Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Andijonning qal’a devori

Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z mulkining poytaxti Andijon shahrini qisqacha ta’riflar ekan, uni o‘rab turgan qal’a devori haqida ham to‘xtalib o‘tadi. Chunonchi, bu to‘g‘rida quyidagilarni yozadi: «Qal’aning girdo-girdi xandaqning tosh yoni sangrezalik shohroh tushubtur» («Boburnoma», 6-bet). Movarounnahr shaharlari tarixidan shu narsa ma’lumki, katta shaharlar atrofi qal’a devorlar bilan o‘ralgan bo‘lib, devorni esa tashqari tomondan xandaq o‘rab turadi. Bundan Andijon shahri ham mustasno emas. Demak, Bobur ta’rificha, qal’ani butun aylanasi bo‘ylab katta xandaq o‘rab turadi va uning qirg‘og‘idan mayda tosh yotqizilgan yo‘l o‘tgan.


Yana «Boburnoma»dan quyidagilarni o‘qiymiz: «Qal’aning girdo-girdi tamom mahallottur. Bu mahalla bila qal’aga fosila ushbu xandaq yoqasidog‘i shohrohtur».


Movarounnahrdagi O‘rta asr shaharlarining mahallalari tarixda Shahriston deb atalib, ular qal’a devorning tashqarisida joylashgan bo‘ladi. Bobur ta’rifidan shu narsa ma’lum bo‘lmoqdaki, Andijon mahallalari ham shahar devorining tashqarisida joylashgan bo‘lib, butun atrofdan o‘rab turadi, devor tashqarisidagi xandaq bo‘ylab ketgan yo‘l mahalla bilan qal’ani ajratib turadi.


Farg‘ona vodiysining ko‘plab shaharlari qatori Andijon shahri tarixi ham, uning paydo bo‘lishi, taraqqiyoti, shahar fortifikatsiyasi (injenerlik istehkomlari) ham haligacha yaxshi o‘rganilmagan. Sho‘ro hokimiyati yillari shahar qiyofasi tez o‘zgarib, uning ayniqsa O‘rta asr eski shahar qismi qayta qurilgani munosabati bilan shahar qal’asi, ark devorlari va o‘tmishdagi boshqa tarixiy obidalar bizning davrimizga kelib deyarli yo‘q bo‘lib ketdi. Buning ustiga Andijon qal’a devorlari haqida «Boburnoma»da yuqorida keltirilgan juda qisqa xabardan boshqa biron-bir to‘liqroq ma’lumot berilmaydi.


Tarixiy manbalarni, o‘zimiz to‘plab o‘rgangan toponimik ma’lumotlarni hamda muttasil bo‘lmasada, olib borilgan arxeologik tekshirishlardan olingan ayrim xulosalarni taqqoslab, shuningdek, Andijonning eski shahar qismini bir necha yillar davomida sinchkovlik bilan o‘rganish natijasida to‘plagan ma’lumotlarimiz quyidagi xulosani chiqarishga imkon beradi.


Hamdulloh Qazviniyning «Nuzhat ul-qulub» asarida bayon qilinganidek, Andijon XIV asrdan Farg‘ona viloyatining poytaxtiga aylangach, uni o‘rab turgan va mo‘g‘ullar istilosi natijasida vayron bo‘lgan qal’a devorlari qayta tiklanadi. Tekshirishlar ko‘rsatadiki, shaharning asosiy qismishi moli-sharqda sobiq «Chuvalachi» mahallasidan (hozirgi To‘xtasin Keldiyev ko‘chasi (Kuybishev) ko‘chasi boshidan) shimoli-g‘arbda hozirgi «Qorabura» («Qorabura» nomi ba’zi manbalarda «Qora bugro» – «Bir o‘rkachli qora tuya» tarzida sharh berilgan) mahallasigacha, bundan janubi- g‘arbda hozirgi Qizil Sharq ko‘chasining Tashkilot ko‘chasi bilan tutashgan joyigacha, janub tomonda Tashkilot ko‘chasi bo‘ylab sobiq Oq masjid mavzesigacha (hozirgi Navoiy nomli istirohat bog‘i darvozasining shimol tomoni) masofalar bir-biriga tutashtirilganda, atroflari o‘rtacha bir kilometrcha bo‘lgan to‘rtburchakli maydonga joylashgandir. «Boburnoma»da ishora qilingan shahar qal’a devorining shimol tomoni hozirgi Kuybishev ko‘chasi bo‘ylab, g‘arb tomoni esa «Qorabura» mahallasidan «Umarbek guzari»ga chiqqach, Qizil Sharq ko‘chasiga yondosh holda, Janubiy tomoni esa Tashkilot ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan bo‘ladi. Devorning sharqiy tomoni hozirgi Cho‘lpon shohko‘chasi bo‘ylab o‘tib, shimoli-sharqda, ya’ni Kuybishev ko‘chasi boshida shimoliy devorning burji bilan tutashgan chiqadi.


Biz Eski shaharning ushbu qismida qadimiy qal’a devor qoldiqlarini izlab bir necha marta aylandik, yuqorida tilga olingan ko‘chalar bo‘ylab deyarli barcha xonadonlarda bo‘ldik va eski xarita-sxemalarni ham ko‘rib chiqdik. 30-yillar boshida Andijonning Eski shahar qismini birinchi marta bosh reja bo‘yicha ta’mirlash boshlanib, hozirgi Cho‘lpon shoxko‘chasi o‘rnida (shu yo‘nalishda) yangi Chuvama nomli ko‘cha chiqarilgan va yo‘nalishdagi eski inshootlar, ayrim qabristonlar o‘shanda buzilib ketgan. Ayon bo‘ladiki, shaharning sharqiy devori mana shu ko‘cha qirg‘oqlaridan o‘tgan. Ushbu ko‘chaning o‘rta qismida (taxminan hozirgi Shmidt ko‘chasining Cho‘lpon shohko‘chasi bilan tutashgan joyda) o‘tgana asrda (hatto XX asrning 20-yillarigacha ham) «Baqaqurillaq» nomida mahalla bo‘lgan. Hozirgi tekshirishlarimiz shuni isbotlamoqdaki, ushbu mahalla shahar sharqiy devorining tashqi tomonida – qal’aning o‘rab oqqan xandaq suvining qurib ketgan o‘rnida paydo bo‘lgan.


O‘sha yangi Chuvama ko‘chasining Kuybishev ko‘chasi bilan tutashgan joyida (ya’ni hozirgi poyabzal fabrikasi ro‘baro‘sida) 30-yillarning boshida qadimiy devor ostki qismlarini kuzatish mumkin edi. Bu yerda burj (ya’ni qal’a devori burchaklarini tutashtiruvchi minora) qoldig‘i xomg‘isht aralash tuproq tepalik tarzida 20-yillar oxirigacha ham saqlanganini eslaydi me’mor usta Yusuf Ali Musayev.


Devorning shimol qismi Kuybishev ko‘chasi bo‘ylab g‘arbga yo‘nalgan. Ayrim xonadonlarda (masalan, shu ko‘chaningbirinchi tor, ko‘cha, 2-xonadonida) devorning shag‘al va tuproq aralash ostki qismini kuzatganmiz. Hozir juda ham kichrayib oqayotgan «Dalvarzin» arig‘i O‘rta asrda shimoliy devor tashqarisidagi xandaq vazifasini o‘tagan.


Shimoliy devor shu ko‘cha bo‘ylab «Darvoza og‘zi» mahallasi orqali g‘arbga «Qorabura» mahallasigacha keladi va shu yerda janubga burilib, «Umarbek guzari» dan shimolga tomon davom etadi. Devor va uni o‘rab oqqan sobiq «Dalvarzin» arig‘i ham hozirgi «Umarbek guzari»gacha xonadonlar oralab o‘tgani tasdiqlandi. Ammo bu tomonda uning izlari juda oz saqlangan


– qal’a qoldiqlari necha asrlardan buyon yemirilib, qurilishlar ostida qolib ketgan.


Qal’a devori shahar g‘arbida «Umarbek guzari»ga kelgach, hozirgi Oltinko‘l ko‘chasini kesib o‘tadi va Qizil Sharq ko‘chasiga yondosh holda yana janubga yo‘naladi. Usta Yusuf Ali Musayev 1938 yili xotirlashicha,1909 yili shu yerda qurilgan «Rustam qozi madrasasi»ning tarxi olinayotganida, bu joyga sharq tomondan yondosh turgan va terak bo‘yi keladigan eski devorning bir qismi buzilib, Madrasa sahniga qo‘shib yuborilgan. Buni Rustam qozi avlodiga mansub ayrim qariyalar hozir ham tasdiqlaydilar va bu yerlar o‘tmishda «Qo‘rg‘on tagi» deb atalganini eslashadi.


Qal’aning janub tomoni xrzirgi Tashkilot ko‘chasiga yondosh holda sharqqa yo‘naladi va yuqorida aytilganidek sobiq «Oq machit» mavzesiga chiqib, Sharqiy devor bilan tutashadi. Qal’a devorining janubiy qismi shahar arkini xam bu tomondan o‘rab turgan. Qariyalar xotirasiga qaraganda, Tashkilot ko‘chasidagi Qo‘qon xonligi davrida qurilgan «Poydevor» madrasasi sobiq «Chuqur machit» atrofida buzilib ketgan eski devor ustida qad ko‘targan.


Shu tarzda Bobur davridagi Andijonning shahar qal’a devorini aniqlashga muvaffaq bo‘ldik va uni sxemaga oldik. Yana ta’kidlab o‘tmoq lozimki devorning ustki qismi hamma joyda ham tekislanib, ko‘zga tashlanmaydigan darajada bilinmay ketgan. Faqat Quybishev ko‘chasi bo‘ylab devorning shimoliy qismi hamda Tashkilot ko‘chasda – janubiy qismidagi belgilar saqlangan. Kelgusida maxsus arxeologik tekshirishlar o‘tkazish bilangina masalaga aniqlik kiritish mumkin.


Hozirgi tekshirishlarimiz natijasi shuni ko‘rsatadiki, viloyat mo‘g‘ullar hukmronligi davrida Andijonni Qashg‘ar tomondan o‘tgan «Ipak yo‘li»ga bog‘lash uchun shahar janub tomonga ancha kengaygan va bu tomonda Xokon arig‘i bo‘ylab yangi qal’a devori oldirilgan.


Biroq XVI asr boshidan Shayboniyxon boshliq ko‘chmanchi o‘zbeklar Andijonni ham egallagach, shaharnn butunlay vayron qilishgan, temuriylar karorgohi bo‘lmish shahar arki va undagi xonadonlar butunlay buzib tashlangan. Shayboniy hokimlari uchun esa shaharning sharq tomonidan yangidan maxsus xon o‘rdasi barpo qilingan (Bu tomonda hozirgacha «O‘rda» mahalla nomi bilan ataluvchi kichik bir mavze bor, ushbu mavze yuqorisida, sharq tomonda «Qondik» («Xonlik») mahalla ham bo‘lgan. (Aftidan, xon avlodlari o‘rdadan boshqa joyda turgan bo‘lsalar kerak). Shu munosabat bilan shahar sharq tomonga yana kengayib, yangi devor oldirilgan. 30-yillari «Bobo Sa’diddin» va «Shig‘ovul ota» qabristonlari atrofida qadimiy devor qoldiqlari saqlanganini qariyalardan eshitganmiz. O‘lkani o‘rislar bosib olgach, o‘ris topograflari tomonidan 1881 yili tuzilgan shahar sxemasida o‘sha devor qoldiqlari ham belgilangan. Ammo sharq tomondagi yangi devorning boshlanish joyi va janubiy nuqtasi hozircha aniqlangani yo‘q. Buni aniqlash uchun maxsus arxeologik tekshirishlar o‘tkazish lozim.


XVI asrdan shayboniylar tomonidan shaharniig sobiq arki vayron qilinib, sharq tomonda yangi xon o‘rdasi barpo etilgani kishini: «Bobur o‘rdasi shu tomon bo‘lgan emasmikin», degan gumonga olib boradi. Biroq yana ta’kidlab o‘tish lozimki, sharq tomondagi yangi o‘rda va qal’a devor Shayboniy istilosi bilan bog‘likdir. Temuriylar davridagi shahar arki esa qasddan buzib tashlangan, ammo «Ark ichi» mahallasi hamon mazjuddir (Mazkur «Ark ichi» mahallasining ko‘p qismi so‘nggi 2015-17 yillardagi shaharning Oltinko‘l ko‘chasini kengaytirish va obodonlashtirish natijasida buzilib ketdi).


JALILOV S.

Bobur va Andijon: (Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510-yilligiga bag‘ishlanadi) / B. Ahmedov umumiy tahriri ostida. – Tsh.: O‘zbekiston, 1993. –102 b. B. 68-72. (O‘zbekcha);

Жалилов С. Бабур и Андижан: (Посвящается 510-летию со дня рождения Захириддина Мухаммада Бабура).

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0