Fors. – xat, maktub – 1) xat, maktub, farmon, yozilgan narsa; 2) adabiy janr; o‘zbek va fors mumtoz adabiyotlarida yaratilgan, real yoki xayoliy-to‘qima shaxsga asosan sheʼriy maktub tarzida yozilgan badiiy asar turi. Faxriddin Gurgoniy (11-a.), Avhadiy (1274-1338), Xoja Imod Kirmoniy (14-a.)lar fors adabiyotida N. janriga asos solib, uni rivojlantirganlar. O‘zbek mumtoz adabiyotida N. janrining paydo bo‘lishi Xorazmiy nomi b-n bog‘liq. Uning «Muhabbatnoma» asari (1353-54) oshiqning maʼshuqaga yo‘llagan g‘azal shaklidagi 10 ta ishqiy maktubidan iborat. Keyinchalik Xorazmiyning «Muhabbatnoma»si taʼsirida yaratilgan Xo‘jandiyning «Latofatnoma», Sayid Ahmadning «Taashshuqnoma», Yusuf Amiriynnig «Dahnoma» asarlarida ham N. janri anʼanalariga rioya qilingan: ularning barchasi bir xil vaznda, masnaviy shaklida yozilgan; barchasi xam 10 nomadan iborat. «Muhabbatnoma», «Latofatnoma», «Taashshuqnoma» asarlarida N.lar oshiq tilidan yozilgan bo‘lsa, «Dahnoma»dagi N.lar ham oshiq, ham maʼshuqa nomidan yo‘llangan. Alisher Navoiy va Zokirjon Furqatning o‘z do‘stlari va ustozlariga yozgan sheʼriy maktublarini ham keng maʼnoda N. janriga kiritish mumkin; 3) biror tarixiy shaxs yoki asar qahramonining sarguzashtlari, safar taassurotlari, ichki kechinmalari nazm yoki nasrda bayon etilgan har qanday (badiiy, ilmiy, memuar va b.) asar turi. Mas, Boburning «Boburnoma», Muqimiyning «Sayohatnoma», Shayxzodaning «Toshkentnoma» asarlari; 4) mazmunan murakkab, yirik epik asar; doston. Mas, Firdavsiyning «Shohnoma», Nizomiyning «Iskandarnoma», Muhammad Solihning «Shayboniynoma» asarlari.
O‘zME, T, 2000-2006, T.6. 2003. -704 b. – B. 382. (O‘zbekcha); Нома, нама – письмо, послание.
Fikr qoldirish#