(1499, Toshkent – 1551, Qashqar) – tarixchi, davlat arbobi. Muhammad Husayn ko‘ragonning o‘g‘li, onasi Xub Nigorxonim Yunusxonning kichik qizi, Boburning onasi – Qutlug‘ Nigorxonimning singlisi edi. 1508-09 yillarda Shayboniyxon buyrug‘i bilan otasi qatl qilingach, yosh M.H.ning hayoti xavf ostida qoladi. Muhammad Husaynning ishonchli kishilaridan biri Mavlono Muhammad ko‘p qiyinchiliklar bilan M.H.ni Buxorodan Badaxshonga olib qochadi. 1509 yil Kobulga – Bobur saroyiga olib keladi. Bobur unga yuksak ehtirom ko‘rsatadi. Mirzo Haydarning yozishicha, Bobur unga ota o‘rnida otalik qiladi. 3 yildan so‘ng Mirzo Haydar Andijonga – Sulton Saʼidxon huzuriga ketadi va xonning oxirgi kunigacha u bilan birga bo‘ladi. 1514 yil Qashqarda Sulton Saʼidxon xokimiyati o‘rnatilgach, Mirzo Haydar u bilan birga Qashqarga keladi. Xon barcha qo‘shin salohiyati va saltanat ishlarini unga ishonib topshirib, cheklanmagan huquqqa noyil qiladi, shuningdek, Sulton Saʼidxonning o‘g‘li – valiahd Abdurashidning tarbiyasini ham unga topshiradi. Sulton Saʼidxon davrida Mirzo Haydar Badaxshon, Kofiriston, Tibet, Lodak boshqa ko‘pgina harbiy ekspeditsiyalarga rahbarlik qiladi. 1533 yilda Sulton Saʼidxon vafot etgach, taxtga uning o‘g‘li Abdurashid o‘tiradi. Ammo, Dug‘lotlar xonadonida vujudga kelgan qarama-qarshiliklar M.H.ni mamlakatni tashlab ketishga majbur qiladi. M.H. avval Badaxshonda sargardonlikda yurib, so‘ngra Lohurga – Boburning o‘g‘li Komron Mirzo huzuriga boradi. 946/1539-40-yillarda Muhammad Haydar Agrada Humoyunga qo‘shiladi. 948/1541 yilda Qashqar zabt etilgach, M.H. boburiylar nomidan Qashqarda hukmronlik qiladi. Haqiqatda esa o‘z-o‘ziga mustaqil hukmron edi. Tog‘ qabilalari bilan bo‘lgan to‘qnashuvda M.H. halok bo‘lgan. M.H. mashhur «Tarixi Rashidiy» nomli asar va «Jahonnoma» nomli geografiyaga oid turkiy sheʼriy risola muallifi. «Tarixi Rashidiy» Sharqiy Turkiston, Qozog‘iston va O‘rta Osiyoning 15-16-asr 1-yarmidagi tarixiga oid qimmatli manbadir. M.H. bu asarini Kashmirda, bir necha yil mobaynida yozgan. Asar 2 qism «daftarlar» (kitoblar)dan iborat. 1-qismda Mo‘g‘uliston va Qashqarda hukmronlik qilgan chig‘atoiylar tarixi – Tug‘luq Temur davridan Abdurashidxon (Rashidxon) davrigacha izchil bayon etilgan bo‘lib, u 1546 yil, yaʼni 2-qismdan keyin yozilgan. 2-qism 1541-42 yillarda tugatilgan, u hajm jihatdan 1-qismdan to‘rt marta katta bo‘lib, muallifning xotiralaridan iborat. Bu asar «Boburnoma» kabi memuar adabiyotning yorqin namunasi hisoblanadi.
Mirzo Muxammad Xaydar, Tarixi Rashidi (Vvedeniye, per. s pers. A.Urunbayeva, R.P. Djalilovoy, L.M.Yepifanovoy), T., 1996.
O‘zME, T, 2000-2006, t.6. 2003. -704 b. – B. 195. (O‘zbekcha); Муҳаммад Хайдар Дуглот, Мирзо Хайдар.
Fikr qoldirish#