Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Nodir qo‘lyozmalar: bebaho xazinalar silsilasi.

Haydarobod shahridagi Salarjang muzeyi xazinasidan topilgan Bobur devonining XVII-XVIII asrlarga mansub yangi ikkita qo‘lyozma nusxasi shu kunga qadar birorta katalogda qayd etilmagani bilan ahamiyatlidir. Mazkur qimmatli manbani hijriy 1188 (milodiy 1774-1775) yili Janobali Kotibiy ko‘chirgan. Ushbu nusxadan hajman kichikroq bo‘lgan ikkinchi qo‘lyozmaning kotibi va ko‘chirilgan yili qayd etilmagan. Shuningdek, Hindistonning Dehli, Aligarx, Kalkutta va ayniqsa, Madras shahridagi qo‘lyozma xazinalarida Bobur ijodi bilan bog‘liq bo‘lgan talaygina qo‘lyozma manbalar mavjudligi aniqlandi. Ular bilan tanishish jarayonida Bobur anʼanalarini Hindistonda davom ettirgan, turkiy xalqlar adabiyotiga maʼlum hissa qo‘shgan shoir, olim va tarjimaonlar silsilasi yuzaga chiqa boshladi. Bular orasida boburiylar avlodidan bo‘lgan Mirza Alibaxt Azfariyning bizgacha yetib kelgan qo‘lyozmalari ham eʼtiborga molik.

Boburiyzoda Mirza Alibaxt Azfariy turli sohalarga oid asarlar yaratish bilan birga Navoiy va Bobur asarlarini tarjima qilib, o‘zbek adabiyotini Hindistonda targ‘ib qilishda alohida o‘rnak ko‘rsatgan.

Azfariy turkiy, fors va urdu tillarida yozgan sheʼrlaridan iborat uch devon tuzgan. «Voqioti Azfariy», «Savonihoti Azfariy» nomli tarixiy-biografik asarlar yaratgan. «Favod al-mubtada», «Farhangi Azfariy», «Mezoni turkiy», «Nasobi turkiyi chig‘atoiy», «Nasobi turkiy», «Risolai qabriya» nomli kitoblar yozgani maʼlum.

Azfariy Bobur «Aruz»ini ham nazm, ham nasr yo‘li bilan fors tiliga o‘girgan. «Aruzzoda» deb nomlangan bu tarjimalarning ikkita qo‘lyozma nusxasi mavjud. Ular Hindiston qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda.

Madras Davlat Sharq qo‘lyozmalari kutubxonasida saqlanayotgan 1836 yili Mahmudali Said valadi Hofiz Muhyuddin Husayn ko‘chirgan boshqa qo‘lyozma nusxasi esa sheʼriy tarjimadan iborat.

Azfariy Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub» asarini fors tiliga tarjima qilib, Navoiydek ulug‘ ijodkorning asari bilan o‘zining vatandoshlarini yaqindan tanishtirgan bo‘lsa, «Farhangi Azfariy», «Nasabi turkiy», «Nasabi turkiyi chig‘atoiy», «Mezoni turkiy» asarlarini yaratib, ota-bobolari tili va grammatikasini o‘rganishga daʼvat etadi va uning lug‘aviy boyligini namoyish qiladi.

Boburiylardan yana biri Mirzo Komron sheʼriy devonlarining hozircha uchta nusxasi topilgan bo‘lib, ulardan biri Patna shahridagi «Xudobaxsh» kutubxonasida, ikkinchisi Kalkutta Osiyo jamiyati qo‘lyozmalar fondida va uchinchisi Rampur shahridagi Rizo kutubxonasida saqlanmoqda. Bu nusxalar Mirzo Komronning o‘zbek va fors-tojik tilidagi ijodi haqida bizga to‘la maʼlumot bera oladi.

Rizo va Xudobaxsh qo‘lyozma nusxalarining har biri o‘ziga xos original nusxalar bo‘lib, dastlabki muallif matnini tiklashda bir-birlarini to‘ldiruvchi qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi. Kalkutta nusxasi esa Xudobaxsh kutubxonasidagi nusxadan ko‘chirilgan. Bu haqda qo‘lyozmaning kolofonida ham maʼlumot beriladi.

Biz, avvalo, qo‘lyozma bilan yuzaki tanishish jarayonida Kalkutta nusxasining ilmiy qiymatga ega ekaniga shubha bilan qaragan edik. Chunki bu nusxa Xudobaxsh nusxasidan aynan ko‘chirilgan bo‘lib, undagi deyarli barcha kamchiliklar takrorlangan. Lekin qo‘lyozma bilan yaqindan tanishish Kalkutta nusxasining ham ilmiy ahamiyati beqiyos ekanini ko‘rsatdi. Undagi kamchiliklarni nomaʼlum bir kishi tahrir qilgan ekan. Bu esa Xudobaxsh va Rizo nusxalari matnlaridagi farqlarga aniqlik kiritish va baʼzi sheʼrlarni tiklab to‘ldirish imkoniyatini yaratdi. Shu tufayli biz mazkur ikki qo‘lyozma qatori bu nusxaga ham ilmiy qiymatga molik unga yondashdik. O‘z navbatida Kalkutta nusxasidagi tahrir bizda Mirzo Komron devonining yana boshqa bizga nomaʼlum nusxasi ham bor, degan taxmin uyg‘otdi.

Komron mirzo devonining o‘ziga xos bir qo‘lyozma nusxasi Patna shahridagi Xudobaxsh kutubxonasi xazinasida saqlanayotgani aniqlandi. Qo‘lyozmani milodiy 1556 yili Mahmud ibn Isʼhoq Shahobiy Hiraviy ko‘chirgan. Bu devonga Mirzo Komronning o‘zbek, fors-tojik tillardagi sheʼrlari kiritilgan. Qo‘lyozma 36 varaqdan iborat bo‘lib, unga 1500 ga yaqin turli janrlardagi sheʼrlar kirgan: o‘zbek tilida 47 g‘azal, 2 masnaviy, 1 tarkibband, 28 ruboiy, 1 to‘rtlik, 3 qitʼa, 21 fard; fors-tojik tilida 24 g‘azal, 8 ruboiy, 23 fard, 2 qitʼa, 1 masnaviy devondan o‘rin olgan.

Devonning tarixiy ahamiyati yana shundaki, qo‘lyozmaning boshi va oxirida Boburiylar xonadoniga mansub 20 dan ortiq Hindiston davlat arboblarning muhrlari bosilgan. Ular orasida Nuriddin Jahongirshoh (1605-1627), Shahobiddin Muhammad Shoh Jahon (1627-1658), Muhiddin Muhammad Olamgir (1658-1707), Shoh Olam Bahodirshoh (1707-1712) muhrlari aniq ko‘zga tashlanib turadi. Undan ham muhimi shundaki, bu mo‘tabar nusxada ana shu xonadon vakillarining dastxatlari ham keltiriladi. Masalan, Akbarshohning o‘g‘li Nuriddin Muhammad Jahongirshoh o‘z dastxatida quyidagilarni yozgan: «Devoni Mirzo Komronki, ammi pedari buzurgvori manast ba xatti Mahmud Isʼhoq Shahobiy, harrarahu Nuriddin Muhammad Jahongirshoh sanai 20 julus, muvofiqi sanai 1035 hijriy».

(Tarjimasi: Mahmud Isʼhoq Shahobiy qo‘li bilan ko‘chirilgan ulug‘vor otamning amakisi bo‘lmish Mirzo Komronning devoni ushbu Nuriddin Muhammad Jahongirshoh o‘z saltanatining 20 yilida, yaʼni 1035 hijriyda yozdi).

Bu dastxat muhr bilan tasdiqlangan bo‘lib, uning atrofida esa boburiylar xonadonining boshqa vakillariga oid qator dastxatlar sahifaning yuqoridan tortib to poygirigacha gir aylana shaklda turli davrlarda yozib chiqilgan. Demak, bu boburiylar kutubxonasiga mansub bo‘lgan mo‘tabar bo‘lishi bilan birga Mirzo Komron asarlarining matnini tuzishda va uning ijodi yuzasidan olib boriladigan tadqiqotlar uchun eng ishonchli nusxa sifatida xizmat qilishi shubhasizdir. Qo‘lyozma yaxshi saqlangan. U mayda, chiroyli nastaʼliq xatida ko‘chirilgan bo‘lib, har bir bet 12 satrdan iborat. Devon go‘zal unvon bilan boshlanadi. Har bir sheʼr yangi satrdan, alohida ajratib yozilgan. Devon unvonining yonida ingliz tilida yozilgan ikki qayd bor. Biri, 1911 yil 10 dekabr; ikkinchisi 1921 yil, 23 dekabr. Qo‘lyozmaning Xudobaxsh kutubxonasiga mansubligi haqida ikki joyda muhr . Muhr ichida, 1891 yil ko‘rsatilgan. Qo‘lyozma xotima bilan tugaydi.

Bundan tashqari, Hindistonning Rampur shahridagi Rizo kutubxonasida ham Komron mirzo devonining yana bir nusxasi aniqlandi.

Bu mo‘tabar nusxa ham boburiylar kutubxonasiga mansubdir. Qo‘lyozmaning so‘nggi betida buni tasdiqlovchi muhr va qaydlar mavjud. Muhrlarning birida «Podshohi g‘oziy Muhammadshoh Muzaffarxon» so‘zlarini o‘qish mumkin. Qo‘lyozma 31 varaqdan iborat bo‘lib, mayda, chiroyli nastaʼliq xatida ko‘chirilgan. Har bir sahifaga 15 satr joylashtirilgan. Sahifalar birdan oltmish ikkigacha raqamlangan. Rizo kutubxonasining muhrlari 10-, 24-, 54-, 62sahifalarga bosilgan. 9-, 26-sahifalarining hoshiyalarida sheʼrlar yozilgan. 21va 51-sahifalarning hoshiyalarida shu o‘rindagi sheʼrlarga monand ravishda miniatyuralar ishlanishi lozim, degan qaydlar bor.

Qo‘lyozmaning kotibi va ko‘chirilgan tarixi ko‘rsatilmagan. Lekin matnshunoslik belgilariga ko‘ra, uni XVI asrning ikkinchi yarmiga mansub deyish mumkin. Devon o‘z ichiga o‘zbek tilida1492 47 g‘azal, 2 masnaviy, 1 tarkibband, 29 ruboiy, 1 to‘rtlik, 3 qitʼa, 21 fardni; fors-tojik tilida 25 g‘azal, 8 ruboiy, 23 fard, 2 qitʼa, 1 masnaviyni qamrab olgan. Bu nusxada oldingisidan farqli bitta fors-tojikcha «Nest» radifli g‘azal (9-sahifaninghoshiyasida), bitta o‘zbekcha ruboiy (26-sahifaning hoshiyasida) bor. Bu nusxada xotima yo‘q. Qo‘lyozmaning hoshiyalarida suv dog‘lari uchrab turadi. Shunga qaramay, qo‘lyozma yaxshi saqlangan, uning matni ravshan.

Komron mirzo devonining boshqa bir nusxasi Osiyo jamiyati qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda. Bu nusxa Xudobaxsh kutubxonasida saqlanayotgan Isʼhoq ibn Shahobiy Hiraviy ko‘chirgan qo‘lyozmadan kitobat qilingan nusxa bo‘lib, chupurinalik Fazlu-l-Boriy kotib Lobariy Kalkuttada ko‘chirgan. Devon ravshan yirik nastaʼliq xatida xushxat qilib yozilgan. Saqlanishi yaxshi. Qo‘lyozma formati 20x32 sm. Matn ikki ustun qilib yozilgan. Devonning ko‘chirilgan yili ko‘rsatilmagan. Tekstologik belgilarga ko‘ra, XIX asrga mansub. Muqovasi zamonaviy, qog‘ozi oq. Sheʼrlar alohida qilib, ajratib yozilgan. Qo‘lyozmaga go‘zal zarhal unvon ishlangan, sahifalar ham bezatib borilgan. Muqovada gulli doiraga «Devoni Mirzo Komron» deb chiroyli qilib yozilgan. Matn oralarida va hoshiyalarida sheʼrlar tuzatib borilgan. Bu tuzatishlar boshqa kishi qalamiga mansub. Sahifalar paginatsiya qilinmagan. Lekin sheʼrlar 1 dan 142 gacha raqamlangan, masnaviy va tarkibband raqamlanmagan. Sheʼrlar tartibi Xudobaxsh nusxada qanday bo‘lsa, bu nusxada ham aynan shu tartibda. Hoshiyada tuzatishlar juda ko‘p, ularning ayrimlariga ingliz tilida izoh berilgan. Qo‘lyozmaning boshi va oxiriga Osiyo jamiyatining muhri bosilgan.

Mirzo Komron devonining Kalkutta nusxasi shoirning sheʼriy merosini ilmiy jihatdan o‘rganish va uning matnini tiklashda, shubhasiz, katta ahamiyat kasb etadi.

Madaniy merosimizni izlash, to‘plash va tadqiq etish borasida hali ishlarimiz ko‘p. Hozircha Zahiriddin Muhamad Bobur avlodlari merosining chet ellardagi mavjud qo‘lyozmalarining bir qismigina qo‘lga kiritildi. Eron, Turkiya, Hindiston, Xitoy va boshqa xorijiy mamlakatlarning xazinalarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarning katta qismi bilan tanishmog‘imiz, ularni suratga tushirib, vatanimizga olib kelmog‘imiz zarur.


Saidbek HASANOV, filologiya fanlari doktori, professor. // Bobur va dunyo, № 1, 2018 y. – B. 24-27. (O‘zbekcha); Редкие рукописи. Цепь бесценных хранилищь.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0