Sinov yoʻsinida ishlamoqda

“Boburnoma” asrori kaliti

Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarini adabiyotshunoslikda adib boshidan o‘tkazgan kunlar yilnomasi sifatida baholashadi. Ammo shoir — Bobur she’riyati muallifning ichki dunyosini bor shiddati bilan o‘quvchiga yetkazuvchi noyob ma’naviy xazinadir. Bobur ruboiylarida ham olam-jahon ma’no ifodalangan. Ular “Boburnoma” bilan hamohang, uni mazmunan to‘ldiradi. Agar Bobur davri, undan oldingi shoirlar ijodida ruboiy janrida an’anaviy ishq, oshiq va ma’shuq, ayrim hollarda ijtimoiy masalalar qalamga olingan bo‘lsa, Zahiriddin Bobur ruboiylarida inson ichki kechinmalarining rango-rang jilolari, uning muammolari teran aks etganini ko‘ramiz.

Zahiriddin Bobur tabiatidagi hayotdan imkon qadar bahramand bo‘lish, uning go‘zalligini anglash va nashidasini surish odati kishini hayratga soladi. 12 yoshidan ot ustidan tushmasdan bobosi Amir Temur saltanatini tiklash uchun kurash olib borgan, muhorabalarda bo‘lgan shaxs bahor nashidasidan

Ham bahramandlik baxtini tuyadi:

Xotirni bahor faslida gasht oladur,

Ko‘z nurini rangi lolayu dasht oladur.

Xush ulki, talalarda yurub sayr etsa,

Bu fasldakim latifu dilkash taladur.

Shoir ruboiylarining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri — unda kichik syujet, lirik qahramon bor. Quyidagi ruboiyda lirik qahramonning unchalik xurram bo‘lmagan kayfiyatini mohir naqqoshdan isloh etishini so‘ragani, iltijosi mavjud. Bir qaraganda, bu to‘rt misra she’r oson mutolaa qilinadigandek,

Ammo muallifning shu to‘rt misraga syujet, teran fikrni jo etganiga tasanno deysan, kishi:

Naqqosh, mening holima tadbir etgil,

Bir yog‘lig‘ aro kashida tahrir etgil.

Ul safhada men xayol qilg‘on yanglig‘,

Ul yorg‘a mushkilimni taqrir etgil.

Boburning Hindiston mamlakatiga yurishi, aniqrog‘i, bu o‘lkani o‘z tasarrufiga kiritishga intilganini ayrim adabiyotshunoslar Vatandan ayriliq sifatida talqin etsalar, boshqalari sarkarda Boburning Amir Temur saltanatini qayta tiklash uchun qilingan yurishi sifatida baholaydilar. Aslida, har ikkala fikrning ham asosi bo‘lsa-da, ikkinchisi ustunlik qiladi. “Boburnoma”da mazkur masalaga anchagina oydinlik kirituvchi parcha bor. U ham bo‘lsa, Hindistonning shimoliy qismini egallagan, Ibrohim Lo‘diy va boshqa hind sarkardalari ustidan g‘alaba qozongan, ammo bu o‘lkaning barcha hududlarini hali egallashga ulgurmagan Boburning to‘ng‘ich o‘g‘li Humoyun mirzoning elchilariga bildirgan fikri mavjud. «...Tengri taolodin umidvormizkim, o‘shul yaqinda Hinduston viloyati qo‘lga kirgay. Havoxoh va yaxshi farox havsalalarimizdin Hinduston viloyatig‘a qo‘yub, o‘zumuz mavrusiy viloyatimizga borg‘aymiz(ta’kid bizniki — H.Q.). Va kerakkim, bori xalqimiz bu yurushda, Humoyung‘a yo‘ldosh bo‘lub, ixlos ko‘rsatgaylar», deb yozadi u.

Ushbu parchadan Boburning ichki kechinmalari, ruhiy holatini faqat nasriy matn talabi bilan his etamiz. Bunda adib o‘zi shoh bo‘lsa-da, yakkalikka bardosh va chidam berganligi, o‘zini g‘arib sezganligi haqida umuman so‘z yuritmaydi, balki buni Vatanga qaytish orzusi orqali ifoda etadi, xolos.

Quyidagi ruboiy esa, aynan shoh, adib Boburning ichki olamini o‘zida mujassamlagan, “Boburnoma” matnini shu jihatdan to‘ldirganligini ko‘ramiz.

Yod etmas emish kishini g‘urbatta kishi,

Shod etmas emish ko‘ngulni mehnatta kishi.

Ko‘nglum bu g‘ariblikda shod o‘lmadi, oh,

G‘urbatta sevinmas emish, albatta, kishi.

Zahiriddin Boburning 47 yillik umri tinimsiz muhorabalar, qarindosh-urug‘lar, temuriy shahzodalar va beklarning birin-ketin qilgan xiyonatlari, farzandlarining bevaqt vafoti muhitida o‘tib, umrining oxirlarida turli kasalliklar bu irodasi mustahkam kishining ham ruhiyatiga ta’sir etgan. “Boburnoma”da

Biz muallifning bunday mashaqqatlarga naqadar bardosh bergani, ayrim holatlarda dardning zo‘rayishi ko‘zlariga achchiq yosh, tanasiga chidamsiz dardni keltirib chiqarganligini ko‘ramiz. Muallif shu holatlar tasvirini berar ekan, nasriy matndan ko‘ngli to‘lmaydi, ichki tug‘yoni, hasratlarini to‘la bayon eta olmaganligini sezib, ko‘pincha o‘z ruboiy, g‘azallari bilan, ayrim hollarda boshqa buyuk adiblar — Sa’diy, Hofiz she’rlari bilan nasriy matnni boyitadi. Ayniqsa, Bobur vafotidan ikki yil oldin kasallik uni ko‘p tashvishga soladi, ruhiyati tushkunlikka moyil bo‘ladi. Ushbu holat tasvirida ham “Boburnoma” matnini quvvatlashga muallif o‘z ruboiysini keltiradi. Bunda ruboiy uning ruhiyatini aniq

ifoda etadi. Kasallik paytidagi tushkun kayfiyat, dard mashaqqati uning jismiga naqadar tashvish keltirgani aniq badiiy ifoda topgani bilan muhim: “Yakshanba kuni, muharram oyining o‘n oltisida isittim, titradim, navbat-navbat bo‘ldi. Yigirma besh-yigirma olti kunga tortti. Doru-yu kor ichtim. Oxir

Basit yarashti, uyqusizlig‘ va tashnalig‘din bisyor tashvish torttim. Bu maraz ayyomida uch-to‘rt ruboiy

Aytildi. Ul jumladan biri budur:

Jismimda isitma kunda mahkam bo‘ladur,

Ko‘zdin o‘chadur uyqu chu oxsham bo‘ladur.

Har ikkalasi— g‘amim bila sabrimdek,

Borg‘on sori bu ortadur, ul kam bo‘ladur.

Bu nasriy parchada ham Boburning “uyqusizlik va tashnalig‘din bisyor tashvish torttim” degani bog‘lanib muallifning yuksak tashbehi – g‘am bilan sabrning kurashi, sabrning kamayishi va g‘amning yuksalishi juda yuksak badiiyat bilan ifodalangan. Boburning ana shu ichki tug‘yonini nasrda ifodalash

Mushkulligi bois, u aytganidek, uch-to‘rt ruboiy yozgan va bittasini “Boburnoma”da keltirgan. Bu mavzuda Bobur yaratgan ruboiylarda yana nimalar nazarda tutilgan, uning kasallikdan ranj tortgan vujudida nimalar sodir bo‘lgan? Boburni bezovta etgan, azob tortishiga sabab bo‘lgan bu davrda yaratilgan ruboiylarning barchasi yuqoridagi “Boburnoma”da keltirilgan parchaning detallari – isitma, uyqusizlik, g‘am va boshqalarning mohiyatini yanada ochishga, muallif holatini batafsilroq yetkazishga xizmat qilgan. Masalan, mana bu ruboiyda Bobur vujudini isitma tutishi – tana harorati o‘ta yuksak bo‘lgani ta’kidlangan. Bunda muallif mazkur darddan forig‘ bo‘lish yo‘lini uning ahvolidan xabar olgan “habib” — do‘stining so‘rog‘idan so‘ng ko‘ngliga yengillik shabadasi kirib kelganligini bildiradiki,

“Boburnoma” matnida mavjud emas:

Jismimda isitma tobidin otashdur,

Jonimg‘a balou g‘ussa bebarkashdur.

Ko‘p dard ila g‘amdin manga noxushlug‘ edi,

Sen so‘rg‘ali, ey habib, ko‘nglum xushdur.

Yoki mana bu ruboiy ham o‘sha paytda – Bobur jismini dard iskanjaga solganda yozgan bo‘lishi mumkin. Zero, muallifning tushkun kayfiyatini ifodalovchi “betoblig‘”, “beoblig‘”, “bexoblig‘” kabi so‘zlar avvalgi ruboiylarda ko‘zga tashlanmaganki, yuqoridagi mavzuni boyitgan.

O‘t soldi ko‘ngulga ranju betoblig‘im,

Suv qildi bu xasta jonni beoblig‘im.

Bu ikkalasi agarchi bor muhliku sa’b,

Lek o‘lturadur tongg‘acha bexoblig‘im.

Darhaqiqat, Zahiriddin Bobur “Boburnoma”ning bir necha joyida unga kasallik tashvish keltirganligini yozgan. Nazarimizda, yuqoridagi parchada keltirilganidek, 25-26 kunlik bemorlik uning umri davomida bir marta sodir bo‘lgan. Irodasi mustahkam, barcha qiyinchiliklarga tob bergan Boburdek shaxs ham bebaqo umrning bu imtihoni paytida anchagina uqubat chekkan, gohida

Tushkunlikka tushgan. “Ko‘nglimda o‘tu, ikki ko‘zimda suvdur” deb dil dardini bayon etgan shoir quyidagi ruboiysida yana yuqoridagi ruboiylar detallari: uyqusizlik, firoq, beqarorlik, beorom oqshomlardan foydalanib “Boburnoma”dagi mavzuni yanada yorqinroq ifoda etadi, boyitadi. O‘quvchi uning xasta holiga davo topishni, ko‘zlariga uyqu baxsh etishni o‘ylab qoladi:

Ko‘nglimda o‘tu, ikki ko‘zumda suvdur,

Men xastag‘a rahm qilki, holim budur.

G‘am kunduziyu firoq shomi yanglig‘,

Tunu kun menga ne qaroru, ne uyqudur.

Biz yuqorida Bobur umrining oxirida tez-tez kasallikka chalingani, azob-uqubatlar ko‘rgani haqida so‘z yuritdik. Uning boshiga bu savdolar asosan Hindiston safari paytida, Bobur va uning lashkarlari uchun mutlaqo begona “bodi samum”— issiq shamolning ta’sirida yashash, Ibrohim Lo‘diy va boshqa hind lashkarboshilari bilan muhoraba olib borish jarayonida tushgan. Ana shunday sharoitda Bobur tomonidan ne mashaqqatlar bilan to‘plangan lashkar, beku zobitlarning bir qismi, noqulay ob-havo bois, o‘z podshohlari hukmiga bo‘ysunmay, uni tashlab ketishga oshiqadilar(“Xeyli el bodi samumning ta’siridin har zamonda yiqilib-yiqilib, o‘la kirishtilar. Bu jihatlardin aksar beklar va o‘bdon-o‘bdon yigitlar ko‘ngul solib edilar”.).

Boburga xastalik holati, farzandlari — Humoyun, Komronning noahilligi bois saltanat tarqoqligiga asos bo‘luvchi munosabatlari, Hindistonda davlatchilikning mustahkam asosini solish orzusi zaminida bu bosh-boshdoqlik, itoatsizlik uning rejasini amalga oshirishiga xalal beradi, dunyoning, odamlarning xiyonati bois dodga keladi. Masalan, “Boburnoma”da muallif nadomat bilan quyidagi satrlarni yozgani fikrimiz dalilidir: “Bu g‘aribdurkim, kichik-kirimdin bu navbat Kobuldin otlanadurg‘onda, bir nechani yangi bek qililib edi. Mening chashmdoshtim bulardin mundoq edikim, men o‘tqa, suvga kirsam-chiqsam, betahoshiy bizlar bila kirgaylar va bila chiqqaylar. Men har sorig‘a bo‘lsam, alar mening sori bo‘lg‘aylar; yo‘qkim: mening xilofi maqsudim so‘z aytqaylar, har ish va har muhimningkim, borining kengash va ittifoqi bila o‘zumuzga jazm qilduk, kengashtin qo‘pmasdan burunroq ul so‘z va muhimdin qaytqaylar”.

Zahiriddin Boburning bu hasrati, nadomati, qo‘l ostidagi kishilarning bir yoqadan bosh chiqarib, uning amr-farmonini bajarmasligi, itoatsizlikdan tashqari, lashkar tarqoqligiga sabab bo‘luvchi harakatlari tartibbuzarlik xarakteriga molik edi. Boburning bu fikri, qo‘l ostidagi kishilarining noo‘rin xatti-harakatlari, davlatdorlikda yurt boshlig‘iga qarshi bo‘lish, yurt birligiga soya soluvchi harakatlar bugungi kunda ham qoralanadiki, ayrim kimsalarga ibrat darsi bo‘la oladi.

Bobur mana bu ruboiyni, balki, aynan shunday kayfiyatda bo‘lgan paytida yozgandir. Unda inson zotidan ozurdalik, kishi ruhiyatiga soya solishga intiluvchi kishilarning basharasini ko‘rasan, ruboiy muallifiga o‘sha paytda qanchalik mushkul bo‘lganligini anglaysan ham:

Davron meni o‘tkardi saru somondin,

Oyirdi meni bir yo‘la xonumondin,

Gah boshimg‘a toj, gah baloyi ta’na,

Nelarki, boshimg‘a kelmadi davrondin.

Zahiriddin Muhammad Boburning o‘g‘li Humoyunga yozgan maktubida ajoyib satrlar bor. U ham bo‘lsa — davlatchilikda, mamlakatni boshqarishda yurt sardori hamisha atrofdagi beklar, hayotiy tajribaga ega shaxslar bilan mashvarat qilishi, yor-birodarlarini g‘animat bilib, ularning suhbati va maslahatlarini inobatga olishiga e’tibor qaratilganligini ko‘ramiz. Bu satrlar, tarbiyaviy ahamiyatidan tashqari, temuriylar saltanatida davlatni boshqarish, ayniqsa, podshoh bir qarorga kelishda bamaslahat ish ko‘rishi lozimligi talqinida berilishi diqqatga molik: “ Agar mening rizoimni tilarsen, xilvatnishinliqni va el bila kam ixtilotliqni bartaraf qilg‘il. Kunda ikki navbat iningni va beklarni ixtiyorlarig‘a qo‘ymay, qoshingg‘a charlab, har maslahat bo‘lsa kengashib, bu davlatxohlarning ittifoqi bila har so‘z — unga qaror bergaysan”. Quyidagi ruboiyda Bobur el bilan birga bo‘lish, ularning qadriga yetish va hamisha odam bir-biriga g‘animat va aziz bo‘lganligi bois, ehtiromini bajo keltirishdek yuksak fikrni bildirganki, yuqoridagi qarashlarini shoirona ifodalar bilan to‘ldirgan:

Ahbob, yig‘ilmoqni farog‘at tutungiz!

Jam’iyatingiz borini davlat tutungiz!

Chun gardishi charx budurur, Tengri uchun,

Bir-birni necha kuni g‘animat tutungiz!

Zahiriddin Bobur qaysi janrda ijod etmasin, ularning barchasida muallif tarjimai holi, dunyoqarashi, umrguzaronlik daftarining bayoni, bir-birini to‘ldiruvchi, “Boburnoma”da chala qolgan fikrlarning izohi, yashirin sirlari boshqa bir asarida yangicha jilo va mukammallikda, shoirona badiiy talqinda ifoda etilganligini ko‘ramiz. Biz Bobur ruboiylaridagi mavzu birligini faqat “Boburnoma” bilan chog‘ishtirib, ayrim misollar tahlili orqali ko‘rib chiqdik, xolos. Bu masala alohida tadqiqot mavzui, uni keng miqyosda tadqiq etish Bobur shaxsiyati va ijodini yanada teranroq anglash imkonini beradi.


Hasan Qudratullayev, professor

“Marifat” gazetasi

2008-yil.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0