Qadimdan ota-bobolarimiz ziroatchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Markaziy Osiyoda bug‘doy, arpa, loviya, no‘xat, yasmiq, mosh, sabzi, bodom, olma, nok, shaftoli, o‘rik, anor, zig‘ir va boshqa mahsulotlar yetishtirilgani haqidagi hikoyatlar tarixning olis qatlariga borib taqaladi.Zahiriddin Muhammad Bobur zamonida ham qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil olish borasida katta ishlar amalga oshirilgan. Tarixiy manbalarda va tadqiqotlarda yozilishicha, buyuk bobomiz tabiat ilmining katta bilimdoni, tabiatshunos alloma sifatida yuzlab giyeh va daraxtlar, ularning xosiyati, shifobaxshlik jihatlaridan juda yaxshi xabardor bo‘lgan. Ilmu fanda o‘simliklar introduksiyasi, degan atama bo‘lib, bunda turli o‘simlik turlari va navlarini o‘z tabiiy joyidan ilgari ular uchramagan hududlarga ko‘chirish tushuniladi. Uning nazariyasini shveysariyalik botanik olim Alfons de-Kandol 1855-yilda, ilmiy asoslarini rus biolog-fiziolog olimi, akademik N.Vavilov o‘zi yaratgan madaniy o‘simliklarga tayangan holda 1920-yilda ishlab chiqqan. Lekin shuni faxr bilan aytish mumkinki, de-Kandoldan 340 yil, Vavilovdan qariyb 400 yil ilgari Zahiriddin Muhammad Boburshoh tomonidan berilgan farmon asosida Agradagi Bog‘i behishtda, Hindiston sharoitida birinchi bor Markaziy Osiyodan keltirilgan qovun, uzum, olxo‘ri hamda gullar ekib parvarishlangan. Bu tajriba o‘simliklarni introduksiyalash, iqlimlashtirishning agronomiya va biologiya tarixida ilmiy manbada qayd etilgan dastlabki namunalardan biri sanaladi.Bobur Hindiston hududlarida ham katta-katta bog‘-rog‘lar yaratgan, o‘simliklarga, mevalarga taʼrif bergan. Xususan, Lamg‘anot, Xuroson, Bajavr norunjlarining ayrim navlari o‘ta serhosil bo‘lishini, bir tupda 7 000 dan ziyod meva sanaganini bayon qilgan. Bobur non daraxti mevasini “Biaynihi qo‘yning qornidurkim, kepadek qorning ichi tashqari bo‘lg‘ay”, deya sirtqi tomoni g‘adir-budurligini shoirona ifoda etadi.
Sangtora — apelsin (noranj)ning bir turi. Bobur uni: “Daraxti uluq bo‘ladur. O‘ruk daraxticha bo‘ladur, bargi noranj bargiga o‘xshar, xud turshlug‘i bordur. Sharbati yaxshilazzatliq va xushtaʼm bo‘ladur”, deb taʼriflagan.
Tarixiy manbalarga qaraganda, 1530-yili Agra shahrida bemor yotgan chog‘ida Bobur ona yurtining mevalarini qattiq sog‘ingan. Shu bois, choparlarga Andijonning qovun va tarvuzlaridan olib kelishni buyurgan. Ular qovun va tarvuzlar ustini somon aralashgan, qattiq pishitilgan loy bilan 6-7 santimetr qalinlikda suvab, qoplarga joylab yo‘lga tushgan. Shohning buyrug‘ini bajarish uchun olis yo‘l bosgan karvon nihoyat manzilga yetib keladi. Saroyning sarbaland taxtida o‘tirgan Bobur karvonboshining tiz cho‘kib yer o‘pishiga yo‘l qo‘ymaydi. Aksincha, ularning barini, liboslarining gardini yuziga, ko‘ziga surtadi. Shahanshoh labda tabassum, ko‘zda yosh bilan o‘tli satrlarni qog‘ozga tushiradi:
“Qovun birla uzumning hajrida Ko‘nglimda g‘am har suv, Oqar suvning firoqidin Ko‘zimda har dam oqar suv”.
Aytishlaricha, bu qovunlarning urug‘ini olib, ekib o‘stirib ko‘rishgan. Bobur Mirzo Hindistonda yetishtirilgan qovunlarning hidi va taʼmini tug‘ilgan o‘lkasinikiga o‘xshata olmadi. Shunda u “o‘z yurtida, uning havosi, suvi va quyoshidan bahra olib o‘smagan meva aslidek bo‘lmas ekan”, degandi. Albatta, o‘lkamizda o‘stiriladigan mevalar taʼmi va mazasi jihatidan hech bir mamlakatda uchramaydi. Uchraganda ham keskin farq qiladi.Bobur Farg‘ona vodiysi tabiati xususida “Boburnoma”ning ilk sahifalarida to‘lqinlanib yozadi: “Girdogirdi tog‘ voqe bo‘lubtur. G‘arbiy tarafidakim, Samarqand va Xo‘jand bo‘lgay, tog‘ yo‘qtur. Ushbu jonibtin o‘zga hech jonibtin qish yog‘iy kela olmas…”.Marg‘ilonga esa bunday taʼrif beradi: “Yana bir Marg‘inondur. Andijonning g‘arbidadur. Andijondin yetti yig‘och yo‘ldur. Yaxshi kasaba voqe bo‘lubtur, pur neʼmat; anori va o‘rigi asru ko‘p xo‘b bo‘lur. Bir jins anor bo‘lur, “dona kalon” derlar, chuchukligida zardolu mayxushlig‘idin andak choshni bor. Samnon anorlarig‘a tarjeh qilsa bo‘lur. Yana bir jins o‘ruk bo‘lurkim, donasini olib, ichiga mag‘z solib, quruturlar, “subhoniy” derlar, bisyor lazizdur”. Darhaqiqat, bugungi kunda ham Vodil, Chimyon, Beshariq, Yaypan, Isfara, Xo‘jand, Konibodom hududlarida yetishtirilgan subhoniy o‘riklarning danagi olinib, o‘rniga mag‘zi solinib va quritilib, boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqariladi.“Ayniqsa, ikki mevasi Samarqandda mashhurdir: Samarqand olmasi va Samarqandning sohibi uzumi... Bahorlar sahrosi shahri dala va tomi yashil bo‘lgani uchun Shahrisabz ham deyiladi. Bu yerda suv kam, bahori ekini va qovuni yaxshi bo‘ladi”.Boburni o‘z zamonida mevalarning xillari, navlari, ularning eng sarasi, daraxtlarining hatto o‘tinga bop yoki nobopligi, cho‘g‘ining uzoq yoki qisqa mudddatda o‘chmasligi kabi el ehtiyojiga zaruriyatli jihatlari ham qiziqtirgan. Bobur qaysi yurtga qadami yetgan bo‘lsa, bog‘lar yaratgan, yurtni obod qilgan. Xususan, Kobulda barpo etgan bog‘larining shuhrati yettiiqlimga mashhur bo‘lgan. Agar bog‘larning biri mevali daraxtlardan tashkil topsa, boshqasi anvoyi gullar bilan bezatilgan.
Tarixshunos olim Abdulhamid Lohuriyning “Podshohnoma” asarida keltirilishicha, Kobuldagi Bog‘i Bobur, Bog‘i shahroro, Bog‘i surat, Bog‘i mohtob, Bog‘i ohuxona, O‘rtabog‘, Chorbog‘i Kobul, Hindistonning Agrasidagi Bog‘i behisht, Xilvatxona, Bog‘i Zarafshon, Oromgoh, Sekridagi Bog‘i fotih, Dilpurdagi Bog‘i nazargoh, Nilufar, Gvaliyor bog‘lari bevosita uning rahnamoligi, moliyaviy taʼminoti va loyihasi asosida bunyod etilgan. Bobur doimo bog‘dorchilikka alohida mehr bilan qaragan va Hindiston hamda Pokistonda uzumning hanuzgacha Samarqand nomi bilan mashhur bo‘lgan yangi navlarini o‘stirgan. Hozirgacha uning ko‘plab bog‘lari “Boburi anguri xudo” — “Bobur uzum bog‘lari” deb nomlanadi.Bobur Agra shahrida vafotidan oldin farzandlariga o‘z xokini Kobulda, o‘zi yaratgan bog‘da dafn etishni vasiyat qiladi. Uning jasadini valiahd amirzoda Mirzo Humoyun fillar karvonida Kobulga keltirib, ota vasiyatini bajaradi. Movarounnahrlik meʼmorlar Bobur qabriga sag‘ana, ustiga ko‘shk ayvon bunyod etadi. Bu tabarruk maskan ayni paytda ham gavjum qadamjodir. Kobulga tashrif buyurgan davlat rahbarlari, olimu fuzalolar ushbu dargohni ziyorat qilmasdan, Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga hurmat bajo etmasdan ketmaydi.Zamondosh olimlarimiz yozganidek, Boburning bunyodkorlik faoliyati, uning betakror bog‘lari xuddi sohibqiron Amir Temurniki kabi farzandlariga meros bo‘lib qoldi. Tabiiyki, bu merosdan bugungi avlod va kelajak nasllar ham ibrat oladi. Aslida ham Mirzo Bobur tengsiz ijodi bilan har bir inson qalbida ezgulik daraxtini undirib ketgan. Bu daraxtlar chuqur tomir ota borib, kurtaklari avlodlar qalbida barq urib yashnayveradi. Yurtimizda keyingi yillarda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, o‘lkamizni yashnatayotgan, o‘zimizning va ko‘plab chet ellarning dasturxonini to‘kin qilayotgan betakror bog‘-rog‘larimiz esa ulug‘ bobolarimizning buyuk ishlari boqiyligidan dalolat beradi.
Odiljon Ibrohimov.
Yangi O‘zbekiston gazetasi.
2021-yil. №31
Fikr qoldirish#