Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Boburshoh jiyani

Boburshohning opasi Xonzodabegim va uning o’g’li, ya’ni Boburning shayboniyzoda jiyani Xurramshoh taqdiri haqidagi ma’lumotlar talqini tarixiy manbalar hamda hozirgi zamon badiiy adabiyoti, ilmiy tadqiqotlarda turli-tumanligini ko’ramiz. Shu sababli, goho o’quvchilarimizni «Boburnoma» yoki Gulbadanbegimning «Humoyunnoma» kabi o’zbek tilida nashr qilingan asarlardan tashqari, hozircha chop etilmagan boshqa yozma manbalarda Boburning bu qarindoshlari to’g’risida yana qanday xabarlar borligi qiziqtirishi tabiiy hol. Boburpodshoh «maqbul o’g’lon edi», deya ta’riflagan Xurramshoh haqida o’quvchi juda kam ma’lumotga ega. Biz ushbu maqolada ana shu ikki mavzuga to’xtalib, tarixiy manbalar orqali voqelikka nazar tashlash va o’quvchini bor haqiqatdan xabardor qilishni lozim topdik.


Xonzodabegim va uning o’g’li Xurramshoh to’g’risidagi ilk ma’lumot «Boburnoma»da aks etib, Xondamir «Habib us-siyar»(1524), Muhammad Haydar «Tarixi Rashidiy»(1545)da bu boradagi fikrlarini asosan «Boburnoma»dan iqtibos qilganlar, o’zlaridan esa, kam yangilik qo’shganlar. Biroq, quvonarlisi shuki, «Ahsan at-tavorix», «Lab at-tavorix», «Tarixi olamoroyi Abbosiy», «Tarixi Qipchoqxoniy», «Majma’ ul-g’aroyib», «Musaxxir il-bilod», «Tazkirayi tarixi Muqimxoniy» kabi boshqa asarlar ma’lumotlari ham mazkur mavzudagi tasavvurimizni boyitishga xizmat qila oladi.


«Boburnoma»ning bizgacha yetib kelgan noqis nusxalarida Xonzodabegimning Bobur Samarqandni sulh asosida tashlab chiqqan 1501-yil avgust oyida «Shayboniyxonga tushgani», ya’ni bu g’animi nikohiga kirgani qayd etilib, opasining 1510-yil dekabrida esa Marvda shoh Ismoiltomonidan qatli omga duchor bo’lmay, balki Boburning opasi ekani uchun shoh tashabbusi bilan ukasi Bobur mirzo oldiga yuborilgani, opasining Shayboniyxondantuqqan «Xurramshoh otliq maqbul o’g’lon»ining Balxda hokim bo’lgani va otasi halokati voqeasidan bir-ikki yil o’tib qazo qilgani qayd etiladi,xolos.


«Tarixi Rashidiy»da Xonzodabegimning to’rt-besh yildan so’ng Shayboniy nikohidan chiqarilib, Hodixoja nikohiga kiritilgani, yana bir manbada esa bunga xonning Xonzodabegimdan zahar berishda gumonsirashi sabab bo’lgani ko’rsatilgan. Sulton Muhammad Balxiy «Majma’ ul-g’aroyib»da yozishicha, uning otasi Darvish Muhammad mufti Xurramshoh saroyida xizmat qilgan. Muhammadyor ibn Arab Qatag’an qalamiga mansub «Musaxxir il-bilod» kitobida Hodixojaning kimligi va Xurramshohning hukmdorlik faoliyati xususida maxsus, kengroq ma’lumot berilgan.


Ko’rganimizdek, Bobur ma’lumotida Hodixoja nomi tilga olinmaydi va Xurramshohga Balx viloyati berilganidan boshqa fakt qayd etilmaydi. Bu qisqa ma’lumotda Boburning bu jiyanini ko’rgan-ko’rmagani aniq emas. Deylik, mabodo, Bobur Xurramshoh haqidagi ko’proq ma’lumotni «Boburnoma»ning bizgacha yetib kelmagan 1510-yil voqealari bayonida zikr etgan bo’lsa, u holda bu asarning to’liq qo’lyozma nusxalariga ega Xondamir va Muhammad Haydar o’z asarida mazkur ma’lumotlarni nimaga iqtibos qilishmagan?


Yozuvchi Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» romanida Xonzodabegimning ikkinchi nikohi eslanmasdan, Xurramshohning ham onasi bilan birga tog’asi Bobur oldiga Qunduzga kelgani tasvirlanadi.


Xonzodabegimning Bobur bilan uchrashuvi voqeasi «Boburnoma» ma’lumotiga asoslangan badiiy talqindir. Asar yaratilishi chog’i fors tilidagi «Habib us-siyar», «Tarixi Rashidiy» kabi yana o’nlab yozma manbalar qo’l ostida bo’lgan sharqshunos tarixchi olim va yozuvchi Pirimqul Qodirov Xurramshohning Bobur bilan muloqotini ana shu badiiy to’qima orqali aks ettirishni ma’qul topgan. Badiiy asarning yo’rig’i boshqaligi uchun yozuvchining bunga haqqi bor.


Andijonlik adiba Omina Tojiboeva «Qiyomat taqdir» hikoyasida Xonzodabegimning Shayboniyxon nikohidan chiqarilib, uning xizmatidagi Ziyo Hodi ismli bir keksa ruhoniy bilan turmush qurgani, bu ruhoniy jismonan zaif bo’lgani va Boburni hurmat qilgani yuzasidan Xonzodabegimni o’z singlisi kabi asrab, fursat topganida ukasi Bobur oldiga yuborishni mo’ljallab yurishi, ammo Marv jangida Shayboniyxon bilan bir safda o’ldirilib, uning bu orzusini shoh Ismoil amalga oshirganini o’z badiiy talqinida havola etadi. Bu adiba ham Xurramshohning tog’asi oldiga Qunduzga kelganini hikoya qiladi. Garchi, o’rta asr qoidalari o’zgachaligi va shohlar hayoti ham boshqacha tarzda kechganini bilsak-da, adibaning bunday badiiy to’qima va farazidan maqsadini yaxshi tushunib turibmiz; uni shundayligicha qabul qilish o’quvchiga ham malol kelmaydi.


R.Shamsutdinov va M.Abdullaevning «Boburnoma»ning yo’qolgan sahifalari xususida» nomli maqolasida («Bobur va boburiylarning jahon madaniyati tarixida tutgan o’rni», 2008) esa «Xonzodabegimning Shayboniyxon 1510-yili o’ldirilgach, Bobur oldiga kelgani va shundan so’ng Sayyid Hodi ismli kishi bilan nikohdan o’tgani, ammo ularning turmushi uzoq davom etmagach, Xonzodabegimning Mahdiy Xoja bilan turmush qurgani» tarixiy fakt sifatida havola etilgan.


Aslida tarixiy voqelik qanday bo’lgan? Yuqorida eslatilgan yozma manbalar bu to’g’rida quyidagi ma’lumotni beradi: 1478-yili tug’ilgan Xonzodabegim 1501-yilning avgustida Bobur va Shayboniyxon o’rtasida tuzilgan sulh bitimi shartiga binoan(T.Fayziev. Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlari. «Yozuvchi», 1996) Samarqandda Shayboniyxon nikohiga kiradi. Bu nikohdan 1502-yil may oyida Xurramshoh dunyoga keladi. Oradan uch-to’rt yil o’tgach, xon Xonzodabegimni zahar berishda gumonsirab, o’z nikohidan chiqaradi. Qoidaga binoan beva qolgan saroy ayoli bunday voqeadan so’ng yo ersiz o’tishi yoki hukmdorning eng yaqin kishisiga tegishi lozim edi. Xonzodabegimni o’zidan uzoqlashtirgan Shayboniyxon shu sababli bevasining o’z bo’lasi(xolavachchasi) Sayyid Hodixoja bin Murtazoxoja nikohiga kirishiga rozilik beradi.


Bu dashtiqipchoqlik sayyidlar xonadoni shajarasi Sayyid Oto (vafoti 1291- yil) orqali Hazrat Ali bin Abi Tolibga ulanadi. Sayyid Hodixoja Shayboniyxonning ham bo’lasi, ham shijoatli amirlaridan biri hisoblanib, o’sha paytda 50 yoshlarda bo’lgan. Xonzodabegim esa, 28 yoshda edi. Shayboniyxon 1506-yilning 15- noyabrida Balxni egallab, sog’lom enagalar va harbiy ishga mohir amirlar, yaxshi ilmli ustozlar qo’lida tarbiya topgan qobiliyatli o’g’li Xurramshohni Balx va uning muzofotlariga hokim qilib tayinlaydi. «Musaxxir il-bilod» muallifi bu haqda shunday yozadi: «Yosh bo’lgani uchun ul shohzodaning otoliqi mansabiga Qanbar mirzo ko’kaltosh tayinlandi. Ul yaxshi xislatli amir hamisha o’z marhamati qanoti va adolati soyasini mazkur viloyat aholisi boshi uzra yoydi…


Shuning sharofatidan butun Balx mamlakati obodonchilik va farovonlik topdi. Oliy martabali shohzoda Xurramshohning yorqin ko’ngli ov va shikor havasiga lim to’la, dili gulyuzli yoshlar va quyoshchehrali botirlar bilan suhbat qurmoq ishtiyoqi bilan to’lib-toshgani sababli, ko’p vaqtini shikor nashidasini surmoq bilan o’tkazardi. Doimo soyadek otasi Shayboniyxon uzangisi xizmatida yurar, hech qachon uning buyrug’i va farmonini bajarmasdan qolmas, hech bir so’zini ikki qilmas edi…». «Majma’ ul-g’aroyib»da aytilishicha esa Xurramshoh o’z atrofiga o’qimishli va fozil kishilarni to’plagan. Ko’rinadiki, dovyurak va yaxshi harbiy ta’lim olgan Xurramshoh yoshligiga qaramay otasi Shayboniyxon bilan birga Balx, Hirotni olish janglarida qatnashgan hamda davlat boshqarish sirlarini o’rgangan.


1507-yil iyun oyida Mashhad qo’lga kirib, Shayboniyxon u yerga mazkur bo’lasi Sayyid Hodixojani hokim qilib tayinlaydi va Xonzodabegim ham Mashhadda yashay boshlaydi. Biroq oradan ko’p o’tmay, aniqrog’i, 1510-yil oktyabrida shoh Ismoil Safaviy Xurosonga yurish qiladi va oz sonli qo’shin bilan Hirotda o’tirgan Shayboniyxon urushga qulay joy sifatida Marvga chekinadi.


Safaviylar qo’shini Mashhadga yaqinlashgach, Hirotda qolgan shu shahar dorug’asi Jon Vafobiy do’rmon, Mashhad hokimi Sayyid Hodixoja, Niso hokimi amir Muhammad Solih va Durun hokimi Podshohxoja(Xoja) kabilar ham Marvga keladilar. Shayboniyxon Balx, Samarqand, Buxoro, Toshkent va Turkiston qo’shinlarini yordamga chaqirgan bo’lib, Xurramshoh darhol o’z qo’shini bilan otasiga yordamga oshiqadi. Biroq Shayboniyxon yordam kelishini kutmay, 1510- yilning 5-dekabrida jangga kirishib, halok bo’ladi. Bu jangda Sayyid Hodixoja ham o’ldiriladi. Ismoil Safaviy g’alaba qozongach, Marv aholisini «qatli om» qildirib, begunoh aholi boshlaridan minoralar yasaladi.


Ana shunday bir paytda Buxorodan yordam uchun kelgan Ubaydullaxon amakisi Shayboniyxon haramidagi Bobur tog’asining qizi Mo’g’ulcha xonim (Oysha sultonbegim) benta Mahmudxon Koshg’ariyni qutqarib, Buxoroga olib qochishga ulguradi. Sayyid Hodixoja ug’ruqi (oilasi) esa asir tushib, Xonzodabegimning Bobur singlisi ekani ma’lum bo’lgach, shoh uni Bobur huzuriga yuboradi. Bu paytda 32 yoshga kirgan Xonzodabegim shundan so’ng hech kimga turmushga chiqmay, Bobur va Humoyun davlatining jonkuyar maslahatchisi sifatida faoliyat ko’rsatgancha 1544-yili Kobilhaq mavzesida olamdan o’tib, Kobuldagi Boburshoh maqbarasiga dafn qilinadi.


«Musaxxir il-bilod» muallifi Xurramshoh haqida yana shunday yozadi: «Otasi Marv qamalida qolganda birinchi bo’lib shu Xurramshoh Balx lashkari bilan otasi yordamiga oshiqqan edi… Otasi dunyoni shahidlik bilan tark etgach, Xurramshoh ham oxirat sari shitob bilan ketdi. Xurramshohdan nasl qolmadi».


Tomirlarida uch tomonlama chingiziy va temuriylar qoni yurib turgan Xurramshoh shoh Ismoil Balx sari yurmasdan burun Samarqandga qaytadi. U tog’asi safaviylar yordamida Samarqandni egallagan 1511-yil kuzidan oldin, ya’ni o’sha yil yozida Samarqandda hayotdan ko’z yumadi. Bilamizki, bu shaharda Bobur yana olti oy taxtda o’tirgan.


Ayni hodisalar paytida Samarqandda istiqomat qilib turgan va o’sha davr voqealarini «Suluk ul-muluk» asari muqaddimasida aks ettirgan Ruzbehon Isfahoniy shayboniylarning Turkistonga qochib ketgani, 1512-yil aprelida esa ularning yana qaytib kelib, Buxoroga yaqin Ko’li Malik yonidagi jangda Boburni yengib, mamlakatni qaytadan qo’lga kiritgach, shaharu tumanlarni o’zaro taqsimlashgani hamda Boburning o’sha davr ichidagi hukmdorlik faoliyatini batafsil yozib, shayboniy xonzoda va sultonlari nomini bir-bir va qayta-qayta tilga olarkan, Xurramshoh nomini biron marta ham zikr etmaydi. Agar Xurramshoh bu paytda tirik bo’lganda unga ham ona boshqa akasi Temur sulton va uning o’g’illari, ona boshqa ukasi Sevinch Muhammad sulton kabi Samarqanddagi sheriklik taxti yoki kamida biror viloyat va tuman hokimligi berilgani qayd etilgan bo’lardi. (Akademik Bo’rivoy Ahmedov ham «Istoriya Balxa» kitobida tahlil va izohsiz bo’lsa-da, Xurramshohning tug’ilish va vafoti sanasini 1502-1511-yillar shaklida ko’rsatgan.)


Bobur va uning qarindoshlari yoki, umuman, tarixiy siymolar haqida fikr yuritganda yozma manbalarga murojaat qilinsa, o’tmish haqidagi tasavvurimiz yana ham boyigan, ajdodlarimiz hurmati ham joyiga qo’yilgan va tarixiy haqiqat oydinlashgan bo’lardi.


Ismoil Bekjon.

«Ma’rifat» gazetasi. 1993-yil.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0