Sinov yoʻsinida ishlamoqda

“Boburnoma” va “Tarixi Rashidiy”da Navoiy siymosi

Alisher Navoiyning shaxsiyati, asarlarining barkamolligi va yuksak badiiy salohiyati haqida uning hayoti davrida, ko‘p o‘tmay XVI asr adabiy, tarixiy asarlarida yuksak darajada fikrlar bildirilgan. Zahiriddin Boburning “Boburnoma”, “Aruz risolasi” va boshqa asarlarida Navoiyga oid fikrlar adabiyotshunoslikda ancha o‘rganilgan. Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarida Alisher Navoiy haqida bildirilgan fikrlarni amakisi Boburning fikrlari bilan qiyosiy o‘rganish mumtoz adabiyotimizni yanada teranroq tasavvur etishga imkon beradi, degan umiddamiz.

“Boburnoma”da muallif Alisher Navoiyning davlatchilik ishlaridagi ishtiroki va mavqei, davr sultoniga xizmatlari va, kezi kelganda, saltanat rivojiga ko‘rsatgan moddiy yordami haqida iliq so‘zlarni bildiradi. Shu qatori, ijodi haqida ham so‘z yuritib, asarlarini yuksak baholaydi: “Turkiy til bila she’r aytibturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas”. “Tarixi Rashidiy” muallifi esa, “…uning taxallusi – Navoiydir. Ungacha ham, undan keyin ham turkiy tilda hech kim unchalik ko‘p she’r bitgan emas”, deb deyarli Bobur bergan bahoni takrorlaydi. Bunda Haydarning bahosi Bobur ta’rifidan taqriban 30-35 yil keyin berilganini inobatga olsak, Haydar tomonidan Alisherning taxallusi Navoiy ekanligi, turkiy she’rda “undan keyin ham” bu darajadagi shoir ijod qilmaganligini o‘z zamondoshlariga aniqroq yetkazish zarurati paydo bo‘lganligini payqash qiyin emas. Agar Bobur Navoiyning she’riyati shuhratini “hech kim oncha ko‘p va xo‘p aytqon emas”, deya ta’riflasa, Haydar: “U she’r ilmining ustasi, uning turkiycha she’rlarining shuhrati Mullo Jomiyning forscha she’rlari shuhrati bilan teng”, deb baholaydi. Bu, birinchidan, Haydarning Navoiy adabiy merosidan to‘liq xabardorligini bildirsa, ikkinchidan, uning she’riyatini salmog‘i va yuksak badiiyati jihatidan Abdurahmon Jomiy merosi bilan teng biladi.

“Tarixi Rashidiy” muallifining Navoiyga bergan yana bir yuksak bahosi Xisrav Dehlaviy ijodiga javoban Navoiy yaratgan qasidaga munosabatida ko‘rinadi. Navoiy davrida salaflar ijodiga javob yozish ham mahorat mezoni bo‘lgan. Shu qatori, Haydar Navoiyni mashhur forsiyzabon shoir Hofiz Sheroziyning devoniga ham nazira etib javob bitganligini aytib, Navoiyning bu borada mislsiz matonat ko‘rsatganini ta’kidlab, yuksak poetik qudratiga ishora qiladi: “U Xoja Hofiz Sheroziy devoniga nazira tarzida devon tuzgan. Xoja Xisrav Dehlaviydan keyin “Yaxshilar daryosi” (“Daryoi abror”) qasidasiga hech kim Mir Alisher Navoiychalik javob yozolmagan”.

Muhammad Haydar “Tarixi Rashidiy” asarini Qashqarda turib yozgan, “Boburnoma” esa Alisher Navoiy yashagan muhitga ancha yaqin Xuroson va Hindistonda yaratilgan. Ehtimol, Haydar Navoiyning barcha asarlaridan to‘la xabardor bo‘lmagandir yoki boshqa sabablar boisidandir, “uning uchta turkiy-o‘zbekcha devoni bor”, deydi. U hatto “Tazkirat ul-avliyo” asarining nomi “Nasoyim ul-muhabbat” ekanligini ham zikr etmagan.

“Boburnoma”da esa biz Navoiy asarlari haqida batafsil, aniq ma’lumotlarni kuzatamiz. Albatta, bunga Boburning Navoiy bilan nisbatan bir makonda bo‘lganidan tashqari, uning ijodi davr adabiyoti bilan uzviy bog‘liqligi, davr shoirlariga sardorligi ham sabab bo‘lgan. Bobur Navoiy asarlarining birinchi munaqqidi sifatida asarlari nomlarini “Boburnoma”da keltirishi ulug‘ shoir e’tibori va hurmati qatori, uning ijodini yuksak darajada tasavvur qila olganligini ham bildiradi. “Olti masnaviy kitobi nazm qilibtur, beshi “Xamsa” javobida, yana biri “Mantiq ut-tayr” vaznida “Lison ut-tayr” otliq. To‘rt g‘azaliyot devoni tartib qilibtur: “G‘aroyib us-sig‘ar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoyi ul-vasat”, “Favoid ul-kibar” otliq….”.

Har ikkala adib Alisher Navoiyning saxovati, bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berganlar. “Boburnoma”ning qisqabayonligi, unda tarix voqealari keng qamrab olinganligi hamda Bobur yashagan paytda Navoiy tomonidan bunyod etilgan “binoi xayr”lar qad rostlab turgani, kamolga yetgan shogirdlar hali hayotligi bois, muallif tafsilotga berilmaydi: “Ahli fazl va ahli hunarg‘a Alisherbekcha murabbiy, va muqavviy ma’lum emaskim, hargiz paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay. Ustoz Qulmuhammad va Shayxi Noyi va Husayn Udiykim, sozda saromad edilar, bekning tarbiyat va taqviyati bila muncha taraqqiy va shuhrat qildilar. Ustoz Behzod va Shoh Muzaffar tasvirda bekning sa’y va ehtimomi bila mundoq mashhur va ma’ruf bo‘ldilar. Muncha binoyi xayrkim, ul qildi, kam kishi mundoqqa muvaffaq bo‘lmish bo‘lg‘ay”.

Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy”sida Navoiyning xayru saxovati, shogirdpeshaligi, ilm, adabiyot, san’at ahliga ko‘rsatgan homiyligiga oid ma’lumotlar ko‘p jihatdan Boburning yuqoridagi ma’lumotlarini to‘ldirib keladi. Tarixiy asarlardan ma’lumki, Navoiy Husayn Boyqaro vaziri sifatida, o‘zi ega bo‘lgan boylikni xayriya ishlarga sarflagan. “Tarixi Rashidiy”dagi ma’lumotlar nafaqat Boburning bu mavzuga oid fikrlarini boyitadi, balki ko‘p jihatdan Navoiyning yaratgan “muncha binoyi xayr” ishlari sharhini keltiradi, ulug‘ shoirning naqadar himmatga fe’li kengligi, nafaqat ijodi bilan, balki to‘plagan xazinasini ham xalq manfaati yo‘liga sarflaganining aniq ifodasini beradi: “ Shunday qilib o‘sha zamonda xalqning turli toifalari ichidan fozil, benazir insonlar chiqqani uning (Navoiyning — H.Q.) sa’y-harakatlari tufaylidir. U Mir sifatida shunday jiddu jahd ko‘rsatdiki, natijada katta boylik to‘plandi, dehqonchilikdan va boshqa taraflardan tushgan kunlik daromad o‘n sakkiz ming shohruxiyni tashkil etgan. O‘z amirlik mansabining barcha jihatlarini — xizmatkorlarni, mulozimlarni, xazinani, sayisxonani, podshohlik imoratlarini u Sulton Husayn mirzoning noyibi amir Bobo Aliga topshirgan, bu o‘sha davrning buyuk sipohlaridan edi. Mir Alisher amaldorlik ishlarini yig‘ishtirib qo‘yib, boshqa amaldorlar va mulozimlar bilan bir qatorda o‘zini Sulton Husayn mirzo xizmatiga bag‘ishladi. U qudrati yetguncha unga yordam so‘rab murojaat qilgan muhtojlarga, olimu fozillarga homiylik qildi. O‘z mulkidan tushgan barcha daromadni el-yurt farovonligi uchun xayriya ishlariga sarfladi. U xonaqolar, masjidlar va boshqa imoratlar qurdirdiki, ularning ko‘pchiligi hozirgi kungacha Xurosonda saqlangan”.

“Boburnoma”da Alisher Navoiy va uning ijodi bilan bog‘liq bir qator tarixiy shaxslar, adiblar haqida qimmatli ma’lumot berilgan. Bular Husayn Boyqaro, Binoiy, Abdurahmon Jomiy va boshqalardir. Musiqa, san’at, miniatyura san’ati va boshqa soha vakillarining nomlari ham asarda zikr etilgan, ammo maqolamiz mavzusiga unchalik zarur emasligi bois, ular haqida batafsil to‘xtalmaymiz.


Hasan Qudratullayev.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011-yil 7-son.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0