Chingiziylar, temuriylar va keyinchalik boburiylar buyuk saltanatlari jahon tamaddunida salmoqli iz qoldirgan.
Chingiziy hukmdorlarning ba’zi birlari Mavoraunnahr (Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi hududlar)ning ayrim shahar va qishloqlarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shganlar. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, sulolaning davomchilari bo‘lmish Xaydu (Qaydu) va Tuvaxon (Duvaxon)lar davrida Boburning ona shahri Andijon har tomonlama rivoj topib, gullab-yashnagan. Ayniqsa, Duvaxon hukmdorligida (1291-1306 y.) poytaxt maqomiga erishib, qubbatul Islom – Islom markazi, deya e’tirof etilgan.
Amir Temur Ko‘ragoniy nomi bilan bog‘liq ijobiy o‘zgarishlar fanda Amir Temur uyg‘onishi (renessans) sifatida baholanadi. Mazkur sulolaning hukmronligi Amir Temurning Mavoraunnahr taxtiga o’tirishidan (1370-yil yozi) boshlab, to Boburning avlodi Bahodirshoh Zafar davrigacha, ya’ni 1858-yilga qadar davom etgan. Ya’ni, sulola Movarounnahr, Xuroson va Hindistonni qariyb 350 yil boshqargan.
Sohibqiron Amir Temur olimlar, ilm-ma’rifat peshvolariga alohida e’tibor qaratgan va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan. Amir Temurning o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan harbiy san’ati hozir ham o‘rganilayotgan bo‘lsa, unga tobe hududlarda hukmdor amri bilan madrasalar, masjidlar, maqbaralar, ko‘priklar, karvonsaroylar, sug‘orish inshootlari va boshqalar qurilgani bilan ahamiyatli.
Tarixchilar ularning faoliyatiga turlicha baho beradilar. Masalan, Amir Temurni mo‘g‘ul imperatori Chingizxonning sulolasi bilan bog‘laydilar. Bu haqiqatdan yiroq. “Dasht saltanati” kitobida tarixchi olim Rene Trusse shunday yozadi: “Amir Temur hech qanday mo‘g‘ul emas, balki u turkdir. Kesh muzofotidagi barlos qavmiga taalluqlidir”. Amir Temurning kelib chiqishini Javoharlal Neru ham turkiylarga bog‘laydi. Bu buyuk shaxs va uning avlodlari Hindiston tarixida sezilarli iz qoldirgan.
Amir Temur va temuriylar Hindiston bilan faol diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan edilar. Masalan, XV asrning birinchi yarmida temuriylar Hindiston bilan mustahkam savdo aloqalarini o‘rnatdilar. Buyuk Ipak yo‘li vositasida amalga oshirilgan bu hamkorlik Samarqand orqali O‘rtayer dengiziga qadar yetib borgan holda mintaqaning aksariyat mamlakatlarining Xitoy va Hindiston bilan yaqinlashishiga xizmat qilgan.
Temur avlodi Xuroson va Turon podshohi mirzo Shohruh 1442-yilda Janubiy Hindistonning Vidjiyanagar davlatiga taniqli tarixchi Abd-ul-Razzoq Samarqandiy boshchiligida elchilarni yuborgan. O‘z vazifasini muvaffaqiayatli bajargan delegatsiya 1444-yilda Hirotga eson-omon yetib keladi.
XVI asrda Bobur Hindistonda o‘z saltanatini qaror toptirgach, Hindiston va Markaziy Osiyoning madaniy aloqalarida yangi bosqich boshlanadi. Bobur boburiylarning Hindiston tarixida tutgan roli va ahamiyatini Hindistonning yetuk siyosiy arbobi Javoharlal Nerudan yaxshiroq ifodalash mushkul: “Boburning Hindistonga kelishi taraqqiyotga ulkan turtki berdi, u hayot, san’at va arxitektura, madaniyatning boshqa sohalari rivojlanishini rag‘batlantirib bordi. Bobur dilbar shaxs edi. U dovyurak qalb sohibi, uyg‘onish davrining yorqin vakili. Hayotdan zavqlanib yashardi”.
Chingizxon o‘limidan so‘ng Markaziy Osiyoning Chig‘atoy ulusigacha bo‘lgan aksariyat qismi uning o‘g‘li Chig‘atoy qo‘liga o‘tdi.
Vaqt o‘tishi bilan Chingizxon qo‘shinining o‘zagini tashkil etuvchi mo‘g‘ullarning asosiy qismi vataniga qaytdi. Doimiy yashash uchun qolganlari esa tub aholi bilan qorishib ketib, ona tillarini unutdi.
Mazkur ulus aholisining o‘zagini turkiy qavmlar tashkil qilib, ular hozirgi o‘zbeklarning ajdodlari hisoblanadilar. O‘sha davrda turkiylar Yevroosiyoning ko‘plab hududlarida istiqomat qilganlar. Chig‘atoy ulusidagi turklarni o‘zga hududlardagilardan farqlash maqsadida ularni Chig‘atoy turklari yoki oddiygina qilib chig‘atoylar, deya atashgan.
XIV asrning o‘rtalarida Chig‘atoy ulusining ikki qismga bo‘linishi sababli sharqiy hududlarda Mo‘g‘ul xonligi qaror topdi. Yangi davlat aholisining o‘zagini yana o‘sha turklar tashkil qildi.
Hindiston aholisi o‘rta asrlarda shimoldan lashkar tortib yoki guruh-guruh bo‘lib yashash uchun joy topish ilinjidagi har qanday kelgindilarni mo‘g‘ullar deb atashgan. XIV asrda o‘sha “mo‘g‘ullar’ aslida turkiylar bo‘lganlar.
“Buyuk mo‘g‘ullar” atamasi ingliz istilochilari davrida iste’molga kiritilgan. Hindistonda “mo‘g‘ul” so‘zi Shimoliy Hindiston va Markaziy Osiyo musulmonlariga nisbatan qo‘llanilgan. Hindistonda buyuk saltanatga asos solgan Bobur o‘zining mo‘g‘ul emas, turk deb yuritgan. O‘zining Hindistonga yurishini o‘tmishda (Mahmud G‘aznaviydan tortib, Amir Temurga qadar) turk sultonlariga tobe bo‘lgan, aholi tarkibining ma’lum qismi turkiylardan iborat hududlarni zabt etish istagi bilan izohlagan.
“Boburnoma”da muallif yozishicha, turklar boshqaruvidagi hind viloyatlarini tinch yo‘l bilan qo‘lga kiritish uchun Sulton Ibrohim Lo‘diyga elchi yuborgan.
Bobur va boburiylar davrida Hindiston barcha jabhalarda sezilarli darajada taraqqiy topdi. Jumladan, shaharsozlik, mahobatli me’morchilik, san’at sohasining rivojiga ulkan hissa qo‘shildi. Betakror arxitektura yodgorliklari, san’at durdonalarida ikki xalq madaniyatining uyg‘unligi, o‘zaro bog‘liqlikda yuksalishi yaqqol namoyon bo‘ladi. Agradagi Toj Mahal, Dehlidagi Moti masjidi, Qizil Fort va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Ularning aksariyatida Hindiston va Movarounnahr me’morchiligi an’analari hamohang ravishda o‘z ifodasini topgan. Ayniqsa, Akbarshoh amri bilan poytaxt sifatida bunyod etilgan Fotehpur Sekri shahri diqqatga sazovor.
“Boburnoma” da ham tilga olingan, ildizlari Markaziy Osiyo an’analariga borib taqaladigan yana bir inshoot – Odinapurdagi Sadoqat bog‘idir.
Muhammad Mirzo Haydar tomonidan “Tarixi Rashidiy” asarida keltirilgan mo‘g‘ul xonligi XVI asr o‘rtalariga qadar davr surgan Chig‘atoy davlatining tanazzulidan so‘ng Movarounnahr (Buxoro) va Sharqiy Turkiston (Qashqar)da tashkil topdi.
Bobur va Boburiylar davrida ham, hozirda ham Hindiston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va siyosiy aloqalar izchil rivojlanmoqda. Hind savdogarlari Samarqand, Buxoro, Toshkent va Andijonda uzoq yillar turg‘un yashab, savdo - sotiq ishlarini muvaffaqiyatli olib borganlar. Mazkur shaharlarda o‘z millatdoshlari tomonidan boshqarilgan hind mavzelari mavjud bo‘lgan. XIX-XX asrlarda O‘zbekistonda 8 mingga yaqin hind istiqomat qilgan (asosan sinx va panjoblar). Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida saqlanib qolgan “Hindu mozor” qabristoni o‘sha davrdan yodgorlik.
Yuqorida keltirilgan dalillar Bobur Hindistonda mo‘g‘ul davlatini emas, balki turkiylar saltanatini barpo etishni niyat qilganini tasdiqlaydi. Demak, tarix nuqtai nazaridan uning davlatini “Buyuk turkiylar davlati” yoki boburiylar “Buyuk imperiyasi” deya atamoq to‘g‘ri va maqsadga muvofiq bo‘ladi. Boburiylar hukmronligi davrida Hindiston o‘z taraqqiyotida yuksak darajaga ko‘tarilib, Movarounnahr madaniyati an’analarini o‘zida mujassam etdi.
Buyuk mo‘g‘ullar – sulton Bobur asos solgan va Hindistonni uch asr mobaynida boshqargan mashhur sulolaga mansub hukmdorlarga yevropaliklar tomonidan berilgan unvon. Boburiylar mazkur nasabni yanglish hisoblaganlar, zero ularning mo‘g‘ullarga taalluqli joyi yo‘q edi. Bobur o‘zini turkiy hisoblab , bu bilan faxrlangan hamda mo‘g‘ul tilini bilmagan. Ozining esdaliklarini turkiy tilda (chig‘atoy lahjasi) bitgan. Boburiylar haqida yevropaliklar ilk bor forslar orqali xabar topganlar. Forslar Amudaryo ortida yashovchi chig‘atoy turklarini mo‘g‘ullar, deb ataganlar. G‘arb olimlari esa atamaning farqiga bormay, buyuk mo‘g‘ullar saltanati sifatida talqin qilganlar. Boburiylarning hukmdorlik darajasini ko‘rsatuvchi atama “podishoh” bo‘lib, forsiylardan andoza olingan va Bobur tomonidan 1506-yilda qabul qilingan.
Bir manbaga ko‘ra, nasl-nasabi turkiy bo‘lgan, kelib chiqishi mo‘g‘ullarga borib taqaluvchi hukmdorlar tomonidan boshqarilgan Buyuk Mo‘g‘ullar (o‘z - o‘zini fors – ko‘ragoniy, deya e’tirof etgan) saltanati 1526-yildan 1528-yilga (aslida XIX asr o‘rtalariga) qadar davr surib, hozirgi Hindiston, Pokiston va janubiy Afg‘oniston hududlarini qamrab olgan.
Boburning o‘zi Temuriyzoda bo‘lib, mo‘g‘ullarning turkiylashgan Barlos qavmiga mansub. V.Bartold ayrim faktlarga asoslanib, mo‘g‘ullar mo‘g‘ul tilida so‘zlashgan, deya ta’kidlaydi. Qozoq tarixchisi Yudin esa mo‘g‘ullar turkiyzabon qabilalardan iborat bo‘lganligini e’tirof etadi.
Saltanat asoschisi Bobur Temuriylar davlatining Farg‘ona vodiysida joylashgan Andijon shahrida tavallud topgan. Boburdan boshlangan hukmdorlar sulolasini hindlar o‘z odatlariga ko‘ra mo‘g‘ullar deya atashgan.XVII asrdagi yevropalik sayyohlar esa unga “Buyuk mo‘g‘ullar” nisbatini berganlar.
Buyuk mo‘g‘ullarni Temuriylar deyish ham mumkin, davlat va sulola asoschisi nomiga mos ravishda Boburiylar deya atalsa ham bo‘ladi. Sulola vakillari turk va fors tillarida so‘zlashganlar.
Zokirjon Mashrabov, Bobur nomidagi xalqaro ekspeditsiya rahbari.
“Andijonnoma” gazetasi, 2019-yil 13-fevral, 13 (19618)-son.
Fikr qoldirish#