Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Nashr haqida

O‘zbek klassik adabiyotining XV asr oxiri, XVI asr boshlarida yashab ijod etgan atoqli namoyandalaridan Zahiriddin Muhammad Bobir o‘zining qarama-qarshilikli, murakkab va qisqa hayotida (1483-1530) anchagina asarlar yaratgan bo‘lsa-da, ularning hammasi bizgacha yetib kelgan emas.

Bobirning hozirgacha ilm xazinasiga kelib qo‘shilgan asarlari – uncha to‘liq bo‘lmagan bir devoni, mashhur «Bobirnoma» asari, «Volidiya» atalgan bir kitobcha tarjimasidan iboratdir.

Bobirning hozirgacha qo‘lga kirgan asarlaridan uning lirik sheʼrlari (g‘azal, ruboiy, tuyuq, qitʼa, fard va masnaviylari)ning teksti dastlab 1917 yida Petrogradda mashhur rus sharqshunos olimi prof. A. Samoylovich tomonidan nashr etilgan. Bu to‘plam baʼzi bir izohlar bilan anchagina puxta tayyorlangan bo‘lib, unga Parij kutubxonasida saqlanmoqda bo‘lgan qo‘lyozma devon teksti va Hindistonda mavjud bo‘lgan devonning yana bir qo‘lyozmasi hamda «Bobirnoma»dagi sheʼriy parchalar asos qilib olingandir.

Bobir devonidagi sheʼriy janrlarning bir qismi 1931 yilda Istambulda chiqqan «Milliy tatabbuʼlar majmuasi»da ham nashr etilgan.

Ulug‘ Oktabr revolyutsiyasidan keyin Bobir asarlaridan ayrim namunalar O‘zbekistonda birinchi marta (1928 yilda) prof. Fitrat tomonidan eʼlon qilindi. Prof. Fitrat tuzgan «O‘zbek adabiyoti namunalari» nomli xrestomatiyada «Bobirnoma»ning Hindistonga oid qismidan turli parchalar keltirish bilan birga, 31 g‘azal, ikki masnaviy va 28 ta ruboiy berilgandir. Shundan keyin Bobir sheʼrlaridan ayrim namunalar O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining korrespondent aʼzosi Olim Sharafiddinov tuzgan «O‘zbek adabiyoti tarixi xrestomatiyasi»da, filologiya fanlari kandidati Hodi Zarif tuzgan «Navoiy zamondoshlari» nomli to‘plamda va «O‘zbek poeziyasining antologiyasi»da bosib chiqarildi. Lutfiy va Navoiy kabi so‘z sanʼati ulug‘ arboblarining g‘azalnavislik traditsiyalarini rivojlantirgan, bu janrni yanada boyitgan Zahiriddin Muhammad Bobir lirik sheʼrlarining to‘liq tekstini shoirning 1958 yilda o‘tkazilgan 475 yilligi yubileyi munosabati bilan kitobxonga yetkazildi. Bu to‘liq tekst prof. A. Samoylovich va Istambul nashrlari asosida S. Azimjonova va A. Qayumov tomonidan tayyorlangan edi.

Bobir devonining avtografiga emas, hatto birorta qo‘lyozma nusxasiga ham ega emasmiz. Binobarin, Bobirning o‘zi sheʼrlarini devon tuzish asosida tartibga sola olganmi, yo‘qmi ekani noaniq. A. Samoylovich tuzgan tekst qorishiq holdadir. So‘nggi nashrga tayyorlovchilar mazkur tekstni o‘z tartibida olganlar. Shu bilan birga «Mubayyin» risolasidan ham namuna tariqasida ayrim parchalar ilova qilganlar. Bobir sheʼrlaridan bir qismining ruscha tarjimasi 1943 yili Toshkentda, 1957 yili Moskvada va 1959 yili Toshkentda bosilib chiqdi.

Bobir asarlarining eng muhim va eng yirigi O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston va Eron xalqlari tarixi, geografiyasi, etnografiyasiga oid nodir va qimmatli maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan va o‘sha davr o‘zbek klassik adabiyoti va adabiy tilining yorqin namunasi bo‘lgan «Bobirnoma» asaridir.

Bu asar mazmunining rang-barangligi, bir jahon materialni o‘z ichiga olganligi, til va uslubining go‘zalligi bilan XVIII, ayniqsa XIX asr sharqshunos olimlarining diqqatini o‘ziga tortgan va uning turli qo‘lyozma nusxalari izlana boshlagan va g‘apb tillariga tarjima qilishga kirishilgan edi.

Asarning asli nomi «Boburiya» bo‘lsa-da, uni «Voqeanoma», «Tuzuki Bobiriy», «Voqeoti Bobiriy» deb atadilar, keyinchalik asar «Bobirnoma» degan nom bilan mashhur bo‘lib ketdi.

By asarning mavjud to‘liq teksti 1857 yilda turkolog N. I. Ilminskiy tomonidan Qozonda tipografiya yo‘li bilan o‘zining to‘rt betlik nashr prinsiplarini qo‘rsatgan ruscha so‘z boshisi bilan bosilgan. Asarni nashrga tayyorlash va dunyoga chiqarishda rus olimi N.I. Ilminskiyning zo‘r faoliyat qo‘rsatganini alohida qayd etish kerak.

Bu nashrdan keyin 1905 yilda ingliz oriyentalistlaridan A. Beverij xonim «Boburnoma»ning Haydarobodda topilgan bir qo‘lyozmasining faksimilesini (qo‘lyozmaning ayni o‘zini) sinkografiya yo‘li bilan nashr etdi. Bu nusxaning qachon va kim tomonidan qo‘chirilgani nomaʼlum. Bu ham to‘liq tekst bo‘lsa-da, Qozon bosmasiga nisbatan baʼzi tushib qolgan joylari va ayrim nuqsonlari bordir. Lekin umuman olganda har ikkala nusxa ham ayrim-ayrim nuqsonlardan xoli emasdir.

London nusxasining afzalligi shundaki, bunda A. Beverij nusxaning ayni o‘zini berib juda yaxshi ish qilgan, shubilan birga asar oxirida mukammal kishi ismlari, geografiya va qabila, urug‘ nomlari ko‘rsatkichi berilgan va ingliz tilida o‘n betlik so‘z boshisi ham bor. Lekin ko‘rsatkichlarni transliteratsiyasiz arab yozuvi bilan berilishi nomlarni turli o‘qish masalasini qiyinlashtiradi.

Mana shu ikki mavjud nusxaga asoslanib, 1948-1949 yillarda «Boburnoma»ning ikki qismdan iborat to‘liq teksti bosib tarqatilgan edi.1414 Bu nashr yangi o‘zbek alifbosida, kishi va geografik nomlar qo‘rsatkichi, to‘liq lug‘at, baʼzi bir qisqa izoh va tarjimalar ilovasi bilan bosilgan edi

Nusxalarda maʼno jihatidan farq qiladigan so‘zlar kelganda bundaylarning farq va variantlari bet ostida qo‘rsatila borildi. Shu jihatdan bu nashrning bet osti izohlari avvalgiga nisbatan anchagina ko‘paygan edi.

Bu nashrni tayyorlash davomida ayrim so‘z va terminlar transkripsiyasini aniqlash masalalarida «Boburnoma»ning Anqara (Turkiya)da turkchaga qilingan tarjimasi va filologiya fanlari kandidati M. Salyening ruschaga qilgan to‘liq tarjimasini ham ko‘zdan kechira borilib va shular bilan moslashtirishga urinildi.

Kitob oxiriga ilova qilingan ko‘rsatkichlar qayta tuzildi va tarjimalar ham yangidan qarab chiqildi. Asarning ilgari bosmasida baʼzi bir tushirib qoldirilgan joylari bu bosmada kiritilib, tekstni mukammallashtirildi.

Ammo qilingan shuncha jiddiy ishlarga qaramasdan, hali ham ishda birmuncha nuqsonlar mavjudligi aniq. Jumladan, ayrim so‘zlar, ayniqsa Afg‘oniston va Hindistonga taalluqli bo‘lgan jug‘rofiy nomlar, kishi ismlari, o‘simlik, hayvonot otlari va boshqa xil atamalar transkripsiyasini batamom to‘g‘ri va aniq deb bo‘lmaydi. Ish protsessida masalaning eng qiyin tomoni ham shu bo‘ldi. Bulardan boshqa yana birmuncha tekstologik kamchiliklar bo‘lishi mumkin. «Boburnoma»ning puxta tayyorlangan tanqidiy teksti maydonga chiqmaguncha va «Boburnoma»da qo‘llangan O‘rta Osiyo, Afg‘oniston hamda Hindistonga oid barcha tarixiy nomlarning aniq transkriitsiyasi ishlanmaguncha bu asarning nashrlarida noaniqlik va nuqsonlar yuz berishi tabiiydir. «Boburnoma»ning bu nashrini qayta tayyorlash ishlarini bajarish vazifasi institut tomonidan bizga havola qilindi. Ishdoshimiz hurmatli Sodiq Mirzayev yuz bergan xastalik u kishining bu nashrda ishlashiga imkon bermadi. Tekstlarni solishtirish, ko‘rsatkichlarni qayta tuzishda Til va adabiyot institutining ilmiy xodimlari Sh. Eshonxo‘jayev, M. Mirzahmedova, R. Kamolova, H. Muxtorova, N. Karimova va T. G‘ofirjonova hamda Sharqshunoslik institutining ilmiy xodimi T. Nishonboyeva o‘rtoqlarning bergan yordamlari uchun minnatdormiz. Bu ish O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining A.S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot hamda Aburayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutlari hamkorligida bajarildi.


Porso SHAMSIYEV

Bobirnoma, T, 1960. B. 53-56. (O‘zbekcha); Об издании.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0