Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Nurjahon Begim

Nurjahon begim Hindistonda hukmronlik qilgan Boburiy shahzodalardan uchinchisi – Jahongirshoh (Salim, 1569-1627)ning ikkinchi xotinidir.

Tarixiy manbalarning bergan maʼlumotiga ko‘ra, Nurjahon begimning haqiqiy ismi Mehriniso bo‘lib, asli kelib chiqishi Erondan edi. Uning ota-onasi yo‘qchilik oqibatida o‘z vatanidan Hindistonga ko‘chib kelib, Akbar podshoh saroyida xizmatga yollanadi.

Kunlardan bir kun shahzoda Salim (keyinchalik Jahongir podshoh) Mehrinisoni bozorda ko‘rib qoladi va unga oshufta bo‘lib, firoqida o‘rtanadi. Bu davrda Mehriniso balog‘at yoshiga yetgan, sarv qomat, o‘n to‘rt kunlik oydek qiz edi. Shahzoda Salim Mehriniso ishqida kuyib, halovatini yo‘qotadi. Nihoyat, unga uylanishga qaror qiladi. U o‘z qarorni otasi Akbarshohga (1542-1605) aytib, undan ijozat so‘raydi. Akbarshoh esa o‘z o‘g‘lining bu qizga uylanishiga qatʼiyan qarshilik ko‘rsatadi. Akbarshoh o‘g‘lining ko‘nglini sovutmoq uchun Mehrinisoni saroy aʼyonlaridan biri – Ali Quli Istajliy, (Sherafkan)ga turshushga chiqishga majbur qiladi. Sherafkan Mehrinisoga uylangach, uni qo‘shinlarga sardor etib Bengaliyaga ko‘chirib yuboradi.

1605 yilda Akbarshoh vafot etadi. Taxtga uning valiahd o‘g‘li shahzoda Salim o‘tiradi va o‘zini Jahongirshoh deb ataydi. Taqdir taqozosini qarangki, 1611 yilda Sherafkanxon Bengaliya hokimi Qutbiddinning qabuliga kirganida muhim masala ustida hokim bilan janjallashib qoladi va uni pichoqlab o‘ldiradi. Fojia ustiga yetib kelgan soqchilar Sherafkanxonni ham o‘ldiradilar. Shundan so‘ng beva qolgan Mehrinisoni Agraga – Jahongirshoh saroyiga jo‘natadilar. Shu voqeadan bir necha muddat o‘tgach, Jahongirshoh Mehrinisoni o‘z nikohiga oladi.

«Muntaxab ut-tavorix» asarining muallifi Hakimxon to‘ra Mehrinisoning Jahongirshoh nikohiga kirishi haqida oldindan bashorat qilingan bir qiziq tush tafsilotini keltiradi. Go‘yo Mehriniso tunlarning birida tush ko‘radi. Tushida osmondan quyosh tushib kelib, ko‘rpasi ichiga kiradi. Shunda uyg‘onib ketadi va ko‘rgan tushini eri Sherafkanxonga so‘zlab, undan taʼbirini so‘raydi. Sherafkanxon tush taʼbiri bo‘yicha bilimdon bo‘lgani tufayli, darhol xotinining tushiga quyidagicha taʼbir aytadi: «Sening to‘shagingga podshoh kirar ekan».

Mehriniso o‘z go‘zalligi, ziyrakligi, farosatli va tadbirkorligi tufayli faqat Jahongirshohnigina emas, balki saroy ahlini ham o‘ziga rom qiladi. Endilikda uni Mehriniso emas, Nurmahal (saroyning nuri) deb ataydilar. Keyinchalik esa jahonning nuri, yaʼni Nurjahon deb ataydilar. Nurjahon begim nozik taʼb shoira ham edi. U Maxfiy taxallusi bilan g‘azallar bitgan. Jahongirshoh saltanatida Nurjahonning otasi Eʼtimod-ud Davla nomi bilan bosh vazirlik lavozimigacha ko‘tarilgan. Uning o‘g‘li, yaʼni Nurjahon begimning akasi Osafxon esa saroy boshqaruvchisi mansabida qoyim bo‘lgan.t/ Nurjahon begim Jahongirshoh saltanatida dono maslahtchi edi. Nurjahon begim mamlakatning ijtimoiy, madaniy hayotiga doir ko‘pgina ezgu tadbirlarni bajargan. U ixtirochi ham edi, chunonchi, gulob va «atri Jahongiriy»ni kashf etgan. Shu bilan birga, bir necha xil xush taʼm, laziz taomlaru xona bezaklarini yaratdi. Saroy aʼyonlari orasida uning hurmat-eʼtibori kun sayin oshib borardi. Tarixiy manbalarning bergan xabariga ko‘ra, Jahongirshoh suyukli xotini Nurjahon begim sharafiga «Nuri Jahoniy» deb atalgan 12 grammli oltin tanga zarb ettirgan.

«Muntaxab ut-tavorix» muallifi Nurjahon begimning shoh bilan qilgan mushoiralaridan (Jahongirshoh ham g‘azallar bitgan) bir nechasini ko‘rsatib o‘tgan. Bu sheʼrlarni o‘qigan kishi Nurjahon begim zamonasining isteʼdodli shoirasi bo‘lganligiga shubha qilmaydi. G‘azallardan biri quyidagidir:

Hadisi holi tu dar noma sabt mekardam,

Sikandvor nuqat bar sari suxan meso‘xt.

Shahidi ishqi turo shab ba xob medidam,

Ki hamchu shuʼlayi fonus dar kafan meso‘xt.

Zi so‘zi sinayi Maxfiy shud on qadar maʼlum,

Ki hamchu xas, mijaash dar giriston meso‘xt.

Mazmuni: Sening nomayi aʼmolingni yozarkanman, so‘z ustidagi nuqtalar isiriq donalaridek yonardi. Ishqingda shahid bo‘lganlarni kechalari tushimda ko‘rardim. Ular xuddi fonus shuʼlasidek, o‘z kafanlari ichida yonardilar. Maxfiy qalbining yonishi shu qadar ediki, yig‘laganda kipriklari xuddi xasdek yonardi.

So‘nggi vaqtlarda Jahongirshoh bot-bot kasal bo‘li, davlat ishlariga qaramay qo‘yadi. Ana shunday paytlarda Nurjahon begim saltanat ishlarini boshqarib turadi. Nurjahon begimning saltanat ishlaridagi faoliyati va uning tutgan mavqei Jahongirshohning o‘g‘illariga, ayniqsa shahzoda Xurram (Shahobiddin Shoh Jahon)ga yoqmasdi.

Jahongirshoh salomatligi yomonlasha boshlagach, 1616 yilda shahzoda Parvez (Jahongirshohning ikkinchi o‘g‘li)ni taxtga valiahd etib tayinlaydi. Jahongirshohning to‘rtinchi o‘g‘li shahzoda Shahriyor irodasiz va qatiyatsiz kishi edi. Nurjahon begim qo‘g‘irchoq sifat shahzoda Shahriyorni taxtga valiahd etish maqsadida o‘zining avvalgi eri Sherafkandan bo‘lgan qizi – Lodila begimni shahzoda Shahriyorga nikohlab beradi. Jahongirshohning uchinchi o‘g‘li shahzoda Xurram (Shoh Jahon) 1612 yilda 21 yoshida Nurjahon begimning akasi Osafxonning 19 yoshli qizi Arjumand bonuga uylangan edi. Binobarin, Osafxonning maqsadi, o‘z kuyovi shahzoda Xurramni valiahdlikka tayinlatish edi.

Shahzoda Xurram o‘z otasi Jahongirshohdan ham, valiahd akasi shahzoda Parvezdan ham, ukasi shahzoda Shahriyor va uning homiysi malika Nurjahon begimdan ham xafa edi. Otasidan so‘ng taxtga o‘tirishga harakat qilarkan, bu yo‘lda asosiy g‘ov deb Nurjahon begimni bilardi. 1622 yilda Nurjahon begimning otasi vazir Eʼtimod-ud Davlat vafot etgach, Nurjahon begim bilan shahzoda Xurram orasida ayovsiz ziddiyat kuchaydi. Bu davrda kasalmand Jahongirshoh saltanat ishlariga qaramay qo‘ygan, binobarin, davlatni boshqarish asosan Nurjahon begim qo‘lida qolgan edi.

Shahzoda Xurram o‘z kelajagi haqida taraddudlanib, 1622 yilda otasi Jahongirshoh tomonidan o‘z qaramog‘iga topshirilgan nogiron (ko‘r qilingan) akasi – shahzoda Xusravni pinhona bo‘g‘ib o‘ldirtiradi, otasi Jahongirshohga esa «sanchiq azobidan vafot etdi», deb xabar yuboradi. Shu zaylda saroy ichida guruhbozlik avj olib, kundan-kun saltanatdan putur keta boshlaydi. Ana shunday qulay vaziyatni ko‘pdan beri kutib targan Eron hukmdori Shoh Abbos to‘satdan Qandahorni qamal qiladi va qirq kunlik qamaldan so‘ng shaharni qo‘lga kiritadi. Jahongirshoh shaharni qaytarib olish maqsadida shahzoda Xurram boshchiligida katta qo‘shin to‘plab, Qandahorga yubormoqchi bo‘ladi. Lekin shahzoda Xurram saroydagi notinch vaziyatda taxtdan uzoqlashishni istamay, Qandahorga borishdan voz kechadi va tez kunda otasi Jahongirshohga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradi. Qo‘zg‘olon bostiriladi. Ammo saroydagi guruhbozlik, maxfiy fitnalar mamlakatning ichki va tashqi mavqeiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.

Saltanatni vaqtincha Nurjahon begim boshqarardi. U o‘z niyatlarini amalga oshirish maqsadida Jahongirshohga sodiq lashkarboshi Mahobatxonni saroydan chetlatib, Bengaliyaga jo‘natadi va mol-mulkini ro‘yxatga oldiradi. Bundan norozi bo‘lgan Mahobatxon saltanatga qarshi bosh ko‘taradi. Shu voqeadan sal vaqt o‘tgach, Jahongirshoh Nurjahon begim bilan birga poytaxtdan Kobulga qarab safarga chiqadi. Mahobatxon rajputli qo‘shini bilan yo‘lga chiqib, Shoh qofilasini (karvon) o‘rab oladi. Mahobatxonning barcha shartlari Jahongirshoh tarafidan nochor qabul qilinadi. Nurjahon begim Mahobatxonga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘ladi, lekin kuchlar teng emasligiga ko‘zi yetgach, makr-hiyla yo‘lini qidiradi. Shoh karvoni Maxobatxon nazorati ostida Kobulga qarab yo‘l oladi. Kobulga kirilgach, Nurjahon begim Jahongirshohni Mahobatxon soqchilari qo‘lidan qutqarib oladi va Kobul qo‘shinini Mahobatxonga qarshi qo‘yadi. Endi Mahobatxon uchun qochishdan boshqa chora qolmaydi. U Kobuldan qochib Dekanga boradi va shahzoda Xurramga qo‘shiladi.

Ammo bu vaqtda shahzoda Xurramning ahvoli og‘irlashib, Eronga qochib o‘tish fikrida yurardi. Biroq, 1626 yil oktabr oyida akasi valiahd shahzoda Parvezning to‘satdan vafot etishi uning so‘ngan umidlarini yana jonlantirib yuboradi. 1627 yili Jahongirshoh Kashmir bo‘ylab sayohatga chiqadi. Sayohatdan qaytayotib, xastalanib yo‘lda vafot etadi va Lohurda dafn etiladi. Bu xabarni eshitgan Xurram taxtni egallash uchun Dekandan Agraga yo‘l oladi.

Shahzoda Xurram Agraga yetib kelgunga qadar uning qaynotasi Osafxon muvaqqat ravishda marhum shahzoda Xusravning o‘g‘li Dovar Baxshni taxtga o‘tqazadi. Shahzoda Shahriyorni ushlatib, ko‘ziga mil torttirib, ko‘r qiladi. Kuyovi shahzoda Xurramning Agraga yaqinlashgani xabarini eshitgan Osafxon taxt sohibi qo‘g‘irchoq Dovar Baxshni turli-tuman vas-vasalar bilan qo‘rqitib, taxtdan voz kechishi va o‘zini panaga olishini maslahat beradi. Dovar Baxsh taxtni tashlab qochadi va Eron shohi huzuriga panoh istab boradi.

Shahzoda Xurram 1628 yil fevral oyida Agraga kirib, aytarlik qarshiliksiz taxtga o‘tiradi. U saltanatni o‘z tasarrufiga kiritgach, o‘zini «Shoh Jahon» nomi bilan atashni buyuradi.

Niyatlariga yeta olmagan malika Nurjahon begim 1645 yilda vafot etadi va qabri Lohurning Shoh Dara qabristoniga qo‘yiladi. «Tazkirat ul-havotin»da yozilishicha, Nurjahon begimning qabr toshiga o‘zi bitgan quyidagi bayt yozilgan ekan:

Bar mozori mo g‘aribon *na charog‘i, na guli,

na par parvona yobi,

nasadoyi bulbuli.

Mazmuni:

Biz g‘ariblarning mozorimizda,

na chiroq, na gul, na bulbul sadosiyu,

na biror parvonani topmaysan.


Fayziyev Turg‘un, Temuriy malikalar. Risola. T., A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1991, 40 b. – B. 24-28. (O‘zbekcha); yana: // Fayziyev Turg‘un, Temuriy malikalar. Risola. T., A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1994, 26 b. – B. 16-18. www.ziyouz.com kutubxonasi. (O‘zbekcha); Нуржаҳон бегим. – В кн.: Королевы-тимуриды.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0