Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Noyob va qimmatli kitob: fond kutubxonasi

Fidoyi olim Shokirxon Rustamxo‘jayev dastlab Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi «Bobur va jahon madaniyati muzeyi»dagi qo‘lyozma hamda kitoblar bibliografiyasini yaratgan edi. Bu ishi ko‘pchilikka maʼqul kelgach, Respublika muzeylari, kutubxonalari va boshqa ilmiy-maʼrifiy maskanlardagi Bobur hamda boburiylarga oid maʼlumotlarni to‘plab, kitob holiga keltirdi. Nihoyat, Rossiya Fanlar Akademiyasi tilshunoslik instituti va Fond hamkorligida Sh.Rustamxo‘jayevning uzoq muddatli zahmatli mehnatlari samarasi bo‘lmish «Babur. Baburidы. Bibliografiya» kitobi dunyo yuzini ko‘rdi.

«Temuriylarning so‘nggi vakili sifatida tarixga kirgan Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyodek (hozir Hindiston, Afg‘oniston, Pokiston va Bangladesh mamlakatlari joylashgan) ulkan hududda asos solgan Boburiylar sulolasi tarixiy haqiqatga zid nom bilan «Buyuk mo‘g‘ullar» deb atalib kelinadi».

Yuqoridagi qimmatli mazmunga ega bo‘lgan maʼlumotni Rossiya Fanlar Akademiyasining muxbir aʼzosi A.V.Diboning «Babur. Baburidы. Bibliografiya» kitobiga yozgan so‘zboshisida o‘qiymiz. Kitob Rossiya Fanlar Akademiyasi Tilshunoslik instituti va Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi qoshida tayyorlanib, 2016 yili Moskvadagi «Vostochnaya literatura» nashriyotida chop etildi.

Keyingi paytda Bobur va Boburiylar, ularning tarixiy merosiga bag‘ishlangan maʼlumotlarni jamlab, nashr qilish dolzarb zaruratga aylangandi. Filolog-sharqshunos, arab tilining mohir bilimdoni, fidoyi tadqiqotchi Shokirxon Rustamxo‘jayevning ko‘p yillar davomida turli tillardagi bibliografik maʼlumotlarni yig‘ish va tartibga solishday ulkan ishga qo‘l urganligi chinakam jasorat sifatida baholanishi lozim. Uning mehnati hamda Bobur siymosi va ijodining bir qator muxlislari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi tufayli ushbu nashrni tayyorlashga muvaffaq bo‘lindi. So‘ng Rossiyadagi «Sanʼat, fan va sport» xayriya fondining madadi bilan dunyo yuzini ko‘rdi.

Shoh va shoir Bobur mirzoning ijodiy merosi rang-barangligi bilan ajralib turadi. Uning jozibador devoni, yirik va har tomonlama mukammal «Aruz» asari, «Mubayyin» risolasi turkiy xalqlar adabiyotida, munosib o‘rin egallagan. Ayniqsa, Boburning shoh asari «Boburnoma» jahon ilmiy merosining va adabiyotining sara adabiy yodgorliklaridan biridir. Hayratomuz darajadagi xolis yondoshuv bilan yozilgan bu asar o‘ndan ziyod fan sohasi uchun qimmatli manba bo‘lishi bilan bir qatorda, turkiy xalqlar tafakkuri va madaniyatining noyob durdonasi bo‘lib, ularning milliy qadriyatlari, shonli tarixini bamisoli tiniq ko‘zguda aks ettirib bergan.

Muallif bibliografiyani tuzish jarayonida O‘zbekistondagi jamiki markaziy kutubxonalar, barcha viloyat hamda Qoraqalpog‘iston respublikasi kutubxona-resurs markazlari, Rossiya Federatsiyasining Ivanovo, Qozon, Sankt-Peterburg va Moskva shaharlaridagi yirik kutubxonalarning kartotekalari va bibliografik materiallari bilan tanishishga musharraf bo‘lgan. Bundan tashqari, internet resurslarini ham imkon qadar jalb etishga harakat qilgan. Bunda turkiy tillar, arab, fors, urdu, hind, rus, ingliz, nemis, fransuz va boshqa tillardagi maʼlumotlar jamlanib, sharqshunos olimlar, bibliografiya mutaxassislari bilan maslahatlashilib, muayyan tartibga keltirilgan.

Boburshoh ijodiy merosi g‘oyat rang-barang, Bobur va Boburiylarga bag‘ishlangan nashrlar janr bo‘yicha juda xilma-xil bo‘lgani, ko‘plab materiallar bir vaqtning o‘zida bir necha, hatto o‘nlab mavzuga nisbat berilishi muammoligi uchun bibliografiya qismlarga ajratilmay, hamma materiallar alifbo tartibida joylashtirilgan. Ayni paytda mavzu yo‘nalishlari bo‘yicha qidirishni yengillashtirish uchun ilova berilgan. Boburning asarlari o‘ndan ortiq tillarga o‘girilib, nashr etilgani qisman eʼtiborga olingan.

Materiallar tillar bo‘yicha emas, balki kirill, lotin va arab alifbolari bo‘yicha guruhlangan. Bundan tashqari, yapon, xitoy, kavkazning ayrim xalqlari yozuvlaridagi materiallar alohida ilova tarzida berilgan.

Kitob 1183 sahifadan iborat bo‘lib, Zahiriddin Muhammad Bobur va Boburiylar haqida yozilgan maqolalar, asarlar va har xil maʼlumotlarni o‘z ichiga qamrab olgan. Kitobni ochar ekanmiz, Quddusi Sharifdagi «Qubbat us-sahro» nomli masjid gumbazida Qurʼoni karimning 255-oyati «Oyat al kursiy-»ga ko‘zimiz tushadi. Muqova ichiga bitilgan shu yozuvning o‘zi sizni kitobga bo‘lgan mehringizni oshiradi. Rus tilshunos olimasi Anna Diboning muqaddimasi o‘zbek, rus, ingliz va arab tillarida berilgan.

Asosiy qismi 19-sahifadan Zahiriddin Muhammad Bobur rukni bilan boshlanib, 463-sahifagacha 6884 ta maqolalar, asarlar ro‘yxati – Boburiylar bibliografiyasi keltirilgan.

Maqolalar turli ko‘rinishda bo‘lib, avval, maqola raqami, familiyalar alifbo tarzida, so‘ngra maqola nomi, nashri, yili, tili ko‘rsatilgan. Masalan, «2108. S.Jalilov, ««Boburnoma»da dahriyona ohanglar». («Kommunist», 1989 yil 14 fevral. (O‘zbekcha); S.Jalilov. Ateisticheskiye motivы v «Baburname»)».

Agar o‘quvchiga ««Boburnoma»da dahriyona ohanglar» nomli maqola haqida maʼlumot kerak bo‘lsa, kitobning 652sahifasida «Maqola va asarlar» rukniga qaraydi. U yerda ««Boburnoma»da dahriyona ohanglar» 2108 raqami bilan yozilgan. Raqamga qaralsa, maqolaning muallifi aniq bo‘ladi.

Shunga o‘xshash bibliografiyada eng ko‘p maqola yozganlar – har biri 30 tadan 70 tagacha maqola bilan qatnashgan mualliflarning ism-shariflari berilgan. Maqolalar rang-barang bo‘lib, asarlar, ularga taqrizlar, tarjimalar va ilmiy anjumanlarda, jumhuriyat va dunyo ensiklopediyalarida nashr qilingan maʼlumotlar bor.

«Zahiriddin Muhammad Bobur va «Boburnoma» haqida eʼtiroflar» ruknida (64-67-sahifalar) 64 nafar ulug‘ olimning fikrlarini o‘qish mumkin. Fikrlar mualliflarning o‘z tillarida yozilgan bo‘lib, o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

Kitobning davriy matbuot, kutubxonalar ruknida 562 ta gazeta, jurnal va kutubxonalar nomlari bor. Hatto tuman gazetalarining, qaysi viloyat va qachon taʼsis etilganligi haqida maʼlumot beriladi. So‘ng maqola raqami, masalan, «Asaka hayoti», muassis: Andijon viloyati Asaka tumani hokimligi. «850, 1394, 2854, 5034, 6650», yaʼni 5 ta maqola bor ekan.

Majmuaning 903-sahifasidan 908-sahifasigacha «Zahiriddin Muhammad Bobur va Boburiylar hayoti va ijodi aks ettirilgan nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari ko‘rsatkichi» rukni mavjud bo‘lib, unda 68 ta nomzodlik va 20 ta doktorlik dissertatsiyalari adadi berilgan. 20 nafar fan doktoridan 10 nafari tarix fanlari doktori, 10 nafari filologiya fanlari doktori; 68 nafar fan nomzodlaridan 28 nafari tarix fanlari, 29 nafari filologiya fanlari nomzodlari, qolganlari har xil fanlar bo‘yicha yoqlashgan.

Muallif ilmga, fanga bo‘lgan mehrini juda katta shijoat bilan ifodalagan. Ko‘plab respublikalarning, O‘zbekistonning hamma viloyat va shaharlari kutubxonalarida o‘tirib, mehnat qilgan. 6884 ta maqola va asarlarning ro‘yxatidan tashqari, internetdan foydalanib, dunyo kutubxonalaridagi o‘zga tillardagi materiallarni ham keltirgan. «Boburnoma» 118 ta mamlakatda chop etilgani haqidagi maʼlumot ham bor.

Yaqinda Rossiya FA va Fond buyurtmasiga asosan Sh.Rustamxo‘jayev tomonidan «Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar: ensiklopedik, ilmiy va ilmiy-ommabop materiallar» kitobi tayyorlandi ham birinchi jildi nashrga topshirildi.


Xayrulloh UMRZOQOV, Andijon davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi katta o‘qituvchisi. // Bobur va dunyo, № 4, 2018 y. – B. 10-12. (O‘zbekcha); Библиотека фонда: Редкая и бесценная книга.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0