Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Mirzo Boburning harbiy mahorati

Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) jahonga mashhur «Boburnoma» asari, dilbar g’azallarini jamlagan she’riy devoni, aruzga oid «Muxtasar»i va yana bir necha asarlari bilan shuhrat topgan ulug’ shaxs. Albatta, uning harbiy yurishlari, g’alaba va mag’lubiyatlari haqida ham tarixchi olimlarimiz anchagina fikrlar bildirishgan. «Boburnoma»ni sinchiklab mutolaa etarkanmiz, bu temuriyzodaning yoshligidan bobosi Amir Temur imperiyasini qayta tiklashda, keng miqyosdagi hududda yagona, mustahkam siyosatni yurgizishga intilishida, orzularini ma’lum darajada ro’yobga chiqarishda nimalarga asoslangani haqida o’yladik. Biz bu yechimni Boburning izchil shaxsiy jasorati, o’tkir tafakkuri, harbiy mahoratida ko’rdik.

Tahlilimizni 1495-96-yillar voqealari — Bobur 13 yoshda paytida Xuroson, xususan, Hisorda qanday holat hukmron bo’lganidan boshlaymiz. Bu davrda temuriy shahzodalar va beklar yurt olishga oshiqqan. Sulton Husayn Boyqaro tasarrufidagi Hisorda Sulton Mahmud mirzoning beki Xisravshoh bosh ko’tarib, Boyqaro bilan urushib, ikki marta uning ustidan g’olib keladi. Bobur bu holatga shunday baho beradi: «Xisravshohning muncha ulg’aymog’ig’a va muncha haddi yetmas ishlarni qilmog’ig’a Sulton Husayn mirzoning ikki qatla kelib ola olmay yonmog’i sabab bo’ldi».

Bobur Husayn Boyqaro va uning o’g’li Badiuzzamonning Xisravshoh, ukasi Vali hamda tarafdorlariga qarshi muhorabasini chuqur tahlil etadi. Husayn Boyqaro va lashkarlarining muhoraba sirlaridan ogoh emasliklari, avvalo, g’anim haqida kam ma’lumotga egaligi, dushmanni bosish, yanchish o’rniga ikkilamchi ishlarga berilishganini yozadi. U Husayn Boyqaroning ikki oylik harakati makkor Xisravshohning oddiy hiylasi — Husayn askarlari joylashgan qo’rg’on, uylarga qal’a teshigidan tutun kiritib, ularning ustidan osongina g’olib kelganini afsus bilan yozadi: «Alar to’shukni berkitgan bila tutun yuqqori qo’rg’on eliga o’q yonib, qo’rg’on eli o’lum ichi bo’lib, qochib chiqtilar».

«Boburnoma»da Husayn Boyqaroni o’tkir sarkarda, qilichbozlikda benazirligi e’tirof etilsa-da, raqib bilan muhorabada hujumdan ko’ra mudofaaga ko’proq e’tibor berishi tanqid qilingan. Yuqoridagi holatda ham Husayn yigitlari tutundan diqqinafas bo’lgan lashkarni ko’rib hujumga o’tishga ruxsat so’raganda u kech bo’lgani, qorong’u tushayotganligini sabab bilib, ruxsat bermaydi. Bobur Sultonning bu amrini mazkur muhorabadagi qattiq yanglishish sifatida baholaydi: «ba’zi yigitlar tezlik qilib urushg’a ruxsat tiladilar. «Kechadur», deb Mirzo ruxsat bermadi».

Bobur urush manzaralarini tasvirlarkan, g’alaba va mag’lubiyatni harbiy kuch, askar va zobitlar soni, harbiy vosita, qurollar kuchi va o’lchovi bilan belgilaydi, qiyoslaydi, solishtiradi. Uningcha, g’alabaga erishish uchun raqibdan askar soniga ko’ra ustun bo’lish shart emas. Zotan, Xisravshohning muhoraba tajribasi ustunlik qilgan. Husayn Boyqaroning dushman kuchi, urush mavqei, vaqtini («bahor yog’inlari jihatidin…») aniq inobatga olmagani uni mag’lubiyatga olib kelgan. Eng achinarli tomoni, bu muhorabada Husayn lashkari son jihatidan ustun bo’lgan («Bular muncha mirzolar va muncha sardor beklar, bovujudkim kishilari ikki Xisravshohning kishisicha bo’lmasa, bir yarim onchada, xud ne so’z…»). Yana achinarlisi, Husayn tarafdorlarining g’alabaga ishonchsizligi, urushishga jazmlari yo’qligi ularni ikki oy kavlagan xandaqlaridan tashqariga chiqmay yov bilan olishishlariga monelik qilgan («…jazm rioyati qilib, xandaqdin chiqmadilar»).

Bobur temuriylar saltanatiga tashqaridan bo’ladigan tahdid va hujumlarni birgalashib bartaraf etishga o’ta jiddiy yondoshgan. Bunga ishonch hosil qilish uchun Shayboniyxon tomonidan Hirotning bosib olingani Bobur tomonidan qanday tahlil qilinganini ko’rib chiqaylik.

Tarixdan ma’lumki, Hirot shahriga Husayn Boyqaroning ikki o’g’li — Badiuzzamon mirzo va Muzaffar mirzo «bashirkat» — sheriklikda hokim etib tayinlangan. Bobur bu holatni salbiy baholagan. Qudratli Shayboniyxonning Hirotga yaqinlashishi bilan har ikkala sultonzoda mirzolar «…ne urushmoqqa ozim edilar, ne qo’rg’on berkitmakka jozim, hech ishni mushaxxas qilmay, hech ishning qilurin muhaqqaq bilmay sarosimavor o’lturub edilar».

Ikkala shahzodaga ikki yetuk bek sohibixtiyor sifatida tayinlangan edi (Muzaffar mirzoga Muhammad Burunduqbek, Badiuzzamon mirzoga Zunnun arg’un). Bobur bu ikki bekning ham siyosiy, ham harbiy-strategik qarashlarini, ularning saltanat taqdirini hal etuvchi jangga munosabatlarini chuqur tahlil etib, o’z xulosalarini bildiradi. «Muhammad Burunduqbek hisob bilur kishi edi» der ekan, Bobur birinchi navbatda uning himoya, hujum, lozim bo’lganda, shikastsiz chekinishga doir mo’ljaldagi rejasiga asoslanadi. Muhammad Burunduqning tavsiyasida barcha kuchlarni birlashtirish, sarkardalar orasida yakdillikka erishish, asosiy kuchni tog’li hududga olib chiqish nazarda tutilgan. Bu vazifani Badiuzzamon va Zunnun Arg’un bajarishlari, Hirot mudofaasi bilan esa o’zi va Muzaffar mirzo shug’ullanishlari lozim edi.

Bobur nega Burunduqning bu taklifini ma’qullamoqda? Masala shundaki, bekning bu taklifi Boburning harbiy nazariyasiga hamohang bo’lib, unga ko’ra, barcha kuchlarni bir maqsad atrofida birlashtirish (hatto Hirot mudofaasida ham shu nazarda tutilgan), dushman hujumidan lashkarning yoppasiga zarar ko’rishi oldini olish, qolaversa, toqqa lashkar ko’chirib, zarur vaziyatda takror hujumga o’tish kabi strategik rejalar ko’zda tutilardi.

Biroq Badiuzzamon mirzoga Burunduq taklifini qabul qilmaslikni maslahat bergan Zunnun arg’un faqat o’z shaxsiy manfaatidan kelib chiqadi va Badiuzzamon uning nayrangiga uchadi. Bobur temuriyzodalarning Hirotda Shayboniyxonga yengilishlarining bosh sababini ko’proq shu xiyonatda deb biladi. Uning nazarida, bu urush xurosonlik temuriyzodalarning harbiy savodsizligi, muhoraba sirlarini bilmasliklari, kaltabinlik, shaxsiy manfaatlarga berilganliklari oqibatida yutqizilgan.

Mazkur masalani yanada oydinlashtirish uchun dalil sifatida «Boburnoma»dan bir parchani keltirishni lozim deb bildik. Chunki Boburning muhoraba san’ati mazkur parchada aniqroq ko’zga tashlanadi. «Zunnun arg’un agarchi mardona kishi edi, vale xasis va moldo’st va ra’y va hisobdin yiroqroq va kavokrak va telbarak kishi edi. Bu fursatlardakim, Hirida og’a-ini shirkat bila podshoh edilar (ya’ni Badiuzzamon va Muzaffar mirzolar — H.Q.). Badiuzzamon mirzo qoshida bu sohibixtiyor edi, nechukkim mazkur bo’ldi, moldo’stlig’i jihatidin Muhammad Burunduqning shaharda turmog’ig’a rozi bo’lmadi, o’zi shaharda turar xayol qildi, ani ham o’xshata olmadi. Aning go’lluk va telbalig’ig’a hech nima mundin yaxshiroq dalil bo’lurmikim, zarroq va tammo’ elning yolg’on va xushomadin qabul qilib, o’zini fazihat va rasvo qildi».

Bunda Boburga eng alam qilgan jihat shuki, Zunnun arg’un g’animlarning hiylalarini asos sifatida qabul qilgan («bir necha shayx va mullo anga kelib derlarkim, Qutb bizning bila ixtilot qiladur, sanga «hizabrulloh» laqab (unvon) bo’ldi, sen o’zbakni olg’ungdur»). Bobur Zunnun arg’undek necha jangu jadal ko’rgan shaxsning soxta unvonga uchib ish ko’rishini g’irt ahmaqona amal, deb biladi. U mullalarning, sen Shayboniyxonni albatta yengasan, chunki senga shu unvonni berdik, deganiga ishonib, «qirq-ellik ming o’zbakning o’trusida yuz-yuz ellikcha kishisi bila o’q olib tebrarlar. Zunnunni olib o’lturub, boshini kestilar.» Hayal o’tmay Shayboniyxon yengilgina Hirotni egallab, o’z maqsadiga erishadi.

1502-1503-yillar, ya’ni Zahiriddin Bobur temuriyzodalarning o’zaro nizo va kurashlaridan ozor chekib, yengilib, borar yerini bilmay, Toshkentdagi xon dodalari, qarindoshlari tomon otlangan payt. Shunda ham u Andijon yoki Samarqandni egallab olishni emas, endi-endi bosh ko’tarayotgan Shayboniyxonga qarshi kurashishni bosh maqsad deb bilgan. Biroq sultonzodalarga uning bu boradagi fikri borib yetmaganidan afsuslanadi va bu qarashiga Sa’diy Sheroziyning ruboiysi bilan urg’u beradi: «Shayboqxondek g’anim paydo bo’libtur, muning zarari turkka va mo’g’ulg’a musovidur. Muning fikrini hololiqtakim, ulusni hanuz yaxshi bosmaydur va ko’p ulg’aymaydur, qilmoqlik vojibdur. Nechukkim, debdurlar:

Imro’z bikush chu metavon kusht,

Otash chu baland shud jahon so’xt.

Magzorki zih kunad kamonro,

Dushman chu ba tir metavon do’xt».

(Mazmuni: Kuching yetar ekan, olovni vaqtidayoq o’chir. Agar alanga olsa, jahonni kuydiradi. Dushmanni o’q bilan urishga qodir ekansan, uni kamon kerishiga qo’yma).

Zahiriddin Boburning bu qarashi hayal o’tmay o’z isbotini topa boshlaydi. Bobur bu hiylakor, kuchli g’animidan hadiksiramadi. U ikkinchi marta Samarqandni egallaganida Shayboniyxon shahar qal’asini qamal qilib, ichkariga kirishga urinadi. Qamalda qolgan Samarqand ahli Boburga yordam beradi. Bobur Husayn Boyqaro va temuriyzodalardan ko’mak kutadi, ularni birlikka chaqiradi, ammo «Sulton Husayn mirzodek mardona va sohib tajriba podshoh bizga (ya’ni Boburga — H.Q.) madad qilmay, bizga ko’ngul ko’maklar berib, elchi yibormay, Shayboqxonga Kamoliddin Husayn Gozirgohiyni muhosara vaqtida elchilikka» yuboradi.

Bu esa Zahiriddin Boburga qattiq ta’sir qiladi. Bir tomondan, qamalda qolgan Samarqand ahlining nochor ahvoli, ikkinchi tomondan, Bobur safdoshlarining nomardligi muhoraba maydonida g’olib kelishga bo’lgan barcha intilishlarni puchga chiqaradi. Buning ustiga Shayboniyxondan tashqari, Boburni ta’qib etib yurgan Ahmad Tanbal Andijondan Pskentga kelgan. Biroq unga qarshi turadigan Sulton Mahmudxon «urush kishisi emas edi». Boburning bu shaxsga bergan bahosida o’zining harbiy mahoratga munosabati aks etgan. Uningcha, bek, askar jangda dushmandan qo’rqsa, ularning qadri yo’q. Kurash — mardlar maydoni: «Sulton Mahmudxon urush kishisi emas edi. Sinohiylikdin bisyor oriy edi. Tanbal bila o’tru bo’lg’on chog’ xondin bedilona ahvol va af’ol zohir bo’lur. Ahmadbek turk kishi edi (Bobur qarashida «turk kishi» iborasi qishloqlik qo’rqmas, dangalchi, yaxshi sarboz ma’nolarini ham bildiradi — H.Q.), vale mardona va davlatxoh edi. G’arib durusht aytur, derkim, bu Tanbal ne miqdor kishidurkim, muncha dag’dag’a va taraddud tortarsiz. Agar ko’zungiz qo’rqsa, ko’zungizni bog’lab yurub ro’baro’ bo’laling».

Bu faktlarda Boburning urush olib borish uslubiga xos bir shakl ko’zga tashlanadi. Uningcha, kishi qanchalik mohir bo’lmasin, yov bilan olishishda aniq maqsadi, yurakdan intilishi bilan birga, albatta, atrofdagilarning sadoqati, ko’magi zarur. Ya’ni yuksak harbiy mahoratni ro’yobga chiqarish uchun aniq fikr, qarash, kontseptsiya lozim: «Burung’ilar debturlarkim, qo’rg’on berkitmaklikka bosh kerak, ikki qo’l kerak, ikki but kerak: bosh sardor bo’lg’ay. Ikki qo’l ikki taraftin kelur ko’mak va madad bo’lg’ay. Ikki but qo’rg’onning suyi bila zahirasi bo’lg’ay. Biz bu atrof va javonibdag’ilardin ko’mak va madad ko’z tutarbiz, bular xud har qaysi bir o’zga xayolda».

Zahiriddin Bobur o’zining hisobsiz muhorabalari davomida ushbu harbiy nazariyasiga amal qilgan. U xoh Xuroson, xoh Afg’oniston yoki Hindistondagi viloyatlar, qishloq va shaharlarni o’z tasarrufiga kiritarkan, keyingi yurishlari, yurt olishlarida yuqoridagi qarashiga sodiq qolgan. Bu uning buyuk ajdodlaridan olgan sabog’i edi. Uning iqroricha, agar temuriy shahzodalarda birlik hukm surganda, Shayboniyga Samarqandni qoldirmas, u bilan o’zi istamagan sulhga rozi bo’lmas edi («agar bir tarafdan umidvorliq bo’lsa edi, yo zahira bo’lsa, sulh so’ziga kim quloq solar edi»).

Biz Boburning harbiy qarashlarini ko’rib chiqish uchun atayin uning Shayboniyxonga bo’lgan munosabatini asos qilib oldik, nisbatan keng to’xtaldik. Xuddi shu munosabat — Boburning harbiy kontseptsiyasini tashkil etadi, desak xato qilmasmiz. Bobur harbiy yurishlari davomida qo’rqmaslik, jonfidolik, lashkarni o’ziga ergashtirish, urush maydonida shaxsiy mardlik ko’rsatish, xiyonatga nafrat, oddiy askar jasoratini qadrlash, har bir muhorabaga yangicha yondashish, boy berilgan jangdan anduhga tushmasdan saboq olish kabi xislatlarni o’zida tarbiyaladi, shularga amal qildi. U o’zga yurtlarni egallab, mol-mulkka, boylikka egalik qilar, bo’ysunmaganlarga qaqshatqich zarba berish bilan birga, har bir muhorabani urush qonuniyati, tartibiga mos olib borishga intilgan. Masalan, u afg’on va hind o’lkalarini birin-ketin egallab, turkiylar tasarrufidagi yurtlarga kirganida, lashkarlariga bu yurt aholisining hatto «ip uchi, igna sinug’larig’a»cha tegmaslikni hukm etgan. Iboraga e’tibor bering. Odatda, igna bilan kiyim tikayotganda ip uzilib, ozgina qismi ignaning teshigida qoladiki, uni olib tashlaydilar, ya’ni bu uzuq parcha yaroqsiz. Igna sinsa ham shunday yaroqsiz bo’lib qoladi. Demak, Bobur turkiy qavm yashab turgan, temuriylar tasarrufiga kirgan yurtlardan hatto shunday mutlaqo yaroqsiz narsani ham olishni man etib, o’z fikrini obrazli ifodalagan.

Boburning bu harbiy siyosati faqat mol-mulkka daxldor bo’lmay, balki bu o’lka odamlari bilan yaxshi muomala qilishni «vojib va lozim», deb bilganida ham ko’rinadi: «Chun hamisha Hinduston olmoq xotirda edi, bu bir necha viloyatlarkim, Bhayra va Xushob va Chinob va Chanut bo’lg’ay, necha mahal turk tasarrufida edi, bularni xud mulkimizdek tasavvur qilur eduk. Zo’r bila yo sulh bila o’zimizning mutasarrif bo’lurumizg’a mutayaqqin eduk. Bu jihatdin bu tog’ eli bila yaxshi maosh qilmoq vojib va lozim edi. Farmon bo’ldikim, hech kim bularning gala-qoralarig’a, balki ip uchi, igna sinug’larig’a atrof va navohida zarar va nuqson yetkurmasun».

Albatta, Boburning bu dastlabki adolati ayrim joyda salbiy natija bergan bo’lsa ham, keyinroq tartibsizlikka chek qo’ygan.

Bobur Movarounnahrda, Hisorda olib borgan janglarda Sulton Mahmud mirzoning mashhur beki Xisravshoh bilan ko’p to’qnashgan. «Boburnoma»da muallif bu shaxs haqida ancha batafsil ma’lumot bergan. Tole unga rost kelib, lashkarlari soni 20-30 mingdan oshganini ta’kidlagan Bobur, Xisravshohda muhoraba savodining chalaligi, urush vaziyatini sarkarda sifatida yaxshi bilmasligi bois sharmandalarcha shikast topganini yozadi. Bungacha u Xisravshoh shaxsiyatiga baho berar ekan, uni shaxs sifatida ham, lashkarboshi sifatida ham salbiy baholaydi («agarchi namozi qilur edi va taomda parhiz qilur edi vale tiyra va fosiq edi, gavdan va befahm va bevafo va haromnamak kishi edi…») Shayboniyxon Hirotni egallagach, Qunduzda makon topgan Xisravshohni ham ta’qib etadi. Xisravshoh Bobur poytaxt etgan Kobulga qarab yurish qilarkan, o’zining past axloqligi, zulmi bois lashkarlari mol-mulklarini ko’tarib uy-uylariga ketishadi, ko’pchiligi Bobur tomon o’tadi. Bunday vaziyatda Bobur iqtidorli lashkarboshi sifatida ish ko’radi: Hirotdan birga qaytayotgan kam sonli askarlari bilan Hindukush tog’idan qiyinchilik bilan oshganiga qaramay, Dushi vodiysidagi Andarob daryosi yoqasida harbiy jihatdan kuchli, ammo ayni paytda zabunlikka yuz tutayotgan g’animi Xisravshoh bilan uchrashadi. O’zi og’ir holatda, Shayboniyxon ta’qibidan Qandahordan Kobulga chekinayotgan bo’lsa-da, yuksak mardlik, shijoat, o’ziga ishonch bilan minglab lashkarli Xisravshohni sulhga majbur etadi. Uning bu harbiy taktikasi keyinroq unga Hindistonda kam sonli lashkar bilan ko’p sonli g’anim ustidan g’olib chiqishida yaxshi tajriba sifatida juda qo’l keladi.

Dastlab Boburni «bir lak, balki ikki lak» (yuz ming, balki ikki yuz ming) lashkari, ikki mingdan ortiq jangovar fili va qanchadan-qancha harbiy vosita va quroli bo’lgan hind sarkardasi Ibrohim Lo’diyga qarshi kurashish vahimasi bosadi. Biroq ko’plab muhorabalarni ko’rgan, Xisravshohdek dongdor sarkardani idrok va urush savodi bilan yenggan Bobur, avvalo, Lo’diy qalamravidagi holatni o’rganadi. Hindistondagi nomuvofiq siyosiy holat, rojalarning tarqoqligi, ularning Ibrohim Lo’diy hukmronligidan bezgani Boburning bu o’lkaga kirishi uchun qulay sharoit tug’diradi.

Bobur Panipat jangida, bugungi kun tili bilan aytganda, razvedkadan keng foydalangan. U joylarga o’z kishilarini yuborib, ma’lumot yig’gan («Ul yurttin daryo yoqalay quyig’a boqa ikki ko’ch ko’chulub edikim, til tuta borg’onlardin Haydarquli xabar keltirdikim, Dovudxon Haytimxonni besh-olti ming kishi bila miyoni Duob sari kechurubtur. Uch-to’rt kuruh Ibrohimning doirasidin berirak doira urub o’lturubtur»; «Xoja Kalonning navkari Haydarqulini til tuta yuborildi»). «Boburnoma»da Boburning razvedka xizmatidan keng foydalangani haqida ko’pgina dalillar borki, bu uning harb mahoratini tahlil etishda alohida mavzu bo’lib, maxsus tadqiqotni taqozo etadi.

Bobur, avvalo, raqibi Ibrohim Lo’diy xarakterining nozik jihatlarigacha, oila a’zolari, onasi, xullas, kerakli deb hisoblagan jamiki ma’lumotlarga ega bo’lganidan so’nggina unga qarshi kurashga kiradi. Masalan, Ibrohim Lo’diy qanchalik boy bo’lmasin, tabiatida mumsiklik g’olibligini bilgan Bobur Hindistonni zabt etgandan so’ng Ibrohim qo’l ostidagilarni o’ziga tobe etib, yer, mulk, katta in’omlar beradi.

Ibrohim Lo’diy haqida batafsil ma’lumotga ega bo’lgan Bobur uning xususiyatlarini quyidagicha qisqa, aniq bayon etadi: «Tengri rost kelturdi, ne yigitini rozi qila oldi, ne xazinasini ulasha oldi. Qaydin yigitini rizo qila olurkim, tabiatig’a imsok ko’p g’olib edi. O’zi yarmoq yig’ishtirmoqqa behad tolib, betajriba yigit edi. Ne kelishi saranjomliq edi, ne turishi, ne yurushi ehtimomliq edi, ne urushi». Ushbu parchadagi oxirgi iboraga e’tibor beraylik. Unda Lo’diyning urushga layoqati yo’qligi barcha kamchiliklaridan so’ng ifoda etilgan. Bu bilan Bobur urush maydonidagi yutuq, muhoraba ilmi, avvalo, sarkardaning yuksak insoniy xususiyati, qo’l ostidagilarga odilona munosabati, shaxsiy namuna ko’rsatishi bilan bog’liqligini bildirmoqda. Buni biz yuqorida muallifning Xisravshoh, Shayboniyxon, Husayn Boyqaro va boshqa beklarga bergan baholarida ham ko’rdik.

Bobur raqibi Ibrohim Lo’diy bilan bog’liq hind o’lkasiga oid barcha ma’lumotlarga ega bo’lgach, urushga tayyorlanishga kirishadi: xabarchilari (razvedka) orqali yetkazilgan ma’lumotlarini jamlaydi, umumlashtiradi, xulosalar chiqaradi. Razvedka ma’lumotlarida dushmanning qadam-baqadam harakati, soni, qaysi mahalda qo’nim topganigacha aniqlikda berilgan. Ibrohim kuchini aniq tasavvur etish uchun «til» qo’lga olish ham rejalashtirilgan: «Ibrohim o’rdusidin ham mutavotir xabarlar kela boshladikim, bir kuruh-ikki kuruh ko’chub har yurtta ikki-uch kun maqom qila-qila keladur. Biz ham mutavajjih bo’lub, Shohoboddin ora ikki qo’nub, Juun daryosining yoqosig’a Sarsava to’g’risi kelib tushtuk. Xoja Kalonning navkari Haydarqulini til tuta yuborildi». Bobur jangga kirishishdan oldin bu yerning iqlimidan tortib, geografik sharoitigacha inobatga olgan.

Ana shu tadbirlar maromiga yetgandan so’ng urushni olib borishga hozirlik ko’riladi. Bunda Bobur avvalgi muhorabalarda orttirgan tajribasidan kelib chiqib, qurol-aslahasiga o’zgartishlar kiritadi, «Rum dasturi bila» harbiy arobalarni urushga moslaydi. Bu ish ancha vaqtni olsa-da, sabr bilan kutadi: «Rum dasturi bila arobalarning orasida zanjir o’rniga xomidin arg’amchilar eshib, bir-biriga bog’laydilar. Har ikki aroba orasida olti-yetti to’ra bo’lg’ay. Tufangandozlar bu aroba va to’ralarning keynida turub, tufang otqaylar. Bu asbobning tartibi jihatidin besh-olti kun bu yurtta tavaqquf bo’ldi».

«Boburnoma»dan keltirilgan yuqoridagi parcha harbiy san’atimiz tarixiga oid darslikka kiritilib, tahlil etilib, bugungi yosh zobitu askarlarga dastur sifatida taqdim etilishi lozim. E’tibor bersak, bunda Bobur muhoraba maydonida o’z lashkarlarining jang asnosida omon qolishini o’ylab, tufangchilardan so’ng piyoda va boshqa kuchlarni joylashtirganiga guvoh bo’lamiz. U mohir sarkarda sifatida g’alabaga eltuvchi bu rejasi bitmaguncha dushman sari intilishni ma’qul ko’rmagan. «Boburnoma»da harbiy qo’llanma va darsliklarga kiritish mumkin bo’lgan bunday misollar serob.

Ibrohim Lo’diyning ikki mingga yaqin urushqoq fili Boburni ko’p o’ylantiradi. Buning ustiga, jangovar kemalari ham dushmanning kuch jihatdan ustunligini ta’minlagan. Shu bois, u jangovar to’p yasash ustida jiddiy ishlaydi. Uning Usta Aliquli bilan birga olib borgan uzoq izlanishlari o’zining yuksak natijasini beradi: misli ko’rilmagan, 1500-2000 metrgacha bo’lgan nishonni urishga qodir to’plar yaratiladi. Bu aslahadan Ibrohim Lo’diyning to’pni ko’rmagan askarlari vahimaga tushadi, to’plardan g’animning kemalariga qattiq zarbalar beriladi: «Bir necha kun ko’pruk bog’laguncha ustod Aliquli yaxshilar tosh otti. Avvalg’i kun sekkiz tosh otti, ikkinchi kun o’n olti tosh otti».

Bobur urushga to’la-to’kis hozirlik ko’rgandan so’ng, oxirgi masalaga o’tadi, ya’ni bo’lajak muhorabani barcha bek, sulton va askarlari bilan maslahatlashib oladi. «Boburnoma»dagi dalillar shundan guvohlik beradiki, Bobur qaysi muhoraba, jang va to’qnashuvga bormasin, o’z qo’l ostidagilarining maslahatisiz ish ko’rmagan. Bugungi ibora bilan aytganda, harb ishini demokratik asosda olib borgan. Ayrim holatlarda u o’zi, hech kimning fikrini qabul qilmay hukm chiqargan. Masalan, Hindistondagi yurishlaridan birini boshlash arafasida munajjimi uni jangga kirishdan to’xtatmoqchi bo’ladi. Biroq o’z kuchi, askarlari shijoatiga ishongan Bobur jasorat ko’rsatib, muhorabani boshlaydi va g’alabaga erishadi: «Muhammad Sharif munajjim shumnafas agarchi manga (ya’ni Boburga — H.Q.) aytur yorosi yo’q edi, har kimga yo’liqsa mubolag’alar bila aytur edikim: «Bu ayyomda Mirrix g’arb soridur, har kim bu tarafdin urushsa mag’lub bo’lur»… Aning bu parishon so’zlarig’a go’sh qilmay, qilur ishlarimizni tikilmay, urush ishida bajid va masof qilmoqqa mustaid bo’lduk».

Uning qo’l ostidagilari bilan bamaslahat ish ko’rishi ko’pincha yaxshi natijalar bilan tugagan, lashkarboshi sifatidagi obro’sining yuksalishiga sabab bo’lgan. Masalan, u Ahmad Tanbal bilan olib borgan urushning eng murakkab lahzasida o’z qarorini beklari bilan hamfikrlikda hal qilishni ma’qul ko’radi: «Urushqa ta’yin bo’lg’onlarni yerlik — yeriga turg’uzub, mashvarat qilmoqqa otamning go’rxonasiga kelib tushub, Jahongir Mirzoni ham tiladim. Muhammad Do’st yondi, Shayx Boyazid bila Qanbar Alibek keldilar. Maqbaraning janubiy ayvonida mashvarat qilmoqda eduk…»

Xullas, Ibrohim Lo’diyga qarshi urush boshlashdan oldin Bobur hammaning rizoligini oladi, bo’lajak qattiq urush sharoiti bilan beklarini tanishtirib, urush rejasini o’rtaga qo’yadi: «Va bu asbob va olot tayyor va mukammal bo’lg’ondan so’ng, tamom beklarni va so’z bilur o’bdon yigitlarni dag’i kengashiga tilab, om kengash qilib, ra’ylar munga qaror toptikim, Panipat shahredur, mahallot va uylari qalin, har taraf mahallot va uylar bo’lur, yana atrofini aroba va to’ra bila berkitib, tufangandoz va yayoqni aroba va to’ra orqasida ta’yin qilmoq kerak».

«Boburnoma»da Panipat jangi batafsil bayon etilgan. Unda tadbirkor, ishbilarmon, mohir sarkarda, qo’rqmas jangchi Boburning ichki kechinmalari bilan birga, yuksak harbiy jasorati, muhoraba mahorati turli qirralarda o’z aksini topgan. Bu qonli, nisbatan uzoq muhoraba har ikkala tomon uchun ham hisobsiz qurbonliklarni «hadya» etgan.

Urush Bobur foydasiga hal bo’lib, u juda kam sonli lashkari bilan qariyb ikki yuz ming jangchi, kuchli harbiy aslaha va vositalarga ega Ibrohim Lo’diy ustidan g’alaba qozonadi. Muhorabada g’olib kelish uchun lashkar soni muhim emasligini, harbiy savod, mardlik va jasorat, idrok va ijodkorlik bilan birga sarkardaning yuksak insoniy fazilatlari, xiyonatga murosasizligini bosh omil deb hisoblagan Zahiriddin Bobur bu daf’a ham haq bo’lib chiqadi — uning harbiy nazariy qarashlari yana bir karra isbotini topadi.

Biz yuqorida Zahiriddin Muhammad Bobur harbiy mahoratining ayrim qirralarini yoritishga urindik, xolos. Buyuk sarkardaning harbiy iste’dodiga oid sinchiklab o’rganiladigan jihatlar ko’p. Urushning salbiy oqibati, bek va zobitlarning xiyonatkorligi, maqsadsiz urush — umr zavoli ekanligi, harbiy safarbarlik sirlari, oddiy askar jasorati va unga Boburning munosabati, qal’a qurish san’ati va uni berkitish muammosi, qo’rg’onning joyini tanlash sirlari, muhoraba olib borishda joyning strategik ahamiyati, armiya va oziqa zahirasi, asirga munosabat, harbiy hiylalar va uni o’rnida qo’llash, razvedka va parol, muhorabani boshqarishda shaxsning mavqei, davlat boshlig’ining yurt boshqarish layoqati va boshqa masalalar shular jumlasidan. Bular orasida eng diqqatga loyiq jihat — bu Zahiriddin Boburning jang maydonidagi shaxsiy jasorati mavzusidir.


Hasan Qudratullayev.

«O’zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi 2004-yil 7-son

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0