70-yillarda Zahiriddin Muhammad Boburning Andijonda tavallud topganiga shubha bildirilib, oldin «O‘qituvchilar gazetasi»da (22.11.1973), so‘ng «Namangan haqiqati» ro‘znomasida (19.08.1977) bir xil mazmundagi ikkita maqola chop etilgandi. Ammo o‘shanda bu maqolalar tarixiy haqiqatga shubha tug‘diradigan darajada aks sado bermay, izsiz ketgandi. Biroq 1982-yili «Fan va turmush» oynomasining 8-sonida bosilgan «Bobur vatanida» nomli maqola bois Boburning Andijonda tug‘ilganiga yana shubha bildirildi. Ushanda bu maqola munosabati bilan oynoma muharririyatiga turli mazmundagi xatlar kelgandi... Nihoyat, O‘zbekiston hukumatining 1983-yili Boburning 500-yillik yubileyinn nishonlash qarorida «Bobur vatani – Andijonda» ilmiy anjuman o‘tkazish belgilandi. Shundan so‘ng uni Andijondan boshqa biron shaharda tug‘ilganini «isbotlash»ga qaratilgan ehtiroslar pasaydi.
Biz yubileygacha o‘lkashunoslik yuzasidan Andijon tarixi bilan shug‘ullanib, shaharning o‘sha davrdagi yodgorliklariga bag‘ishlangan maqolalarimizda ham, yubiley munosabati bilan olib borgan tekshirishlarimiz haqidagi ba’zi axborotlarimizda ham Boburning Andijonda tug‘ilganini isbotlovchi dalillarni xolis keltirib o‘tgan edik. Atoqli geograf va boburshunos olim Hamidulla Hasanov bizning tekshirishlarimiz bilan qiziqib, Andijonga maxsus kelgan va mavjud manbalar bilan atroflicha tanishib, Boburning qayerda tug‘ilgani haqidagi masala uzil-kesil hal qilinganligini qayd qilib o‘tgan edi. U jumladan: «Boburning «Andijonda tug‘ilganligi» bir chekkasi, munozara ko‘rinardi... Nihoyat, yaqindagina ishonarli mulohaza aytildi... Shu dalillarni asos tutib, Bobur Andijon arkidagi xonadonda tug‘ilganligi hech shubhasizdir», – deb yozgandi (H. Hasanov. Bobur sayyoh va tabiatshunos. T., «Fan», 1983, 61-bet).
Shunga qaramay, o‘sha yillari yana bir tushunmovchilik yuz berdi. N.Mallayev, G‘.Karimov va H.Ismatovlarning o‘rta maktablar uchun yozilgan «O‘zbek adabiyoti tarixi» darsligining beshta nashrida «Bobur Farg‘ona viloyatining poytaxti Andijonda tug‘ilgan» deb yozib kelinar edi. Biroq darslikning 1982 yilgi oltinchi nashrida Boburni «Farg‘ona poytaxti Axsida tug‘ilgan» deb «tuzatib» qo‘ydilar (Qarang: N.Mallayev, G‘.Karimov, H.Ismatov. O‘zbek adabiyoti tarixi (6-nashri), T., 1982, 136-bet). Yana taajjublanarli joyi shundaki, darslikning «Boburnoma»ga bag‘ishlangan sahifalarida «Andijon ... Farg‘ona mulkining poytaxtidur» degan Bobur gapi ham keltirilgan. Natijada qaysi shahar poytaxt ekanligini o‘quvchi ham, adabiyot o‘qituvchisi ham 3-4-yilgacha tushunolmay yurdi.
Nihoyat, darslik mualliflari o‘z xatolarini tushundilar va darslikning 10-nashri (1986-yil)dan boshlab yana «Bobur Farg‘ona viloyatining poytaxti Andijonda tug‘ilgan» degan eski matnni tiklab qo‘ydilar (uning keyingi nashrlarida ham shu matn bor).
1991-yil aprel–iyun oylarida YUNESKO tomonidan «Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab» tashkil etilgan xalqaro ekspeditsiyasi Bobur yurti deb Andijonga kelganida jumhuriyatimizda ko‘zga ko‘ringan olimlardan biri mehmonlarga «Bobur Axsida tug‘ilgan» deb yubordi. Ekspeditsiya Farg‘onaning sobiq poytaxti bo‘lmish Axsi vayronalari bilan tanishish chog‘ida ham Boburning Andijonda tug‘ilgani haqidagi olimlar ongiga singib ketgan haqiqatni ba’zan shubha ostiga olishdi. Ayrim hollarda chet ellik mehmonlar, taajjubdan bo‘lsa kerak – bir-birlariga qarashib ham olishdi, ammo munozara o‘rni emasdi.
Shu munosabat bilan bu masalaga asosli ravishda oydinlik kiritib qo‘yish lozimga o‘xshaydi. Bizning fikrimizcha, bu ulug‘ insonning qayerda tug‘ilgani masalasiga pala-partish munosabatda bo‘lishiga ham, ayrim ishtibohli maqolalarning chop qilinishiga ham asosan ikkita sabab bor.
Birinchi sabab – «Boburnoma» muallifi o‘z asarida yoki boshqa bitiklarida tug‘ilgan joyini ko‘rsatib o‘tmagani bo‘lsa, ikkinchi sabab–Abusaid mirzo o‘g‘li Umarshayx mirzoni Farg‘ona mulkiga podsho etib tayinlaganida, uning poytaxti qilib Axsi shahri belgilanganidir. Ilmiy tadqiqotlarda esa poytaxt Axsidan Andijonga qachon ko‘chirilgani masalasiga shu vaqtgacha e’tibor berilmay kelinmoqda. Bizningcha, shu ikki sababga munosabat bildirilsa, masala o‘z-o‘zidan ravshanlashadi.
Nafsilamrini aytganda, Bobur tug‘ilganining 475-yillik yubileyi chog‘ida ham (1958-yil) uning tug‘ilgan joyi shubha ostiga olingan emas, ilmiy anjuman va tantanalar uch kungacha Andijonda o‘tkazilgan edi. 1983-yili 500-yillik yubileyi ham hukumat qaroriga binoan Andijonda o‘tkazildi. Biroq, yuqorida aytilganidek, «Boburnoma»da qayd etilmagan ikki holat tufayli keyingi yillari uning Andijonda tug‘ilganligi faktini shubhaga oluvchilar paydo bo‘ldi.
«Boburnoma»daqalamga olinmagan, ammo bahsimiz uchun zarur bo‘lgan masalalardan biri–poytaxtning Axsidan Andijonga ko‘chirilgan vaqtini aniqlashdir.
Samarqand hokimi Abusaid mirzo (1451-1469) barcha o‘g‘illariga, jumladan 7 yoshli Umarshayx mirzoga 1462-yil ko‘klamida dabdabali sunnat to‘yi o‘tkazib, so‘ngra uni Farg‘ona podshosi qilib tayinlaydi. «Boburnoma»da ta’kidlanganidek, o‘shanda Axsi shahri poytaxt qilinadi. Bunga sabab, bizningcha, Axsi shahri janubdan daryo bilan, shimol va g‘arb tomondan esa qal’a devorlar o‘rnini bosadigan chuqur jarliklar bilan o‘ralgan va yaxshi ihota qilingan. Umarshayx mirzo esa yana qo‘shimcha jarliklar qazdirgan. Natijada Axsi, Bobur so‘zlari bilan aytganda, «berk qo‘rg‘on»ga aylangan.
Axsi viloyatning shimolida – Sirdaryoning o‘ng sohilida joylashganligi sababli Tyan-Shan tomonidagi mo‘g‘ullar yurtiga nisbatan yaqin edi. Ayniqsa, Ulug‘bek o‘limidan so‘ng (1449) Farg‘onaga mo‘g‘ullar hujumi tez-tez bo‘lib turar edi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, mo‘g‘ul xoni Eson Bo‘g‘axon esa Namangan shimolida – hozirgi Qirg‘iziston hududidagi Olabuqa qishlog‘ining eng baland joyida tayanch qal’a qurib, shu yerdan doimiy ravishda Axsiga, hatto Sirdaryodan o‘tib, Andijon tomonga ham hujum qilib turgan. Umarshayx otasi Abusaidning tadbirkorligi, ya’ni Eson Bug‘axon o‘rniga uning akasi Yunusxonni mo‘g‘ullar taxtiga o‘tqazishi bilangina Farg‘ona mulkiga ular hujumi vaqtincha to‘xtaydi. Ammo aka-uka Eson Bo‘g‘axon v aYunusxonlar mo‘g‘ul taxti uchun o‘zaro urushib, Yunusxon vaqtincha bo‘lsa-da, mag‘lubiyatga uchraydi. Xuddi shu voqealardan keyin Eson Bug‘axon o‘g‘li Do‘st Muhammad hijriy 873-yili (1468-1469) Axsida hukmronlik qilgan. Bundan ma’lum bo‘ladiki, Farg‘ona poytaxti qo‘ldan ketgan. Demak, agar Umarshayx Farg‘ona taxtiga 1462-yili o‘tirgan bo‘lsa, Axsi faqat 5-6-yilgina poytaxt bo‘lgan, degan xulosa chiqadi. Bizning fikrimizcha, shu voqealar natijasida poytaxt Andijonga ko‘chirilgan (Andijon XIV asr ikkinchi yarmida ham Farg‘ona poytaxti edi).
To‘g‘ri, Axsining qo‘ldan ketishi vaqtincha bo‘ladi. Eson Bug‘axon vafotidan so‘ng Yunusxon Mo‘g‘ulistonni qaytadan egallaydi, poytaxtning Umarshayx ixtiyoriga qayta o‘tgan yili ham noaniq. Ammo kechgan voqealardan xulosa qilish mumkinki, 1472-yili Yunusxon Mo‘g‘ulistonning sharqiy qismini ham o‘z davlatiga qo‘shib olganidan so‘ng qaytarib bergan. Mana shu yillardan boshlab siyosiy voqealar bayonida Axsi mutlaqo tilga olinmaydi.
Aftidan, shahar daryo bo‘yida, soya-salqin joyda bo‘lganligi e’tiborga olinib, keyinchalik podshoning yozda dam oladigan qarorgohiga aylantirilgan.
Endi quyidagi faktga e’tiborni jalb qilamiz: hijriy 880 (melodiy 1475-1476) yili mo‘g‘ul xoni Yunusxon ikkinchi qizi Qutlug‘ Nigorxonimni Umarshayxga nikohlab berib, uni o‘ziga kuyov qilib oladi. Ushbu shohona to‘y marosimi qayerda o‘tgani ham aniq emas. Lekin voqealarning kechishiga qaraganda, to‘y Andijonda o‘tgan ko‘rinadi. Buni shundan bilish mumkinki, o‘sha yili (va undan keyin ham) Yunusxon Axsiga emas, Andijonga kelib, Umarshayx huzurida oylab istiqomat qilgan. Bundan tashqari, kuyov Umarshayx o‘z qaynonasi Eson Davlatbegimga Axsida emas, Andijonda kata chorbog‘ qurib bergan. Kampir Andijonga ko‘chib kelib, doimo ushbu chorbog‘da yashagan. Ko‘rinib turibdiki, Bobur dunyoga kelgan payt Farg‘ona poytaxti Axsi emas, Andijon bo‘lgan. Bas shunday ekan, Bobur qayerda tug‘ilgan bo‘lishi mumkin?! Ha, Boburning Andijonda tug‘ilganiga shak-shubha bo‘lishi mumkin emas! Bobur haqida keyingi yillari u yoki bu munosabat bilan matbuotda e’lon qilingan ayrim maqolalarda ham uning Andijonda tug‘ilganini ta’kidlovchi fikrlar bayon qilinmoqda. Bu jihatdan jumhuriyat tarixiy va madaniyat yodgorlik-larini asrash jamiyati raisi N.A.Muhiddinovning 1955-yili Hindistonning buyuk davlat arbobi Javoharlal Neru Toshkentga kelganida, Bobur yurti – Andijonni ko‘rish ishtiyoqini bildirganligi haqida ma’lumot beruvchi maqolasi, ayniqsa, diqqatga sazovordir (Qarang: «Sovet O‘zbekistoni» gazetasi, 1989, 26sentyabr).
Andijonda Bobur xotirasiga tarixiy va madaniy kompleks yaratish masalasining qo‘yilishi munosabati bilan: «Bobur poytaxt Andijonning qayerida dunyoga kelgan?» - degan savol ham ko‘ndalang bo‘lishi tabiiy. Albatta, bu savol yuzaki qaraganda, o‘ta muhim ahamiyatga ega emas, ammo o‘lkamiz tarixi uchun savolga aniq javob berish va bizningcha, o‘sha yerda ham maxsus yodgorlik lavhasi o‘rnatish zarur.
Darhaqiqat, Bobur Andijonning ark ichidagi podsho xonadonida tug‘ilganmi yoki katta ona – Eson Davlatbegimning biz zikr qilib o‘tgan chorbog‘idami? Biz bu ulug‘ insonning 1983-yili nishonlangan 500-yillik yubileyi munosabati bilan mahalliy matbuotda e’lon qilingan maqolalarimizda hamda jumhuriyat Fanlar akademiyasining ilmiy anjumanida qilgan ma’ruzamizda uni podsho xonadoni joylashgan ark ichida tug‘ilgan degan xulosani aytgan edik. Biroq keyingi yillardagi kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, tarixiy voqealarning kechishiga chuqurroq e’tibor qilinsa, bo‘lg‘usi Farg‘ona podshosi katta onasining Qo‘shtegirmondagi chorbog‘ida tug‘ilgan degan xulosaga kelish mumkin. Axir Eson Davlatbegimning Andijonda chorbog‘ qurdirib, shu yerda doimiy turganiga o‘g‘il nabira ko‘rish orzusi sabab bo‘lgan bo‘lsa, ne ajab?! Demakki, Qutlug‘ Nigorxonim ham bo‘lg‘usi Boburga homiladorlik oylarini, shubhasiz, o‘z onasining huzurida o‘tkazgan. Shunday qilib, Bobur hijriy 888-yil muharram oyining 6-kunida (melodiy 1483-yil 14-fevralda) Qo‘shtegirmondagi chorbog‘da tug‘ilgan deyishga to‘la asos bor (Afsuski, chorbog‘ o‘rni asrlar o‘tishi bilan yo‘q bo‘lib ketgan. Tekshirishlar davomida hozircha xalq xotiralari asosida “Qo‘shariq” mavzesidagi chorbog‘ o‘rnini aniqlab qo‘ydik. Muddao: bu yerda esdalik yodgorligi o‘rnatishdan iboratdir).
O‘g‘il nabira tug‘ilgani haqidagi xushxabarni katta ota Yunusxonga yetkazish uchun Andijondan chopar ketadi. Ammo Mirzo Muhammad Haydar «Tarixi Rashidiy» asarida yozishicha, Yunusxon nabira tug‘ilishidan ilgariroq kelgan bo‘ladi. Mirzo Muhammad Xaydar yana xabar beradiki, ulamolardan mavlono Munirxoja Marg‘iloniydan chaqaloqqa ism qo‘yib berishni iltimos qilishadi. Munirxoja islomdagi ism qo‘yish odatiga ko‘ra, kitobdan muharram oyining 6-kunini aniqlab, «Zahiriddin Muhammad» deb nom qo‘yadi. Biroq katta ona, Yunusxon va Mo‘g‘ulistondan kelgan uning qarindoshlari ushbu nom talaffuziga qiynalishib, chaqaloqni (tetik va sergak bo‘lgani uchun) osongina Bobur (Yo‘lbars) deb atashgan.
Jamoat va saroy kishilari esa bolani «Zahiriddin Bobur Muhammad» deb atashadi. «Tarixi Rashidiy» asari muallifining yozishicha, Zahiriddin Muhammad yosh bolaligidanoq «son-sanoqsiz yaxshi fazilatlarga ega edi, dovyuraklik va vallomatlikda hammaning orasida ajralib turardi».
Darvoqe, Eson Davlatbegimning uzatgan uch qizidan birinchi o‘g‘il nabira Bobur bo‘lgan, shu bois katta onaning va katta otaning ham eng sevimli va ardoqli farzandi bo‘lib qolishi tabiiy edi. 6-yil keyin uning kichik qizi (ya’ni Boburning kichik xolasi)dan ikkinchi o‘g‘il nabira – «Tarixi Rashidiy» asari muallifi Mirzo Muhammad Haydar tug‘iladi. Umarshayxning Axsidagi fojiali o‘limi haqidagi shumxabar ushbu chorbog‘ga keladi. Bu haqda «Boburnoma»da muallifning o‘zi shunday yozadi: «Bu voqea dast berganda (ya’ni Umarshayx halok bo‘lganida – S.J.) men Andijonda chahorbog‘da edim». Demak, yosh Bobur Eson Davlatbegim huzurida – chorbog‘da tarbiya topadi.
1494 yil 7-8 iyun kunlaridan e’tiboran 12 yoshli Zahiriddin, o‘zi Boburnoma»da yozganidek, Farg‘ona podshosi bo‘lib qoladi.
Jalilov S. Bobur va Andijon: (Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510 yilligiga bag‘ishlanadi) B.Ahmedov umumiy tahriri ostida.
– Tsh.: O‘zbekiston, 1993. –102 b. B. 33-38.
Fikr qoldirish#