Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Boburiylar madaniyatiga oid manba

Boburiylar davri madaniyatiga oid qimmatli ma’lumotlarni qamragan yozma yodgorliklardan biri Abdusattor bin Qosim Lohuriyning 1612-yili Agra shahrida yozgan “Majolisi Jahongiriy” nomli asari bo‘lib, uning yagona qo‘lyozma nusxasi 2002-yil yanvarida Lohur shahrida yashovchi Xalil ur-Rahmon ismli ziyolining shaxsiy kutubxonasidan topilgan va qo‘lyozmaning qanday asar ekanini aniqlagan lohurlik Orif Navshohiy, Mo‘in Nizomiy kabi olimlar tomonidan 2006-yil Tehrondagi “Merosi maktub” nashriyotida Kirish so‘zi va zarur izohlar bilan ikki ming nusxada chop etilgan.

Mazkur olimlar aytishicha, bu nodir yozma manbada asosan 1608-yil 24- oktyabr – 1611-yil 15-noyabr oralig‘ida Jahongir tomonidan tashkil etilgan ko‘ngil ochar yig‘inlar tafsiloti hikoya qilinarkan, boburiylar davri madaniyatiga doir ana shu xabarlar asnosida Hindistonning o‘sha paytlardagi Yevropa va Eron, Movarounnahr davlatlari bilan siyosiy-diplomatik hamda madaniy aloqalari borasida ham ma’lumotlar havola etilgan.

Ayniqsa, biz uchun kitobdagi Jahongirning ota vatani Movarounnahrni o‘z tug‘ilib o‘sgan Hindiston bilan bir xil sevgani, ota yurti tarixiga qiziqqani, o‘z ota-bobolari tili sanalmish turkiy tilni yaxshi bilgani kabi ma’lumotlari juda muhim bo‘lib, ayni o‘rinda shu mavzuga aloqador ma’lumotlarni ko‘rsatib o‘tishni lozim topdik.

Boburiylarning ota vatanga mehrli bo‘lishgani va turkiy tilni e’zozlaganliklari borasida so‘z ketganida, “Bobur qomusi” kitobi tahririyatining raisi Abdullo A’zam “boburiylardagi ana shunday xislatlarning shakllanishida asosan “Boburnoma” asari muhim rol o‘ynagan, ya’ni bu ajoyib yodgorlik boburiy avlodni mazkur sifatlarga ega bo‘lishga undab, o‘z izmidan chiqarmay turgan” qabilidagi g‘oyani ilgari surgandi. Chindan ham o‘ylab ko‘rsak, o‘z tug‘ilgan vatani O‘rta Osiyo va turkiy til mavqesini davlat, madaniy hayot maqomida tutgan Bobur vafotidan so‘ng Afg‘oniston, Hindiston kabi o‘lkalarda tug‘ilib-o‘sgan keyingi boburiy avlodda bu xislatlarning paydo bo‘lish jarayonini bir tomondan temuriylar sulolasining tarixiy shuhrati tufayli deb tushunsak, ikkinchi jihatdan bu holatni “Boburnoma”ning tarbiyaviy ahamiyati bilan bog‘lasak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Turkiy til masalasida dastlab Jahongir bin Akbarning o‘ziga murojaat qilamiz. U o‘zining “”Jahongirnoma” asarida Kobulga ziyorat uchun borgani xotiralarini bayon etish asnosida quyidagilarni yozadi: “ — Kobul ta’rifi borasida hazrat firdavsmakon Bobur podshohning “Voqeot” kitobi ko‘zdan kechirildi. Bu qo‘lyozma nusxa butunligicha alarning muborak xati bilan bitilgan edi. Faqat uning Kobul ta’rifidagi to‘rt juzvini qo‘shimcha ravishda o‘z xatim bilan bitib, mazkur juzvlar oxiriga ham bu to‘rt juzvning mening xatim bilan yozilganini ko‘rsatib turishi uchun turkiycha tilda iboralar yozib qo‘ydim. [Chunki] Hindistonda tug‘ilib-ulg‘ayganimga qaramasdan, turkiycha so‘zlashish va yozishdan quruq qolgan emasman.”

Yana “Jahongirnoma”da yozilishicha, Totorxon laqabli Tatarbek bin Ali Muhammad Akbar podshohning saltanati oxirlarida (1605-y.) Sulton Xurram (Shohjahon bin Jahongir)ga turkiy til o‘rgatuvchi muallim qilib tayinlangan. Jahongir davrida ham u saroyda turk tilidan muallimlik qilish barobarida “bakovulbegi” kabi boshqa katta mansab va mukofotlar bilan siylangan.

“Majolisi Jahongiriy”ning ko‘plab o‘rinlarida ham Jahongirning saroydagi asli balxlik va movarounnahrlik amaldorlar, Samarqand, Buxorodan kelgan o‘zbek davlati elchilari va sayyohlar bilan faqat turkiy tilda gaplashgani alohida qayd etilgan.

1611-yil 14-mart kungi (yetmish to‘rtinchi) yig‘inda Hindistonga yangi kelgan va keyinchalik Jahongir podshoh davlatining amirlik mansabiga erishgan asli movarounnahrlik Abdurazzoq Berdi O‘zbek turkiy tilda shayboniy Abdulloxon Ikkinchi haqidagi bir qiziq voqeani so‘zlab berarkan, hikoyadan zavqlangan Jahongir yonidagi turkiy tilni tushunmaydigan kishilarga mehmonning bu maroqli gaplarini forschaga tarjima qilib beradi.

Ma’lumki, Movarounnahrda kechgan siyosiy-ijtimoiy va madaniy hayot Hind hukmdori Jahongir podshohni hamisha qiziqtirib turgan. Ammo shu bilan bir qatorda Jahongir podshoh Turon o‘lkasining o‘tmishiga nisbatan ham befarq bo‘lmagan. Misol tariqasida aytsak, “Majolisi Jahongiriy”da yozilishicha, uning bu kabi xislati mazkur Abdurazzoq (Razzoq Berdi) singari turonliklarni hayratga solgan. 1611-yil 17-martida tashkil qilingan navbatdagi (yetmish beshinchi) o‘tirish mazkur Mir Abdurazzoqning Agra shahri chetidagi yangi imorat va bog‘ida o‘tkazilib, amir Abdurazzoq Jahongir podshoh tashrifidan boshi osmonga yetganini o‘ta quvonch bilan izhor qilarkan “podshoh inoyat qilgan bu imorat va bu yanglig‘ tashrif iltifoti qiyomatgacha o‘zim va farzandlarim uchun muborak bo‘lsin” deya duo qiladi. Shunda podshoh “Bar do‘st muborakemu bar dushman shum (Do‘stga muborakmizu dushmanga shum)” deydi va yonidagilarga bu misra kelgan ruboiyning qolgan misralarini ham aytishni buyuradi. Xojagiy Hoji Muhammad ismli amaldor bu misra oldiga “Dar razm chu ohanemu dar bazm chu mum (Urushda temirmiz go‘yo, bazmda misli mum)” so‘zlarini qo‘shadi-yu, ammo qolgan baytini ayta olmaydi. So‘ng


Jahongirning o‘zi ruboiyni to‘laligicha eslab, uni quyidagi bayt bilan tugal qilib o‘qiydi:

Az hazrati mo barand insof ba Shom,

Va zi haybati mo barand zunnor ba Rum.

(Mazmuni:

Adlu insofimiz xabarini eltarlar Shomga,

Haybatimizdan zunnor eltishar Rumga.)


[“Rum” (Ikkinchi Rum) – eramizning to‘rtinchi asridan masihiylikni qabul qilgan Rim imperatorlari tasarrufidagi Vizantiya mamlakati. U XV asrda usmonli turklar qo‘liga o‘tgan davrga qadar xristianlar o‘lkasi, mag‘ribdagi unga chegaradosh Shom (Suriya) mamlakatigacha yerlar musulmonlar davlati bo‘lgan. Bu yerda ana shu chegaralanish ko‘zda tutilgan – I. B.]

Shundan so‘ng bu o‘tirishda mazkur ruboiyning o‘tmish sultonlaridan birining qaysidir podshohga yozib yuborgan asari ekani aytilib, ketidan Chingizxonning Sulton Jaloliddin Manguberdini quvlab, Sind daryosigacha borgani hikoyasi tilga olinadi. Shunda amir Abdurazzoq (Razzoq Berdi) podshohning turkiy xalqlar tarixiga bunchalik qiziqishidan hayratga tushib, “Hindiston podshohini Turon tarixiga bu daraja qiziqadi, deb o‘ylamagan edim. Demak, garchi zohirda Hindiston maliki bo‘lsalar-da, ammo botinda va ulug‘vorlik va meros egaligi bobida butun olam podshohi ekanlar” deydi. Aytish lozimki, bu yerdagi ma’lumot bizni yana bir masala ustida bosh qotirishga undaydi.

Tazkiranavis Rizoqulixon Hidoyat (v. 1871-y.) “Majma ul-fusaho”da aytishicha, mazkur ruboiy muallifi Sulton Jaloliddin Manguberdi (v. 1230) hisoblanadi. Ammo uning birinchi bayti aynan yuqoridagicha, ikkinchi baytining esa sal farqli ravishdagi tahriri Abduxoliq G‘ijduvoniy (v. 1179) ruboiylari ichida uchrasa, “Shayx ul-olam” laqabi bilan tanilgan Sayfiddin Boxarziy (v. 1261) manoqibda bu ruboiy hech o‘zgarishsiz yuqoridagi shaklda Shayx ul-olam ijodiga nisbat berilgan. Albatta ayni ruboiyning kimga aloqadorligi faktini aniqlashtirish matnshunoslik sohasi ishi sanalib, bunda birinchi navbatda, mazkur ikkala tasavvuf namoyandasiga bag‘ishlangan va bahs yuritayotganimiz ruboiy havola etilgan asarlar qo‘lyozma nusxalarini qiyosiy o‘rganish lozim bo‘ladi.

Ammo shunga qaramasdan, mantiqiy xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Majolisi Jahongiriy”da bu ruboiy keltirilgach, uning ijodkori “qaysidir sulton” ekaniga urg‘u berilib, ketidan Abdurazzoq Berdi qurgan imorat yoki Jahongir tashrifi voqeasi bilan bog‘lanmagan holda Sulton Jaloliddin Manguberdi hikoyasining keltirilishi, aftidan, bu sulton nomi mazkur ruboiyga mualliflik munosabati bilan tilga olingan.

Yigirma sakkizinchi majlis qatnashchisi Xoni A’zam: — Chig‘atoy mirzolaridan birining (“Majolis un-nafois”dagi Mirzobek ko‘zda tutilmoqda – I. B.) “chashmat che balo siyoh shuda baroi joni man” mazmunidagi turkiy bayti (Ko‘zung ne balo qaro bo‘lubtur, Kim jong‘a qaro balo bo‘lubtur – I. B.) bor bo‘lib, Alisher Navoiy turkiy she’riyatda shuncha qudratga egaligiga qaramasdan “bunga javob aytmoq bu faqir qoshida maholatdin (qiyin ishlardan)dur” deya yuksak baho bergan, — deydi. Shundan so‘ng mazkur bayt ustida bahs-munozara boshlanib, Jahongir ham o‘z fikrlarini bildiradi.

Bir yuz yigirma ikkinchi majlisda (1611-yil 15-noyabr) Jahongir podshoh o‘tirganlarga quyidagi hikoyani aytib beradi: “Bir kuni hazrat arsh ostoniyga (Akbar podshoh – I. B.) marhum shohzoda (Shohzoda Parvez bin Jahongir – I. B.) oilasida o‘g‘il farzand tug‘ilgani xabari keladi. Shunda bolaga ism qo‘yish o‘yiga tushadilar. Chaqaloq tolesini ko‘rgan munajjimlar jadvalda bu vaqtning bosh harfi “to” ustiga to‘g‘ri kelgani uchun bolaning ismi “Temur” bo‘lishini maslahat beradilar. Bu gap qulog‘imga yetishgach, menga og‘ir botdi. Chunki bunday ulug‘vor ism menga ham, farzandlarimga ham qo‘yilmagani holda mas’uliyati juda yuksak bu nomni o‘g‘limning o‘g‘liga qo‘yish esa o‘ta o‘rinsiz edi. Xullas, saroyga borib, bu fikrimni otamga aytdim.”

Jahongirning bu hikoyasidan keyin yig‘in qatnashchisi Mahobatxon “insof bilan aytganda bunday ism Sizga munosib bo‘lardi” deydi. Jahongir Mahobatxonning bu gapni noto‘g‘ri deb biladi va “Men hali u yoqda turay, adolat va insof bilan aytganda, bu nom Bobur Mirzoga ham, Humoyun podshoh va Akbar podshohga ham yetmaydi. Bu ism shu paytgacha hech kim qo‘lga kirita olmagan miqdorda yurt olsa, o‘shanga munosibdir. O‘zgaga esa harom” deydi.

Bu gapdan shu yig‘inda qatnashayotgan va hamma qatori hayratga tushgan Diyonatxon Movarounnahr hukmdori Abdullohxon Ikkinchining har gal Xuroson yurishidan qaytib, Samarqandga ziyorat uchun borganida uning uchun hazrat sohibqiron taxtgohi poyida joy hozirlashlari, ammo bir gal Xurosondagi katta g‘alabadan keyin davlat kattalari va qozilar bu qoidani buzib, o‘tirish palosini sohibqironning muborak taxtgohi ustiga to‘shaganlari, buni ko‘rgan Abdullohxon Ikkinchi esa o‘z qo‘li bilan uni taxt ustidan tortib olib “sohibqiron yanglig‘ jahongirning taxtiga o‘tirishga munosib emasmen” degani hikoyasini boshlaydi.

Hikoya davomida aytilishicha, o‘shanda o‘zbek ulug‘lari “nega endi, Movarounnahr Sizniki, mana Xurosonni ham to‘laligicha egalladingiz, Siz sohibqiron taxtida o‘tirishga loyiqsiz” deyishgan. Xon esa yana o‘sha gapini takror aytgan. Ammo xushomadgo‘y olim va amaldorlarning ancha dalil keltirish kabi iltimoslaridan keyin taxtga juda yaqin yerda kigizini to‘shatib, ammo Amir Temur taxti ustiga chiqib emas, balki taxtga suyanibgina o‘tirgan ekan, xolos.

Xonning bunday xislati Jahongirga juda ma’qul kelib “ulug‘larni qadrlash faqat ulug‘ kishilarga xosdir, bunday kishilar o‘z o‘rnini juda yaxshi bilishadi” deydi va “men Samarqandda yashayotgan bo‘lsam edi, har kun o‘sha yerga borib, sohibqiron taxti poyini o‘pgan bo‘lardim. Xudoi taolo Amir Temurga shunday maqomni ato etgan ekan, Bobur Mirzodan tortib, hech bir boburiyning bul taxt ustiga chiqib o‘tirishga haqqi yo‘qdir. Agar Abdullohxon shayboniy ana shu hurmat qoidasiga rioya qilgan ekan, demak, bu bilan u o‘zining ulug‘vorlik va insoflilik xislatini ko‘rsatgan” qabilidagi so‘zlarni qo‘shib qo‘yadi.

1626 -il noyabr oyida Lohurdagi Jahongir huzuriga borib, o‘sha yerda to‘rt oy turib qaytgan Mutribiy Samarqandiy ham 1627-yil mart oyigacha Jahongir podshoh uyushtirgan yig‘inlar ishtirokchisi bo‘ladi va o‘ttizdan ortiq bunday muloqotini o‘zining “Nusxayi zeboyi Jahongir” tazkirasiga ilova qilgan Xotima qismida bayon qiladi. “Majolisi Jahongiriy”ni nashrga tayyorlagan olimlar Mutribiyning bu asarini Abdusattor bin Qosim Lohuriyning mazkur kitobi davomi sifatida baholaganlar.

“Majolisi Jahongiriy”da Mutribiy hikoyalarining ayrim ma’lumotlariga oydinlik kirituvchi xabarlar mavjud. Masalan, Mutribiy Jahongir podshoh bilan muloqotlaridan birida podshohning Abdullohxon va uning o‘g‘li Abdulmo‘minxon suratini ko‘rsatib, rasmning o‘zbek xonlariga o‘xshatib chizilgan yo yo‘qligini so‘raydi va Mutribiy tushuntirishi asosida rassomga ularni to‘g‘rilab qo‘yishni buyuradi.

Mutribiy o‘z hikoyasida rassomning kimligini aytmagan. “Majolisi Jahongiriy” muallifi yigirma birinchi (1610-yil 29-iyun) majlisda yozishicha, bu rasmlar ijodkori Usto Farrux bo‘lib, u Jahongir topshirig‘i bilan yaratayotgan suratlar to‘plamining bir sahifasida Turon hukmdorlari Abdullohxon II, Abdulmo‘minxon va Mirzo Muhammad Hakim ibn Humoyun podshoh hamda Shoh Abbos Safaviyni birgalikda chizgan ekan.

“Majolisi Jahongiriy”ni nashrga tayyorlagan olimlar aytishicha, asar muallifi Abdusattor bin Qosim Lohuriy haqida Jahongir podshoh o‘zining “Jahongirnoma” kitobida ma’lumot bergan bo‘lib, uning mazmuni quyidagicha: Abdusattor bin Qosim Lohuriy 1619- yil Navro‘zida Jahongir podshohga bobosi Humoyun Mirzo qalamiga mansub asar qo‘lyozmasini sovg‘a sifatida taqdim qiladi. Shariat va ilmi nujum, musiqa kabi sohalarni o‘z ichiga olgan bu kitob Humoyunning o‘z qo‘li bilan ko‘chirib yozilgan ekan. Jahongir bobosi yozuvini ko‘ziga surtib ziyorat qiladi va qattiq zavqlanib “hech bir sovg‘a bu tengsiz tuhfa kabi men uchun qimmatli bo‘la olmaydi” deydi.

Mutribiy “Nusxayi zeboyi Jahongir”da Abdullohxon Ikkinchining Buxorodagi kutubxonasida Humoyun podshohning o‘z qo‘li bilan ko‘chirib yozgan “Humoyunnoma” nomli kitobini ko‘rgani borasida yozadi. Mutribiy bu kitob tavsifi haqida bergan xabar aynan “Jahongirnoma” muallifi tilga olgan ta’rif bilan hamohangdir:

“Eron podshohlaridan biri bu olampanoh [Akbar]podshohning buzrukvor otasi [Humoyun] yozgan “Nusxayi Humoyuniy” asarini so‘rattirgan ekan. Mazkur asar nozik ma’nolar, noyob iboralar bilan bitilgan bo‘lib, bir necha risolani o‘z ichiga oladi: Birinchisi, islom aqidalari, iymon shartlari hamda din ahkomi va ruknlari, mo‘min va yaxshi mo‘minni tanimoq bayonida; Ikkinchi risola ilmi nujum, yulduzlar va osmon jismlari harakati, oy va quyosh o‘rni, burjlar harakat yo‘nalishini belgilash, to‘rt fasl ta’siri, yer kurrasini tabaqalari bilan anglash, yetti iqlim kengligi va uning xususiyatlari, rasad bog‘lamoq yo‘li va shu ilmga taalluqli narsalar bayonida; Uchinchi risola musiqa ilmi va bu sohaning kelib chiqishi, 12 maqom va 24 sho‘ba va 6 ovoz va usulning 17 o‘lchovini bilmoq hamda bu ilmga doir narsalar to‘g‘risida; To‘rtinchi risola she’r, aruz fani, qofiya, matbu’ va masnu’ she’rlarni bilmoq, bu fanning o‘lchov-vaznlari qoidasi va qiyinchiliklari hamda she’r ilmiga oid boshqa tushunchalar haqida.

Va bu faqir dag‘i Abdullohxonning kitobxonasida mazkur tabarruk kitobning muallif [Humoyun podshoh] o‘z muborak xati bilan yozgan nusxasini ko‘rgan va mutoala qilmoq sharafiga muyassar bo‘lgan edim. G‘oyatda benazir va ajoyib dilpazir bir kitob bo‘lib, ko‘rgan odamning aqli shoshar, o‘qigan kishining hayrati oshardi.

Xullas, podshoh g‘oziy Akbarshoh Eron podshosi iltimosini qabul qilib, kitobni husnixat bobida tengsiz bir xattotga ko‘chirtirib, kitob yoniga yetti yuz yigirma bir ashrafiy tillosini ham qo‘shib yuboribdilar…”

Demak, Humoyun podshoh hozircha chet el va o‘zbek olimlariga noma’lum bu asaridan bir nechta nusxa ko‘chirib, ularni Movarounnahrga ham yuborgan ekan. “Majolisi Jahongiriy”da yozilishicha, Jahongir o‘tirishlarida bu podshoh qiziqqan mavzular ichida O‘rta Osiyoning o‘tmish tarixi bilan bog‘liq holda Shayx Najmiddin Kubro hamda uning shogirdi Shayx Majdiddin Bag‘dodiy bilan Sulton Muhammad Xorazmshoh mojarosi, Xoja Ubaydulloh Ahrorning Ulug‘bek shogirdi Ali Qushchi bilan ancha chigal kechgan munosabati, shayboniy Abdullohxon Ikkinchi bilan otasi Iskandarxon o‘rtasida ro‘y bergan farzand tarbiyasiga oid voqealar ham qizg‘in bahs-munozara tarzida tilgan olingan hamda Jahongir huzurida Movarounnahrning o‘sha kungi vaziyati haqida so‘z yuritilgan. Jumladan Buxoro shahri ta’rifi orasida bu shaharda antiqa gullar borligi, shu bilan birga qaysidir hovuz (aftidan Labi hovuz – I. B.) suvi o‘zining rishta kasalini keltirib chiqarishi bilan “dovrug‘” taratgani, Hinddan O‘rta Osiyo xonlari huzuriga yuborilgan elchilar faoliyati haqidagi hikoyalar ham boburiy hukmdor qiziqish doirasidan chetda qolmagan.


Ismoil Bekjonov

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”. 2013- yil. Iyul oyi soni.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0