1348 yili Chig‘atoy ulusining parchalarishi natijasida tashkil topgan feodal davlat. Unga Qashqar, Yettisuv o‘lkasi va Ili vohasi qaragan. Mo‘g‘ul hukmdorlari va feodallari o‘rtasida bosib olingan mamalakatlarning xalqlariga ikki xil qarash mavjud bo‘lib, ularning bir xili mahalliy zodagaonlar, savdogarlar b-n yaqinlashish, hunarmandchilik va dehqonchilikni rivojlantirish, islom va musulmon madaniyatiga homiylik qilish (O‘qtoy qoon, Munke qoon, Chig‘atoy ulusi hukmdorlaridan Muborakshoh, Baroqxon, Kepakxon va b.) tarafdori bo‘lsa, yana bir boshqa guruh o‘troqlik va shahar hayotiga tamoman qarshi bo‘lib, ko‘chmanchilik anʼanalariga sodiq edilar. Ular shaharlarni tamoman buzib tashlash (chunki shaharlar mustahkam qalʼalarga tayanib, mo‘g‘ullarga qarshi kurash markaziga aylanib qoladi, deb hisoblardilar), ekinzorlar va bog‘-rog‘larni o‘tlovlarga aylantirish tarafdori (Haydu, Durra Temur, Buzon va b.) edilar. Chig‘atoy xonlaridan Muborakshoh va Baroqxon qo‘l ostidagi qabilalar (barlos, jaloyir va b.) b-n Yettisuvdan Movarounnahrga ko‘chib keladilar. Muborakshoh Ohargaron vohasiga, Baroqxon esa Chag‘oniyonga kelib o‘rnashadi. Bu hol Chig‘atoy ulusining ikkiga bo‘linib ketishiga sabab bo‘ldi. Shu vaqtdan boshlab, ulusning sharqiy va shimoli-sharqiy qismida qolgan turk va mo‘g‘ul qabilalari o‘zlarini mo‘g‘ullar, mamlakatni esa M. deb atay boshladilar. Movarounnahrga ko‘chib ketgan qabilalar esa Chig‘atoylar nomi b-n mashhur bo‘ldi... Esonbuqo vafot etgach, Yunusxon Temuriy Abu Saʼid Mirzo yordami b-n M. taxtiga o‘tirdi va qariyb 10 y. davom etgan kurashdan so‘ng, M.ni birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Abu Saʼid vafotidan so‘ng, Temuriylar imperiyasida boshlanib ketgan feodal urushlardan foydalanib, hatto Movarounnahrning ichki ishlariga ham aralashib turdi va Andijon hokimi Umarshayx Mirzoni (Bobirning otasi) kuyov qilib olish yo‘li b-n Sayram, Toshkent va O‘sh viloyatini o‘ziga bo‘ysundirib oldi. Yunusxon vafotidan so‘ng, xon qilib ko‘rsatilgan Sulton Mahmudxon faqat nomigagina M.ning oliy hukmdori hisoblanardi. Aslida esa bu vaqtda mamlakat mayda-mayda qismlarga bo‘linib ketgan edi...
O‘zSE, T, 1971-1980. t.7. 1976. – B. 497-498. (O‘zbekcha); Моголистан.
Fikr qoldirish#