O‘zbek rassomlari Zahiriddin Muhammad Bobur obrazini bor holicha, to‘laqonli aks ettirish maqsadida tinimsiz ijodiy izlanishlar olib bormoqda. Jumladan, Akmal Nur, Saʼdulla Abdullayev, Xushro‘ya (Aziza Mamatova), Xurshid Nazirov, Vladimir Kaydalov va «Sanoyi nafisa» guruhi ijodkorlari tasviriy sanʼatda dastgohli va mahobatli rangtasvir, miniatyura hamda syujetli kompozitsiyalar yaratishgan.
Xususan, Saʼdulla Abdullayevning «Farg‘ona xayoli» kartinasida shoh Bobur Hindistonda ulamolar bilan tabiat qo‘ynida o‘tirsa-da, xayoli Farg‘onada ekanligi tasvirlangan. Oqshom vaqti aks etgan mazkur kompozitsiyada mashshoq va sozandalar ham shoh kabi o‘yga cho‘mgan.
Taniqli ijodkor Akmal Nurning «Armon» asarida esa, shoh Bobur taxt ortida boshi biroz egik, yurt sog‘inchi ko‘nglini o‘rtayotgani aks etgan. Xurshid Nazirov yaratgan «Bobur. Vatan sog‘inchi» nomli kartinada Boburshohning o‘ng qo‘lida bir tilim qovun bo‘lagi va chapida dastro‘mol ushlab, Vatanini qo‘msab, yig‘layotgani tasvirlangan.
Xushro‘ya qalamiga mansub «Zahiriddin Muhammad Bobur» nomli portretda oqshom chog‘i taxtda o‘tirgan shohning qo‘lida qog‘oz va qalam ushlab, uzoqlarga tikilganicha, xayol surayotgan lahzalari manguga muhrlangan.
Vladimir Kaydalov esa, 1958 yilda «Boburnoma»ning rus tilidagi nashriga illyustratsiyalar ishlagan.
«Sanoyi nafisa» guruhi aʼzolari X.Nazirov, S.Qoraboyev, T.Boltaboyev va G‘.Kamolovlar Temuriylar tarixi davlat muzeyi kirish zalining markaziy qismida «Buyuk Sohibqiron – buyuk bunyodkor» nomli devoriy tasviriy sanʼat asarini yaratishgan. Asar uch qismdan iborat bo‘lib, «Tug‘ilish», «Yuksalish» va «Faxrlanish», deb nomlanadi. Mirzo Bobur kompozitsiyaning quyirog‘ida Muhammad Sulton, Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek, Husayn Boyqarolar bilan birgalikda ulug‘ bobosining «Tuzuklar»ini mutolaa qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ulug‘ ajdodimiz – mohir sarkarda va xassos shoir Zahiriddin Muhammad Bobur siymosi bugun ham sanʼat ahliga ilhom baxsh etmoqda.
Aziza IBRAGIMOVA, Temuriylar tarixi davlat muzeyi ekskursovodi. // Bobur va dunyo, № 2, 2018 y. – B. 46. (O‘zbekcha); Образ Бабура глазами художников.
Fikr qoldirish#