Axsikat – qad. shahar xarobasi. Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Shahand qishlog‘i hududida, Sirdaryoning o‘ng sohilida joylashgan. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Axsikat shahri mil. av. 3–2-a.larda vujudga kelgan, 9–10- a.larda Farg‘ona vodiysining poytaxti bo‘lgan. 1219 y. mo‘g‘ullar tomonidan butunlay vayron qilingan. Axsikatning eski o‘rnidan 5-7 km g‘arbda bunyod etilgan yangi shahar – Axsi 14–17-a.larga oiddir.
Axsikatni arxeologik jihatdan o‘rganish ishlari 19-a. oxirlari – 20-a. boshlaridan boshlangan. 1885 y. N.I. Veselovskiy, 1914 y. I. A. Kastane qazish va qidiruv ishlari olib borgan. Sho‘rolar davrida M. Ye. Masson (1939) va A.N. Bernshtam (1948)lar tekshirganlar. Arxeologik tadqiqotlar natijasida Axsikat ark, shahriston va raboddan iborat bo‘lganligi, shaharning uch qismi ham alohida devorlar bilan o‘ralganligi, arkda hokim saroyi, zindon, shahristonda ichki bozor, jome masjidi, pishiq g‘ishtdan ishlangan hovuz va ariqlar, rabodda hunarmandlar mahallalari va tashqi bozor mavjud bo‘lganligi aniqlangan.
Axsikat Namangan o‘lkashunoslik muzeyi xodimlari tomonidan ham o‘rganilgan (1957-59). 1960 y. O‘zbekiston FA Tarix va arxeologiya in-ti uyushtirgan maxsus ekspeditsiya Axsikat rabodidan 11-a.ga oid ko‘hna hammom o‘rnini ochgan. U yerdan sopol idish, quvur, chaqa tanga va shisha buyumlar topilgan. Bundan tashqari, Axsikat xarobalaridan g‘arbroqda o‘rta asrlarga oid yana bir shahar xarobalari borligi aniqlangan. Akad. Ya.G‘. G‘ulomov va arxeolog I. Ahrorov mazkur tadqiqotlar asosida bu yerda turli davrlarga oid ikkita shahar bo‘lganligini, ulardan biri qad. Axsikat va ikkinchisi Bobur tug‘ilgan Axsi ekanligini birinchi bo‘lib isbotladilar. 1967 y. rassom I.A. Smirnov Axsikat xarobalaridan yig‘ib jamlagan sopol idish, jez buyum va zeb-ziynatlar majmuasini Moskvadagi Sharq xalqlari davlat muzeyiga taqdim etgan. Axsikat yodgorligi o‘zbek xalqi madaniyati tarixida muhim o‘rin tutganligi uchun 1950 y.dan davlat muhofazasiga olingan.
O‘zME, T, 2000-2006, t.1. 2000, 736 b. – B. 532-533. (O‘zbekcha);
Ахсикат – останки древнего города.
Fikr qoldirish#