekanmiz, bog‘-rog‘lar, ekinzorlarni sug‘orishdan tashqari, shahar mahallalari va hovlilarida ariqchalar va hovuzlarning ham keng tarqalganini alohida ta’kidlamoq kerak. Shahar ichida suv yuqorida nomlari ko‘rsatilgan katta ariqlardan kichik ariqlarga, ulardan esa ariqchalarga taqsimlanib, barchasi hovlilar oralab oqqan. Har bir mahallaning masjidi oldida yoki sahnida maxsus katta hovuzlar bo‘lib, yoz oylari ularga suv to‘lg‘azib qo‘yilgan. Ariqchalarda oqayotgan suvlardan har bir hovlidagi mayda hovuzchalar ham to‘lg‘azilgan. Ularning suvi, birinchidan, xo‘jalik ehtiyoji uchun sarflansa, ikkinchidan, issiq iqlim sharoitida havoni namlatishga, har bir xonadonda o‘ziga xos mo‘tadil iqlim hosil qilishga yordam bergan. Afsuski, bizning davrimizda o‘ziga xos mayda qon tomirlariga qiyos qilgulik bu ariqchalar tizimi yo‘q bo‘lib ketdi, oqin suvlarga e’tibor kamaydi.


Yillar o‘tishi bilan shahar atrofi kengaydi, yangi kishloqlar, yangi turar joylar, mahallalar paydo bo‘ldi. Bu hol o‘z navbatida tarixiy ariqlar vazifasini ham o‘zgartirib yubordi. Natijada ko‘p ariqlar yo‘q bo‘lib ketdi. «Bobirnoma»da eslatilgan to‘qqizta ariqdan hozir shahar ichida faqat uchtasi Xo‘tan, Juyibozor, Oqrabot ariqlarida bir oz suv oqib turibdi, xolos. Ushbu ariqlar keyingi yillari ta’mirlanib, qirg‘oqlari betonlashtirildi. Qolgan 6 tasi tashlandiq holdadir. Galdagi vazifa mazkur tarixiy ariqlarni tiklashdan iboratdir. Shuni hisobga olgan Andijon hokimiyati hozirgi kunda bu ishlarni yangidan rejalashtirmoqda va shahar taraqqiyotining istiqbol rejasini qaytadan ko‘rib chiqmoqda.


JALILOV S.

Bobur va Andijon: (Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510-yilligiga bag‘ishlanadi) / B. Ahmedov umumiy tahriri ostida. – Tsh.: O‘zbekiston, 1993. –102 b. B. 78-83. (O‘zbekcha);

Жалилов С. Бабур и Андижан: (Посвящается 510-летию со дня рождения Захириддина Мухаммада Бабура).

Fikr qoldirish#