Qizilboshlilarning afshor qabilasidan bo‘lgan Eron shohi (1736-47). U dastlab Xurosonda harbiy boshliq bo‘lgan. 1726 yili safaviylar shohi Taxmasp II (1722-32 yillardda hukmronlik qilgan) ning harbiy xizmatiga o‘tib, shu yili Mashhaddan afg‘onlarni quvib chiqargan. Hirotdagi abdal va Xurosondagi turkman qabilalariga qarshi kurashda g‘olib kelgan. Eronni bosib olish uchun urush boshlagan Turkiya askarlari ustidan g‘alaba qozondi. 1732 yili Taxmasp II ni taxtdan ag‘darib, uning o‘g‘li Abbos III ni shoh, o‘zini esa unga regent deb eʼlon qildi. Turkiya ustidan g‘alaba qozongach (1736), N. Eron taxtiga chiqdi. Markazlashtirish siyosatini olib bordi. N.ning talonchilik urushlari natijasida yirik bir davlat – imperiya vujudga keldi. Unga Armaniston, Ozarboyjon, Gruziya, Dog‘iston, Afg‘oniston, Balujiston hamda Xeva va Buxoro xonligi kirdi. 1737-39 yillarda N. Shimoliy Hindistonga hujum qildi va Bobiriylar poytaxti Dehlini egallab (1739), katta boylikni qo‘lga kiritdi. N. imperiyasida qattiq istibdod tizimi o‘rnatildi. Ketma-ket soliqlarga qarshi dehqonlar va shahar kambag‘allarining qo‘zg‘olonlari boshlandi. Tobe xalqlarning bosqinchilarga qarshi kurashi kuch oldi. N. Xurosonda fitna natijasida o‘ldirildi.
Arunova M.R., Ashrafyan K.Z., Gosudarstvo Nadir-shaxa Afshara, M., 1958. // O‘zSE, T, 1971-1980. t.8. 1976. – B. 46. (O‘zbekcha); Нодиршоҳ Афшор, шах Ирана.
Fikr qoldirish#