“Boburnoma”… Quriganda ham hidi gurkirab turadigan dastorboshga o’xshaydi bu asar — har gal qo’lga olganda yangitdan ifor taratadi. Shuning uchun uni bot-bot o’qiyman. Tilining bir oz murakkabligi shunga da’vat etsa ham ajab emas. Ammo har galgi mutolaa chog’ida avvalgisida anglamagan yo chala uqqan ma’nolarni topib zavq qilaman. Hozir butun boshli “Boburnoma” emas, undagi bir jumla haqida fikrlashmoqchiman.
Bunga esa yaqinda o’qiganim Komil Avazning “Tong epkini” degan kitobi sabab bo’ldi. U o’ndan ortiq hikoya, o’ntacha esse, yana shuncha maqolayu bir necha maktubdan tashkil topgan. Albatta, bu hikoya va esselarning o’z fazilatu nuqsonlari bor. Gap bunda emas. Kitobning oxirida, ilova qismida Nabijon Boqiyning Komil Avazga yozgan maktubi ham berilibdi. Nabijonning xatida “Boburnoma”da o’z joniga qasd kutmoq holati bor. Nashr asnosida uni “Qo’nalg’a” romaningizga “yedirib” yuborsangiz bo’ladi” degan taklif bitilgan ekan. Bu fikr Komil Avazga ham ma’qul tushib, u “Bobur… “O’zumni o’lumga qaror berdim”, deya joniga qasd qilish uchun bog’ go’shasiga boradi…” degan gaplarni darj etadi. Demak, Nabijon ham, Komil og’a ham Bobur o’zini o’ldirish niyatida bo’lgan, deb tushunibdilar.
Nahot shunday bo’lsa?!
Ajabki, Bobur so’zlarini o’z joniga suiqasd ma’nosida deb tushunganlar faqat ikki kishi emas. Ayrimlar boyagi jumlani “O’zumni o’lumga (o’ldirishga) qaror berdim”, deya qavs orasida izohlab takdim etadi.
Ulug’ shoir-u mutafakkirlar asarlaridagi bir misra yoki jumla ham goho nihoyatda e’tiborli bo’ladi. Shu parcha uning hayotidagi nafaqat muhim bir pallani, balki umrlik e’tiqodini oydinlashtirishda ham favqulodda ahamiyat kasb etishi mumkin.
G’arb ilmida daho adiblar ijodidagi birgina so’z yoki parcha talqiniga oid bunday misollar behisob. O’zbek adabiyoti tarixi maydonida esa bir jumla ustidagi tadqiqotlarga ehtiyoj yanada ko’p.
Shifotalab Bobur azbaroyi ixlosidan Xoja Ahrorning “Volidiya” asarini nazmda tarjima qila boshlaydi. “Ushbu niyat bila “ramapi musaddasi maxbuni aruz” va “zarbgohi maxbuni mahzuf” vaznidakim, mavlono Abdurrahmon Jomiyning “Subha”si ham bu vazndadur, risola nazmiga shuru’ qildim, ham o’shal kecha o’n uch bayt aytildi”, deb yozadi u. Ya’ni, tarjima Jomiyning “Subha” asari bilan bir xil vaznda. Ammo Boburni bizga tushuntirmoqchi bo’lgan ba’zilar o’zi uni tushunmay, “Bobur Xoja Ahrorning “Volidiya”sini ham, Jomiyning “Subha”sini ham o’girgan” deb uqtiradiki, oqibat, ilmda yanglish axborot paydo bo’ladi…
Albatta, arab alifbosi “injiqlik”lariyu qo’lyozmalardagi badxatliklar orqasida kelib chiqadigan chalkashliklar bisyor. Ammo bugun biz so’z yuritmoqchi bo’lgan masala qo’lyozmalargayu uslubga umuman daxldor emas. Gap shundaki…
Kimdir birov qay bir masalada yanglishadi. Banda beayb emas. Oradan bir qancha vaqt o’tib o’zga bir odam o’sha xatoni takrorlasa, bungayam chidash mumkin — balki boyagi yanglish fikrni to’g’ri deb bilgandir, yoki bo’lmasa, o’zi yangitdan xatoga yo’l qo’ygandir. Biroq shu xato fikr hali u, hali bu odam tomonidan aytilaversa, naqd haqiqat deb e’tirof etilish darajasiga kelsa, unday “aksioma”ni bartaraf qilgan ma’qul. Ayniqsa, bunday qarashlar ulug’ adib yoki allomaning e’tiqodini, hayotiy a’molini talqin etishga oid bo’lsa.
Keyingi vaqtda ayrim maqola va badiiy asarlarda go’yo Boburning bir paytlar “o’z joniga qasd qilmoqchi bo’lgan”i haqiqatday ochiq yozila boshladi. “Boburnoma”dan olingan parcha bunga “dalil” qilib keltiriladi. Boburning “O’zumni o’lumga qaror berdim”, degan jumlasiga tayangan mualliflar buni shoirning og’ir iztiroblari natijasi, deya o’ylagandir. Bu “ikror”dan shunday hukm chiqarishdan osoni yo’q. Ammo…
Toj-u taxt talashida Boburning boshiga og’ir, tahlikali kunlar ko’p tushgan. Necha marta naqd o’lim changalidan qutulib ham ketgan. Bularni u “Boburnoma”da sarguzashtlari tavsifi sifatida emas, o’shanday paytda kishining xayolidan o’tadigan iztiroblarni tasvirlash, o’zini bu vartaga tashlagan “do’st”larning kirdikorlarini qoralash va chin e’tiqodning xaloskorlik qudratini dapillash uchun eslab o’gadi.
Ana shunday holatlardan biri 1502(3) yili bo’lib o’tgan.
Har tomoni baland devor bilan o’ralgan bir qo’rg’on ichiga dushmanlar qamab olgan, yonida bironta ham qo’ldoshi qolmagan Bobur qattiq qo’rqadi: “…Muni degach, manga g’arib holate bo’ldi. Olamda jon vahmidin yomonroq nima bo’lmas emish. …O’zumda betoqatlig’e fahm qildim. Qo’ptum, bog’ go’shasig’a bordim. O’zum bila andisha qildim. Dedimkim, kishi agar yuz, agar ming yashasa, oxir o’lmak kerak.
Agar sad sol moni, v-ar yake ro’z,
Biboyad raft az in kohi dilafro’z.
O’zumni o’lumga qaror berdim. O’shal bog’da bir suv oqib keladur edi, vuzu qildim, ikki rakaat namoz o’qudum, boshimni munojotqa qo’yub, tilak tilaydur edimkim, ko’zum uyqug’a boribtur…” (174-175).
Ya’ni, Bobur o’limni bo’yniga oladi. Bu o’zini o’ldirishga qaror qiladi, degani emas, balki dushman tomonidan o’ldirilishiga amin bo’lib, o’limiga iqror bo’ladi. Bu — musulmon kishi uchun fazilat. Chunki musulmonning shevasi “qazoga roziyu baloga sobir”lik. Shuning uchun ham, Bobur naqd o’lim oldidan tahorat olib, ikki rakaat namoz o’qiydi.
“Mehrobdan chayon” romanida Mirzo Anvar ham Xudoyorxon jallodi qo’lida bo’g’izlanishga tayyorlanarkan, qatl maydonida ikki rakat namoz ado etgani yodingizda bo’lsa kerak.
Bu namozning tarixi shundayki, mushriklarni islomga da’vat etish uchun yuborilgan bir necha muslim asirlikka tushib qolib, o’ldiriladi. O’lim oldidan ularning biri — Hubayb so’nggi tilagi sifatida ikki rakaat namoz o’qishga izn so’raydi. Bu iltimos qondiriladi.
“…Keyin Ibn al-Haras ul kishini qatl qildi. Shu kundan e’tiboran, tutqunlikda qatl qilinayotgan har bir musulmon uchun qatl oldidan ikki rakaat namoz o’qimoqlik Hubaybdan odat bo’lib qoldi” (Buxoriy. Al-jomi as-sahih, 2-jild. Toshkent, 1997, 307-bet).
O’z joniga qasd qilish esa islomda eng og’ir gunohlardan. O’zini o’ldirgan odamga janoza o’qilmaydi, go’rda so’roq-savol qilinmaydi va joni to’g’ri jahannamga ketadi, deyiladi. Qur’oni majidni savob yo’lida o’z qo’li bilan ko’chirgan, islomning har besh farzini she’riy yo’sinda batafsil bayon qilgan (bundan “Kitob us-salot” nashr etilgan), “islom uchun ovorai yozi bo’lgan” Mirzo Bobur nahot o’z joniga qasd qilmoqchi bo’lsa?!
Dushman o’rab turibdi. O’ldiruvchilar — tayin. Nega endi shu holatda odam o’z joniga qasd qiladi? Basharti, Bobur o’zini o’ldirmoqchi bo’lsa (aslida, buni tasavvur etish ham amrimahol), ikki rakaat namozni o’qimagan bo’lardi. Chunki hatto islom yo’lida jang qilib, ko’p kofirlarni o’ldirgan, o’zi ham og’ir yaralanib o’layotgan (demakki, shahid bo’layotgan) bir odamning azobga chidayolmay, qilichini ko’kragiga botirib o’z mamotini tezlashtirgani, ya’ni o’zini o’ldirgani uchun Rasululloh uni “jahannam ahlidan” ekanini bashorat qilgan. Bu tarix Boburga sizu bizdan yaxshiroq ma’lum edi va Boburning o’limni bo’yniga olib o’qigan ikki rakaat namozi — shahidlar namozi edi.
Ifoda nuqtai nazaridan ham mazkur talqin xato. Chunki Bobur muallif do’stlarimiz undayotgan harakatga “ko’nganida” “O’zumni o’ldurmakka qasd qildim” deb bitgan bo’lar edi. Boburning jumlasi (“O’zumni o’lumga qaror berdim”) esa “o’limim muqarrar ekanini bildim, o’limimga iqror bo’ldim” degani, xolos (qaror, iqror, muqarrar — bari bir o’zakdan). Gap bitta jumla talqinidagina emas, Boburning e’tiqodi, tiynatini tayin etishda.
Bobur o’zini o’ldirishga qaror qilishi — g’alat va uning sha’niga nomunosib. Bunaqa xato taxminlar chin haqiqat tarzida talqin etiladigan bo’lsa, ommapashib ketadi, hatto oliy o’quv yurtiga kirish imtihoni testlarida “Bobur qachon o’zini o’ldirmoqchi bo’lgan? Javob: a) falon yili; b) piston yili…” kabi savollar paydo bo’lishi ham hech gap emas.
Zuhriddin Isomiddinov.
Мanba: “Tafakkur” jurnali, 2008, 2-son
Fikr qoldirish#