Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Afg‘onistonda boburiylar qurgan me’moriy yodgorliklar

Bobur va uning avlodlari Hindiston va Afg‘onistondagi uch yuz yildan oshiq hukmronliklari paytida o‘zlaridan ulug‘vor va hashamatli saroylar, maqbaralar, masjidlar, karvonsaroylar, bozorlar kabi juda ko‘plab madaniy meros qoldirishdi. Ular betakror me’moriy inshootlarga ega bo‘lgan yangi shaharlar qurishdi. Masalan, Dehlidagi Humoyun maqbarasi, Agra, Lahor, Dehlidagi saroylar, Fathpur – Sekri, Shohjahonobod kabi yangi shaharlardagi muhtasham binolar, Sikandardagi (Agra yaqinida) Akbar, Shohdordagi Jahongir, Agradagi E’timod ud-davla maqbaralarini aytib o‘tish kifoyadir. Ushbu saroy va maqbaralarning barchasi yuksak badiiy did bilan bunyod etilgandir.


Shuni qayd etish lozimki, me’morlik va qurilish ishlari ayniqsa Shohjahon (1627-1658) hukmronligi paytida rivoj topdi. Bu davrda o‘z go‘zalligi va ulug‘vorligi hamda me’moriy xususiyatlariga ko‘ra oldin qurilgan obidalardan ajralib turuvchi qator binolar, jumladan, Devoni Xos (a’yonlar devoni), Devoni Om (oddiy fuqaro qabul qilinuvchi devon), Xos mahal, Shashmahal, Burji Musamman, Moti Masjid, Mumtozmahal, Shohjahonning o‘zining maqbarasi, Jome masjidlari va hokazolar qurildi.


Butun dunyoga mashhur saroy – yodgorlik Toj mahal me’moriy uslubi va go‘zalligi jihatidan tengi yo‘q. Ushbu obidada yuksak san’at ajoyib me’moriy mahorat bilan uyg‘unlashib, o‘sha davrning butun ilmiy tafakkurini o‘zida mujassamlashtirgan. Hindistondagi temuriylar sug‘orish va suv ta’minoti uchun o‘z poytaxtlari va yirik shaharlarda nahrlar, to‘g‘onlar, ariqlar, hovuzlar yaratishdi va shoirlar tomonidan «jannat bog‘lari» deb madh etilgan ko‘plab xushmanzara chorbog‘lar bunyod etishdi. Bular boburiylar tomonidan Hindiston hududida barpo etilgan me’moriy inshootlardir.


Boburiylar shuningdek Afg‘onistonda ham qizg‘in bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga mashg‘ul bo‘lishdi. Ma’lumki, Bobur bu o‘lkaga o‘rnashganida dastlab Kobulni o‘ziga poytaxt qilib olgan edi. Boburning o‘zi va avlodlari keyinchalik ham Kobulni unutmasdan har imkon tug‘ilganda bu yerga kelishar, yangi binolar qurishar yo oldin qurilganlarini yangi reja asosida qayta qurishardi. Abdulhay Habibiy ma’lumotiga ko‘ra «Bobur qisqa muddat Kobulda bo‘lganida qator saroylar qurib, ko‘plab chorbog‘lar barpo etgan (Abdulhay Habibiy. Tarixi Afg‘oniston dar asri Guragoniyi Hind. Kobul 1341. 198-199 b. (Bundan so‘ng, Abdulhay Habibiy, Tarixi Afg‘oniston, deb keladi).). Afsuski, Boburning o‘zi Kobuldagi me’morlik faoliyati haqida biron ma’lumot bermaydi. U faqat ba’zan o‘z xotiralarida Chorbog‘i Kobul nomli o‘z qarorgohini tilga oladi. Masalan: «U Kobul tushgan axshomi men qo‘rg‘onga bordim. Chodir va tavila chorbog‘da» (Zahiriddin Muhammad Bobur. Toshkent, «Yulduzcha», 1989. 143 b. Bundan so‘ng – Boburnoma). Yoki uning yana boshqa bir ma’lumoti: «Bu qish bir- ikki qatla qor yog‘quncha chorbog‘da-o‘q o‘lturib eduk». Yoki: «Sihhat topib, chorbog‘qa chiqtim». Bobur o‘z qarorgohi haqida yo‘l-yo‘lakay har gal navbatdagi safardan qaytganida aytib o‘tadi. Keyinchalik Chahor Bog‘ Kobul noibi bo‘lgan boburiylarning rasmiy qarorgohi bo‘lgan. «Akbarnoma» ma’lumotlaridan quyidagilar ma’lum bo‘ladi: «Humoyun Qandahordan Bayramxonni o‘z ukasi Komronga elchi qilib uzatganda, Mirzo Komron uni (Bayramxonni) Chorbog‘i Kobulda qabul qilib, uning sharafiga tantanali qabul marosimi o‘tkazdi (Akbarnoma, O‘zR FA SHI qo‘lyozmasi. Inv. raqami 5345. 124 a-b. Bundan so‘ng – Akbarnoma). «Bayramxon bu bog‘da birinchi marta yosh shahzoda Jaloliddin Muhammad Akbar bilan uchrashadi. Abdulhay Habibiy Abdulhamid Lohuriyning «Podshohnoma» asari ma’lumotlariga tayanib qayd etadi: «Kobuldagi saroy va bog‘rlardan Chorbog‘i Kobul, Bog‘i Shahroro, Bog‘i jilovxona, O‘rtabog‘, Bog‘i Surat, Bog‘i Mahtob, Bog‘i Ohuxona Boburning o‘zi tomonidan barpo ettirilgan» (Abdulhay Habibiy, Tarixi Afg‘oniston, 198 b.).


1606-1607-yilda Jahongir ilk bor Kobulga kelganida qator saroy va bog‘larda qayta qurish va ta’mirlash ishlarini o‘tkazdi. Jumladan, «u Kobul daryosi o‘zanini o‘zgartirib, daryoni Bog‘i Shahroro o‘rtasidan yo‘naltirdi. Ushbu bog‘ni Bog‘i Jahonoro deb atadi» (Tuzuki Jahongiri. O‘zR FA SHI toshbosma kitobi. Inv. 11382 (nashr yili noma’lum) 52 b. Bundan so‘ng – Tuzuki Jahongiri). Kobuldagi bog‘ va saroylarning tavsifini keltirarkan shunday deb yozadi». «O‘rtabog‘ Humoyun davrida barpo etilgan bo‘lib, Kobuldagi eng katta chinor undadir. Chorbog‘ esa Kobuldagi eng katta bog‘dir. Bog‘i Shahroro Abusaid Mirzoning qizi va firdavsmakon (Bobur)ning ammasi bo‘lmish Shahribonu begim tarafidan barpo etilgan. «Bu Kobul bog‘lari ichida eng go‘zalidir. Men uni sotib olib atrofini yangi yerlar bilan kengaytirib qayta soldirdim va bu bog‘ni Bog‘i Jahonoro deb atadim. Bu yerda o‘z yaqinlarim va a’yonlar bilan majlislar o‘tkazdim» (Tuzuki Jahongiri, 52 b.).


BOG‘I PAG‘MON. Abdulhay Habibiy ma’lumotlariga ko‘ra bu bog‘ [Abulqosim mirzo o‘g‘li] Ulug‘bek mirzo (1460-1501) tarafidan barpo etilgan. Bobur Kobulni egallaganida, u boqqa tashrif buyurib ariqlarni yangi reja asosida qazdirgan va ko‘chatlar o‘tkazib, gullar ektirgan. Tepalikda sufa qurib, buloqlarni murattab qildirdi. Natijada g‘oyat obodon joy bo‘ldi (Abdulhay Habibiy. Tarixi Afg‘oniston, 1996.). Bobur ushbu bog‘ haqida shunday deydi: «Bu kentta Bog‘i Kalon otliq Ulug‘bek Mirzoning bir mag‘sub bog‘i bor edi. Men egalariga baho berib oldim. Bog‘din tashqari ulug‘ chinorlar bor, chinorlarning tubi sabzaliq, safolik manziledur. Bog‘ning o‘rtasidan bir tegirmon suyi hamisha joriydir». Burun bu ariq egri-bukri va besiyoq edi. Men buyurdimkim, bu ariqni reja va siyoq bila qildilar. Bisyor yaxshi yer bo‘ldi (Boburnoma, 124 b.).


O‘RTABOG‘. Bobur davrida O‘rtabog‘ – Bog‘i Maktab nomi bilan ma’lum bo‘lib, Kobul yaqinida joylashgandi. «Akbarnoma» ma’lumotiga ko‘ra 1545 yilda Humoyun Kobulni egallab O‘rtaboqqda kelib tushdi.


Shu yil bahorida g‘alaba sharafiga katta bayramlar qildi. So‘ngroq Akbarning sunnat to‘yini ushbu bog‘da o‘tkazdi» (Akbarnoma, 124 ab.).


TAXTI BOBUR. Abdulhay Habibiy aytishicha, 914 (1508-1509) yilda Kobulning janubiy tarafida, hozirgi paytda hazoriylar yashaydigan mahallada, Sherdarvoza tog‘i etagida Bobur metin qoyani taroshlatib, san’atkorona taxt yasattirgan. 1016/1606- 1607-yilda Jahongir birinchi bor Kobulga kelganida, uning buyrug‘iga binoan Bobur taxti ro‘parasida xuddi shunaqa toshtaxt yasashib, ushbu lavhani bitishgan: «Yetti iqlim podshohi Nuriddin Jahongir podshoh binni Jaloliddin Akbarshoh taxti» (Abdulhay Habibiy. Tarixi Afg‘oniston, 199 b.). Jahongir Taxti Bobur haqida qiziqarli ma’lumotlar keltiradi. Shuningdek u yozadi: «Taxtgohi podshohi olampanoh Zahiriddin Muhammad Bobur ibn Umarshayx Guragon xalada alloh mulkahu fi 914» so‘zlari Boburning o‘z qo‘li bilan yozilgandir (Tuzuki Jahongiri, 53 b.).


BOG‘I SAFO. Abdulhay Habibiy so‘ziga ko‘ra bu bog‘ Afg‘oniston sharqida Behsud manzilgohi yaqinida joylashgan» (Habibiy. Tarixi Afg‘oniston, 199 b.). «Oyini Akbariy»da qayd etilishicha «Bog‘i Safo Firdavsmakonning yodgorliklaridan biridir» (Oyini Akbari. O‘zR FA SHI toshbosma kitobi, Inv.raqami 5245 Lakxnav, 1893. 192 b.). Bobur o‘zi Bog‘i Safo haqida quyidagilarni ma’lum qiladi: «...o‘lturur uchun qobil yer edi, bog‘e soldim. Bog‘i Safog‘a mavsum, xela xushhavo va bosafo yer voqe bo‘lubtur» (204 b.). Bobur o‘z xotiralarida bu bog‘ni bir necha bor eslab o‘tadi. Alloma Abulfazl aytishicha «bu bog‘ go‘yo jannat ravzasi yanglig‘dir. 958/1551 yilda Humoyun Komronni ta’qib qilayotganida bu bog‘da to‘xtaldi. Akbar 998-1589-yilda Bog‘i Safoga ikkinchi bora keldi (Oyini Akbari, 1926.). Habibiy qayd etishicha, «Bog‘i Safo Bagramidan o‘ng tarafda 32 kuruh masofada joylashgan. 1506/1646-1647-yilda Shohjaxon bu boqqa kelib tushgan» (Habibiy. Tarixi Afg‘oniston, 201 b.).


BOG‘I VAFO. Bu bor saroy bilan birga Bobur buyrug‘iga ko‘ra bunyod etilgai. Bobur 910/1504 yil voqealarini bayon qilar ekan shunday deydi»: «Odinapur qo‘rg‘onining oldida, janubiy tarafida bir balandida tarixi to‘qqiz yuz o‘n to‘rtda (1509) bir chahorbog‘ soldim, Bog‘i Vafog‘a mavsum, rudqa mushrif... kila kelturib, ektirib edim, sabz bo‘lib edi. Andin burung‘i yili nayshakar dag‘i ekib edilar, yaxshi nayshakarlar bo‘lub edi. «Yeri murtafi’, oqar suyi muttasil. Xela yaxshi bog‘ voqe bo‘lubtur» (Boburnoma, 120-121 b.). So‘ngroq Bog‘i Vafo Boburning Afg‘oniston sharqidagi qo‘nimgohiga aylandi. Keyinroq Bobur ushbu bog‘ haqida zavqu shavq bilan yozadi: «Bog‘i Vafoning xo‘bluq mahallari edi, sahnlari tamom sebargazor, anor darxtlari sap-sarig‘ xushrang xazon bo‘lubtur». (224 b.) Habibiy ma’lumotiga ko‘ra «Bobur u borda to‘g‘ri yo‘laklar va hovuzlar qurdirib, norinj va anor daraxtlari ko‘kartirgan (Habibiy. Tarixi Afg‘oniston, 201 b.). Bobur bog‘da oxirgi bopa 932/1525-1526 yilda Hindistondagi so‘nggi jang oldidan to‘xtab o‘tgan. Habibiy yana shularni ma’lum qiladi: «998/1589 - yilda Akbar Kobulga otlanganda bir necha kun Bog‘i Vafoda to‘xtagan. Bog‘i Vafo qoldiqlarini hozir ham Jaloloboddan o‘n kuruh shimoli garbda Bog‘voni manzilgohiga yaqin joyda ko‘rish mumkin» (Habibiy. O‘sha asar, 201 b.).


Kobuldagi qurilish va obodonlashtirish ishlari ayniqsa Shohjahon hukmronligi davrida taraqqiy etdi. Abdulhamid Lohuriyning «Podshohnoma» asari (2 jild, 502-509 b.) ma’lumotlariga tayanib, Habibiy ma’lum qilishicha, Shohjahon hukmronligining 12- yilida (1639-1640) uning buyrug‘iga ko‘ra O‘rtabog‘, Mohtobbog‘ kabi Kobul bog‘larida podshoh saroylarini qurishga boshlashdi. Bu saroylar yetti yil davomida, ya’ni 1639-1646 yilgacha qurilgan. 1646-1647-yilda Shohjahon Kobulga ikkinchi marta kelganida u yangi saroylar qurilishiga ikki yarim lak rupiya to‘lagan. Bundan tashqari Shohjahon buyrug‘iga ko‘ra, Bog‘i Shahroro, Chorbog‘i Kobulda yangi saroylar qurish va Bog‘i Boburda (Bobur dafn qilingan bog‘) maqbara bunyod etish uchun yana ikki yarim lak rupiya ajratilgan. Shohjahon amriga binoan 1646 yilda Kobul qal’asini ta’mirlab mustahkamlashdi va Kobul arkiga suv keltiradigan ariq qazishdi (Abdulhay Habibiy. Tarixi Afg‘oniston, 203 b.). Yana Habibiy aytishicha, «o‘zining ikkinchi tashrifi paytida Shohjahon Bog‘i Shahroroda bir-biriga o‘xshamagan uchta saroy qurdirdi. Bog‘larda hovuz, sharshara, favvoralar bino qildirdi. Bobur maqbarasi yonida qirq ming rupiya mablag‘ sarflab oq marmardan kichik masjid bino etdi. Yo‘l va yo‘laklarni qayta rejalab, juda ko‘p mevali va manzarali daraxtlar, butalar o‘tqazdi. Natijada Bog‘i Bobur (u hozirgacha shunday nomlanadi) chiroyli tus oldi» (203-204 b.).


Shohjaxon davrining yirik yodgorliklaridan biri Bog‘i Istalifdir. Bu bor Shohjahonning xotiniga qarashli bo‘lgan, ya’ni uning uchun maxsus qurilgan. Shohjahon 1646 yilda bu bog‘da to‘xtalgan. Shohjahon hukmronligi davrida Kobulda qurilgan boshqa yodgorliklardan saroyli katta bog‘ – Bog‘i Nimlani aytib o‘tish mumkin. Bu bog‘ning o‘rtasidan kengligi to‘rt gaz (Gaz – uzunlik o‘lchovi; o‘rtacha 95 sm ga teng) bo‘lgan ariq oqib o‘tgan.


Shohjahon davrida yana bir saroyli bog‘ bunyod etilgan bo‘lib, u Bog‘i Alimardon deb atalgan. Bu bog‘ Bolo Hisorning shimoliy tarafida Kobul noibi Alimardonxon tomonidan barpo etilgan. Hozirgi paytda bu bog‘dan asar qolmagan. Ammo mahalla Alimardon deb ataladi (Abdulhay Habibiy. Tarixi Afg‘oniston, 200 b.). Habibiy xabar berishicha, Shohjahon davrida saroylar va bog‘larni qurish, hamda qayta qurish va ta’mirlash ishlariga 12 lak rupiya sarflangan (203 b.).


CHILZINAYI QANDAHOR. Boburiylar Afg‘onistonning boshqa joylarida ham o‘zlaridan yodgorliklar qoldirganlar. Bulardan biri 913 (1507-1508) yilda Qandahorni navbatdagi gal qamal qilish chog‘ida Bobur o‘zi qurdirgan Chilzinayi Qandahordir. Bobur bu haqda o‘zi shunday deydi: «Shohbek va Muqim Qandahor tog‘ining men tosh imorat qozdurg‘on tumshug‘ining olida shomiyona tikib o‘lturub edilar» (188 b.). Aftidan, Bobur bu joyni metin qoyadagi olib bo‘lmas qal’a sifatida tanlashi tasorifiy emas. «Latoif al-axbor» ma’lumotlariga ko‘ra, «Chilzina yov ololmaydigan metin qoyada joylashgan. U yerdan Qandahor shahri va uning barcha qurg‘onlari kaftidagidek ko‘rinib turardi. Shohjahon lashkarining Chilzina minorasiga har kuni qilgan hujumlari hech qanday samara bermadi. Kim Chilzinani egallasa, o‘sha kishi Qandahor ustidan hukmronlik qiladi (Latoif al-axbor. O‘zR FA SHI qo‘lyozmasi. Inv. raqami 5400, 21-b.).


Abdulhay Habibiy «Tarixi Ma’sumiy» ma’lumotlariga tayanib quyidagilarni qayd etadi: «Chilzinayi Qandahor Sarpuzayi Qandahor tog‘ining cho‘qqisida yangi shaharning g‘arbiy va eski shaharning shimoliy qismida joylashgan. Bobur davrida bu kichkina qal’a Peshtog‘ nomi bilan ma’lum edi. To‘qqiz yil davomida sakson nafar usta – sangtarosh tosh metin tog‘da qirqta zina taroshladilar va shu sababln unga «Chilzina» nomi qo‘yilgan. So‘ngroq Boburning turli davrlarda Qandahor noibi bo‘lgan o‘g‘illari Komron, Askariy va Hindol Mirzolar Bobur uyini kengaytirib va minora qurib qal’aga aylantirishdi, hamda qurilish 930/1523 yilda boshlanib 953/1546 yilda tugaganini bildiruvchi lavha bitishdi. 1004/1595 yilda Akbarning lashkarboshisi Mir Ma’sum Qandahoriy Qandahor noibi bo‘lganda to‘rt yil davomida metin devorga Humoyun, Akbar va ularga qarashli Hindiston va Afg‘onistondagi barcha viloyatlar nomlari ko‘rsatilgan kitobalar bitdi» (Abdulhay Habibiy. Tarixi Afg‘oniston, 195 b.). «Majma ut-tavorix» (Qo‘lyozmaning bir qismini (1-14 betlar) bizga afg‘on olimi va shoiri Abdurauf Benavo taqdim etdi.) muallifi ta’kidlashicha, Shohjahon hukmronligi davrida uning buyrug‘iga binoan lashkarboshi Qilichxon Chilzina atrofiga qal’a devori qurib, uni yanada mustahkamlagan, so‘ngra bu qal’ani Qandahorning boshqa yettita qal’asi devorlariga tutashtirgan. Natijada bu qal’alarning barchasi bir butunga birlashgan va ayni holda har bir qal’a alohida mudofaa inshootiga ega edi.


CHORBOG‘I QANDAHOR. Bu yodgorlik Bobur davridan beri ma’lumdir. Habibiyning so‘ziga qaraganda, bog‘ yangi shaharning shimoli – g‘arbiy qismida, Arg‘andob daryosi qirg‘og‘ida Bobur tomonidan barpo etilgan. Humoyun Erondan qaytishida ushbu bog‘da to‘xtagan. Qandahorni zabt etgach esa, Qandahor arkiga ko‘chib o‘tgai.


Boburiylar Qandahorda va viloyatda qoldirgan boshqa yodgorliklardan Habibiy ma’lumotiga ko‘ra, Bobo Vali nomi bilan mashhur bo‘lgan Bobo Hasan Abdolning jiyani Sayid Husayn Zanjirpo maqbarasidir. U Sayid Ayniddin ibn Shamsuddinning o‘g‘li bo‘lgan. Bobo Vali asli Sabzavordan (Eron) bo‘lgan. U Qandahorda Arg‘andob yaqinidagi Langar qishlog‘ida yashab o‘tgan. Mir Ma’sum Qandahori uning qabri ustida katta maqbara bunyod etib kitobalar yozdirgan. Bu maqbara bizning davrimizgacha saqlanib qolgan.


Sayid Abduljamil ibn Sulton Xalil ibn Sulton Mahmud (854/1450 yilda vafot qilgan) maqbarasi Qandahordan 40 km shimolroqda Shoh Maqsud Xokrez mavzesidadir. Bu maqbarani o‘sha Mir Ma’sum Qandahoriy Jahongir hukmronligi davrida qurdirgan.


Qandahordan 30-35 km janubi – g‘arbdagi Sayid Sher Qalandar Sabzavoriy maqbarasi yonida masjid va kichik uy qurilgan. Zamindovarda va Qandahorga qarashli boshqa tumanlarda Shoh Jahon hukmronligi davrida avliyolar va ulamo uchun qator maqbaralar, jome masjidlari, karvon – saroylar qurilgan bo‘lib, ularning ba’zilari bizning davrimizgacha saqlanib qolgan.


Bobur va uning avlodlari me’morlik san’ati, fan va madaniyat homiylari edilar. Yuqorida aytib o‘tilganlardan ma’lumki, ular juda ko‘p me’moriy qiyofasi va ahamiyatiga ko‘ra qiymatli va takrorlanmas obidalar qurishdi. Ularning bunyodkorliklari bilan faqat Hindiston xalqigina emas, balki butun jahon xalqlari faxrlanishadi va zavqlanishadi. Afsuski ushbu ulug‘vor me’moriy yodgorliklarning katta qismi urushlar yoki tabiiy ofatlar natijasida nest – nobud bo‘lib ketgan. Masalan, Qandahorning saroylar, arklar, minoralar, qal’alar, bozorlar qurilgan eski shahari 1738 yilda Nodirshoh tarafidan ayovsizlarcha vayron qilingan. Shahardan faqat vayronalar va qachonlardir Bobur tomonidan qurilib, uning o‘g‘illari va Qandahor noiblari tomonidan takomiliga yetkazilgan Chilzinaning qoldiqlari saqlanib qolgan, xolos.


MUSOYEV SH.

Sharqshunoslik, №5/1994. – 167b.B.71-78. (O‘zbekcha); Архитектурные памятники, построенные Бабуридами в Афганистане.

Fikr qoldirish#