Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Noyob tarixiy asar

Taniqli ingliz adibasi Margaret Rumer Godenning nomi (19071998) shoira, jurnalist va tarixiy asarlar muallifi sifatida Buyuk Britaniya va Hindiston adabiy jamoatchiligi orasida yaxshi maʼlum. Uning turli mavzudagi oltmishdan ortiq kitoblari nashr etilgan.

Margaretning otasi Artur Leyx Goden yigirmanchi asr boshida Kalkuttada joylashgan kemachilik kompaniyasining vakili bo‘lib ishlagan. Bo‘lg‘usi adibaning bolalik chog‘lari, aniqrog‘i, o‘n ikki yillik yoshlik davri Hindistonda kechadi. Margaret bu qadimiy, sirli va maftunkor o‘lkaga chin dildan mehr ko‘yadi. 1920 yili Godenlar oilasi Angliyaga qaytib ketgan bo‘lsa-da, Margaret Hindistonga tez-tez kelib turadi. U 1929 yili Kalkuttada baynalmilal raqs maktabini tashkil etib, o‘z faoliyatini boshlaydi va shu davrdan eʼtiboran dastlabki asarlarini yaratishga kirishadi.

Margaret ushbu sanʼat dargohida yigirma yildan ziyod ishlaydi. 1949 yili Angliyaga qaytib, bor bilimi, isteʼdodi va kuch-g‘ayratini badiiy ijodga bag‘ishlaydi.

M.R. Goden qalamiga mansub «Xitoy jumbog‘i», «Xonim va hukmdor», «Qora nargis», «Daryo», «Hind quyoshi ostidagi ikki kishi», «Shivaning kabutari», «Qora tulpor» kabi bir qator asarlari katta shuhrat qozongan, ularning aksariyati asosida badiiy filmlar suratga olingan.

«Gulbadan» asari 1980 yili yaratilgan bo‘lib, buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning oqila qizi, temuriy malika, muarrix Gulbadan begimning hayoti va faoliyati haqidagi maʼlumotlarni muallif qiziqarli ilmiy-publi sistik yo‘sinda hikoya qiladi.

Muallif Hindistonda uch yarim asrdan ziyod vaqt hukm surgan boburiylar saltanatining yorqin namoyandalaridan biri bo‘lgan, noyob isteʼdod va aql-zakovat sohibasi Gulbadan begim shaxsiyatini o‘sha davrning murakkab va dolg‘ali tarixiy voqealari, toju taxt kurashlari, inson ruhining poyonsiz g‘alayonlari bilan uzviy bog‘liq holda, o‘ziga xos talqin va mahorat bilan aks ettiradi.

Mazkur noyob asar Bobur xalqaro fondining raisi, maʼrifatparvar olim Zokirjon Mashrabov boshliq ilmiy ekspeditsiya safarlari davomida xorijiy mamlakatlarning birida qo‘lga kiritilib, yurtimizga olib kelindi va u kishining tashabbusi, saʼy-harakatlari bilan ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Tarjima jarayonida imkon qadar muallif uslubini saqlashga, ayni vaqtda asarning o‘zbek kitobxoni uchun har tomonlama tushunarli va manzur bo‘lishiga harakat qilindi.

Umid qilamizki, M.R. Godenning nurli qalami bilan yaratilgan ushbu tarixiy risola boburiylar sulolasi, xususan, uning benazir fazilatlarga ega bo‘lgan ajoyib vakilasi Gulbadan begim haqidagi tushuncha va tasavvurlarimizni yanada boyitishga xizmat qiladi.


TARJIMON. // Goden, Rumer. Gulbadan, T, 2007. (O‘zbekcha); Годен, Румер. Гулбадан: Штрихи к портрету дочери Бабура Гулбадан бегим.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0