Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Amir Temur lashkarboshilarining etnik tarkibi Sohibqiron sarkardalari qaysi urug‘ vakillari edi?

Dunyoning buyuk lashkarboshilaridan biri Amir Temur hazratlari o‘ttiz besh yil davomida olib borgan harbiy harakatlar chog‘ida qo‘shinning turli bo‘linma va qismlarini boshqaruvchi isteʼdodli sarkardalarni tanlash, ularni tarbiyalab voyaga yetkazish kabi masalalarga shaxsan diqqat qaratgan.Sohibqiron tarixi aks etgan qator manbalar, alalxusus, “Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, Temur barpo etgan qudratli va o‘ta intizomli muntazam armiyaga xos talaygina belgilarni o‘zida mujassam etgan qo‘shinga uch yuz o‘n uch nafar lashkarboshi qo‘mondonlik qilgan. Sarkardalarning dastlabki yuztasi o‘nbegi, ikkinchi yuztasi yuzbegi, uchinchi yuztasi mingbegilardan iborat bo‘lgan. O‘n ming jangchidan tashkil topgan tumanlarga Sohibqironning o‘g‘illari, nabiralari, qarindoshlari, safdoshlari va ularning farzandlari rahbarlik qilgan.


Temuriylar davrining nomdor tarixchisi Mirxond “Ravzat us-safo” asarida Sulton Ahmad Mirzodan Temurbek Ko‘ragon qo‘shinining soni bitilgan devonxona daftari uning qo‘lida ekani va ushbu daftarda Xitoy safariga otlanish uchun yig‘ilgan ikki yuz yetmish ikki ming olti yuz o‘n ikki askarga ulufa, yaʼni maosh tarqatilgani hamda shu vaqtga kelib, Sohibqiron qo‘shinining umumiy adadi sakkiz yuz ming otliq va piyodadan iboratligi xususida maʼlumot borligini qayta-qayta eshitganini eʼtirof etgan. Amir Temur lashkarboshilar tarkibini harbiy ish va harbiy sanʼat bo‘yicha yuqori mahorat, bilim va ko‘nikmalarga ega shaxslardan shakllantirishga favqulodda diqqat qaratgan. Harbiy ishga qobiliyati, isteʼdodi va azmu shijoati bor har bir kishi, ijtimoiy kelib chiqishi, millati, jamiyatda tutgan o‘rni, mavqeidan qatʼi nazar, sarkardalikka jalb qilingan. Bo‘lajak lashkarboshi yoshlikdan harbiy ish va harbiy sanʼat sir-asrorlari, nozik qirralari bilan yaqindan oshno bo‘lgan, tajribali, ko‘pdan-ko‘p jangu jadallarda suyagi qotgan, uddaburon murabbiylardan saboq olgan, egallagan nazariy bilimlarini harbiy harakatlarda amaliyotdan o‘tkazgan. Amir Temur sarkardalarini o‘ta qadrlagan va eʼzozlagan, ularning shaʼn va hurmatini joyiga qo‘ygan. Muayyan lashkarboshining hayoti xavf ostida qolgan kezda u bor g‘ayrati, bilimi, tajribasi va imkoniyatini ishga solib, xatarni bartaraf etishga intilgan. Ayni kunlarda tavalludining 686 yilligi keng nishonlanayotgan Sohibqironning otalarcha g‘amxo‘rligi, rahnamoligi tufayli yuzaga kelgan, O‘rta asrning eng qudratli, tengsiz armiyasini tuzish, ko‘hna tarix ko‘rmagan olamshumul zafarlarni qo‘lga kiritishda Sohibqironga kamarbasta va ko‘makchi bo‘lgan temuriy sarkardalar hayoti va faoliyatini asl manbalarga suyanib o‘rganish muhim. Ularning siyrati va suvratiga taalluqli chizgilarni bugungi avlodga tuhfa qilish, mubolag‘asiz, Uchinchi Renassansni yaratishdek o‘ta masʼuliyatli, shu bilan birga, sharafli vazifani hayotga tatbiq qilishga hech ikkilanmasdan qadam qo‘ygan millatimiz, xalqimizning haqqoniy va boy tarixini xolis tiklash, milliy o‘zlikni anglash, milliy faxrni takomillashtirish yo‘lidagi izchil saʼy-harakatlar bilan chambarchas bog‘liq. Amir Temur Tangri taolo tomonidan inʼom etilgan sarkardalik, novatorlik, yaratuvchanlik, bunyodkorlik, qatʼiylik kabi xislatlar samarasi o‘laroq shakllantirgan ulkan qo‘shin tarkiban saltanatni qurishda ishtirok etgan turfa urug‘ va qavmlar sardorlari yoxud mashhur vakillaridan tashkil topgan. Mo‘g‘ul bosqinchilarining 150 yillik istibdodi tufayli o‘zaro qirg‘inbarot urushlar bois, tinkasi qurigan elu ulus butunlay boshboshdoqliklar botqog‘iga botib, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy turmush tarzi jar yoqasiga kelib qolgan, qadimiy davlatchiligi, maqtansa arzirli o‘tmishi, qolaversa, mentalitetidan mosuvo bo‘lish darajasida edi. Xalqni qayta oyoqqa turg‘izish, bukilgan qaddini rostlash uchun har tomonlama mukammal harbiy kuch zarurligini juda yaxshi tushungan Sohibqiron 1370 yilda nafaqat mustaqil saltanat barpo etish, balki uning chegaralarini tashqi tajovuzlardan qo‘riqlashga qodir qo‘shinni tiklashga erishdi. Amir Temurning kuchli va katta qo‘shinini boshqarishga jalb qilingan lashkarboshilar etnik kelib chiqishi nuqtai nazaridan mamlakat aholisini tashkil etgan turfa urug‘ va qavmlar vakillaridan iborat bo‘lgan. Sohibqiron yurishlari aks etgan manbalarda qo‘shinning turli bo‘lim, bo‘linma va qismlariga o‘ttizga yaqin turkiy urug‘dan yetishib chiqqan lashkarboshilar qo‘mondonlik qilgani xususida batafsil maʼlumotlar keltirilgan.


Sohibqiron elni mo‘g‘ullar istibdodidan xalos qilish, jipslashtirish, boshini bir yoqadan chiqarish maqsadida siyosat sahnasiga dadil qadam qo‘ygan kezlarda barlos, qavchin, qipchoq, jaloyir, sulduz, nayman, apardi, nukuz, yasavur, arlot, arg‘un, qishliq, o‘zbek, mo‘g‘ul, bilgut, qarunos, qushchi, turkman singari turkiy urug‘lar vakillariga suyangan edi. Qo‘shinga sarkardalikka jalb etilgan lashkarboshilarning asosiy ulushi, yaʼni 70 nafarini Kesh viloyatida hukmronlik qilgan barlos urug‘i vakillari tashkil etgani tabiiy hol. Zotan, Temurbek nafaqat qo‘shin tarkibi, shuningdek, unga rahbarlik qiluvchi sarkardalarni ham o‘z urug‘doshlari, qarindoshlari hisobidan shakllantirishga alohida eʼtibor bergan. Ularning deyarli to‘rtdan birini tashkil qilgan barlos beklari safidan ulug‘ bek (amiri kabir) darajasiga erishgan Jakubek, Burunduqbek, Jahon-shohbek, G‘iyosuddinbek, Shayx Ali bahodur kabi isteʼdod egalari o‘rin olgan. Sohibqiron harbiy sanʼatni to‘la egallagan, ayovsiz to‘qnashuvlarda qahramonlik, botirlik va mardlik namunalarini zohir qilgan shaxslarni bahodurlik faxriy unvoni bilan sarafroz etgan, shonu shuhratini oliy darajaga ko‘targan. Hazrat taʼsis etgan harbiy mansab, rutba va unvonlar pillapoyasida ulug‘ bahodur sharafli unvoni mavjud bo‘lib, unga ikki sarkarda, yaʼni Shayx Ali bahodur hamda Xitoy bahodur munosib topilgan. Shayx Ali bahodurning o‘g‘illari Sayyidxoja, Ilyosxoja, Xizrxoja va Xubbiyxoja otasi yo‘lidan borib, Sohibqiron lashkarining turli qismlariga sardorlik qilgan.Izlanishlar Amir Temur qo‘shinida qavchin urug‘iga mansub 28 lashkarboshi xizmat o‘taganidan dalolat beradi. Xususan, Alqa, Ardasher, Tamuka, Xumori singari beklar Movarounnahrni mo‘g‘ullar istibdodidan ozod qilish, saltanatni birlashtirish yo‘lidagi xizmatlari evaziga cherik begi lavozimiga qo‘yilgan. Qavchin urug‘ining atoqli namoyandasi Atalmish yirik davlat va siyosat arbobi, mashhur diplomat sifatida obro‘ qozongan. Nukuz (nikudar) urug‘idan chiqqan o‘n lashkarboshining asosiylari ushbu qavmning nufuzli sardori, Temurbekning sodiq safdoshi, maslakdoshi, ishonchli do‘sti, munajjim va hoji Sayfuddinbek hamda uning farzandlari Abdulkarim, Abdussamad, Sayfulmulk, Sulton Sanjar, Tohir, Fozil, shuningdek, qavchinlardan tuzilib, vafodorlikda nom chiqargan qism qo‘mondoni Allohdod tashkil qilgan. Sayfuddinbek naslidan bo‘lmish Valibek Sulton Husayn Boyqaroning ulug‘ begi darajasiga ko‘tarilgan. Sulduz urug‘idan yetishgan o‘n lashkarboshi safidan sulduz tumani (10 ming askarlik diviziya) qo‘mondoni Oq Temur bahodur, uning o‘g‘li — sulduz hazorasi (minglik) sardori Shayx Temur bahodur,


1381-yilda oliy farmonga ko‘ra, Sabzavor dorug‘asi (harbiy komendant) mansabiga tayinlangan Tobon bahodur, Shayx Ali hoji, Umarshayx mirzova Pirmuhammad mirzo lashkarida xizmat qilgan Davlatxoja singari sardorlar o‘rin olgan.


Qipchoq urug‘idan muzaffar qo‘shinga lashkarboshilikka loyiq topilgan to‘qqiz sarkardaning beshtasi Temurbekning sadoqatli safdoshi, “loy jangi”, Jata safarlari, Dashti Qipchoq xoni To‘xtamish cherigi bilan kechgan dahshatli muhorabalar qatnashchisi, 1387 yil oxirida jangda olgan jarohati oqibatida dunyodan ko‘z yumgan Abbos bahodur hamda uning farzandlari Ali, Usmon (yakkama-yakka olishuvlarda dong taratgan), Umar, Shamsuddin va Hoji Abdullohdir.


Amir Temur lashkarboshilari haqida gap ketganda, yoshligidan harbiy ishga muhabbati va ishtiyoqi haddan tashqari yuqori bo‘lgan, uning bevosita tarbiyasi va nazorati ostida ulug‘ bek va atoqli sarkarda darajasiga ko‘tarilgan Shayx Nuruddinbek to‘g‘risida so‘z aytmaslikning aslo iloji yo‘q.


U ilm-fan, shariat, fiqh, ayniqsa, harb ishining oliy ustasi, nufuzli jaloyir (Bobur qipchoq deya keltirgan) urug‘ining shavkatli vakili bo‘lib, Ibrohim Sulton ibn Shohruh mirzoning ustozi va murabbiysi, To‘xtamishxon, muzaffariy Shoh Mansur, Hindiston hukmdori Sulton Mahmudxon bilan yuz bergan muhorabalarda jasorat namunalarini ko‘rsatgan. Eron, Iroq, Kavkaz, Misr, Shom, Turkiyaga safarlarda shuhrat qozongan, Sohibqiron vafotidan so‘ng uning vasiyatiga sodiq qolgan, boshqalarni ham shunga daʼvat etgan. Ayni shunday mulohazani bilgut urug‘idan bo‘lmish Qilichqayning o‘g‘li (Sharafuddin Ali Yazdiy), Sohibqiron shaxsan tarbiyalagan mashhur sarkarda va yirik davlat arbobi, 1391 yilda To‘xtamish askarlari bilan kechgan savashda ko‘rsatgan mardligi evaziga parvonachi mansabiga tayinlangan, movarounnahrliklar quchgan olamshumul zafarlarga salmoqli hissa qo‘shgan Shohmalikbek haqida ham bildirish mumkin. U 1410 yilda Shohruh mirzo farmoniga muvofiq ulug‘ no‘yon unvoniga saazovor bo‘lgan, 1413-1426 yillar davomida Xorazmni darbasta suyurg‘ol sifatida boshqargan, qo‘shni davlatlar, chunonchi, Dashti Qipchoq xonlarini itoatga keltirgan, o‘ziga tegishli mulkda madrasalar, xonaqohlar, masjidlar, rabotlar, karvonsaroylar, hovuzlar, bog‘u rog‘lar qurishdek bunyodkorlik ishlariga bosh bo‘lgan, umrining oxirigacha temuriylar saltanatiga sidqidildan xizmat qilgan.


Xullas, jahon tarixidagi buyuk fenomen, davlatimiz va xalqimizning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, maʼnaviy, ayniqsa, harbiy taraqqiyotiga beqiyos ulush qo‘shgan ulug‘ davlat arbobi, sarkarda, fan va madaniyat homiysi Amir Temur qatori, uning atrofida faoliyat yuritgan shaxslar, chunonchi, turli urug‘ va qavm vakillaridan yetishib chiqqan atoqli lashkarboshilarning yorqin siymosidan boxabar bo‘lish bugungi vorislar oldida turgan sharafli vazifalardan sanaladi.


Hamidulla Dadaboyev.

Yangi O‘zbekiston gazetasi. 2022-y. №67.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0