Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Avrangzeb va Go‘ri Mir maqbarasi

Mutribiy Samarqandiyning “Nusxayi zeboyi Jahongir” tazkirasidan yaxshi ma’lumki, Akbar podshoh 1575 yili hamda Jahongir podshoh 1625 yili Go‘ri Mir ta’miri va o‘sha yerda xizmat qiluvchi xodimlar ish haqi uchun filga ortilgan tillo, kumush tangalar yuborganlar. Mutribiyning yana xabar berishicha, Jahongir podshoh tag‘in Go‘ri Mir ta’miriga mo‘ljallab, 1627 yilda ham huzuriga borgan Mutribiy orqali 10 ming rupiy mablag‘ berib yuborgan.

“Muzakkir il-as’hob” tazkirasi (1693) muallifi Maliho Bade’ Samarqandiy yozishicha, boburiylar an’anaga aylantirgan bu ish 1687 yilda ham Avrangzeb podshoh tomonidan amalga oshirilgan ekan.

Maliho bu xabarni maxsus keltirmay, balki tazkiraning shoir Maoniyga bag‘ishlangan bo‘limida tilga olgan esa-da, bizga boburiylarning ana shunday xayrli ishlari haqida nodir ma’lumot qayd etib ketgan.

Maoniy. Xoja Abulmaoniyning asli hazrati shohi mardon Murtazo Alining muqaddas ostonasidan bo‘ladi. (Afg‘onistondagi Mozori Sharif mavzesi ko‘zda tutilmoqda – I.B.) Hijriy bir ming to‘qson to‘qqizinchi (m.1688) yili Zabardastxon Umaro ismli amaldor Hindustondan Jamshid martabali, osmon qudratli sayyid Subhonqulixon ashtarxoniy huzuriga elchi bo‘lib kelganida, Maoniy ham u bilan birga kelgan edi. O‘zini “elchining voqeanavisimen (tarixiy voqealarni yozib boruvchi)” deb atagandi.

O‘shanda Iskandar shukuhli shoh Avrangzeb podshoh o‘n ming rupiya mablag‘ni sohibqiron Amir Temur mazori mujovirlariga yuborgan bo‘lib, elchi ana shu xizmatga mutasddi qilingan va pulni egalariga eson-omon topshirishi kerak edi.

Elchi oy uzangili xonning huzuriga yetishgach va ishlarini tamomlagach, sohibqiron mazorini ziyorat qilish uchun Buxorodan Samarqandga borishi va o‘z podshohining mazkur topshirig‘ini ham ado etishi lozimligini bildirib, xondan ruxsat so‘radi. Biroq elchiga sayyid Subhoqulixondan bunday ruxsat tegmadi. Oqibatda elchi mazkur Abulmaoniyning qo‘liga haligi o‘n ming rupiya mablag‘ni tutqazib, o‘zi Buxorada qolganicha, uni Samarqandga jo‘natdi.

Bu gapni eshitgan Samarqand ochko‘zlarining ishtahasi ochilib, ta’magirlik tomirlari harakatga keldi. Tong va shomgacha xosdan avomgacha kuniga ikki martaba voqeanavis o‘tirgan saroyga qatnab, natijada katta qiyomat yig‘ini va oxirzamon g‘avg‘osi ro‘y berdi.

Xoja Abulmaoniy voqeanavisning asli Xurosondan, o‘sib-ulg‘aygan yeri esa Hindiston va suhbatdoshlari asosan eronliklar bo‘lgani uchun u bu yerdagilarni tanimas, shu jihatdan qaerda kimni ko‘rsa, ularning bir axlatga ham loyiq emasligiga qaramay “sening haqqing ming rupiya va senga ham berajakmiz” deya, hammani puldan umidvor qilibdi.

Biroz vaqt shu sababli Samarqandda to‘polonu shovqin-suron bo‘ldi.

Maoniy bu yumush uchun bir daftar tutib, sharifzoda-yu boy aholining, gado va faqirning ismlarini shunday bir tarzda qog‘oz yuziga tushirdiki, biron kishi quruq qolib ketmadi.

So‘ng daftarni shariatpanohli, izzat dastgohli qozilar qozisi Samarqand dorulmulkining qozikaloni janob qozi Mirakshohning oldiga qo‘yib, qog‘ozni o‘z muhri bilan bezashni so‘radi va “har kim nimaga loyiq tursa, amr bersinlar, chunki men bu xizmatni foxira Buxoro shahriga borib, elchiga aytib, so‘ng bajo keltiraman” dedi.

Janob shariatpanoh qozikalon uning butunlay yaramas sanalgan o‘y-fikrini tushundilar va xato so‘zlarini rad etib, xatiga muhr bosmadilar. Shu bilan Maoniy nimani ko‘ngliga tukkan bo‘lsa, amalga oshmay, ishi orqaga surildi. Qog‘ozi va daftaridagi varaqlarning ish tartibi va intizomi uzilib ketdi. Haqiqatdan ham ishi shunday ravnaqsiz bo‘ldiki, ko‘ngli yig‘ini tarqoqlikka aylandi va ulug‘larnining kelib-ketishidan qizil qiyomatga do‘ngan davlatsaroyiga davlatsizlar baxti kabi hech kim bosh suqmaydigan bo‘ldi.

Bir necha kun shu zayl Samarqandda bo‘ldi va olib kelgan katta mablag‘dan ozgina qisminigina madrasa mudarrislari va sohibqiron maqbarasida o‘tirgan hofizi qur’onlarga berib, elchi sari Buxoroga qaytib ketdi.

Samarqand ahlidan o‘sha masalada u bilan uchrashmagan kishi faqat ushbu raqamlar yozg‘uvchisi-yu yana zikri kitobimizda oldin o‘tgan janob oxund mullo Obid Mumtoz ikkalamiz bo‘ldik-ov. Buning sababi mening bunaqa narsalarga o‘ch emasligim bo‘lsa, oxund mullo Obid Mumtozning istig‘no, ya’ni tasavvufning ehtiyojsizlik qoidasicha umr kechirishi edi.

Lekin Maoniy ertalab Samarqanddan qaytish uchun yo‘lga chiqqan kun kechqurunida tasodifdan xoja amir sayyid Sharifning izzat radifli davlatxonasida oxund mullo Obid Mumtoz va kamina u bilan uchrashib qolib, suhbat tarzi va ulfat tarhi ro‘y berdi. Har to‘g‘ridan hikoyat va har fasldan gap-so‘z ketdi.

O‘tirishimizda Qosimbek Devonaning she’rlar devoni bor edi. Shu bahona mushoira va she’r bahsi ham boshlandi. Ammo Maoniydan arzirlik biron narsa eshitilmadi.

Yana shukim, o‘sha kechasi ko‘pincha o‘zini uyquga solib o‘tirdi. Biron narsa degan bo‘lsa ham so‘zlari xuddi uyqusirab gapirayotgan kishining so‘ziga o‘xshardi. Uchrashuvimiz shundan ko‘p bo‘lmagani sababli holi haqiqati ham shundan ko‘p darajada ayon bo‘lmadi.

O‘spirinlik ayyomida biroz muddat shaharlar faxri Buxoro shahrida Qulbobo Ko‘kaltoshning oliy madrasasida tahsil sari yuzlangan, so‘ng esa ul shahardan ko‘ngil uzib, tajrid libosini kiyib, Hindiston taraflarga ketgan ekan. U yerda ko‘p umri sayohat libosida kechgan.

So‘ng Hinddagi eronliklar vositasida navkarlikni ixtiyor qilib “bir yuz elliktalik” mansabiga erishgan.

Maoniy bilan ko‘p suhbatdosh bo‘lgan odamlar uning aqli yetukligi va tushunchasi yaxshi kishi ekani to‘g‘risida ko‘p aytishadi.


Ismoil Bekjonov

Manba: Xurshid Davron kutubxonasi

2017-yil, 12-iyul.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0